Usmon Nosir zoriqib kutgan "Issiq qor" – spektakl haqida ipidan-ignasigacha


Saqlash
05:10 / 17.07.2022 1893 1

Hassos va jununvash shoir Usmon Nosir tavalludining 110-yilligi munosabati ila Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida premyera qilingan spektakl jamoatchilik orasida qizgʻin munozaraga sabab boʻldi. Buning oʻziga xos omillari bor, albatta. Avvalo, necha yillar maishiy mavzular tegrasida oʻralashib, asl tarixi va anʼanalarini unutayozgan Muqimiy teatrining yana jiddiy asarlarga qayta boshlagani, millat oydinlarini sahnaga olib chiqayotgani gʻoyat quvonchli hodisa edi.

 

Yana bir eʼtirofli holat shuki, oʻzbek teatrining istiqboli, navqiron avlodning salohiyati xususida xavotirli mulohazalar aytilayotgan bir paytda yosh yozuvchi Javlon Jovliyev dramaturg oʻlaroq kashf etilib, tengqur rejissyor Doston Haqberdiyev bilan ijodiy tandemni yuzaga keltirdi. Qolaversa, spektakl dirijyori, rassomi va aktyorlar jamoasi ham yoshlardan iborat. Eng muhimi, oʻrtada Usmon Nosir shaxsi bor, bu buyuk shoir haqida oʻrtamiyona asar yaratib, tasavvurimizdagi koʻrimlarni xira torttirmoqqa hech kimning haqqi yoʻq.

 

Spektakl haqidagi mulohazalarimizni bevosita dramaning oʻzidan boshlasak, mantiqan toʻgʻri boʻlar. Javlon Jovliyevning ijodiy evolyutsiyasi tizimli rivojlanmoqda, dastlab hikoyalar, keyin roman yozgan adib endi badiiy adabiyotning eng murakkab yoʻnalishi – dramaturgiyaga qoʻl urdi. Darhaqiqat, bu oson janr emas. Hatto Tolstoyu Dostoyevskiydek dunyo adabiyoti metrlari ham iqror boʻlgan bunga. Oqsoqol adiblarimiz Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Said Ahmad nasrda ancha-muncha qalam tebratib, keyin dramaturgiyaga oʻtgani maʼlum. Shu maʼnoda Javlonning yoʻli toʻgʻri, maqsadli va, eng muhimi, ilk dramatik asaridayoq muvaffaqiyatga erishdi.

 

Dramaturgiya, umuman, badiiy adabiyotga xos tipiklashtirish, davr va shaxs fojiasini umumiy fonda ifodalash, monologu dialoglarga ijtimoiy ruh singdirish, dramani lirika bilan uygʻunlashtirish singari jihatlarda muallifning isteʼdodi yaqqol koʻrinadi. Ayniqsa, Usmon Nosir tilidan yangrovchi xitoblar gʻoyat joʻshqin, ohorli, ehtirosli, ustoz Abdulla Orif aytmoqchi, bamisli “tekkan joyni kuydiradigan olov”dek haroratli.

 

Darvoqe, dramaning ilk nomi “Issiq qor” edi, kaminaga shu nom maʼqul boʻlgandi. Manfur tuzum tirik hujayralarning barini muzlatgan, haqiqatni aytuvchi tillar yaxdek qotirilgan, shu bois bosh qahramon sahnaga muzlatgichda olib chiqilar va drama intihosida azobu xoʻrliklardan abgor boʻlib, oʻtinchli yozgʻirardi: “Yo, Alloh, oʻzing ilit bu toshyuraklarni... Oʻzing bu oʻlkalarga ham issiq qorlarni yogʻdir...”. Koʻrinadiki, yozuvchi dramada metaforalardan unumli foydalanadi, qahramonini ramzlar tili orqali soʻzlatadi. Piyesada bosh qahramon tilidan aytiluvchi “Adabiyot yoʻq, Usmon ham yoʻq!”, “Men koʻp yashamayman, sheʼrlarim qariydi, men emas...”, “Sutning taʼmi qolgan “ona” degan soʻzda”, “Men adabiyotga emas, urushga kirdim” kabi monologlar tomoshabinni hayajonga soladi, otashqalb shoirning ruhiyati, his-tuygʻulariga oshno etadi.

 

Javlon Jovliyevning isteʼdodiga hech shubha qilmagan holda, “Suqrot – mening doʻstim, lekin haqiqat undan ustun” degan koʻhna aqidaga rioya etib, dramaning tom maʼnoda barkamol chiqishiga soya solgan ikki jihatni taʼkidlashni xohlardik: birinchisi, asarda nasriy til ustuvorlik qiladi. Monologu dialoglar har qancha taʼsirchan, ijtimoiy dardga yoʻgʻrilgan boʻlmasin, ortiqcha tafsilot, choʻziqlik bor. Nasrda bu oʻzini oqlaydi, lekin dramada emas. Dramatik turda soʻz ortidagi fikr, holat, ehtirosu tuygʻular harakatlanishi lozim. Dramaturgning yozuvchidan farqi shuki, qahramonlari taqdiriga bevosita aralasholmaydi, faqat onda-sonda remarkalar orqali munosabat bildiradi. Nasrning tiliyu jozibasini puxta oʻzlashtirgan Javlon esa personajlariga birmuncha koʻproq soʻz yuklaydi, natijada asar sahnaga chiqqach, voqealar choʻzilgani ayon boʻladi.

 

Ikkinchisi – dramaturgiyaning qon tomiri boʻlgan xarakter masalasi. Piyesadagi barcha obrazlar xoh ijobiy, xoh salbiy boʻlsin, bir xil rangu tusda namoyon boʻladi, yaʼni muallif hukmni boshidanoq oʻqib qoʻyadi: oq oq, qora qoraligicha qoladi, qahramonlar sajiyasining turfa tovlanishlari, rang-barang evolyutsiyasi koʻrsatilmaydi. Buyuk Aristotelning nazariyasi boʻyicha, asarda personajlar “baxtdan – baxtsizlikka yoki baxtsizlikdan baxtga qarab harakatlanadi”. Shundan kelib chiqsak, Usmon Nosirni sotgan Shokir Abdi, Qoʻchqor Samad onasining qornidan sotqin boʻlib tugʻilmagan-ku, axir?! Ayni shu masalalarda drama hali toʻla qiyomiga yetmagani koʻrinadi. Biroq ishonchimiz komilki, Javlonning isteʼdodi va mahorati bunday kamchiliklarni bartaraf etishga yetadi.

 

Endi rejissyor talqiniga toʻxtalsak, Doston Haqberdiyevning koʻrimlari, topilmalari, rejissyorlik uquvi va salohiyatini eʼtirof etmaslik mumkin emas. Birinchi navbatda, Doston oʻz atrofida yaxshi jamoa yigʻa olgan va ularga toʻgʻri yoʻnalish bergan. Aktyorlar, kompozitor, dirijyor, rassom, libos ustasi, xoreograf va boshqa ijodkorlar rejissyor maslagini his qilgani koʻrinib turadi.

 

Spektakl avvalida shoirning muzlatgichda olib chiqilishi va bu vosita tomosha davomida turli funksiyalarni bajarishi, shartli mizansahnalar – Shoʻro talotumlaridan zada boʻlgan ijodkorning mashhur “Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!” misralarini oʻqib, qogʻozlarni jahd ila sachratqi qilishi, shoir sheʼrlari va ariyalarning spektakl kompozitsiyasi va ruhiga mos tarzda kiritilgani singari rejissyorlik yutuqlarini alohida taʼkidlash zarur. Ayniqsa, spektakl finalida rus zobitidan oʻq yegan sotqinlarning “Biz hali koʻp yashaymiz”, deya tomoshabinlar (xalq) orasiga kirishi va yana shu davradan chiqib, Usmon Nosir haykaliga gul qoʻyishi – obrazli topilma, bu orqali rejissyor xoinlar oramizda yashayotganiga ishora qiladi.

 

Ammo, nazdimizda, rejissyorning yakdil yechimi, mantiqiy yakuni borasida aniq fikr aytish qiyin. Rejissyor kamida uchta sahnada spektaklga intiholovchi nuqta qoʻyadi: boya eslaganimiz, “Oʻsha jonman...” sheʼri oʻqilayotganda, ona bilan vidolashuvida va oxirgi sahnada. Kaminaga qolsa, shoirning volidasi bilan xayr-xoʻshlashishi ham chiroyli yechim boʻlishi mumkin edi. Boisi, otashqalb shoir onasiga qarata shunday nido qiladiki, goʻyo bu butun xalqqa aytilayotgan vasiyatdek yangraydi: “Kut, Ona!.. Bu eldan el deganlar chiqquncha kut, millatning dardini davolaydiganlar chiqquncha kut...” Fikrimizcha, shu soʻzlar ila spektakl xotimalansa, tomoshabin qalbida ham nedir umid, yorugʻ bir ishonch qolardi.

 

Aktyorlar ijrosi haqida soʻz ketganda, Usmon Nosir obrazini gavdalantirgan Ravshan Ibrohimov haqida, teatr sahnasidagi ilk katta roli boʻlishiga qaramay, nekbin fikrlar aytishga asos yetarli. U shoir ruhiyatining nozik jihatlari, daqiq nuqtalarini his qilishga intiladi. Bosh qahramon xarakterining serqatlamliligi – favqulodda otashin, ehtirosli, ayni paytda, erkayu tantiligini nazarda tutsak, bu murakkab sajiyani aks ettirish aktyor uchun oson kechmasligi aniq edi.

 

Ravshan Ibrohimov oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, hassos shoir qiyofasini baholi qudrat yaratadi: soʻzdan ariyaga, holatdan holatga oʻtish, drama va musiqani his qilish, partnyorlarga tez moslashish, psixologik boʻyoqlardan unumli foydalanish singari jihatlar ijroning asosiy yutuqlari boʻldi. Ammo hissiyotlarini vaqtida jilovlay bilmasligi, ayrim sahnalarda quruq deklamatsiyaga oʻtib ketishi, ehtiroslarni boʻrttirish uchun ovozga zoʻr berishi tom maʼnodagi Usmon Nosir obrazining yaralishiga moneʼlik qilgan.

 

Sal avval qayd etganimizdek, aktyorlar jamoasining deyarli barchasi yoshlar va ular diqqatga arzigulik xarakterlar yarata bilgan. Xususan, Usmon Nosirning sotqin doʻstlari – Qoʻchqor Samadni ijro etgan Oltinbek Saparaliyev, Shokir Abdini gavdalantirgan Omon Yoʻldoshev qahramonlarining salbiy qusurlari, qora niyatlarini davr fojiasi bilan uygʻunlikda koʻrsata olgan. Shuningdek, Toʻxta shoir (Muzaffar Hamidov), rus zobitlari – Vanya (Abror Mallaboyev), Sasha (Javohir Odiljonov), Luiza (Oqila Gʻulomova), doktor (Bozor Xolmoʻminov) kabi personajlarni talqin qilgan aktyorlar ham rejissyor koʻrsatmasi va oʻz ijro uslubidan kelib chiqib, muayyan yutuqlarga erishganini taʼkidlamoq joiz.

 

Teatrning tajribali aktrisasi Maʼsuda Otajonova yaratgan shoirning onasi – Xolambibi obrazi hissiyotlarining tabiiyligi, milliy koloritga yoʻgʻrilgani bilan ajralib turadi. Ona uchun farzand kamoli muhim, u yolgʻizgina oʻgʻlining adabiyot yoʻlida juvonmarg ketishidan choʻchiydi, bunday xatarnok qismatdan qaytarishga urinadi, oyogʻiga bosh urib yigʻlaydi, zorlanadi. Qaniydi, qaysar oʻgʻil qaytsa! Axir, oʻzi aytganidek, “Adabiyot yoʻq, Usmon ham yoʻq!”. Shoʻrlikkina volidaning tavallolari, ohu nolalari shamolga sovrilgandek beiz ketadi. Aktrisa onaizorning ana shu tugʻyonlari, botiniy azobu sitamlarini ishonarli koʻrsatadi, vokal va dramatik imkoniyatlaridan unumli foydalanadi.

 

Shubhasiz, bunday tarixiy asarlarda tomoshabinni davr ruhiga olib kirish, moziy muhitini ochib berishda sahnalashtiruvchi rassomning ijodi alohida oʻrin tutadi. Shu maʼnoda mazkur spektakl bezaklarini yaratgan yosh musavvir Mirjalol Xoliqovning xizmatlarini ham eʼtibordan soqit qilib boʻlmas. Sahna yuqorisiga shoirning eng mashhur, dardchil sheʼrlari bitilgan oq matolar osilgan, bu topilma fojiaviy ruhga yoʻgʻrilgan spektaklga oz boʻlsa-da lirik-poetik joziba bagʻishlaydi va tomoshabinni sheʼriyat atalmish sehrli olamga yetaklaydi. Lekin matolar spektakl davomida deyarli harakatlanmaydi va statik tarzda osilib turaveradi. Vaholanki, shoir holati va taqdiriga monand ravishda dekoratsiyalarni ishlatish, “soʻzlatish” mumkin edi. Natijada tomoshaning badiiy-emotsional harorati oshar, rassom fantaziyasining kuchi yanada koʻrinardi.

 

Spektakl uchun atoqli kompozitor Mustafo Bafoyev musiqa va ariyalar yozgan. Usmon Nosir lirikasini goʻzal ohanglarga koʻchirgan. Ayniqsa, tomosha ekspozitsiyasidagi “Yurak” va final sahnasidagi “Unutmas meni bogʻim” sheʼrlari uchun yozilgan musiqalar spektaklning chinakam yutugʻi boʻlibdi.

 

Muxtasar aytganda, Muqimiy teatri jamoasining hassos shoir Usmon Nosir haqidagi spektaklini madaniy hayotimizdagi eʼtiborga molik voqea deb atash mumkin. Ayniqsa, millatning asl farzandlari siymosini sahnaga olib chiqishda yosh ijodkorlarning jonbozlik koʻrsatganini har qancha qutlasak arziydi. Umidimiz, ayni jarayon bardavom boʻlsin, tomoshabinning oʻtkinchi istaklarini qitiqlaydigan umri qisqa asarlar emas, tafakkuru dunyoqarashni yuksaltiradigan, Usmon Nosir singari buyuk shaxslarni tanitadigan spektakllar yaratilaversin.

Shohrux ABDURASULOV,

sanʼatshunos

1 Izoh

Parizod

12:01 / 01.01.1970

Assalomu aleykum qadrli ijodkorlar. Usmon Nosir spektakli manga juda ham yoqdi. Yana namoyish etsalariz pullik bo‘lsa ham borar edim. Yana ushbu spektaklni namoyish etish niyatlariz bormi? Bunday zo‘r spektaklni ko'plab insonlar ko‘rishi kerek dib o‘yliman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 80
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 271
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//