Inson miyasi qadrsizlanishi mumkin – Yangi O‘zbekiston universiteti professori Farhod Eshmatov


Saqlash
15:34 / 14.07.2025 220 0

Ko‘p matematiklar bilan suhbatlashdim. Har birining o‘z qiyofasi bor, ammo ularni raqamlar olamiga muhabbat birlashtirib turadi. Bugun ham aniq fan haqida emas, xuddi adabiyot, san’at yo falsafa haqida suhbatlashayotgandek his qildim o‘zimni. Suhbatdoshimning gap-so‘zlari, o‘zini tutishini kuzatib, mashhur matematik olimdan ko‘ra shoir yo rassomga ko‘proq o‘xshashidan ajablanardim. Sezdimki, u ilm olamida hayrat va muhabbat bilan yashayotgan matematika oshiqlaridan biri ekan.

 

“Ilm bilan shug‘ullanish – ijod qilishdek o‘ta shaxsiy jarayon. Bir masala ustida izlana boshlasang, unga shunchalik sho‘ng‘ib ketasanki, atrofingda hech kimni his qilmaysan. Matematikada shunday go‘zal misollar bor – ularni faqat ko‘ra bilish, his qilish va ular bilan yashash kerak”, deydi u.

 

Suhbatdoshim – AQShning Kornell universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan, AQShning Michigan va Xitoyning Sichuan universitetlarida ishlagan matematika fanlari doktori, professor Farhod Eshmatov.

 

 U xorijda uzoq yillar yashab va ishlab kelgan bo‘lsa-da, o‘zbekligini va milliy qadriyatlarini asrab qolgan.

 

Otam birinchi ustozim

 

Oilamizda hamma matematik. Otam Hasan Eshmatov mexanik-matematik, Kiyevda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

 

Uch o‘g‘ilmiz: katta akam Baxtiyor ham otamning izidan borib, mexanik-matematiklikni tanladi, Amerikada PhD, O‘zbekistonda esa doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Ukam Olimjon hozir AQShning nufuzli Ohayo universitetida professor.

 

Bugungi muvaffaqiyatlar uchun barchamiz otamdan minnatdormiz. U kishi doim “Odamning darajasi uning farzandlari bilan o‘lchanadi. Ilmiy unvonlar va natijalar emas, qanday farzand tarbiyalagani muhim” deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi.

 

Endi, o‘zim ham uch o‘g‘ilning otasi bo‘lganimda, bu so‘zlarning haqiqiy ma’nosini anglab yetayapman. Farzand tarbiyasi – o‘ta nozik va mas’uliyatli ish. Har bir bolaning tabiatiga qarab yondashish, uni kasbga yo‘naltirish va o‘zbekona qadriyatlarni singdirish katta mehnat talab qiladi. Bu yo‘lda otam men uchun namuna bo‘lgan. Ishi qancha ko‘p bo‘lsa ham, farzandlari uchun doimo vaqt topgan. Ilmiy ishlar, darslar va tashkiliy vazifalardan ortib, har kuni biz bilan alohida shug‘ullanardi. Alohida-alohida suhbat qurib, muammolarimizni aniqlardi. Qattiqqo‘l, ayni vaqtda mehrli va intizomli edi. Bekorga “eng yaxshi investitsiya – farzanding uchun qilingan investitsiya” deyilmas ekan.

 

Albatta, ota-ona har bir ishda bolalariga namuna bo‘lishi kerak. Yurish-turishi, mas’uliyati, odamgarchiligi, ilm-fanga munosabati – hammasi farzandlar uchun ulgi bo‘ladi. Otam rosa ko‘p kitob o‘qigan. Uyimizda kattagina kutubxonamiz bor. Matematika bilan shug‘ullanish va kitob o‘qish birinchi o‘rindagi vazifamiz bo‘lgan. Yozgi ta’tilga chiqdikmi, qo‘limizdan kitob tushmasdi. To‘g‘ri, otamchalik ko‘p kitob o‘qiganman deb aytolmayman-u, lekin bugungi talabalarim bilan solishtirganda maqtansam bo‘ladi. O‘smirligimizda badiiy adabiyot doimiy hamrohimiz, sirdoshimiz, do‘stimiz edi.

 

Eng ko‘nglimga yaqini, dunyoqarashimga katta ta’sir qilgan muallif – Lev Tolstoy. Uning asarlari badiiy qiymati bilangina emas, chuqur falsafiy qarashlari bilan ham fitratimga ta’sir qilgan. Ularda insonning bu dunyodagi o‘rni, hayotning maqsadi va ma’nosi kabi savollar ko‘tariladi. U boylik, shon-shuhrat haqiqiy baxt keltirmasligini ta’kidlaydi. Tolstoyda psixologik tahlil kuchli, har bir obrazning ichki dunyosi, eng nozik qirralari mahorat bilan ochib berilganki, hayratlanmasdan iloj yo‘q. Masalan, “Urush va tinchlik”ni olaylik,  shuncha ko‘p va mukammal obrazlarni yaratishning o‘zi oson ish emas. Agar yozuvchi daho bo‘lmasa, tarixiy voqealar va shaxsiy dramalarni bu darajada mohirona uyg‘unlashtira olmagan bo‘lardi.

 

Onam ham ziyoli inson: biologiya fanlari nomzodi, ko‘p yillar kafedra mudiri bo‘lib ishlagan. Farzand tarbiyasida ota-onaning bir fikrda bo‘lishi bizning baxtimiz bo‘lgan. Haqiqiy oilaviy baxt – ota-onaning dunyoqarashi va qadriyatlarining uyg‘unligidir.

 

Eng muhimi – to‘g‘ri savol qo‘ya bilish

 

Matematikning tafakkur tarzi ham yozuvchiniki kabi cheksiz va erkin bo‘lishi kerak. Tolstoy “Anna Karenina” haqida “Mening qahramonlarim o‘z hayotini o‘zi belgilaydi. Asarni boshlaganimda bir fikrda edim, endi esa ular o‘z yo‘li bilan ketmoqda” degan edi. Haqiqiy matematik ham masala ustida ishlaganda natijani oldindan bilmaydi. Yillab mehnat qiladi, ba’zan natija chiqmaydi, ammo tashlab qo‘ymaydi. Ilmiy yutuq – uyqusiz tunlar, oromsiz kunlar evaziga keladigan go‘zal yechimdir. Ilm shuning uchun ham jozibali.

 

* * *

Farhod Eshmatov o‘z muvaffaqiyatida ustozlarining katta hissasi borligini ta’kidlaydi. O‘zbekistonda Shavkat Ayupov, Vladimir Chilin, Amerikada esa Kornell universiteti professori Yuriy Berest uning ilm yo‘lidagi muhim rahnamolari bo‘lgan.

 

Yuriy Berest shunday degan ekan: Farhod, eng muhimi, o‘zingga yoqmagan ishni qilma, senga murakkablik tug‘dirayaptimi, yig‘ishtir, boshqa nima ish qilsang qil, faqat matematikani tinch qo‘y. Ikkinchidan, ilmiy maqola yozayotganingda to‘g‘ri savollar qo‘ya bil. Aytadigan gaping bo‘lmasa, gapirma, yozma. Ilmda eng muhim narsa – to‘g‘ri savol qo‘ya bilishdir”. Bu so‘zlar uning ilmiy faoliyatida asosiy qoidaga aylangan.

 

Mehnat va maqsad birlashsa...

 

Qobiliyat muhim, ammo undan ham muhimrog‘i – mehnat va maqsad. Talantning o‘zi yetarli emas; uni maqsadga yo‘naltirib, intizom bilan ishlash kerak. Men o‘zimni favqulodda talantli deb hisoblamayman. Maktabda boshqa bolalardek olimpiadalarda qatnashmasdim. Ammo mehnat qilish, bir yo‘ldan qaytmaslik, otamning tarbiyasi bugungi natijaga olib keldi. Mashhur ingliz matematigi Igor Shafarivich shunday degan ekan: “Matematika o‘z odamlarini yo‘qotmaydi”.

 

Agar kimdir matematika uchun yaralgan bo‘lsa, boshqa yo‘llarga qancha burilmasin, oxiri yana matematikaga qaytadi. Eng muhimi – sevgan ishing bilan shug‘ullanish. Ilmga muhabbatsiz, faqat ilmiy rutba yo unvon uchun kelganlarga fan haqiqiy lazzat bermaydi. Xuddi sportchi mashq qilmasa, formadan chiqib qolgandek, bir-ikki kun ilm bilan shug‘ullanmasam o‘zimni og‘ir his qilaman. Yoqtirgan ishimni qilayapman va bundan zavq olayapman. “Ertalab ishga, kechqurun uyiga shoshayotgan odam baxtli” degan ibora bor-ku, demak, men to‘g‘ri yo‘ldaman.

 

Xavotirim – inson miyasining qadrsizlanishi

 

Bugungi dunyoni matematikasiz tasavvur etish mumkin emas. Hayotimizning har bir jabhasida unga duch kelamiz. Ayniqsa so‘nggi yillarda sun’iy intellekt (SI) jadal rivojlanib, turmushimizning ajralmas qismiga aylandi. Aslida sun’iy intellektning to‘qson foizi aynan matematikaga asoslangan. Oddiy algoritmlardan tortib, murakkab neyron tarmoqlarigacha bo‘lgan SI texnologiyalari sog‘liqni saqlash, moliya, transport, ta’lim kabi sohalarda allaqachon inqilobiy o‘zgarishlar yasayotir. Ilk sun’iy intellekt faqat oddiy chiziqli algebradan foydalangan bo‘lsa, bugun u topologiya, statistika va boshqa murakkab sohalarni qamrab olayotir.

 

Haqiqat shundaki, SI va matematika uzviy bog‘liq. Matematika – sun’iy intellektning poydevori va tilidir. Ilm-fan va texnologiya shunday tez rivojlanmoqdaki, ilgari 200 yildan keyin tatbiq etiladi deb taxmin qilingan matematik kashfiyotlar hozir 15-20 yil ichida hayotga joriy bo‘la boshladi.

 

SIning asosiy afzalligi – insonlarni og‘ir va takrorlanuvchi mehnatdan ozod qilishidir. Ishlab chiqarish liniyalarida robotlashtirilgan tizimlar yuqori aniqlik bilan faoliyat yurita boshlaganiga ancha bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash sohasida esa kasalliklarni erta aniqlash va individual davolash usullari ishlab chiqilmoqda. “Aqlli shaharlar” konsepsiyasida transport oqimini optimallashtirish, energiya sarfini kamaytirish kabi yo‘nalishlarda SI xizmati katta bo‘ladi.

 

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Sun’iy intellekt faoliyati shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashni talab etadi, bu esa ma’lumotlarning noqonuniy tarqalishi va kiberhujumlar xavfini paydo qiladi. Shaxsiy ma’lumotlarning g‘arazli maqsadlarda qo‘llanishi ayniqsa kredit berish, ishga qabul qilish yoki huquqni muhofaza qilish sohalarida jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Yana bir xavotirli jihat shundaki, SI orqali avtomatlashtirish ayrim kasblarning yo‘q bo‘lib ketish xavfini oshirdi.

 

Mashhur shaxslardan biri yaqinda shunday degan edi: “Yaqin kelajakda shifokorlar, muallimlar va muhandislarning o‘rnini sun’iy intellekt egallaydi”. Shaxsan mening eng katta xavotirim – inson miyasining qadrsizlanishi, tabiiy his-tuyg‘ularning so‘nishi va insoniylikning yo‘qolishi. SI bilan ishlayotganda ba’zan qayerda mening fikrim tugab, qayerda uniki boshlanganini anglamay qolaman.

 

Bu esa yanada ogohroq bo‘lishga undaydi.

 

Shu sababli Yevropadagi ba’zi davlatlar SI faoliyatini cheklamoqda, Xitoy esa o‘z milliy variantlarini yaratayapti. Biz ham o‘z qadriyatlarimiz va mafkuramiz asosida milliy SI modelini ishlab chiqishimiz shart. Bu texnologiyalarning imkoniyatlaridan foydalanib, salbiy oqibatlarning oldini olish uchun muhim qadamdir.

 

Vatanga qaytish

 

1998-yili O‘zbekiston milliy universitetini bitirib, “Umid” jamg‘armasi orqali Amerikadagi Nyu-York davlat universitetiga magistraturada o‘qish uchun ketgan edim. Baholarim yaxshi bo‘lgani uchun universitetda qolib, ilmiy faoliyatimni davom ettirishni taklif qilishdi.

 

1998–2012-yillarda AQShning nufuzli universitetlarida ishladim, Kornell universitetida PhD ilmiy darajasini oldim. Michigan universitetida dars berdim. Ikki bolam ham o‘sha yerda tug‘ildi. Hozir to‘ng‘ich o‘g‘lim Foziljon AQShdagi Georgia Tech universitetida kosmik raketalar muhandisligi yo‘nalishida tahsil olmoqda.

 

Keyin yaqin do‘stim Ksiaojun Chenning taklifi bilan Xitoyning Sichuan universitetiga ilmiy faoliyatimni davom ettirish uchun o‘tdim. Xitoyda yetti yil ishladim.

 

Koronavirus pandemiyasi paytida dunyo bo‘ylab safarlar to‘xtatildi. Biz besh yulduzli mehmonxonada xalqaro konferensiyada qatnashgan holda karantinda qoldik. Hamrohlarim – dunyo tan olgan matematik olimlar orasida Filds mukofoti sovrindori ham bor edi. Uch oy mobaynida xonadan deyarli chiqmadik. Dastlab buni dam olish deb qabul qilgan bo‘lsam-da, vaqt o‘tishi bilan bu uzoq sukut menga hayotimni qaytaboshdan o‘ylab chiqish imkoniyatini berdi.

 

O‘sha kunlarda o‘zimga savol berdim: “Nima uchun yashayapman? Men uchun nima muhim? Vatanimga qaytib, yaqinlarimni ko‘ra olamanmi? Bu fikrlar qalbimda vatanga muhabbatni qayta uyg‘otdi. Karantindan so‘ng, birinchi imkoniyat paydo bo‘lishi bilan O‘zbekistonga qaytdim. Albatta, qaytishimda ham oilam va yaqinlarim uchun xavotirlandim. Virus yuqtirishdan qo‘rqib, aeroportdan to‘g‘ri bo‘sh turgan uyimizga yo‘l oldim va ikki hafta karantinda bo‘ldim.

 

Shunday qilib, uzoq yillar chet elda mehnat qilgan bo‘lsam-da, vatanga qaytib keldim va bu qarorimdan hech qachon afsuslanmadim. Allohning marhamati bilan ikki yil davomida betob otamning yonida bo‘lish baxti nasib qildi.

 

Hozir O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Yangi O‘zbekiston universitetida ishlayapman va shogirdlar tarbiyalayapman. Vatanga xizmat qilish inson uchun eng katta sharaf ekanligini angladim. Chunki inson kim bo‘lishidan qat’i nazar yuragi o‘zi tug‘ilgan zamin bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

 

Shahnoza ROFIYEVA yozib oldi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Matematika o‘z odamlarini yo‘qotmaydi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:07 / 11.07.2025 0 302
Qanday qilib arzonroq sayohat qilish mumkin?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//