Madh etish jasorat emas, nuqsonlarini yuziga aytolgan ijodkorgina haqiqiy shoirdir – Prezident maslahatchisining Erkin Vohidov haqidagi xotiralari


Saqlash
19:10 / 18.07.2022 1640 0

Hayotda buyuk iste’dodli insonlar o‘z mehnati va ijodi bilan millat, xalq ma’naviyati va madaniyatiga yuksak hissa qo‘shishi bilan bir qatorda, favqulodda noyob qobiliyat egasi, butun bo‘y-basti bilan millat, xalq qiyofasini o‘zida aks ettiradigan kuchli bir tarixiy shaxs sifatida ham o‘chmas iz qoldiradi.

 

Ana shunday shaxslardan biri – O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, butun umri davomida ona yurt, jonajon xalqining dard-u armonlarini kuylab o‘tgan inson Erkin Vohidovdir.

 

Ustoz Erkin Vohidovning insoniy fazilatlari, ularning hayotlik davrlarida biz shogirdlarga bergan hayotiy saboqlari haqida uzoq hikoya qilish mumkin.

 

Erkin aka bilan Toshkentda, Huvaydo mahallasida qo‘shni bo‘lib yashardik. 1981–1983-yillari Farg‘onada davlat xizmati organida ishlardim. O‘sha vaqtlari O‘zbekiston boshiga og‘ir kunlar tushgan, bu sinov dadamni ham chetlab o‘tmagandi. Shu sababli dadam bizdan olisda, oilaning barcha mas’uliyati esa akam va mening zimmamda edi. Shuning uchun akam bilan ikkimiz singlimizni turmushga berdik. 1987-yili men va ukam qo‘sh to‘y qilib, har birimiz mustaqil oila qurdik...

 

Kechagidek esimda... Kuz fasli. Oktabr oyining oxirlari. Osmonning qovog‘i soliq. Havo sovigan, yog‘in-sochinli kunlar edi. O‘sha vaqtlari to‘ylar hovlida bo‘lardi. Havoning injiqligi sababli ko‘nglimga hech narsa sig‘masdi.  To‘y kuni ertalab eshigimiz taqillab qoldi. Chiqsam, Erkin aka yelkalariga brezent tashlab olganlar. Menga qarab: “Nimaga xafa bo‘lib o‘tiribsan? Xotirjam bo‘l, mana, men yoningda turibman”, deb ko‘nglimni ko‘tardilar.

 

Erkin akam ikkalamiz brezent bilan so‘rining ustini yopdik. Oradan biroz vaqt o‘tib, bir guruh og‘aynilarim kirib kelishdi. Ammo bunga qadar Erkin akam bilan asosiy ishni qilib ulgurgandik. O‘sha kuni to‘yning boshidan oxirigacha Erkin akam bosh-qosh bo‘lib turdilar. To‘y tugadi hamki, sharros yomg‘ir quydi. Ertasi kuni yomg‘ir qorga aylandi...

 

Goho o‘ylanib qolaman: Erkin akam o‘sha kuni oldindan sezganday yelkalarida brezent bilan kirib kelib, so‘rining ustini yoptirdilar. Ularga bunday qilishni hech kim aytmagan, mening-ku aytishga qanday haddim sig‘sin! Erkin akamdagi uzoqni ko‘ra olish, yuz beradigan hodisalarni avvaldan ichki hissiyot bilan sezish va anglash tuyg‘usi Yaratgan tomonidan berilgan noyob qobiliyat edi, desam aslo xato bo‘lmaydi...

 

Mashhur g‘azalnavis shoir Tavallo katta bobomiz bo‘ladilar. Onamiz Dilbarxon ularga nabira, onamizning onalarining ismi Rahbaroy bo‘lgan. Buvimiz qizlarini bir kuni qaysidir ishi uchun urishib beradilar. Katta bobomiz esa: “Qizim, Dilbarni urishaverma, bolalikda hamma bolalar sho‘x va o‘yinqaroq bo‘ladi. Kel, yaxshisi, men senga Dilbarga o‘xshagan sho‘x, shaddod qizlarga bag‘ishlangan g‘azalimni o‘qib beray”, debdilar.

 

Bu g‘azal O‘zbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirov tomonidan kuylanib, mashhur qo‘shiqqa aylandi va san’atimizning oltin fondidan joy oldi. Mana o‘sha g‘azal: 

 

O‘ylasam, shu dilbarim makkorga o‘xshaydi-ku,

Rahmi yo‘q bir bevafo dildorga o‘xshaydi-ku.

 

Ul kuni ko‘ngil niqobin ochibon man xastani,

Ishqidin bo‘ynima solgan dorga o‘xshaydi-ku.

 

To bu dam olmas xabar, bo‘ldi yuraklar chok-chok,

Sho‘xi zolim hiyla dil ozorga o‘xshaydi-ku.

 

Nargisi aylay muruvvat, desa qo‘ymas ko‘zlari,

Xanjari mujgonlari xunxorga o‘xshaydi-ku.

 

O‘zicha qilmas manga, muncha jafo-yu jabrini

Anga o‘rgatgan magar ag‘yorga o‘xshaydi-ku.

 

Endi, jon, qilding, Tavallo, necha yillar kelmadi,

San kabi bechoradan bezorga o‘xshaydi-ku...

 

Afsuski, katta bobomiz Tavallo 1938-yilda qatag‘on qilinganlaridan keyin ushbu g‘azalning ostiga Nihon taxallusi qo‘yilgan. Nihon Hamza Hakimzoda Niyoziyning taxallusi bo‘lgan...

 

Kamina shoir Tavalloning avlodi ekanimni bilganliklari uchun Erkin akam 2012-yili yonlariga chaqirib: “Abdujabbor, mening bitta armonim bor. Bobong Tavallo bilan bog‘liq kitob chiqmagan. Sen shu kitobni chiqartirgin, men so‘zboshi yozib beraman. Buning sababini aytay. Bir vaqtlar Yaponiyaga xizmat safari bilan borgan edim. O‘shanda mendan intervyu olishdi va “Siz “O‘zbegim” qasidasini yozib, juda katta jasorat ko‘rsatgansiz”, deyishdi. Ularga javoban “Biror bir millatni madh etib she’r yozish jasorat hisoblanmaydi, balki nuqsonlarini yuziga aytib, dadil turib, aybini oshkor eta olgan, xatolarini tanqid qilib, to‘g‘ri yo‘lga sola bilgan ijodkorgina haqiqiy shoirdir. Bularning safiga esa shoir Tavallo kiradi”, deb aytganman. Shuning uchun mana shu ishga bel bog‘la”, dedilar.

 

Men ularning ko‘rsatmalari va tavsiyalariga asosan ushbu xayrli ishga kirishdim. Surishtirsam, O‘zMU aspiranti Dildora Rahmonova shoir Tavallo ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan ekan. Ushbu tadqiqot va boshqa tegishli materiallardan kelib chiqib, 2015-yili G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida “Millat sadosi” kitobini chiqartirdik. Erkin akam so‘zboshi yozib berdilar. Kitob chop etilgandan so‘ng ko‘rib, xuddi o‘zlarining kitoblari chiqqanday quvonganlari yodimda. Erkin akamning mana shunday tashabbuslari sababli shoir Tavallo, ya’ni bobomning nomi adabiyotda qayta tiklandi... Bu esa bizga unutilmas quvonch va faxr tuyg‘usini baxsh etganini so‘z bilan ifodalash qiyin.

 

2003-yili hozirgi O‘zMU tashkil qilinganining 85 yillik yubiley sanasi nishonlangan edi. Universitet bitiruvchilari sifatida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Alisher Azizxo‘jayev, men va qator davlat va jamoat arboblari, soha vakillari o‘sha tadbirda ishtirok etganmiz. Taniqli olimlarimizdan biri o‘z nutqida kutilmaganda barchani hayron qoldirib: “Keyingi vaqtlari rus tilini o‘rganishga e’tibor kamroq tuyulyapti menga. Vaholanki, rus tilini bilish katta foyda keltiradi...” deya til haqidagi ma’ruzasini maqtovlar bilan davom ettirib ketdi.

 

Birozdan so‘ng Erkin akam so‘zga chiqdilar va o‘sha olimga qarab, g‘oyat noziklik, hurmat-tavoze bilan “Ustoz, maktablarimizda hozir ham rus tili o‘rgatilmoqda. Ushbu tilni bilish, umuman, til bilishning foydasi katta. Biz tillarning birini ikkinchisidan ustun qo‘ya olmaymiz. Axir, Navoiy tili, Jomiy tili, Geyne tili, Pushkin tili adabiyotimizning gavhari-ku. Sizdan olgan ta’lim tufayli biz Navoiy tilining buyukligini o‘rgandik. Dunyo ham bizning tilimizga hurmat bilan qaramoqda, o‘rganmoqda, degan mazmunda fikr bildirdilar.

 

Erkin akamning bu gaplaridan keyin o‘sha olim qayta minbarga chiqib, Erkin aka har sohada, ayniqsa, til bilishda ustozlar faxr qiladigan darajaga yetganini va shogirdlaridan minnatdor ekanini chin dildan aytgani hali-hanuz yodimda.

 

Ustozim, qadrdonim Erkin Vohidovning nafaqat ulkan ijodi, balki millat va xalq, davlat tarixi, ijtimoiy hayoti, kerak bo‘lsa, taqdirida hal qiluvchi o‘rin egallagan shaxsi haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin...

 

Xulosa sifatida aytish lozimki, Erkin Vohidov har qanday qiyin, murakkab, og‘ir sinovlar onida ham, voqealar hattoki hayoti va taqdiriga qarshi tus olgan taqdirda ham, o‘zining halol vijdonidan chekinmagan, og‘ishmagan, irodasi-yu e’tiqodida sobit turgan, faqat va faqat xalq, millat, vatan manfaatlari uchun o‘zini fido qilgan jasur, qat’iyatli insondir. Shuning uchun ham butun xalqimiz o‘zining ushbu sadoqatli o‘g‘loni bilan hamisha faxr-u iftixor hissini tuyadi...

 

Abdujabbor ABDUVOHIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti maslahatchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//