Ijtimoiy safarbarlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun nimalar talab etiladi?


Saqlash
15:07 / 22.07.2022 786 0

Xalqlar va davlatlar tarixidan shu narsa ma’lumki, taraqqiyotni orzu qilgan har qanday millat va mamlakat o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yadi, muammolarini hal etishning turfa yo‘llarini izlab topadi.

 

Yaxshisi, bu masalani mamlakatimizning so‘nggi besh-olti yildagi o‘zgarishlari misolida ko‘rib chiqaylik. Xo‘sh, mazkur qisqa tarixiy davrda erishgan yutuqlarimizning sabablari nimalarda namoyon bo‘ladi?

 

Birinchidan, endi biz yaqin tarixdan saboq chiqarib, rivojlanish niqobidagi havoyi, mavhum, odamlarni chalg‘ituvchi g‘oya va chaqiriqlardan voz kechdik. Oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarimiz o‘zining realligi, ilmiy jihatdan to‘g‘ri hisob-kitob qilingani bilan ajralib turadi.

 

Ikkinchidan, biz qaysi ishni boshlamaylik, hech ikkilanmasdan xalqimiz va mamlakatimizning milliy manfaatlariga jiddiy e’tibor qaratdik.

 

Uchinchidan, mamlakat rahbarining oqilona siyosati; O‘zbekistonning ham ichki, ham tashqi siyosatida xalqimiz tinchligi, osoyishtaligi, farovonligining bosh maqsadga aylanishi, yangilanishlar sari dadil va mardona qadam tashlash muhim ahamiyat kasb etdi.

 

To‘rtinchidan, biz yangi O‘zbekistonni qurishga bel bog‘lagan ekanmiz, asosiy diqqatni xalqimizning yuksak ma’naviyati, buyuk irodasi, bitmas-tuganmas qudratiga qaratdik. Ana shu omillar tufayli bugun dunyoda o‘zimizning mustahkam o‘rnimizga, o‘zimizga munosib xalqaro nufuzga ega bo‘lib bormoqdamiz.

 

Bu fikrlar mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yaqinda nashr etilib, mamlakatimiz va ko‘plab xorijiy davlatlarda taqdimoti o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Kitob muallifning quyidagi so‘zlari bilan boshlanadi: “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir” (3-bet).

 

Kitobning o‘qishliligi hisobot tarzida emas, aksincha, muammolarni ochiq tan olish, eng muhimi, o‘sha muammolarni hal etish uchun eng to‘g‘ri, ilmiy jihatdan asoslangan yo‘llarni ko‘rsatib bera olganligi bilan bog‘liq.

 

Keling, yaxshisi masalaga qay tarzda yondashilganini kitobning “Ma’naviy taraqqiyot” deb nomlangan beshinchi bo‘limi misolida ko‘rib chiqaylik. Kitobda ma’naviyat-ma’rifat masalalariga alohida o‘rin ajratilganining muhim ijtimoiy sabablari bor. Muallif oldimizda turgan barcha vazifa va muammolarni jiddiy tahlil qiladi. Bularni kitobda keltirilgan quyidagi bo‘limlar nomidan ham anglash mumkin: “Xalqparvar davlat”, “Adolat va qonun ustuvorligi – xalqparvar davlat poydevori”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”. Gap shundaki, bu jabhalardagi masalalarni ma’naviyat va ma’rifat vositasidagina hal qilish mumkinligiga muallif alohida e’tibor qaratgan.

 

Butun insoniyat oldidagi murakkab muammolar yechimiga qaratilgan quyidagi so‘zlarga e’tibor qilishingizni istardim: “Mening nazarimda insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi – ma’naviyat chirog‘i bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uyg‘otadi, odamiylik hissini kuchaytiradi” (259-bet). Bu yerda gap eng avvalo har birimizning ongu tafakkurimiz xususida bormoqda. Qayerda ong va tafakkur qay darajada bo‘lsa, jamiyat hayoti ham shu darajada bo‘ladi. Undan ortiqcha yo past bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham yurtboshimiz yangi O‘zbekistonni barpo etishda bilim va tafakkur asos bo‘lishini va bunga butun xalqimizni safarbar etish orqali erishishni niyat qilgan.

 

Safarbarlik esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun ikki muhim narsa kerak. Birinchidan, butun jamiyat uyg‘onishi, ikkinchidan, jamiyatdagi islohotlarga hammaning daxldor bo‘lishi talab etiladi. Shuning uchun “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya bugun hayotimizni harakatga keltirib turishi shart. 

 

Mamlakat rahbari jamiyatning uyg‘onishini, barchaning islohot ishtirokchisigina emas, uning tashabbuskori ham bo‘lishini istaydi. Har qanday tashabbus o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning uchun yuksak aql, farosat, uyg‘oq qalb zarur bo‘ladi. Boshqacha aytganda, inson ma’nan uyg‘onishi lozim. Xo‘sh, jamiyat qachon uyg‘onadi? Jamiyat insonlar uyg‘ongandagina uyg‘onadi. Ana shundagina ma’rifatli odamlar jamiyatdagi islohotlarning tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqishi mumkin.

 

Kitob muallifi yangi ma’naviy makon va ma’rifatli jamiyat to‘g‘risida muhim fikrlarni bayon etadi. Mutolaa jarayonida men ushbu ikki atamaning bir-biri bilan uzviy bog‘liqligiga amin bo‘ldim. Ta’kidlanishicha, ma’naviy makon – biz orzu qilayotgan yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma’rifatli jamiyatdir (266-bet).

 

Mamlakat rahbarining O‘zbekistonda yangi ma’naviy makon yaratish, ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi barcha ezgu ishlari va tashabbuslarini yosh avlodning tafakkur tarzini takomillashtirishga qaratilgan muhim va dadil qadam sifatida baholash kerak. Bugun biz ochiq demokratik, fuqarolik jamiyatini barpo etishga astoydil kirishdik. Bunday jamiyatni fikriy, mafkuraviy qullikdagi ojiz shaxslar bilan qurib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, yangi jamiyatni yangicha tafakkur qiladigan shaxslar bilangina qurish mumkin. Agar jamiyatning tafakkur tarzi takomillashmagan bo‘lsa, yuksak talablarga javob beradigan ma’naviyat va ma’rifat bilan yo‘g‘rilgan insonlarga katta ehtiyoj sezilmasa, bu vazifani ado etish mumkin emas.

 

Kitobning yana bir ahamiyatini men bugungi O‘zbekiston tom ma’nodagi sifat o‘zgarishlariga intilib yashaydigan shaxslarga nechog‘li muhtoj ekanligini asoslab berishda va bu ehtiyoj yechimining eng maqbul yo‘llarini belgilab berishda ko‘rdim. Haqiqiy rivojlanish jamiyatning va fuqarolarning yangilanishga nisbatan ehtiyojlari uyg‘un kelganda bo‘lishi mumkin.

 

Bu jarayonda ma’naviyat va ma’rifat bosh rolni o‘ynaydi. Insonning borlig‘i uning qalbida aks etadi. Qalb esa ma’naviyat, ma’rifat bulog‘idan quvvat olib turishi kerak. Aks holda uning o‘rnini turli yovuz mafkuralar egallaydi. Ular esa insonni yovuzlik, vahshiylik tomon boshlaydi.

 

Mutafakkir allomalarimiz odamlarni birlashtirib turuvchi azaliy amallar insoniylik va yuksak axloq ekanligini bot-bot ta’kidlagan. Haqiqatan ham shunday. Xo‘sh, biz qachon ana shu tom ma’nodagi insoniylig-u yuksak axloqqa ega bo‘lishimiz mumkin? Kitobda ushbu vazifani jamiyat ma’naviy qiyofasini shakllantirish orqaligina hal etish mumkinligi qayd etiladi.

 

Yangi ma’naviy makon va ma’rifatli jamiyatni barpo etishdan ham og‘irroq vazifa yo‘q. Buning uchun avvalo jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va buning natijasida ma’naviy hayotdagi mudroqlik, xudbinlik, fikrsizlik, nodonlik kabi illatlarni bartaraf etish kerak bo‘ladi.

 

Kitob millat va vatan  kelajagiga  raxna solishi mumkin bo‘lgan har xil ma’naviy tahdidlar va xatarlardan bizni ogoh etadi. Shu bois muallif quyidagi ikki masalaga alohida e’tibor qaratadi.

 

Birinchidan, milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda vatanparvarlik tarbiyasi, xalqimizning ezgu ideallari va oliyjanob maqsadlariga sadoqat g‘oyalari shior darajasida qolib ketib, milliy g‘oyaning jahon tajribasidan o‘tgan umuminsoniy qonuniyatlari va O‘zbekistonga xos zamonaviy tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

 

Ikkinchidan, jamiyat hayotida dunyoviy va diniy omillar o‘rtasidagi muvozanatni to‘liq ta’minlashga yordam beradigan, kuchli tarbiyaviy salohiyatga ega va xalqimiz ma’naviyatini asrlar mobaynida mustahkamlashga xizmat qilib kelgan umuminsoniy va milliy qadriyatlar, azaliy an’ana va urf-odatlarimizning qadrsizlanishiga yo‘l qo‘yish hollari uchramoqda.

 

Albatta, millat va mamlakatimiz taqdiri ana shu vazifalarni qay darajada bajarishimizga bog‘liq. Mazkur vazifalarni ado etish mexanizmlari ham kitobda o‘zining klassik ifodasini topgan. Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobini yo‘limiz va taraqqiyotimizning eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan kitob deyishga asoslarimiz bor.

 

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Ma’rifatli jamiyat orzusi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16266
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi