Adabiyot
Sovet Rossiyasi harbiy kuchlari tomonidan 1920-yil 2-sentyabrda Buxoroda amirlik agʻdarib tashlanib, xalq respublikasi tuzilgani eʼlon qilindi. Hokimiyatga rasman “Yosh buxoroliklar” yetakchilari kelgan boʻlsa-da, mamlakat amalda bolsheviklar qoʻliga oʻtdi.
Buxoroni bosib olish rejasi yil boshidayoq pishib yetilgan edi. May oyi avvalida Moskvaga kelgan Turkkomissiya aʼzolari Sh. Eliava va Ya. Rudzutak RSFSR tashqi ishlar vaziri G.V. Chicheringa “Turkkomissiya ertagayoq Buxoro amirligining mustaqilligini bekor qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi” degan bayonotni topshiradi. 1920-yil 22-mayda RKP(b) MK byurosi Buxoroga hujum qilish toʻgʻrisidagi Turkkomissiya aʼzolari fikrini maʼqullaydi.
Turkiston fronti qoʻshinlari qoʻmondoni M.V. Frunze Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarni tezlashtirishni soʻrab, 1920-yil 31-iyulda V.I. Leninga telegramma joʻnatganida, RSFSR qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni S.S. Kamenev “Qulay fursatda boshlashga ruxsat beriladi”, deya qisqa javob yoʻllagan. Bolsheviklarning yolgʻon shiorlari va vaʼdalariga ishongan Fayzulla Xoʻjayev amirlikni agʻdarish uchun birdan-bir toʻgʻri yoʻl M.Frunze qoʻmondonligidagi qizil qoʻshinlardan “yordam soʻrash” deb bildi (Oʻzbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Toshkent, 2000. 127–128-betlar).
1920-yil 12-avgustda M. Frunze amirlikni tugatish maqsadida Samarqand-Buxoro frontini shakllantirishga buyruq berdi. Shu tariqa amirlik chegaralarida 7 000 piyoda, 2 500 otliq askar, 5 ta ogʻir toʻp, 35 ta yengil toʻp, 206 ta zambarak, 5 ta broneavtomobil, 5 ta bronepoyezd va 11 ta aeroplan urushga shay holatga keltirildi. Qiyoslash uchun, oʻsha paytda Amir Olimxon ixtiyorida 15 ming sarboz, 55 ta eski toʻp va 12 pulemyot bor edi, xolos. 16-18-avgustda Chorjoʻyda Buxoro kommunistlarining 4-qurultoyi oʻtkazilib, amirga qarshi isyon koʻtarish rejasini qabul qildi (Q.Rajabov. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash: tarix haqiqati (1920–1924-yillar). Toshkent, 2002. 12-bet).
Bolsheviklar bu makkorona rejani amalga oshira boshladi. Tarixda “yalpi qoʻzgʻolon” deya nomlangan soxta harakat 1920-yil 23-avgustda Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjoʻy yaqinidagi Saqor bozorini ishgʻol qilishi bilan boshlandi. Beshim Sardor va Chorjoʻy kommunistlari Eski Chorjoʻyni egallab, yuzdan ortiq amaldorlarni qamoqqa olishdi. Chorjoʻy bekligi gʻaznasi Chorjoʻy revkomi va yangi hukumat ixtiyoriga oʻtdi. Kyelishuvga koʻra, shu kuni Chorjoʻy revkomi “Butun Buxoro xalqi nomidan” “Turkfront”ga yordam soʻrab murojaat qildi. Vaholanki, Buxoro xalqi qurultoy qaroridan ham, Beshim Sardor isyonidan ham butkul bexabar edi. Buxoro taqdiri qizil qoʻshin inon-ixtiyoriga topshirilgandi.
M. Frunze “yordam” toʻgʻrisidagi murojaatni olgach, qoʻshinlarini 4 ta zarbdor guruhga boʻldi. Samarqand guruhi 29-30-avgustda Shahrisabz-Kitob yoʻnalishida harakatlanib, Qarshi va Gʻuzorni egallashi, Kattaqoʻrgʻon guruhi esa Xatirchi, Ziyovuddin va Karmanani olishi, Chorjoʻy guruhi Eski Chorjoʻyni egallab, Afgʻoniston bilan chegaralarni nazorat qilishi, Forob va Qorakoʻlni zabt etib, qoʻshimcha buyruqni kutib turishi lozim edi. Kogon guruhiga Eski Buxoroni ishgʻol qilish, Amir Olimxonni asir olish va Arkdagi xazinani qoʻlga kiritish yuklangan edi.
1920-yil 29-avgustda Eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq hujumga uchradi. Qarshi darvozasigacha kelgan temiryoʻlda turgan bronepoyezd va Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinidagi toʻplardan 1-2-sentyabr kunlari shaharga 12 000 ta snaryad uloqtirildi. 11 ta aeroplan shahar ustiga uch kun davomida betinim bomba yogʻdirib turdi. Buxoro hatto kimyoviy snaryadlardan oʻqqa tutildi.
Qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kilogramdan ortiq porox koʻmilib portlatildi. Qulagan darvozalardan qizil askarlar shaharga moʻr-malaxday bostirib kirdi. Koʻcha janglari boshlanib ketgach, Amir Olimxon shahar obidalarini va aholini omon saqlash maqsadida poytaxtni tark etdi. Sovet aeroplanlari uni qidirib topish bahonasida shahar atrofidagi qishloqlar, tarixiy obidalardan Sitorai Mohi Xosani bombardimon qildi. 2-sentyabrda qizillar Arkka qoʻrgʻoniga bayroq tikdi (Q.Rajabov. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash: tarix haqiqati (1920–1924-yillar). Toshkent, 2002. 12–13-betlar).
Shafqatsiz oʻq yomgʻiri va bombardimon natijasida shahar obidalarining beshdan bir qismi vayron etilib, minglab begunohlar nobud boʻldi. Voqealar shohidi Muhammad Ali Baljuvoniy “Tarixi Nofeiy” (“Foydali tarix”) asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Buxoroni bosib olish natijasida 34 ta guzar, 3 000 dan ortiq doʻkon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob boʻldi. Minorai Kalonga ham zarar yetib, Olimxon va Mir Arab madrasalari yonib ketdi... Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, Oʻgʻlon darvozasi, Masjidi Kalon, Zindondan Toʻqumdoʻziy hammomigacha, minora ostidan to Soʻzangaron dahasi, Gulbozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib bitdi... Shaharda 3 000 ga yaqin hovli kul boʻldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob boʻlganini hech bir tarix koʻrmagan edi” (Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy (Foydali tarix). Toshkent, 2001. 70–71-betlar).
Turkiston fronti qoʻmondonligi Buxoroni bombardimon qilish uchun maxsus aeroplanlarni ajratgan. Mahalliy aholi ularga “temir quzgʻunlar” deb nom bergan edi. Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahri atrofida maxsus qurilgan aerodromda joylashgan “Farman”, “Farsal”, “Sopvich”, “Nyupor”, “Vuazen”, “Albatros” rusumidagi aeroplanlarga Yangi Chorjoʻydagi 25-aviaotryad uchuvchilari oʻz samolyotlari bilan yordamga yetib kelgan.
Buxoroni havodan bombardimon qilishda faollik koʻrsatgan uchuvchi N. Fausek (1919–1923-yillari Turkiston fronti tarkibidagi 43-razvedkachi aviatsiya otryadi harbiy uchuvchisi sifatida milliy ozodlik harakatiga qarshi koʻplab harbiy tadbirlarda, jumladan, Fargʻona vodiysida ham tinch aholi va istiqlolchilarni qirishda qatnashgan; 1937-yil 20-dekabrda qamoqqa olinib, NKVDning Moskvadagi Kommunarka maxsus obyektida 1938-yil 15-martda otib tashlangan. Oʻsha kuni xuddi shu yerda Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromov qatl etilganini ham diqqatdan qochirib boʻlmaydi) eslashicha, Stepanov, Stolyarov, Fausek, Irin, Zelenskiy, Laskin kabi uchuvchilar aeroplanlardan Buxoro shahriga bir necha marta koʻplab bombalar tashlagan.
Bombardimonning ikkinchisida har biri 64 kilogramm keladigan aviabombalar bir necha yuz metr balandlikdan toʻppa-toʻgʻri “Amirning beadad boyliklari toʻplangan qordek oppoq saroyi”ga yogʻdirilgan (A. Bobunov. Nad Buxaroy (po vospominaniyam tov. Fauseka) // Voyna v peskax. Materialы po istorii grajdanskoy voynы k XII tomu. Grajdanskaya voyna v Sredney Azii. Pod redaksiyey M.Gorkogo, Vs. Ivanova, I. Minsa, F. Kolesova. Moskva, 1935. S.299). Nikolay Fausek boshqargan “Farman” turidagi bombardimonchi aeroplan oʻz yuklarini shaharga “muvaffaqiyat” bilan tashlab, hammadan keyin qaytib ketgan.
Yana N. Fausekning esdaliklariga murojaat qilamiz: “Biz Buxoroni bombardimon qildik. Qadimiy amirlikni vayron etib tashladik. Xususan, mashhur “Ajal minorasi”ga (1127-yili Qoraxoniylar sulolasining mashhur xoqoni Muhammad Arslonxon tomonidan qurdirilgan Arslonxon minorasi koʻzda tutilmoqda. XX asrdan boshlab tarixiy adabiyotlarda yanglish ravishda Minorai Kalon deb yuritilmoqda) tushgan bomba, garchi mohiyatan bu minoraning moʻljalga olinishi biz uchun mutlaqo foydasiz boʻlsa-da, bizga alohida zavq-shavq bagʻishladi... Uchib borar ekanman, pastda bir masjidni koʻrib qoldim, men goʻyoki gumbazni qoʻporib tashladim, deb maqtandi bir uchuvchi. Biz miriqib kuldik. Shu-shu, uchuvchining laqabi “Gumbaz” (“Kupol”) boʻlib qoldi” (Voyna v peskax. S. 303).
Xotiralarda qayd etilishicha, Buxoroni osmondan turib yakson qilishni tezroq tugatish maqsadida hamda bombalar va toʻp oʻqlari aniq moʻljalga tushishi uchun shahar osmoniga maxsus aerostatlar uchirilgan. Aviatsiya qoʻmondoni “benzin va bomba tugagunga qadar” shaharni bombardimon qilishga buyruq bergan. Toshkentdagi Turkiston harbiy okrugi muzeyining sovet hokimiyati yillarida namoyish etilgan koʻrgazmalarida koʻrsatilishicha, N. Laskin degan uchuvchi hujum paytida Buxoroga 26 pud (1 pud – 16,3 kilogramm) bomba tashlagan ekan.
Shaharning ayovsiz bombardimon qilinishi hujumning uchinchi kuni ham davom etdi: “Amirning shahar chekkasidagi qarorgohi Sitorayi Mohi Xossani (ruscha matnda “Sattar-Maxasu” deb xato koʻrsatilgan) bombardimon qildik. Amirning hidi kelgan hamma joy va hamma narsani vayron etdik” (Voyna v peskax. S. 305). Holbuki, amirning yozgi qarorgohi boʻlgan Sitorayi Mohi Xossa saroyi hech qanday harbiy ahamiyatga ega boʻlmay, bu yerda Amir Said Olimxonning harami joylashgan edi.
Buxoro amirligiga bosqin uyushtirgan qizil armiya rahbarlaridan biri, Kogon qoʻshinlar guruhi qoʻmondoni, zaxiradagi general-mayor V. Klementev “Sovet Turkistoni uchun” (nomlanishini qarang) kitobiga kiritilgan “Amirlikning yemirilishi” xotiralarida Buxoro hukmdorlarining qarorgohi boʻlgan Arki Oliy, undagi minora va gumbazlar, masjidlar va mezanalar vayron etilgani toʻgʻrisida harbiylarga xos boʻlmagan maqtanchoqlik va kibr bilan yozadi (V.G. Klementyev. Krusheniye emirata // Za Sovetskiy Turkestan (Sbornik vospominaniy). Tashkent, 1963. S. 457–465).
Bosqinchi, albatta, oʻzi bosib olgan yurtni oʻz mulki deb hisoblashi tabiiy hol: “Arkning oppoq tosh va marmar minoralari, asosiy saroyi yuzlab chaqirim naridan koʻrinib turardi. Bombardimonda Arkning asosiy mezana va minoralari vayron qilib tashlandi... 1-sentyabr kuni soat uchlarga yaqin Qarshi darvozasining chaprogʻida devor osti chuqur kovlanib, 52 pud keladigan portlovchi modda koʻmilgani va portlatish uchun tayyorlab qoʻyilgani haqida muhandis maʼlumot berdi. Darvozaning portlatilishi soat besh yarimga moʻljallangan boʻlib, qolgan ikki soat mobaynida shaharni toʻplar va zambaraklar hamda aeroplanlardan qattiq bombardimon qilishga tayyorgarlik uchun ajratildi” (Za Sovetskiy Turkestan. S. 462).
Qarshi darvozasi portlatilgandan soʻng, 1-sentyabr kechqurun qizil askarlar Buxoro shahriga bostirib kirgan. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb atadilar. Qizillar Arkdagi amir xazinasi, Buxoro qozikaloni, qushbegi va boshqa amaldorlarning boyliklarini talon qildilar. Sovet askarlari va qoʻshin rahbarlari bu talon-torojlikdan behad-behisob boylik orttirishdi. Turkiston fronti inqilobiy-harbiy byuro “uchligi”ning aʼzosi A.Mashiskiyning 1920-yil sentyabrda V.I. Leninga yozgan maʼlumotnomasida shahar markazi yakson qilingani, Registon va Ark yondirilgani, Ark yertoʻlalarida va omborxonalaridagi boyliklar – oltin, kumush, olmoslar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar berilgan (RGASPI, f. 122, op. 3, d. 21, l. 195).
Amirlik xazinasi va boshqa boyliklar ortilgan ikki eshelon (har birida 14 tadan vagon boʻlgan) yuk Toshkent orqali Moskvaga yoʻl oldi. Ulkan boyliklarni oʻmargan M. Frunze Moskvaga qaytib borganda, chekistlar tomonidan Qozon vokzalining oʻzidayoq qamoqqa olindi (Qarang: Q.Rajabov. Buxoro oltinlari taqdiri yoxud “oʻrtoq Frunze ishi” // “Buxoro mavjlari” jurnali, 2004, №4. 25–26-betlar).
Qariyb 15-sentyabrgacha davom etgan talov guvohi boʻlgan Turkkomissiya vakili G. Safarov: “Buxoroga kelgan qizil qoʻshinlar eng avvalo talonchilik bilan shugʻullandi. Ular hammani va hamma narsani taladi. Umuman, qizillar Buxoroni talash uchun kelgandi”, deb yozgandi (G.I. Safarov. Kolonialnaya revolyutsiya (Opыt Turkestana). Moskva, 1921. S. 94).
Qizil askarlar amirlik tarkibidagi 27 ta beklikni ham birin-ketin egallagach, Buxoro amirligiga barham berilgan, uning hududida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgan (Q.Rajabov, S.Inoyatov. Buxoro tarixi. Toshkent. 2016. 136-140-betlar).
Miloddan oldingi III asrda Puni urushlari chogʻi bosqinchi Rim imperiyasi lashkari qadimiy Karfagen shahrini qanday vayron etgan boʻlsa, sovet Rossiyasi qoʻshini ham qadim Buxoroni ana shunday talon-toroj qildi. Shahar hatto arablar (Qutayba) va moʻgʻullar (Chingizxon) bosqini davrida ham bu qadar qattiq xarob aylanmagan, tarixiy yodgorliklar buzib tashlanmagan, oʻn minglab begunoh tinch aholi nobud boʻlmagan edi!
Qahramon RAJABOV,
tarix fanlari doktori, professor,
Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q