Azizlar, tariximiz ne-ne aziz olim-u ulamolar, odil qozi-yu dono davlat arboblari nomlari bilan bezangan. Ana shunday ulug‘ zotlardan biri, shubhasiz, Muhammad Salim oxund bin Muhammad Sa’id maxzum bin Abduqodir maxzum bin Ollohshukur oxund bin Musulmonqulidir.
Muhammad Salim maxzum taxminan 1820-yilning boshlarida Gurlan bekligi Polvon Mushrif masjid qavmi Xizireli yop (anhor)ning qibla tarafida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Muhammad Salim oxundning ota tomonidan bobolari nayman urug‘idan bo‘lib, Qo‘ng‘irot qal’asidan edi. Ona tomonidan bobosi Adham maxzum bin Omonquli oxund bin Do‘st Muhammad maxzum ham Qo‘ng‘irotdan edi. Agar oxund unvonining yirik diniy olim, mudarris ekanligini inobatga olsak, Muhammad Salim maxzum har ikki tomondan olimlar avlodidan ekani anglashiladi.
Muhammad Salim avval Polvon Mushrif qavmi masjidi qoshidagi maktabda o‘qidi. So‘ng poytaxt Xivadagi mashhur Olloqulixon madrasasida tahsil oladi. Madrasa ta’limini a’lo darajada o‘zlashtirib, Muhammad Salim oxund nomi bilan el og‘ziga tushadi. Biroq, ko‘p o‘tmay ba’zi g‘araz niyatli kimsalarning g‘ayirligi ortidan vatanidan hijrat qilishga majbur bo‘ladi. Muhammad Salim oxund yoniga bir yo‘ldosh topib, Buxoroyi sharifga ketadi.
Buxoroga ko‘p qiyinchilik bilan yetib kelgan musofirlar bir qabristonning shayx xonaqohida qo‘nim topadilar. Begona yurtda munosib ish topa olmay bor bisotini sarflaydilar. Kundalik taomga ham pullari tugagach, Muhammad Salim oxund sherigi bilan mardikorlikka chiqadi. Sherigi hamma qatori qo‘liga ketmon, bel ushlab tursa, Muhammad Salim oxund qo‘liga qalam va dovot tutib turadi. Mardikor izlab kelgan boy uning qo‘lidagi qalam va dovotni ko‘rib, qo‘lingdan nima ish keladi, deb so‘raydi. Muhammad Salim oxund husnixat va savodli ekanligini aytadi. Shundan so‘ng o‘sha davlatmand kishi Muhammad Salim oxundni uyiga olib borib, farzandlariga ta’lim berishga yollaydi.
Muhammad Salim oxund bir miqdor pul jamg‘argach, Ko‘kaldosh madrasasidan hujra oladi va shu madrasada o‘qiy boshlaydi. U qisqa muddatda mudarrislar nazariga tushib, madrasaning boshlang‘ich talabalariga dars ham bera boshlaydi. Muhammad Salim oxund Ko‘kaldosh madrasasi mudarrislari hay’atiga tahsil imtihonini a’lo darajada topshiradi va bu gal uning ta’rifi butun Buxoroyi sharifga tarqaladi. Keyinchalik Ko‘kaldosh madrasasining mudarrisi sifatida faoliyat boshlaydi.
1860-yillarning oxiri. Chor imperiyasi Turkiston zaminiga o‘zining quyuq pardasini tortgan onlar. Shunday kunlardan birida Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz Buxoroyi sharifga mehmonga boradi. Amir Muzaffar ziyofatida Muhammad Rahimxon Feruz Buxoroda tanilib ulgurgan xorazmlik Muhammad Salim oxundning ta’rifini eshitadi. Xon indamaydi. Ertasi kuni vazir ham o‘z xonadonida xonga ziyofat beradi. Bu suhbatda ham Muhammad Salim oxund haqida yaxshi gaplar aytiladi. Biroq, xon yana indamaydi. Keyingi ziyofatda ham yana shu gap aylanadi. Xon vatanga qaytish arafasida Muhammad Salim oxundni huzuriga olib kelishlarini buyuradi. Suhbat asnosida xonga uning o‘zini tutishi, qat’iyati va ayni paytda ilm-u odobi ma’qul bo‘ladi. Muhammad Rahimxon Salim oxundni yurtga olib ketishini aytadi. Shunda Muhammad Salim oxund xondan shuncha yildan beri orttirgan do‘stlarim, talabalarim bilan xayrlashay, deb biroz muhlat so‘raydi. Xon 10 nafar navkar qoldirib, ularga Muhammad Salim oxundni Xivaga olib borishni tayinlaydi. Muhammad Salim oxund navkarlar bilan daryo orqali kemada Xiva sari yo‘lga chiqadi.
Muhammad Salim oxund uyiga kelganida ota-onasi allaqachon olamdan o‘tib ketgandi. Yaqinlari undan uzoq yillar xat-xabar bo‘lmagach, vafot etgan deb o‘ylashgan ekan. Muhammad Salim oxundni ota hovlisida ammasi va jiyani Yusufboy kutib oladi. Keyinchalik Yusufboy Muhammad Salim oxundning Gurlan bekligidagi yerlarining ish boshqaruvchisi bo‘ladi.
Muhammad Salim oxund Xivaga qaytib kelgach xon uni 1870-yilning so‘nggida poytaxt Xiva shahri raisi lavozimiga tayinlaydi. U ijarada turib, shaharda shariat qonun-qoidalari, diniy ibodatlar, rasm-rusumlar ijrosini odillik bilan nazorat qildi. Shuningdek, bolalarning o‘z vaqtida maktabga qatnashi, talabalar turmushi, bozorda savdogarlarning xaridorlarni aldamasligi uchun tosh-tarozini muttasil tekshirib boradi. Muhammad Salim oxund ushbu mas’uliyatli vazifada ikki yilga yaqin ishlaganidan so‘ng xondan ijozat so‘rab Gurlanga keladi. Gurlandan Yumirtog‘dagi Eshonyoppoyga, mashhur Jumaniyoz eshonnikiga ziyoratga boradi. Jumaniyoz eshon juda yosh vaqtidan tariqat yo‘liga kirgan, so‘ng Xiva madrasalarida tahsil olib, eshon rutbasini olgan edi. Muhammad Salim oxund bir necha kun bu xonadonda mehmon bo‘lgach, ketishga ijozat so‘raydi. Eshonbobo mehmonga ruxsat bermay yana bir muddat olib qoladi va ilm-u urfondan, turli shar’iy masalalardan suhbatlar quradi. Muhammad Salim oxund Gurlanga qaytar ekan Jumaniyoz eshon unga qizini turmushga berish maqsadida izidan sovchi yuboradi.
Muhammad Salim oxund shu tariqa uylanib Xivaga ishga qaytadi. Xon esa uni mamlakatning bosh qozisi – qozikalon lavozimiga tayinlaydi. Muhammad Salim oxund xonga biz ikki kishi bo‘lib keldik, deb aytadi. Muhammad Rahimxon II Feruz uni tabriklab, Xiva shahridan uy-joy beradi. Albatta, dastlab saroy ahli va Xiva a’yonlari zayxonadan chiqqan odamdan qozikalon bo‘ladimi, degan gaplarni ham tarqatishadi. (Gurlan bekligi xonlik hududining ancha chekka qismida – daryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, ko‘llar ko‘p, pastqam yerlar bo‘lganligi uchun poytaxtliklar uni zayxona (zaxxona) deb atashgan.) Biroq, Muhammad Salim oxund o‘zining adolati, ilm-u zakovati bilan qisqa muddatda elning e’tiborini qozondi. Uning ta’rifi hatto xonlikning uzoq cho‘llarida yashagan turkman sardorlarining ham qulog‘iga borib yetdi. Shu tariqa Muhammad Salim oxund umrining oxriga qadar qisqa tanaffuslar bilan bo‘lsa-da, xonlikning qozikaloni vazifasida ish olib boradi.
1873-yil. Uzoq tayyorgarlikdan so‘ng Chor Rossiyasi qo‘shini Fon Kaufman rahbarligida katta zamonaviy qo‘shin bilan xonlik yerlariga hujum uyushtiradi. Xorijdan hech bir yordamni ololmagan, aksincha xonlikning azaliy mudofaa qo‘rg‘oni bo‘lgan qondosh turkman sardorlarining ham xiyonatidan xabar topgan Muhammad Rahimxon mudofaani tashkil eta olmadi. U tushkunlikka tushib poytaxtni tark etadi. Shunday bir vaqtda Muhammad Salim oxund qozikalon bir guruh oqsoqollar bilan Fon Kaufman yoniga yo‘l oladi. Muzokaralar oldida Muhammad Salim oxund qozikalonga dushman orasida yurgan bir kishining yuzi tanish ko‘rinadi. Yaxshilab razm solib, uning Buxoro madrasasida o‘zi o‘qitgan tatar millatiga mansub talabalaridan biri ekanligini eslaydi. So‘ng uni yoniga chaqirib, “Taqsir, sizni ilm uchun o‘qigan deb o‘ylasam, siz dushmanning bir ayg‘ochisi ekansiz” deb dakki beradi. Oraga iymon va islomni qo‘yib uning tilmochligida Fon Kaufman bilan 3-4 soatlik suhbat-muzokara olib boradi. Suhbat asosan xonlikning bashqaruvi, qaram davlatning iqtisodiy, huquqiy ahvoli, musulmonlarning diniy erki haqida bo‘ldi. Mazkur suhbatdan keyin u xonga uchrab, unga tasalli berib, chor generali bilan muzokaraga ko‘ndiradi. Shu tariqa Gandimiyon shartnomasi imzolandi...
Muhammad Salim oxund qozikalonlik vaqtida xonning vakili bir meros mulkni xonning hisobiga o‘tkazish uchun muhr bostirib tasdiqlatish maqsadida uning qabuliga keladi. Muhammad Salim oxund hujjatlar bilan tanishib, aslo muhr bosmasligini aytadi. Shunda xon vakili xonning o‘zi tayinlaganini sha’ma qiladi. Qozikalon shunday bo‘lganda ham muhr bosmasligini aytib qaytarib yuboradi. Vakil xonning oldiga borib, iltimosi rad etilganini ma’lum qiladi. Xon qattiq tayinlab yana Muhammad Salim oxund qozikalon oldiga vakilini yuboradi. Muhammad Salim oxund qozikalon xonning vakilini yana quruq qaytarib yuboradi. Shundan so‘ng Muhammad Rahimxon Muhammad Salim oxund qozikalonni oldiga chaqirib, “gashir go‘ttini bunga bos!” (sabzining tag qismi, ya’ni qozikalon muhrini nazarda tutib) deb hukm qiladi. Shunda Muhammad Salim oxund “agar meni gashir go‘tti uchun saqlab qo‘ygan bo‘lsang, ol”, deb muhrni xonning oldiga tashlab chiqib ketadi. Qozikalonning bu masalada juda qattiq turganining sababi, birinchidan, keyingi vaqtlarda kim xonning foydasiga mulk qo‘shsa, unga ham ma’lum foiz ajratilishi qoidasi kiritilgan, ayrim ochko‘z qozi va mirzolar foyda ilinjida merosxo‘ri aniqlanmagan mulklarni chuqur tekshirmasdan ham xon hisobiga o‘tkazishga harakat qila boshlagan edi. Ikkinchidan, qozikalon bu hujjatlarda ko‘rsatilgan kampirning bir qizi bo‘lib, erga tegib, tinchib ketgan bo‘lsa-da, mulkka egalik da’vo qilish huquqi borligini bilar edi. Gurlan bekligidagi mirza va qozilar buni bilmasdan chol-kampirdan qolgan mol-mulkni xonning foydasiga kiritish uchun hujjat to‘g‘rilab, xonning oldiga olib borishgan edi.
Qozikalon xon bilan teskari bo‘lib qoldi, degan gap Xivada juda tez tarqaladi. Voqeadan oddiy Xiva xalqi qattiq tashvishga tushgan bo‘lsa, kechagina o‘zini unga yaqin tutgan ayrim kimsalar hatto ko‘chasiga ham kirmay qo‘yadi. Muhammad Salim oxund bu kimsalar uyi oldidan o‘tayotganida birovi chiqib qolsa, qozikalonga salom bersam, buni ayg‘oqchilar xonga yetkazsa, mening ham boshim ketadi, deb qo‘rqar edi. Muhammad Salim oxund Xivadan Gurlanga, undan Taxtako‘pirga boradi. Qoraqum hazratga qo‘l berib, eshonlik rutbasini qabul qiladi. Qoraqum hazrat eshon Muhammad Salim oxund qozikalonga o‘z o‘g‘lini o‘qitishni topshirib, ikkinchi qavatdagi chordoqda dars berishini tayinlaydi. Oradan bir oylar o‘tganidan keyin, hazrat tongda ularning oldiga chiqib bugun bir xushxabar kelishini aytadi. Muhammad Rahimxon Feruz o‘g‘li Asfandiyorxon to‘raga “Bor, ustozingni olib kel!” deb buyurgan ekan. Ustoz deyishiga sabab, Asfandiyorxonga diniy ta’limni Muhammad Salim oxund qozikalon bergan edi.
Muhammad Salim oxund Xivaga qaytib bormasligini aytadi. Shunda hazrat eshon “Siz xonga emas, xalqqa, xonlikka keraksiz”, deb duoyi fotiha bilan uni Xivaga otlantiradi. Muhammad Salim oxund Xivaga borarkan, Ko‘shko‘pirning qumidan o‘tganda butun Xiva ahli uni kutib olishga chiqqanini ko‘radi. Hatto Dishanqal’a darvozasi oldida xon ham peshvoz chiqib turgan edi. Xon qozikalondan hol-ahvol so‘rab, eshonlik rutbasini muborakbod etadi va qozikalonlikda ishni davom ettirishini so‘raydi. Darhaqiqat, Muhammad Salim oxund qozikalon vazifasidan ketkazilganidan keyin tayinlangan qozikalon ko‘p o‘tmay bir ziyofatdan qaytib, kechasi vafot etadi. Keyingisi ham mansabga tayinlanganidan so‘ng bir hafta o‘tmasdan ruhiy xastalikka chalinadi. Bir tomondan xalq noroziligi ortib borishi, ikkinchi tomondan tanlangan insonlarning ishni eplayolmayotgani Muhammad Rahimxonni Muhammad Salim oxundni o‘z lavozimiga qaytarishga majbur qilgan edi. Shundan so‘ng Muhammad Rahimxon Feruz qozikalonga ortiqcha buyruq bermaslikka, uning ishlariga aralashmaslikka harakat qildi.
Muhammad Salim oxund 1900–1905-yillarda Xivada 16 ta hujra, bir darsxona, hovlisida bitta quduq va bir namozxonadan iborat madrasa qurdirib ishga tushiradi. Mazkur madrasaning boshqalardan farqi islom huquqi bo‘yicha mutaxassis faqihlarni yetishtirishga ixtisoslashgani edi. Boisi, chor imperiyasining yarim mustamlakasiga aylanib qolgan xonlikda turli mulkiy da’volar va dinimizga zid bid’at-xurofotlar ham avj ola boshlagandi. Shunday sharoitda jamiyatning islom huquqi bo‘yicha ilmlarini oshirish yanada dolzarblashadi. Madrasadan ko‘plab odil qozilar, raislar, bilimdon mirzolar yetishib chiqdi. Qozikalon qanchalik band bo‘lmasin mudarrislikni qo‘ymadi, talabalar ta’limidan uzoqlashmadi. Uning mamlakatda mingdan ziyod shogirdlari bor edi.
Chor ma’murlarining fitnalari oqibatida Xiva shahri XX asr boshida bir necha marotaba turkman sardorlarining bosqiniga uchraydi. Jang oldidan turkman sardorlari o‘z navkarlariga qozikalonning uyiga, ko‘chasiga kirmaysizlar, deb buyurgani sababli Xiva xalqi – ayol-qizlar, bolalar Muhammad Salim oxund qozikalon yashaydigan ko‘chaga kirib yashirinishadi. Turkmanlar Xivaga hujum qilganida ko‘plab qimmatli mol-mulklarni, bir qancha odamlarni, Xivadagi katta to‘pni, hattoki, Xiva xoni Muhammad Rahimxonning eng yaqin odamlarini ham garov sifatida o‘zlari bilan olib ketadilar. Urush tinchigach, Muhammad Salim oxund qozikalon vazir bilan turkmanlar sardori Junayidxon yoniga boradi. Muzokarada avval oddiy Xiva xalqini, so‘ng xon a’yonlarini, keyin hayit va bayramlarda to‘p otib xalqni ogoh etish kerak, deb o‘sha eski to‘pni so‘raydi. Junayidxon Muhammad Salim oxund qozikalonning iltimosiga ko‘ra barcha garov olganlarini Xivaga beziyon qaytaradi.
Muhammad Salim oxund qozikalon qirq yilga yaqin xonlikda adolat bilan ish olib bordi. Nohaq birov-birovga zulm o‘tkazolmadi, mulk talon etilmadi. Bu masalada hatto xonni ham ayamaydigan qozikalon dargohi Xiva xalqining adolat qo‘rg‘oni ramziga aylanib qoldi. Muhammad Rahimxon Baxodirxon soniy-Feruz 1910-yilda vafot etgach, Muhammad Salim oxund Asfandiyor to‘raning xon bo‘lib ko‘tarilishida ishtirok etdi. Shundan so‘ng u Asfandiyorxon huzurida o‘z iltimosi bilan qozikalon mansabidan iste’fo berdi. Muhammad Salim oxund 1916-yilda, 90 yoshdan o‘tib vafot etadi. Uni xalq yuksak ehtirom bilan Xivadagi davlat a’yonlari, xo‘jalar qo‘yiladigan muborak Shohi Mardon qabristoniga dafn etadilar.
Muhammad Salim oxunddan olti nafar farzand qolgan. To‘ng‘ich o‘g‘li “Yosh xivaliklar” partiyasi yetakchilaridan bo‘lgan Bobooxun (Muhammad Karim) Salimov alohida mavzudir. Ikkinchi o‘g‘li Imomaddin oxund, uchinchi o‘g‘li Nizomaddin oxund, to‘rtinchi o‘g‘li Inoyatjon oxundlar, qizlari Ullijon aya va Saodatjon ayalar edi. Albatta, o‘g‘illarning barchasi madrasa tahsilini ko‘rgan olim, orif insonlar bo‘lib yetishgan va xon zamonlarida Muhammad Aminxon, Qozikalon madrasalarida mudarris, oxund bo‘lib ishlaganlar.
Sho‘ro tuzumi o‘rnatilishi bilan ularga nisbatan ta’qib va tazyiqlar ortib bordi. Ayniqsa, 1924-yildan sovetlar madrasalarning vaqf yerlarini, boy, o‘ziga to‘q xonadonlarning mol-mulklarini tortib ola boshladi. Shu vaqtdan Salim oxun avlodlarining ham Xiva, Qo‘shko‘pir va Gurlandagi yerlari tortib olinadi. Faqatgina tirikchilik o‘tkazish uchun ozgina yer qoldiriladi. 1927-yilda Imomaddin oxund, Nizomaddin oxund, Inoyat oxundlar ustidan sud tashkil qilinib, 60 tanob yerlari tortib olinadi va 3 000 so‘m jarima solinadi. 1929-yilda Bobooxun Salimov o‘ldirilgach, Imomaddin, Nizomaddin, Inoyat oxundlar og‘asining yil oshiga, Yumurtog‘ etagidagi Eshonyop qishlog‘iga borishadi. Avazxo‘ja ulamo Bobooxun Salimovga yil oshi bergan kuni Imomaddin oxund olib ketildi va qaytib uyiga kelmadi. Undan Sadraddin, Otamaxsum, Zohid, Azizposhsha kabi farzandlar qoladi.
Nizomaddin oxund xonlik davrida Muhammad Aminxon, Qozikalon madrasalarida mudarris, oxund bo‘lib ishlagan ma’rifatli ulamo edi. Sho‘ro davrida esa umr bo‘yi ta’qib-tazyiqlar ostida yashadi. Gurlanda, Xivadagi maktablarda muallimlik qilgan, ayni paytda Urganch, Xiva turmalariga tez-tez tashlab ham turilgan. 1938, 1942, 1948-yillarda asossiz, yolg‘on da’vo-ayblovlar bilan “xalq dushmani” deya qamoqda saqlanadi. Hatto 1942-yili uni Toshkentga ham olib ketmoqchi bo‘lishadi. Biroq, isbotsiz ayblovlar bilan sutkalab ushlab turishgani bois “vohada yashamaslik” sharti bilan qamoqdan bo‘shatib yuborishga majbur bo‘ladilar. Nizomaddin oxund 1957-yilgacha Yumurtog‘dagi Eshonyop qishlog‘ida yashab, so‘ng Gurlanga ko‘chib keladi. Afsuski, yana tinch qo‘yishmadi. 1962-yil uni “kelib chiqishi dindor” degan ayblov bilan ta’qib qilishadi. Nizomaddin oxund 1970-yil 81 yoshida vafot etadi. Uning turmush o‘rtog‘i Saodatjon onadan Qodirbergan, Xurshidposhsho, Zaynab, Xadicha singari farzandlar qolgan.
Salimoxunning to‘rtinchi farzandi Inoyatjon oxund ham madrasada tahsilini olib, Xiva, Gurlan maktablarida o‘qituvchilik qiladi. Inoyat oxund 1935-yil qamoqqa olinib, ikki yil davomida Toshkentda, SazLagning Chinoz bo‘limida saqlanadi. Shundan so‘ng Murmanskka yuboriladi. 1940-yillar sog‘lig‘i yomonlashganligi tufayli uyiga qaytarilib, 1941-yil vafot etadi, Yumurtog‘dagi Salomat bobo qabristonida dafn etiladi. Inoyat oxundning ayoli Adilposhsha ayadan Sirojiddin, Fayzirahmon ismli o‘g‘illar qolgan. Qozikalonning Ullijon ismli qizi Muhammad Rahimxon Feruzning o‘g‘li Ibodulla to‘raga turmushga chiqqan. To‘lg‘oq vaqtida vafot etadi. Saodatjon ismli qizi esa turmushga chiqmay, og‘a-inilari farzandi tarbiyasi bilan shug‘ullanib, 1951-yilda vafot etgan...
Xiva xonligining mashhur qozikaloni Muhammad Salim oxundning sharafli umr yo‘li va uning avlodlarining suronli yillardagi turmushi shu tarzda iztirobli kechgan edi. Muhammad Salim oxund Qozikalon madrasasi 1992-yildan buyon Davlat san’at muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bahrom IRZOYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q