Millat ustunlarini qadrlamay, ustunlarga qo‘ngan qarg‘alarga mahliyo avlod – Eshqobil Shukur iztiroblari


Saqlash
21:07 / 19.07.2022 1227 0

Bundan ko‘p yillar burun, 1-sinf o‘quvchisidan tortib maktab direktorigacha paxta dalasida javlon urib yurgan paytlari Erkin Vohidov bilan Do‘rmonda gurung qilganimizda, u kishi aytgan bir gap hech esimdan chiqmaydi: “Do‘ppini boshdan olib o‘ylab qarasak, dunyo allaqachon ikkiga bo‘lingan. Dunyoning qayeridadir osmono‘par binoning 60-qavatida kostyum-shim va galstukdagi odamlar kresloda yastanib, jahondagi jarayonlarni boshqarib o‘tirgan bo‘lsa, yana qayeridadir odamlar changalzorlarda uyat joyini xas-xashak bilan bekitib, tayoq-nayza ko‘tarib yugurib yurishibdi. Kiygan kostyum-shimimiz va taqqan galstugimizga qarasa, o‘sha 60-qavatda dunyo taqdiriga ta’sir ko‘rsatayotgan odamlarga o‘xshaymiz. Tafakkurimizga qarasa, changlazorlarda uyat joyini xas-xashak bilan yopib, yugurib yurgan odamlarga o‘xshaymiz”. Erkin akaning bu gaplaridan qattiq ta’sirlangan edim.

 

Keyingi paytlarda meni bir narsa qattiq tashvishga solmoqda. Bizning yaqin tariximizda millatning millat bo‘lishi uchun kurashgan, kecha-yu kunduz ter to‘kib mehnat qilgan, milliy xazinalarimizni mustabid davr suronlaridan omon saqlab qolish uchun mashaqqat chekkan shunday mo‘tabar olimlarimiz borki, hech birini tanimaymiz. Men hozir uch olimning ism-sharifini keltiraman: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov (shukrki, bunday olimlarimiz ko‘p). Ayting-chi, ularni xalqimizning necha foizi taniydi? O‘n foizi desam, oshirib yuborgan bo‘laman, shekilli. Balki besh foizi bilar... Bunga ham shubham bor. Endi eng alam qiladiganini aytay. Ijtimoiy tarmoqlarda bema’ni gaplari, tuturuqsiz qo‘shiqlari, bachkana qiliqlari bilan ot chiqarayotgan yoki og‘ziga kelganini vaysab, jilpanglab yurgan ba’zi estrada xonandalarini aholimizning necha foizi taniydi? Olmish-yetmish foizi desam, kamaytmagan bo‘larman. Bu o‘rinda yaxshi qo‘shiqlari bilan el e’tiboriga tushgan iste’dodli san’atkorlarni nazarda tutayotganim yo‘q, aynan bachkanalik va bema’nilikni targ‘ib qilayotgan saviyasiz otarchilar haqida gapiryapman.

 

Endi bir o‘ylab ko‘ring. Vatan va millatga bularning qay biridan foyda? Elning xalq bo‘lishi uchun kurashgan o‘sha olimlardanmi yo elning olomon bo‘lishi uchun xizmat qilayotganlardanmi? Avlodlarga ma’rifat va ilm ulashganlar qayda-yu, yoshlarni bachkanalik va bema’nilik botqog‘iga sudrayotganlar qayda? Suv keltirgan azizmi yo ko‘za sindirgan? Bugun 16–25 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlardan Porsoxon Shamsiyevni bilasizmi, deb so‘rovnoma o‘tkazib ko‘ring-chi? Keyin esa eng saviyasiz estrada xonandasining nomini aytib so‘rov uyushtiring. Javoblarda sharmandali holga duch kelishingiz ikki karra ikkiday aniq. Bu holni siz qanday baholaysiz, aziz zamondosh? Nega shundaymiz? O‘zbekcha qilib aytganda, “Qachon odam bo‘lamiz?!” Elga nimadan foyda-yu, nimadan zararligini, millat faxri kimlar-u, millat qurti kimlarligini qachon ajratamiz?

 

Alisher Navoiyning 1958-yili nashr etilgan “Xamsa”sini tez-tez varaqlab turaman. Och mallarang muqovali kichik bir jomadonday keladigan (30 sm x 22 sm), 88,9 bosma toboq, jami 853 (!) sahifadan iborat kitob. Bu kitobni bugun mamlakatda barmoq bilan sanarli odam biladigan Porsoxon Shamsiyev tayyorlagan.

 

“Xamsa”ning ayni shu mukammal nusxasi navoiyshunoslikning barq urib rivojlanishiga xizmat qildi. Mumtoz asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratish nima ekanini, har qalay, tasavvurimga sig‘dira olaman. Bu tog‘ni teshib suv yo‘lini ochish bilan barobar. Pista chaqish emas. Homidxon Islomiy domla birgina “Nasoyim ul-muhabbat”ning tanqidiy matni ustida 25 yil ishlagani bu yumush qanchalar mashaqqatli ekanini dalillaydi.

 

“Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matni shu darajada katta ish ediki, uncha-muncha havoyi da’vogarlarning belini sindirib yuborardi. Shuning uchun ham manaman degan davr mahmadonalari bu ishni zimmasiga ololmagan, yaqiniga ham yo‘lay olmagan. Porsoxon Shamsiyev esa 52 000 misralik, 853 sahifalik “Xamsa”ni tanqidiy matnlari, tarixiy nusxalari asosida mukammal nashrga tayyorlagan. Buning qanday mehnat ekanini dap etsa, da’vo qiladigan, quruq iddaodan nariga o‘tolmaydigan chalamullalar tasavvuriga sig‘dira olmaydi. Ba’zi adabiyot olimiman va shoirman deganlar 853 sahifadan 100 betini o‘qishga ham o‘zida kuch topolmaydi. Holbuki, Porsoxon domla bu kitobning har so‘ziga ko‘z nurini, qalb qo‘rini to‘kkan.

 

Domlaning bundan tashqari qancha xizmatlari va ishlari bor. Quyidagi faktlarga shunchaki o‘tkinchi nazar bilan emas, vijdon bilan bir diqqat qiling: Porsoxon Shamsiyev Alisher Navoiyning 15 tomligi uchun “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nazm ul-javohir”, “Arbain” kabi asarlari va yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz – “Xamsa”ning hamma dostonlarini nashrga tayyorlab bergan edi. Shuningdek, Qozon davlat universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 1568-yili Hirotda Mahmud kotib tomonidan ko‘chirilgan “Ilk devon”ni ham aniqlagan va ilmiy tavsifini bergan. 1487–1988-yillari Hirotda Abduljamil tomonidan tuzilgan “Navodir un-nihoya”ning qadimgi nusxasini topgan va Sulton Ali Mashhadiy ko‘chirgan varianti bilan qiyoslab, asosiy tafovutlarni qayd qilib chiqqan.

 

Hayratlanarli ishlar, hayratlanarli mehnat, muhimi, hayratlanarli natija! Lekin biz hayratlanmaymiz. Ha, bo‘lsa bo‘lgandir-da, ishi bo‘lgandan keyin qiladi-da, deb qo‘yamiz-u, yana allaqanday mayda-chuydalar izidan chopishda davom etamiz.

 

Keyingi yillarda men deyarli har kuni, hech bo‘lmaganda, ikki kunning birida Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” kitobini varaqlayman. 1960–1963-yillari nashr etilgan bu kitob yo‘ldoshimga, suhbatdoshimga aylangan. Men eng yaqin do‘stimdan ko‘ra ham shu kitob bilan ko‘proq gurunglashaman. “Devonu lug‘otit-turk” uch jildlik, indeksi bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt jildlik kitob. Birinchi jildning o‘zi 499 bet. Har jild boshida kichik shriftda bir yozuv keladi: Tarjimon va nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari kandidati S.M.MUTALLIBOV. Qarangki, hatto ismi ham to‘liq berilmagan.

 

Turkiy dunyoning mislsiz xazinasi “Devonu lug‘otit-turk”ni tarjima qilish va nashrga tayyorlash juda og‘ir, juda murakkab ish. Bu nihoyatda katta bilim va tajribani talab etardi. Millatimiz va tilimizning ming yilliklaridan xabardor odamgina bu ishga qo‘l urishi mumkin edi. Boshqalarning jur’ati ham, bardoshi ham yetmaydi. Solih Mutallibov bu tarixiy ishni muvaffaqiyat bilan bajargan. Olimning bundan tashqari ham qancha ilmiy, ijodiy ishlari bor.

 

Yusuf Xos Hojibning 1971-yili “Fan” nashriyotida chop etilgan “Qutadg‘u bilig” kitobi 964 bet. Nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari kandidati Qayum Karimov. Oddiygina fan kandidatining qilgan ishlari manaman degan akademikning hissasidan kam emas. Professor Hamidulla Dadaboyev gurunglarimizning birida: “Men Qayum Karimovning qadimgi turkiy so‘zlar lug‘ati qo‘lyozmasini ko‘rganman. Naqd 60 bosma toboq edi! Afsuski, shunday katta ish qayerlardadir yo‘q bo‘lib ketdi”, degan edi.

 

Bu odamlar sovet otini minib, choptirib mazlum millat xazinalarini toptab o‘tishmagan. Minbarlarda og‘iz ko‘pirtirib maddohlarcha shovqin-suron ko‘tarishmagan, mehnat qilishgan, xalqni xalq sifatida tutib turgan ustunlarni asrab qolish uchun dard va matonat bilan kurashganlar. Bular qatorida Hodi Zarif, Hamid Sulaymon, Muzayyana Alaviya, Qutbiddinxon Muhiddinov, Alibek Rustamov kabi ulug‘ olimlarimiz bor edilar.

 

Bizni kechiring, azizlar. Sizlar ilm va ma’rifat zahmatkashlari edingiz. Mustabid tuzum xalqlar tarixini go‘rga tiqayotgan bir davrda “Xamsa”ni, “Devonu lug‘otit-turk”ni, “Qutadg‘u bilig” kabi millat xazinalarini asrab qolish uchun, millat ruhini saqlab qolish uchun joningizni berib harakat qildingiz. Igna bilan quduq qazdingiz, tesha bilan tog‘ni teshib o‘tdingiz. Ko‘plaringiz dilda armon, ko‘zda yosh bilan ketdingiz. Biz esa sizlarni eslashga erinamiz. Bizni kechiring, azizlar. Sizlarning nomingizni har bir o‘zbek bilishini va ruhingizga ehtirom ko‘rsatishini chin yuragimdan istayman. Siz shunga munosibsiz. Yuqoridagi achchiq gaplarim ham shundan.

 

Yurtimizdagi yoshlarning ko‘pchiligi shu kunlarda Afrikadami, Avstraliyadami biror estrada qo‘shiqchisi paydo bo‘lib qolsa, darrov tanib, bilib oladi, butun tarjimai holigacha yodlaydi, hatto suratini telefon oynasiga o‘rnatib qo‘yadi. Ammo o‘zbek xalqining ming yillik tili, adabiyoti va tarixini qo‘limizga tutqazgan mo‘tabar olimlarimizning ismlarini bilishni-da istashmaydi.

 

Inson 12–25 yoshgacha o‘ta qaltis davrdan o‘tadi. Bu paytda kimlardan ibrat olsa, shularga o‘xshab shakllanadi. Yoshlarning xotirasiz avlod sifatida shakllanishdan Xudoning o‘zi asrasin.

 

Bitta haqiqiy olimni yetishtirish uchun millatning qancha qoni ketadi, qancha teri to‘kiladi. Qon va terni litrlarda o‘lchab bo‘lmaydi. Bu olimlar hazilakam odamlar emas edi. Ba’zan ularning suratlariga qarab o‘yga tolaman. Porsoxon domla, Qayum Karimov domla... naqadar xokisor chehralar. Shunday ulug‘ ishlarni qilishib, yana tortinib, qimtinib turishadi. Shayxzoda aytganiday: “E-e, zamon og‘ir edi”. Eski yozuvni bilganlari uchun ham baloga qolganlar bor. Kitob ko‘rgani uchun NKVD itlariga talanganlar bor. Shunga qaramay, ular o‘z vazifalarini sidqidildan, muhabbat bilan ado etdilar. Boshlarida zulm tegirmoni aylanib tursa-da, ular Navoiy yo Koshg‘ariyni qo‘yib, mukofot tilanib, siylovlar so‘rab, ilmiy kommunizm-u ateizm sari yuz burmadilar.

 

Hamid Sulaymon uyida rafiqasi, olima Fozila Sulaymonova bilan gurunglashganimda bir gapni aytgan edi: “Hamid Sulaymon qamalib ketishidan oldin G‘arb adabiyoti bilan shug‘ullanar edi. Qamoqdan butunlay o‘zgarib qaytdi va menga aytdiki: “Fozila, umrimdan qancha qolgan bo‘lsa, bu yog‘ini faqat Navoiyga bag‘ishlayman. Men u yoqda shunga qaror qildim!”

 

Meni yana o‘sha savol qiynaydi: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov! Ayting-chi, shu uch olimni hozirda millatimizning necha foizi taniydi? Besh foizi bilarmikin?.. Shunday ibrat maktablari bo‘la turib, yengil-yelpi narsalarga, bachkana qiliqlarga, ko‘pik hoy-u havaslarga mahliyolik nechun? Millat ustunlarining ustunligini bilmay, shu ustunga qo‘nib qag‘illab o‘tirgan allaqanday qarg‘alarga mahliyo bo‘lib yurish ma’rifatdan emas. Buni hammamiz, ayniqsa, yoshlarimiz to‘g‘ri anglashi kerak. Meni yana o‘sha savol qiynaydi. Jiddiy va alamli savol...

 

Eshqobil SHUKUR,

shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 172
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19170
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15989
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi