Maishiy prizmadan qarab yozilgan maqola-yu risolalar adabiyot tarixini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishiga, adabiy jamoatchilik ta’biricha, buyuk bevalarning og‘zaki va yozma ijodiy faoliyati misolida bot-bot guvoh bo‘lmoqdamiz.
Voqelikka munosabat bildirishda qarindosh-urug‘chilik mezonlari birinchi o‘ringa chiqib ketishi, o‘zimiznikilar hamisha oppoq farishta-yu, begonalar qop-qora iblisga aylantirilishi tendensiyasini sog‘lom aql bir qarashda anglab, haqni nohaqdan ayirib oladi, albatta. Ammo omma orasida “dedi-dedi”lar tezroq tarqaladi. Hatto bundaqa kir, chirkin gap-so‘zlarni asosan ziyolinamo kaslar xotirada asrab-avaylab yuradilar, teshik quloq topildi deguncha og‘izdan moy tomib, mishmishga moyil miyalarga quya boshlaydilar.
Usmon Nosirning 110 yilligi nishonlanayotgan hozirgi kunlarda ham tarix yana qurigan tezak misol titkilanmoqda. Na yubilyar shoirga foydasi tegadigan, na qarshi tomonga ziyon keltiradigan, faqat-faqat Adabiyotni maydalashtirishga xizmat qiladigan bo‘htonlarga o‘z vaqtida akademik Naim Karimov asosli javob qaytargan edi. XX asr o‘zbek adabiyotining cho‘ng bilimdoni qalamiga mansub “Hamid Olimjon va Usmon Nosir: tuhmat va haqiqat” maqolasini ayni paytdagi ehtiyojdan kelib chiqib yana bir bor e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.
Farrux Jabborov
Oyina.uz
Hamid Olimjon va Usmon Nosir: tuhmat va haqiqat
Yosh adabiyot shinavandalarining bunday qizg‘in bahslariga sabab bo‘lgan mishmish Usmon Nosirning jiyani Nodira Rashidova tomonidan uzoq yillardan beri mamlakatimiz bo‘ylab tarqatilib kelinmoqda. Bu kurakda turmaydigan gaplar tarqala boshlaganda Hamid Olimjonning rafiqasi Zulfiyaxonim barhayot bo‘lib, shoir hayoti va ijodi bilan shug‘ullanib kelayotganim uchun kaminani N.Rashidovaga javob berishga undagan, hatto meni loqaydlikda ayblab ranjigan, ammo men bu tuhmat so‘zlari matbuotda bo‘y ko‘rsatmagani tufayli ularga javob berishni o‘rinsiz, deb hisoblab kelayotgan edim. Afsuski, Hamid Olimjon ijodini bilgan biror kishi shu vaqtgacha “kisht” demagani uchun Rashidova tinimsiz ravishda marhum shoir xotirasiga malomat toshlarini otib keldi va hozir ham otishda davom etmoqda.
Rashidova bundan bir necha yil ilgari Hamid Olimjonning go‘yo Usmon Nosirdan “o‘g‘irlab olgan” she’rlari qatorida “O‘rik gullaganda”ni ham tilga olar edi. Kamina bu mashhur she’rning 1937-yil 30-mart kuni yozilgani, unda Qozog‘iston Sovetlarining I qurultoyiga mehmon bo‘lib borgan shoirning qalin qor gilami bilan qoplangan Olma-otadan vataniga qaytgach, hovlisidagi chaman bo‘lib ochilgan o‘rik gullaridan olgan his-tuyg‘ulari ifodalanganini qayerdadir aytgan va yozgan edim. Mazkur she’rning o‘sha yili 6-aprel kuni “Qizil O‘zbekiston” gazetasida ilk bor chop etilganini ham ma’lum qilgan edim. “O‘rik gullaganda” she’ri shundan keyingina Rashidovaning ro‘yxatidan tushib qolgan.
Endi “O‘zbekiston” va “Rossiya” she’rlariga kelsak.
Bu she’rlardan biri O‘zbekiston sho‘ro respublikasining 15 yilligi munosabati bilan 1939-yilda yozilgan va ilk bor Hamid Olimjon vafotidan keyin uning “Tanlangan asarlar” to‘plamida (1944) e’lon qilingan. Bu she’rning o‘z vaqtida chop etilmagani sabablari bizga ma’lum emas. Ammo uni shu yili Hamid Olimjon rahbarligida va faol ishtirokida yozilgan mashhur she’riy xatlar, shuningdek, shu muallifning “Oygul bilan Baxtiyor” hamda “Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod” dostonlari bilan qiyoslab ko‘rsak, bu asarlar o‘rtasida she’riy-uslubiy mushtaraklik mavjudligi oydek ravshan bo‘ladi. “O‘zbekiston” she’rida yorqin ifodasini topgan Hamid Olimjonga xos she’riy tafakkur parvozini, musiqiy ravonlikni, jo‘shqinlikni, quymalikni boshqa biror shoirda uchratish mahol.
“Rossiya” she’ri esa 1943-yil 3–6-mart kunlarida yozib tugallangan. Bu she’rning arab imlosida qora qalam bilan yozilgan avtografi Hamid Olimjonning Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyidagi O‘zbek yozuvchilari arxivida saqlanadi. Ma’lumki, O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi 1943-yil fevral-mart oylarida Moskva bo‘sag‘alarida dushman bilan jon olib, jon berayotgan o‘zbek jangchilariga sovg‘a-salom olib borgan. Hamid Olimjon delegatsiya a’zosi sifatida urushning dahshatli manzaralarini o‘z ko‘zi bilan ko‘ribgina qolmay, Rossiyaning bepoyon mamlakat ekaniga ham ishonch hosil qilgan. Mazkur she’r shu mashaqqatli safar chog‘ida, bomba va snaryadlar yomg‘iri ostida tug‘ilgan. Buni 90-yillarga qadar o‘zbek maktablarida ta’lim olgan o‘quvchilar yaxshi bilishadi. (Rashidova rus maktabida o‘qigani uchun bu oddiy haqiqatdan bexabar bo‘lsa, Hamid Olimjon ham, biz ham aybdor emasmiz.)
Usmon Nosir o‘zbek yozuvchilari orasida sho‘ro davlati qahriga uchragan eng yosh ijodkor edi. Balki shu tufaylidir Stalin va uning xesh-aqrabolari imzolagan Qatl etiluvchilar ro‘yxati (Расстрельные списки)da shoir ism-sharifi 10 yillik qamoq jazosi berilishi nazarda tutilgan 2-toifadagi mahkumlar sirasiga kiritilgan. Usmon Nosir jazo muddatini o‘tash uchun ajal tegirmoni – Kolimaga yuborilgan. U Magadandagi lagerlardan birida jazo muddatini o‘tash vaqtida (sharoit bergan imkoniyat doirasida) ijod bilan ham shug‘ullangan. Mahbus 1940-yil 20-avgust kuni Magadan shahridagi 261/5 pochta qutisi (2-sanoat kombinati)dan Stalinga yo‘llagan xatida qayd etishicha, “mahbuslikda kechirgan uch yil ichida har qanday qiyinchiliklarga qaramay, bitta she’riy roman, uchta pyesa, qator she’rlar tayyorla”gan. Bu xat turli chig‘iriqlardan o‘tib, 1940-yil 28-dekabrda (ya’ni to‘rt oyu sakkiz kun deganda) VKP(b) Markaziy Komitetiga kelib tushgan. Markaziy Komitet devoni xatni Stalin kotibiyatiga emas, balki SSSR prokuraturasiga jo‘natgan. SSSR prokuraturasi esa o‘z navbatida mazkur xatni SSSR Bosh harbiy prokuraturasiga o‘rganish uchun yuborgan. Oradan bir yil o‘tgach, 1942-yil 8-yanvarda SSSR Bosh harbiy prokuraturasi O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokuraturasiga murojaat etib, mahbusning aybdor yoki aybsiz ekanligini aniqlash uchun “adabiyotchi mutaxassislardan iborat” ekspertlar guruhini tashkil etishni tavsiya qiladi. Tabiiyki, O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokuraturasi Usmon Nosir “ishi”ni qayta ko‘rishni NKVD ixtiyoridagi mahbusning ijtimoiy va ijodiy qiyofasiga oid hujjat va ma’lumotlarni o‘rganishdan boshlaydi. Ayni vaqtda uning “mehnat-tuzatuv lagerlari”dagi xulq-atvoriga doir ma’lumotlar bilan ham tanishish maqsadida Magadandagi tegishli idoralarga murojaat etadi... Xullas, “adabiyotchi mutaxassislardan iborat guruh” 1944-yilning may oyidagina Usmon Nosir “ishi”ni qayta ko‘rish masalasiga jalb etiladi.
Usmon Nosir “ishi”ni qayta o‘rganish haqidagi ko‘rsatma Toshkentga 1942-yil yanvarida kelgan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi Hamid Olimjon ham, “adabiyotchi mutaxassislardan iborat guruh” ham bu ishga 1944-yildagina jalb etilganlar. Ammo Yozuvchilar uyushmasi hay’ati a’zolarining O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokuraturasiga yo‘llagan 1944-yil 6–8-may sanali xatidan ham, ekspertlar guruhining 1944-yil 30-noyabr sanali xulosasidan ham shu narsa ravshan bo‘ladiki, Usmon Nosirning Stalin nomiga yo‘llagan asarlari ularga berilmagan. Ekspertlar guruhi mahbus shoirning faqat “Mehrim” she’rlar to‘plami hamda “Bog‘chasaroy fontani” va “Demon” asarlarining tarjimalari tahlili asosidagina xulosa bergan. O‘ylaymanki, agar shoirning Magadanda yozgan asarlari Toshkentga yetib kelganida, ular, albatta, “adabiyotchilardan iborat guruh”ga berilgan va ular tomonidan taqriz qilingan bo‘lardi.
Bu, masalaning bir tomoni.
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, Usmon Nosir hali ozodlik havosi bilan nafas olib yashagan yillarida Lenin to‘g‘risida she’riy roman, Toshkent qamoqxonasida yotgan kezlarida esa Stalin to‘g‘risida doston yoza boshlagan. Usmon Nosir xatida tilga olingan she’riy roman ana shu ikki tugallanmagan asardan unib chiqqan bo‘lsa ajab emas.
Masalaning uchinchi tomoni shundaki, Usmon Nosir qanchalik iste’dodli va keng bilimli shoir bo‘lmasin, uning lager sharoitida tarixiy mavzudagi “Muqanna” va real hayotiy voqeaga asoslangan “Jinoyat” dramalarini yozishi aslo mumkin emas. Hamid Olimjon ijodi bilimdonlarining ma’lumot berishlaricha, bo‘lajak shoir Pedakademiyada tahsil ko‘rgan yillaridayoq Muqanna qo‘zg‘oloni bilan qiziqib, o‘zbek xalqi tarixining bu qahramonona sahifasini qunt bilan o‘rgangan. 1937-yilda esa Muqanna boshchiligidagi xalq qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan tragediya yozishga ahd qilib, hatto uning birinchi pardasini yozib tugatgan. Lekin hali adabiy tajribaning yetishmasligi bois ijodiy niyatini badiiy mujassamlantirish imkoniga ega bo‘lmagan. Oradan besh yil o‘tib, Hamid Olimjon muayyan ijodiy malaka hosil qilgach, yana Muqanna mavzusiga qaytadi. 1941-yil boshlarida tragediya yozishga qayta kirishib, 12-fevralda birinchi pardasini qo‘ldan chiqaradi. Shundan keyin 5-mayga qadar asar ustida uzluksiz ishlaydi. So‘ng, ma’lum sabablarga ko‘ra, bir yil “tanaffus qiladi” va, nihoyat, 1942-yil 31-mayda asarga so‘nggi nuqta qo‘yadi.
Hamid Olimjon o‘z asarini yozishdan avval tarixiy adabiyotni sinchkovlik bilan o‘rgangan. U to‘plagan va o‘rgangan materiallar orasida Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari tarjimasi, G.A.Ibrohimovning “Islomning kelib chiqishi va sinfiy mohiyati” kitobi, Qur’on ma’nolarining ruscha tarjimalari, shuningdek, o‘zbek xalqining kelib chiqishi, olovga sig‘inish, buddizm va hokazolarga oid manbalardan ko‘chirma va konspektlar bor. Bu materiallar Hamid Olimjonning 10 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami”da e’lon qilingan.
“Muqanna” dramasining hozirgi O‘zbekiston Milliy teatridagi premyerasi 1943-yil 24-sentabrda bo‘lib o‘tgan. Shu voqeadan avval Hamid Olimjon mazkur asarning musiqali drama variantini yaratgan. Bu asarda “Kuygay”, “Na bo‘lg‘ay” singari o‘nlab ariya, duet va xorlar bo‘lib, Yunus Rajabiy musiqa bastalagan. “Muqanna” musiqali dramasi o‘sha yillardayoq Yangiyo‘ldagi viloyat musiqali drama teatrida sahna yuzini ko‘rgan.
Bizga yana shu narsa ma’lumki, Hamid Olimjon Uyg‘un bilan Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasini birinchi bo‘lib o‘qib, mualliflarni katta ijodiy g‘alaba bilan tabriklagan. “Bir muncha vaqtdan so‘ng, – deb yozgan edi Uyg‘un “Hamisha ko‘z oldimda” degan maqolasida, – Hamid Olimjon “Muqanna” dramasini yozdi. Meni oldiga chaqirib (o‘sha vaqtda u Yozuvchilar soyuzida ishlardi) stolga bir papka qo‘ydi va muloyib kulimsirab:
– Men ham bir narsa qoraladim, – dedi. – Hali hech kimga ko‘rsatganim yo‘q, hech kim o‘qimagan. Birinchi bo‘lib sizga o‘qitishni lozim topdim. Sizga ma’qul bo‘lsa, so‘ng boshqalarga ko‘rsataman. Agar ma’qul bo‘lmasa, maslahat berasiz, qayta ishlayman. Har holda “Alisher Navoiy” dramasi bilan bu sohada ancha tajriba orttirgansiz.
Dramani darhol o‘qib chiqib, bu ajoyib asar bilan avtorni qutladim. So‘ng asarni rasmiy ravishda boshqalarga o‘qishga berdik...” (“Guliston” jurnali, 1979-yil, 5-bet).
Endi o‘ylab ko‘ring. Usmon Nosir Magadandagi azob-uqubat lagerida, butunlay o‘zga ruhiy muhitda yashab turib, tarixiy manbalar asosida Muqanna qo‘zg‘oloni tarixini o‘rganishi va otashin satrlar javlon urib turgan patetik tragediyani yaratishi mumkinmidi?!
“Jinoyat” dramasiga kelsak, bu asar zamirida keliniga ko‘z olaytirgan qaynota bilan bog‘liq ma’naviy-axloqiy masala yotadi. Hamid Olimjon 30-yillarda Farg‘ona vodiysiga qilgan safarida shu voqeadan xabar topgan va qattiq mutaassir bo‘lgan edi. Balki urush yillarida ham razolatning qo‘lansa hidi ufurib turgan shunday voqeani eshitib, mazkur dramani yozishga ahd qilgandir. Magadanda, jabrdiyda mahbuslar-u shafqatsiz nazoratchilar muhitida yashagan Usmon Nosir nahotki o‘zida shunday asar yozishga zarurat sezgan bo‘lsa?!
Ko‘ramizki, Rashidovaning Hamid Olimjon sha’niga aytib kelayotgan so‘zlari na erkinlikda qaynoq ijodiy va ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullangan Hamid Olimjonni, na tutqunlikda azob-uqubat chekkan Usmon Nosirni yaxshi bilmaslikning, ochiqroq aytsak, nodonlik va johillikning natijasidir.
Kezi kelganda shuni aytish kerakki, SSSR parchalanishi arafasida men Rashidova bilan birga Usmon Nosirning Magadandan Stalin nomiga jo‘natgan va boshqa qamoqxonalarda yozishi mumkin bo‘lgan asarlarni izlab Moskvadagi turli maxfiy idoralarga uchradik. Nihoyat, KGB tizimidagi idoralarning birida xizmat qilayotgan ofitser bizga bu asarlarni topishga yordam berajagini aytdi. Faqat biz bu olijanob ofitserga mahbus shoirning qachon va qaysi qamoqxona-yu lagerlarda bo‘lgani haqida aniq ma’lumot berishimiz lozim edi. Rashidova shoirga jigar bo‘lgani uchun bunday ma’lumotni shaxsan o‘zi Toshkentdan yuborishga va’da berdi. Ammo keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u hafsalasizlik qilibmi yoki boshqa biror sabab bilanmi, KGB ofitseri so‘ragan ma’lumotni yubormagan ekan.
Shu voqeadan keyin ko‘p o‘tmay, SSSR parchalanib, boyagi ofitser bilan aloqa yo‘li uzilib qoldi.
Rashidova “Usmon Nosirni izlab” degan maqolasida (“Sharq yulduzi”, 1987-yil, 12-son) bunday so‘zlarni yozgan edi: “1944-yili Usmonning onasi, otasi, singillariga uzoq Magadandan shoir O‘zbekiston Yozuvchilar soyuziga o‘zining qo‘lyozmalarini yuboribdi, degan xabar keldi. Bu 13 ming misralik (7) “V.I.Lenin” va “Shahlo” (?) nomli dostonlar edi. Usmonning onasi darhol Yozuvchilar soyuzining rahbarlariga murojaat qildi, lekin qo‘lyozmalarni ololmadi”.
Muallif “Yozuvchilar uyushmasining rahbarlari” deganda, shubhasiz, “Hamid Olimjon” nazarda tutadi.
1937-1938-yillari “xalq dushmani” sifatida ayblanib, borsa-kelmas joylarga badarg‘a qilingan mahbuslar xat yozish va xat olish huquqidan tamoman mahrum etilgan. Binobarin, Usmon Nosirning Magadandan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qo‘lyozmalarini yuborgani haqidagi so‘zlar uydirmadan boshqa narsa emas. Shu o‘rinda aytish joizki, kimningdir go‘yo Usmon Nosirdan xat olib kelgani va bu xatda: “Singlim Rohatxon! Sening O‘tkir Rashidga turmushga chiqqaningni eshitib ko‘p xursand bo‘ldim”, degan so‘zlar yozilganiga ham ishonish go‘llik bo‘ladi. Mahbus shoirning Magadanda turib, singlisining turmushga chiqqanidan xabar topishi va unga o‘z quvonchini bayon qilib xat yo‘llashi aslo mumkin emas.
Usmon Nosirning Stalinga yozgan xati to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga kelmagan. Bu xat O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokuraturasi ixtiyorida bo‘lgan, binobarin, Hamid Olimjon ham, Yozuvchilar uyushmasi hay’ati a’zolari ham bu xat bilan faqat tanishgan bo‘lishlari mumkin, xolos. Agar mahbus shoirning Magadanda yozgan asarlari mazkur xat bilan birga harbiy prokuraturaga yuborilganida, bu asarlar taqriz qilish uchun, albatta, ekspertlar guruhiga berilgan bo‘lardi. Binobarin, qo‘lyozmalar Moskvada, VKP(b) Markaziy Komitetining devonida qolgan.
1937-yil qurbonlarining minglab xatlari singari, Usmon Nosir xati ham shaxsan Stalinning qo‘liga yetib bormagan. Shuning uchun “adabiyotchilardan iborat guruh”ni Stalinning buyrug‘i bilan tuzilgan komissiya, deyish haqiqatni soxtalashtirish bilan baravar. Lekin masalaning bu tomoni Rashidovani mutlaqo qiziqtirmaydi. U “Usmon Nosir haqida”gi risolasida (2001) bunday so‘zlarni yozadi:
“...Stalinning buyrug‘i bilan (?) tuzilgan komissiya shoirni oqlaganiga (?) qaramay, iltimoslarga (?) hamisha rad javobi kelavergan (?)” (46-bet).
Yana: “Stalinning buyrug‘i bilan (?) O‘zbekistonning rahbari Usmon Yusupov professor Borovkov, Siddiq Rajabov va Maqsud Shayxzodadan iborat tekshiruv komissiyasini tuzdirib (?), shoir Usmon Nosir ijodini o‘rganish va xulosa chiqarishni talab qiladi (?). Batafsil o‘rganish natijasida komissiya Usmon Nosir ijodida “hech qanday ayb yo‘q”ligini e’tirof etadi (?)” (44-bet).
Sho‘ro davlatining qatag‘on siyosatidan xabardor kishilar shuni yaxshi biladilarki, shu davrda respublikaning birinchi rahbari “uchlik” a’zosi bo‘lgani holda hibsga olish, qamash, otish va oqlash masalasida mustaqil ovozga ega bo‘lmagan. Komissiya tuzish va unga yo‘llanma berish huquqi NKVD rahbarlaridagina bo‘lgan.
“Ammo shoirning ayrim hamkasblari (Hamid Olimjon nazarda tutilmoqda. – N.K.), – davom etadi Rashidova, – yana o‘z kirdikorlarini davom ettiradilar (?), uning respublika Yozuvchilar uyushmasiga yuborgan yangi asarlarini sir tutib (?), 1944-yilning 5-may kuni tezkorlik bilan chaqirilgan (?) majlisda uni boshqatdan qoralaydilar” (44-bet).
Rashidovaning mas’uliyatsizlik bilan aytgan bu so‘zlari qora tuhmatdan boshqa narsa emas. Zero, harbiy prokuratura Usmon Nosir “ishi”ni qayta ko‘rishni, yuqorida aytib o‘tganimizdek, uch yo‘nalishda olib bordi. Birinchidan, 1937-yildagi qatag‘on jarayonida Usmon Nosir nomi tilga olingan so‘roqnomalarni o‘rganib chiqdi. Ikkinchidan, NKVDning Magadan bo‘limiga xat yo‘llab, mahbus shoirni badnom etuvchi lager materiallarini yuborishni so‘radi. Uchinchidan, Yozuvchilar uyushmasi hay’atidan Usmon Nosir ijodi haqida tavsifnoma berishni talab qildi. 1944-yil 6–8-may kunlari uyushma hay’atining 6 a’zosi Usmon Nosir haqida umuman ijobiy tavsifnomaga qo‘l qo‘yib, o‘sha davr uchun jasoratli ishni amalga oshirdi. Prokuratura uyushma nomidan berilgan tavsifnoma bilan ham kifoyalanmay, o‘sha yilning 18-mayida Hamid Olimjonni, 19-mayda G‘afur G‘ulom va G‘ayratiyni, 22-mayda Xolida Sulaymonovani so‘roqqa chaqirib, ularning Usmon Nosir haqidagi fikrlari bilan tanishdi. Shundan so‘nggina prokuratura 18-iyul kuni 3 kishidan iborat ekspertlar guruhini tashkil etishga qaror qildi. Bu guruh shoir ijodini 4 oy davomida o‘rganib, 30-noyabrda o‘z xulosasini berdi. Prokuratura mahbus shoir “ishi”ni qayta ko‘rishda davom etib, nihoyat, 1944-yil 15-dekabrda “Nosirov Usmon xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun” unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni to‘xtatish va mahbusni mehnat-tuzatuv lageridan ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ammo afsuslar bo‘lsinki, Usmon Nosir bundan 9 oy ilgari, 1944-yil 9-martda vafot etgan edi.
Ko‘ramizki, shoirning kechikib oqlanishida na uyushma rahbariyatining, na biror yozuvchining aybi yo‘q. Shuning uchun Rashidovaning yuqorida keltirilgan barcha so‘zlari tuhmat sifatida baholanishi mumkin.
Modomiki, Rashidovaning qahrli nigohi avvalo Hamid Olimjonga tushgan ekan, keling, harbiy prokuratura xodimi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘roq qaydnomasiga bir nazar tashlaylik:
“SAVOL. O‘zbekistonning sobiq shoiri Nosirov Usmonning aksilinqilobiy millatchilik xulq-atvori to‘g‘risida 1937-yili komissiya tomonidan berilgan xulosalarni tasdiqlaysizmi? (Komissiya xulosalari o‘qib beriladi.)
JAVOB. Men a’zosi bo‘lgan komissiyaning 1937-yili Usmon Nosirovning aksilinqilobiy millatchilik xulq-atvori to‘g‘risidagi xulosalarini tasdiqlayman. Ko‘rsatilgan xulosalar ayrim shaxslardan tushgan materiallar va komissiya a’zolarining ular bilan qilgan suhbatlari asosida tuzilgan.
SAVOL. Sobiq shoir Usmon Nosirovning aksilinqilobiy millatchilik xulq-atvori nimalarda aniq ifodalangan?
JAVOB. Shaxsan men Usmon Nosirovning aksilinqilobiy millatchilik xulq-atvoriga doir biror faktni bilmayman. Usmon Nosirovning aksilinqilobiy millatchilik ruhidagi fikrlarini eshitmaganman.
SAVOL. Komissiyaning 1937-yilgi xulosalarida qayd etilishicha, Nosirov she’riyat haqida so‘zlab: “Faqat pessimistik dunyoqarashgina yuksak badiiy she’riyatning mazmuni bo‘lishi mumkin”, degan.
JAVOB. Men bunday fikrlarni shaxsan Nosirovdan eshitmaganman. Bu so‘zni quyidagicha tushunish mumkin: she’riyatda hayotning hozirgi holatidan norozilik bo‘lishi lozim. Nosirovning “Mehrim” she’rlar to‘plamida pessimistik kayfiyat bilan yo‘g‘rilgan she’rlar bo‘lgan. Men hozir Nosirovning “Mehrim” to‘plamidagi shunday kayfiyat va mazmun bilan yo‘g‘rilgan she’rlarini aniq ko‘rsatib bera olmayman. Hozir “Mehrim” to‘plami yo‘q, muomaladan yig‘ishtirib olingan.
SAVOL. Komissiyaning 1937-yildagi xulosalarida qayd etilishicha, Nosirov shoir Lavrentev bilan suhbati chog‘ida aksilinqilobiy millatchilik fikrlarini bayon qilgan. (Komissiya xulosalaridan parcha o‘qib beriladi.)
JAVOB. Men shaxsan bunday faktni bilmayman. Lavrentev bilan suhbatlashgan emasman. Bu masalaning qanday va kim tomonidan o‘rtaga tashlangani yodimda qolmagan.
SAVOL. Komissiyaning 1937-yilgi xulosalarining 6-bandida qayd etilishicha, Nosirov O‘zdavnashrning badiiy bo‘limida Xolida Sulaymonova, Naim Saidov (qamalgan) va G‘ayratiy (hozirgi vaqtda yozuvchi va o‘qituvchi) huzurida millatchi Abdulla Alaviyga bag‘ishlangan she’rini o‘qigan. Shu haqda siz nimalarni bilasiz?
JAVOB. Bu modda shaxsan yozuvchi G‘ayratiyning: “Alaviy millatchi yozuvchilar guruhiga yaqin shoir edi”, degan so‘zlari asosida komissiya xulosalariga kiritilgan. (Abdulla Avlaviy) 1930-yili Samarqandda vafot etgan, javobgarlikka tortilmagan.
SAVOL. Nosirovning millatchi Cho‘lpon bilan aloqasi qay darajada bo‘lgan?
JAVOB. Nosirovning bu aloqasi menga ma’lum emas. Uning qaysi ma’lumot asosida komissiya xulosalarida yozilganidan xabardor emasman.
SAVOL. Pushkin asarlarining o‘zbek tiliga buzib tarjima qilingani nimalarda aniq ko‘rinadi?
JAVOB. Nosirov tajribali tarjimon bo‘lmagani uchun Pushkin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni atayin qilingan deb hisoblamayman, bunday xatolarning bo‘lishi tabiiy, chunki ular dastlabki tarjimalar edi. Bu tarjimalarni qoniqarli deb hisoblash mumkin. Shuni tan olish kerakki, klassiklar – Pushkin, Lermontov asarlarining o‘zbek tiliga tarjimasi Nosirovning katta xizmatidir.
SAVOL. Nosirovning aksilinqilobchilik va millatchilik mazmuni bilan sug‘orilgan qanday asarlarini bilasiz?
JAVOB. Nosirovning aksilinqilobchilik va millatchilik mazmunidagi asarlarini bilmayman. Men Nosirovning “Mehrim” she’rlar to‘plamidagi pessimistik mundarijali asarlarini bilaman, (undagi) ba’zi bir she’rlar voqelikdan uzilgan edi.
Boshqa biror gapni ayta olmayman”.
Sho‘ro davlatining 30–50-yillardagi qatag‘on siyosati qoralanmagan, aksincha, hamon davom etayotgan murakkab, hatto xavfli davrda Hamid Olimjonning qalamkash birodari to‘g‘risida shunday so‘zlarni dadil aytishi jasorat edi. Agar ekspertlar guruhining Usmon Nosirga bunday yon bosib xulosa bera olmaganini nazarda tutsak, Hamid Olimjonning bu so‘zlari uning chin ma’noda katta qalb egasi bo‘lganidan shahodat beradi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, Hamid Olimjon bilan Usmon Nosir o‘rtasida biror nizo yoki ko‘ngilsizlik bo‘lmagan. 1937-yilning may oyida Moskvada o‘zbek san’ati o‘n kunligi o‘tkazilgan kunlarda bu ikki shoir hatto hamkorlikda “Пушкин на узбекском языке” degan maqola yozib, uni “Литературная газета”ning shu yildagi 26-may sonida e’lon qilishga muvaffaq bo‘lganlar.
Naim KARIMOV
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
4 Izohlar
Hasan Hoshimov
06:08 / 04.08.2023
O'tgan ish o'tib ketdi orqaga qaytarib bo'lmaydi Hamid olimjon aybdormi aybdor emaami xudo biz bilmaymiz
Ma'mura Rapiqova
12:01 / 01.01.1970
Usmon Nosirning singlisiga yozgan xati bilan Stalinga yozgan xatini manzilga yetgan yetmaganligi to'g'risidagi fikrlar anchagina g'aliz emasmi?.. Oilasiga yozgan xatni yetib kelishi aniq,biroq aynan hamma balo boshiga yog'ilib,tuxmatlar ichida qolgan xalq dushmani sifatida qoralanib jazosini o'tayotgan har qadami dushmanlarga to'la mahbusni markaz komga yuborgan xatining yetib kelmasligi aniq ku
Sherali Turg'unov
12:01 / 01.01.1970
N.Rashidova qay darajada U. Nosir tomonida turib fikrlagan bo'lsa, Domla shu darajada H.Olimjonni yoqlashga intilibdilar.
Mamurov
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum Naim aka. Iltimos, menga kerak edingiz. 99 550 0444 raqamiga qoʻngʻiroq qilib yuboring yoki telefon raqamingizni bering