Insoniyatning azaliy orzusi


Saqlash
11:22 / 28.10.2025 97 0

Global tinchlik indeksi (GPI) maʼlumotlariga koʻra, 2014-yildan buyon global tinchlik bilan bogʻliq vaziyat har yili yomonlashmoqda. Soʻnggi oʻn yilda 100 ta davlatda vaziyat keskinlashgan. Hozir 59 ta faol mojaro oʻchogʻi mavjud boʻlib, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri eng yirik koʻrsatkichdir. 2024-yilda mojarolar bilan bogʻliq 152 mingta oʻlim holat qayd etilgan. Hozir dunyo zamonaviy tarixdagi eng ogʻir gumanitar inqirozni boshdan kechirmoqda. 300 million odam yordamga muhtoj, majburiy koʻchirilganlar soni esa rekord darajaga – 123,2 million kishiga yetdi. Bu raqam oddiy statistika emas, balki sayyora aholisining har 73 nafariga taʼsir qilayotgan misli koʻrilmagan darajadagi insoniy azob-uqubatlarni aks ettiradi.

 

Tashvishli jihati shundaki, ocharchilikdan aziyat chekayotganlarning 70 foizi nizoli hududlarda yashaydi. Shunday xabarlarni oʻqib, dono xalqimizning sodda, lekin chuqur mazmunga ega “Ona yurting omon boʻlsa, rangi roʻying somon boʻlmas” degan maqoli yodga tushadi. Oʻzbekiston tinchlik va xavfsizlik boʻyicha 163 davlat orasida 60-oʻrinni egalladi. Davlatimiz rahbari BMTning 80-sammitidagi nutqida ham qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchayayotgani, texnologik va ijtimoiy tengsizlik oshayotgani, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotganini aytdi. Bu yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirayotganini taʼkidladi.

 

Xalqimizning “Yon qoʻshning – jon qoʻshning” degan maqolida hayotiy falsafa bor. Biz bir muddat qoʻshnilardan uzoqlashdik. Aziyatini esa xalq chekdi. Chegaralar ortida qolgan yaqini, doʻstini koʻrolmadi, yaxshi kunida xursand, yomonida dardkash boʻlolmadi. Ha, bu oʻtmishda qoldi. Davlatimiz rahbari BMT minbaridan sakkiz yil muqaddam Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganini aytgandi. Bu qaror amalga oshdi, vaʼda bajarildi. Prezidentimiz “Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, deya baralla aytdi.

 

Nizolar nafaqat oʻtmishda qoldi, balki mintaqamizda oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaydi. Qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etildi, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirildi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari esa mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yoʻlida samarali mexanizmga aylandi.

 

Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa muddatda jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Siyosiy muloqotlar faollashmoqda, oʻzaro ishonch mustahkamlanmoqda, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Bu hamkorlik mamlakatlarimiz umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilmoqda. 2009-yilda Naxichevanda Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi tuzilgan. Keyinchalik 2021-yildagi Istanbul sammitida u rasman Turkiy davlatlar tashkiloti deb nomlandi. Toʻgʻri, Oʻzbekiston dastlabki yillari turkiy hamkorlik gʻoyasining faol tarafdori boʻlgan, biroq 2000-yillar boshida bu jarayondagi ishtirokini keskin qisqartirgan.

 

Prezidentimizning 2018-yili Qirgʻizistondagi Choʻlponota sammitida mehmon sifatida qatnashishi tashkilotda yangi davrni, yangi birlashuvni boshlab berdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotidagi eng faol davlatlardan biriga aylandi. Shu bilan turk dunyosi yaxlitlashdi, yaqinlashdi. Soʻnggi olti yilda davlatimiz rahbari 100 ga yaqin tashabbusni ilgari surdi. Ularning deyarli barchasi toʻliq amalga oshdi, yana bir qismi yakunlanish bosqichda. Eʼtiborli jihati, bu tashabbuslarning nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki madaniy-maʼrifiy ahamiyati ham katta.

 

Aytaylik, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilishi, Oʻzbekiston tashabbusi bilan soʻnggi yillarda turk dunyosida ilm va madaniyatga oid qator tadbirlar oʻtkazilishi, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy va Muhammad Xorazmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro anjumanlar, “Jadidlar maʼrifatchilik faoliyati” mavzusidagi ilmiy konferensiyalar bularning barchasi madaniy, maʼrifiy, maʼnaviy yakdillikka xizmat qilmoqda. Eʼtibor bering: oʻzbek tilida 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” toʻplami nashr etildi. Bu — katta xazina, birgalikdagi boy tariximiz ifodasi.

 

Davlatimiz rahbari turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish taklifini bildirdi. Bu oddiy shartnoma emas, doʻstlik, qardoshlik haqidagi shartnoma. U nafaqat siyosiy hujjat, balki qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtiradigan, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadigan tashabbusdir. Mamlakatimizning madaniy diplomatiyasini dunyo tan olmoqda. Sababi davlatimiz rahbari har doim ilm, maʼrifat, madaniyat sohasida umuminsoniy, umumbashariy tashabbuslar, xalqlarni oʻzaro mushtarak ezgu gʻoyalar atrofida birlashtiruvchi sanʼat, adabiyot, maʼnaviyat borasida ham muhim takliflarni ilgari suradi.

 

Yaqinda Ozarboyjonning Gabala shahrida boʻlib oʻtgan sammitda ham Prezidentimiz kelgusi yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585-yilligi hamda ulugʻ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885-yilligini keng nishonlash tashabbusini ilgari surdi. Sababi bu mumtoz siymolarning, avvalo, oʻzaro doʻstlik, insonparvarlik va birdamlik haqidagi gʻoyalari hozirgi yangi Oʻzbekistonning yoʻli, turkiy davlatlar birlashuvi, yakdilligi gʻoyalari bilan ham hamohangdir.

 

Mustaqillikning mustahkam asoslari

 

BMT minbari shunchaki nutqlar soʻzlaydigan joy emas. U global fikrlar, dunyo ovozi eshitiladigan, muammolar koʻtariladigan, insoniyat taqdiri haqidagi xavotirlar yangraydigan minbar. Yangi Oʻzbekiston yetakchisi bu minbarda mamlakatimizdagi yangilanishlarni, berilgan vaʼdalar bajarilganini baralla ayta oldi. Buyuk xalq nomidan barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini, ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettirishimizni taʼkidladi. Bularning barchasi dunyo minbarida tinchlik, xavfsizlik, oziq-ovqat, sogʻliq va pirovardida inson bilan bogʻliq global muammolar yangrayotgan bir paytda mamlakatimizda mustaqillikning mustahkam asoslari yaratilayotganini yanada ravshan koʻrsatdi.

 

Avvalo, bu mustahkam asos yangi Oʻzbekiston orzusi, fenomeni va taraqqiyot strategiyasi orqali yaratildi. Bu bizga erk bergan barcha huquq va kafolatlarni chuqur his qilishga, barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishga keng yoʻl ochdi. Bu shunchaki orzu emas, xalqimizni buyuk ishlar, ulkan maqsadlar, yangi tarixiy taraqqiyotga undovchi ulugʻvor gʻoyaga aylanib bormoqda. Tarix zarvaraqlarida yangi asr, ulkan uygʻonish davrini yaratgan xalqlar, avvalo, barchasini oʻz kuch va imkoniyatlariga ishonch, kelajakka ulugʻ maqsadlar bilan qarashdan boshlagan. Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi ham Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek katta ishonch, ulugʻvor maqsadni berdi.

 

Chunki biz tarixda bu orzuga yetgan xalqmiz. Chunki vatanimiz zamini Birinchi va Ikkinchi Renessansga asos solib, butun dunyoga Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad Fargʻoniy, Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburdek daholarni tanitdi, tan oldirdi. Bugun Prezidentimiz boshchiligida mard, mehnatkash, maʼrifatli xalqimiz ana shu orzu, maqsad, birlashtiruvchi ulugʻvor gʻoya tomon harakat intilmoqda. Bu yoʻlda “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans sari” shiori taraqqiyotimizni yorituvchi mashʼalaga aylanib bormoqda.

 

Bu mashʼala, avvalo, inson, uning qadri, baxtini barcha sohaning eltuvchi manzili sifatida yoritmoqda. Hamma islohotlar “inson – jamiyat –davlat” tamoyiliga asoslanib, taraqqiyotning asosiy mezoniga aylandi. Xalq qonunlarning muallifi boʻldi, muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot, jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilindi. Har bir tizimda bu tartib qatʼiy ishlashiga eʼtibor qaratildi. Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, xalqchil davlat soʻzda emas, amalda koʻrinishi ustuvor maqsadga aylandi.

 

Bu dadil qadamlar, ulkan islohotlar tufayli, Prezidentimiz istiqlolimizning 34-yilligi bayramida aytganidek, dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, iqtisodiyotimiz 6 foizdan yuqori surʼatda barqaror oʻsmoqda, aholimiz yiliga oʻrtacha 700-800 ming kishiga koʻpaymoqda. Mehnat bozoriga har yili 500-600 ming yosh kirib kelmoqda. Aholining turmush sharoiti yaxshilanib borayotgani natijasida oʻrtacha umr koʻrish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi.

 

Shu oʻrinda quyidagi raqamlarga ham eʼtibor beraylik: keyingi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulot 2 karra oshib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga, eksport qiymati 26 milliard dollarga yetdi. Xalqimizning koʻz oʻngida minglab zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma obyektlari qad rostlamoqda. Bayram kunlari 4 milliard dollarlik 79 ta yirik obyekt ishga tushirildi. Bu raqamlarning ortida inson baxti, inson qadri turibdi.

 

Adolat – hayotiy zarurat

 

Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari bosh qahramonlarini bir eslaylik. Podshoh Kuntugʻdi adolat timsoli sifatida gavdalantirilib, Kun, yaʼni Quyosh olamga qay darajada muhim hayotiy zarurat boʻlsa, adolat ham shunday kuch ekaniga ishora qilinadi. Yusuf Xos Hojib bunday yozadi:

 

Kimni davlat tugʻi etsa baxtiyor,

Halol siyosatni qilgay ixtiyor.

 

Yusuf Xos Hojibga koʻra, halollik hokimiyatning eng muhim sharti, ushbu xislat ortida qonun va qarorlarga hurmat hamda ularga soʻzsiz rioya etish, xalqning gʻam-u tashvishi bilan yashash kabi oliy fazilatlar turibdi.

 

Oʻtgan davrda birgina kichik va oʻrta tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaygani, ushbu tarmoqda 10 milliondan ortiq kishi mehnat qilib, daromad topayotgani adolat, ishonch tufaylidir. Halol ishlagan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga imkoniyatlarni koʻpaytirish borasida koʻplab amaliy natijalarga erishildi. “Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi” degan shior asosida “yashirin” iqtisodiyotni jilovlash boʻyicha muhim chora-tadbirlar koʻrilyapti.

 

Aytilganidek, yurtimizdagi islohotlarga ishonib, shu yilning oʻzida chet elda ishlayotgan 700 ming fuqaro oilasi bagʻriga qaytgani esa amalda aks etayotgan ulugʻvor gʻoya ifodasidir. Yoki oxirgi uch yilda sudlangan shaxslarning 70 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangani, 3000 ga yaqin fuqaroga esa oqlov hukmi chiqarilgani hamda jazo muddatini oʻtayotgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy kirgan 3000 dan ziyod yurtdoshimiz afv etilgani inson qadriga hurmatni aks ettiradi.

 

Prezidentimiz mustaqilligimizning 34-yillik tantanalaridagi bayram nutqida taʼkidlaganidek: “Bunday tarixiy qadamlar vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayondir”.  Ochigʻi aytganda, birda sezib, birda sezmay qolayotganimiz bu islohotlar aslida Hazrat Navoiydek dahoning katta armonlaridan biri boʻlgan. “Xamsa”ning yakuniy dostonida hazrat bunday yozadi:

 

Ki adl ichra oʻtganga bir soate

Erur behki, jinnu bashar toati.

 

Chunki hazrat Navoiy Samarqanddan Hirotga yoʻl olgan paytda, avvalo, oʻz oldiga ulugʻ maqsad – adolatga asoslangan davlat qurilishida ishtirok etish va bu yoʻlda doʻsti Sulton Husayn Boyqaroning tarixga adolatli hukmdor sifatida kirishi istagini qalbiga tukkan. Chunki adolat bu insonning hayoti, har kuni bilan chambarchas bogʻliq.

 

Bugun yurtimizda ijtimoiy himoya siyosatining butunlay yangi modeli yaratilgan. Bu tizim xonadonlargacha kirib borgani, ehtiyojmand aholi bilan individual ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani, “Inson” markazlari tashkil etilgani odamlar uchun qilingan eng katta adolat, hayotiy zaruratdir.

 

Davlatimiz rahbari bu borada barchani yana hamjihatlikka chorlab, “Hammamiz bir haqiqatni tushunib olishimiz kerak: yurtimizda begona odam ham, begona bola ham yoʻq. Barchamiz yagona yurt farzandlarimiz, yagona Vatan ravnaqiga xizmat qilamiz. Shu maʼnoda, bitta boʻlsa ham qiyin ahvolga tushib qolgan hamyurtimiz taqdiri barchamizni birdek tashvishga solishi kerak”, dedi.

 

Azaldan kimning tashvishi boʻlsa, mahallada birgalikda hal qilingan, muammosiga yechim topilgan. Mahalla — kichik vatan. Har bir inson uning bir boʻlagi. Odamlarni oʻzaro ishonch, mehr, hamjihatlik bogʻlab tursa, yelkama-yelka harakat qilsa, yaxlit vujudga aylanadi. Yaqinda Prezidentimiz boshchiligida oʻtkazilgan mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga doir videoselektor yigʻilishida mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi boʻyicha yechim topilishi kerak boʻlgan qator masalalar koʻrsatib oʻtildi.

 

Masalan, yil boshidan 32 mingga yaqin oila ajrashib ketgani, 16 ming ota-ona aliment toʻlashdan boʻyin tovlab kelayotgani, oilasi va bolalarini kredit qarzi bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi qayd etildi.

 

Vatandoshning begonasi yoʻq. Yelkalar yelkalarga suyansa, qoʻllar qoʻllar bilan tutashsa, bu hamjihatlikni hech kim buzolmaydi. Shunday ekan, bugun mahallamizda barpo boʻlayotgan yangi oilalarga eʼtibor har qachongidan ham zarur. Sababi bu maskanda kelajak avlod dunyoga keladi, voyaga yetadi. Bu — ulkan masʼuliyat, katta hayotni qurish bosqichi. Afsuski, turli sabablar bilan ajralishlar boʻladi, biroq bundan farzandlar ham ruhan aziyat chekadi. Eng yomoni, ularning ogʻir moddiy ahvolga tushishi kuzatilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targʻib qilish lozimligini taʼkidladi.

 

Inson oʻzing, uygʻon oʻzing!

 

Inson mudroq emas, uygʻoq, maʼrifatga oshno boʻlishi, yaxshilik bilan yashashi shart. Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “Inson qasidasi”dagi quyidagi jumlalar ham inson ilm bilan yuksaklikka chiqqani, ilm bilan doimo yuksalishini bildiradi:

 

Minding ilm narvoniga, chiqding funun osmoniga,

Bu jahon ayvoniga arkon oʻzing, vayron oʻzing.

***

Marsga toʻp otquchi – sen, Zuhroni uygʻotquchi – sen,

Uyquda qotquchi – sen, uygʻon oʻzing, uygʻon oʻzing.

 

Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi! Bu shior emas, bu hayot, ertangi kun maqsadi, katta marra edi. Soʻnggi sakkiz yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetdi. 1 millionta oʻquvchi oʻrni ochildi. Oliy taʼlimda qamrov 9 foizdan 42 foizga koʻtarildi. Ayniqsa, talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida eʼtiborga sazovor.

 

Hozir dunyodagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida 2000 dan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali davlat hisobidan oʻqimoqda. Natijalar ham Vatanimizni dunyoga yangidan tanitmoqda. Mamlakatimiz yoshlari yetakchi 500 talikdagi oliygohlarga oʻqishga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egalladi. Yurtimizdagi 3 ta maktab oʻquvchilari OTMlarga oʻqishga kirish boʻyicha 100 foizlik natijaga erishdi. Barcha taʼlim muassasalariga Uchinchi Renessans nafasi yanada shiddat bilan kirib bormoqda.

 

Tarix — buyuk muallim, donishmand ustoz. Undan olingan saboqning qiymati baland. Shu bois, bugun xalqimizning maʼnaviy salohiyatiga munosib boʻlgan tarixiy ziyoratgohlar, maʼrifat maskanlari zamonaviy qiyofa, maʼnaviy ruh bilan qayta qad rostlamoqda.

 

Birgina Islom sivilizatsiyasi markazini olsak, bu yer tarix va bugun, maʼrifat va maʼnaviyat, inson va sivilizatsiyalar yonma-yon qoʻyilgan, koʻz oldimizda namoyon boʻlayotgan katta maʼrifat maskaniga aylanmoqda. Ajdodlarimiz bosib oʻtgan yoʻlni anglash, oʻrganish va uni yangi tarixiy ijtimoiy sharoitda ijodiy davom ettirish bugungi va ertangi kun uchun dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Faustning bunday satrlari bor:

 

Uzoq hayot yoʻlin oʻtdim-u bosib,

Olam hikmatini ayladim yakun.

Kim erk, hayot deb jang qilolsa har kun

Erk-u hayot uchun oʻsha munosib.

 

Bugun qoʻlimizda borini asrash, abadiy ozod yashash, maʼrifatga intilish, ruhan yuksak inson boʻlish, doʻstlik, umuminsoniy gʻoyalar bilan hayot kechirish har kuni erk uchun, hayot uchun kurashish degani. Bu kurash toʻxtamasligi shart. Baʼzan oʻzimiz bilan, baʼzan kamchiliklarimiz, baʼzan illatlarimiz, baʼzan qarama-qarshi taraf bilan kurashib, har kuni jasorat koʻrsatganlar gʻolibdir.

 

Otabek HASANOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari,

siyosiy fanlar doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//