Oydin kecha. Tizzalarimni juftlab, oyoqlarimni qo‘llarim bilan bog‘lagancha osmonga qarab o‘y surib o‘tiribman. Avval oy yuzidagi dog‘dan shakl axtardim. Bolalikda onam “Oyda keksa kampir o‘g‘lini kutib, urchuq yigirib o‘tiribdi” derdi. Biz oy yuzidagi dog‘ga termilib, o‘sha shaklni topar, “ana urchuq, ana kampirning qo‘li, ortida bitta tepalik ham bor ekan” deb shovqin solardik. Ammo hozir kampir ham, uning urchug‘i ham ko‘rinmadi, qayergadir g‘oyib bo‘lgan shekilli...
Oydan yangi shakl izlab uzoq termildim. Xayol shuncha opqochibdiki, maqsad ham esdan chiqib, oyga bema’no tikilib qolibman. Oy nurlariga qo‘shilib ko‘nglimga oqib kirgan ismsiz tuyg‘ulardan ko‘ksim qabardi. Tasavvur qildimki, oyning nuri ko‘ksimga iliq sutday oqib kirib, uning har bitta puchmog‘ini to‘ldirmoqda. Daqiqa sayin ko‘zimga yaqinlashayotgan mohitob shu shitobda yuzini yuzimga bosib, bir dam sukut qilsa ne tong!
“Oyga bunday termilma, junun bo‘lib qolasan!”.
Onamning tovushidan sergak tortdim. Gapini idrok etishga shuurim ojizlik qildi. “Nima?!” dedim hayronlik bilan.
– Bilmasam, bolam, eskilarning gapini aytdim, – dedi onam loysupa chetiga cho‘kib. – Ilgari momolar bizni to‘lin oyga qaratmasdi. O‘n besh kunlik oy odamni jodulab, junun qilib qo‘yarkan...
Ha degandek bosh irg‘ab, onamning xiyol egilgan qomatiga, tizzalarini changallab o‘tirgan serajin qo‘llariga qaradim. Keyin muloyim jilmayib turgan ko‘zlariga boqib jilmaydim. Ismsiz quvonch uyg‘ondi ko‘zimda. Keyin u onamning nigohida akslandi. Ko‘z ostim bilan oyga qaradim. Yo‘q, endi u bolaligimdagi sirli sayyora emasdi. Shu soniya u butunlay boshqa qiyofaga kirib olgandi. Urchuq yigirayotgan kampirni qayergadir jo‘natib, o‘zi hech narsa bilmagandek jilmayib turardi u. Men ayni shu soniyada butun bolaligim bilan bog‘liq xotiralarni boy berganimni aniq his etdim.
Ammo negadir oyni yomon ko‘rib qolmadim. Aksincha, endi uning siz-u biz bilmaydigan mo‘jizakor sehri borligi hayratlantirar, ayni dam ruhim tanimga sig‘mas, qayergadir uzoqqa bosh olib ketishni, mana shu oydin kechada betinim yo‘l yurishni istardim.
– Ena, suvyoqalab kelay-chi, – deya o‘rnimdan turdim. – Kechasi ko‘pchilik suv olmaydi, bosh quloqdan bandni urib kelaman.
Hovlidan chiqib, toshloq yo‘l chetidagi ariq bo‘ylab borar ekanman, oyga qaramaslikka urindim. Ammo beixtiyor unga ko‘zim tushar, shunda jodulab qo‘yishidan cho‘chiganday ko‘zim bilan yer chizib borardim. Xayolimni esa oy, u bilan bog‘liq o‘ylar band etdi.
* * *
Qiziq, inson qachon oyga maftun bo‘lgan ekan?! Nega u son-sanoqsiz yulduzlarga, hayot nurini baxsh etadigan quyoshga emas, aynan oyga bunchalik oshiq bo‘lgan? Go‘dak til chiqarib, “ota”, “ona” degan so‘zni aytib, dunyoni taniy boshlaganida “oymomo” deyishni ham o‘rganadi. Uni xuddi o‘zining bobo-yu momosi kabi yaxshi ko‘rib, “Oymomo, meni olib ket!” deya hayqiradi.
Oyga bolalarcha oshiqlik, unga intilish insoniyatning qon-qoniga singib ketgan. Qaysi elning xalq og‘zaki ijodini, xususan, ertaklarini olib qaramang, oy bilan bog‘liq hodisalarga duch kelasiz. Shoirlarning eng go‘zal she’rlari aro ham oyga oshiqlik bo‘y ko‘rsatadi. U goh yigitlar ko‘ngliga g‘ulu solgan go‘zal yor, goh ikki dilning elchisi. Hatto bo‘ri ham to‘lin oyga qarab uvlaydi. Shunday erksevar jondor ham taniga sig‘may ketgan chog‘lar oyga arz qiladi go‘yo!
Buning barchasida inson aqli yetmaydigan nedir sinoat bor. Shuning uchun ham ajdodlarimiz oyni ilohiylashtirgan. Tarix fanlari doktori Shopo‘lat Shaydullayevning aytishicha, to‘kinlik ramzi bo‘lgan hayvonot ilk marta Axuramazda tomonidan Aryana Vayjada yaratilgan. Emishki, ilohiy Daiti daryosining o‘ng qirg‘og‘ida oy singari yorqin oq ho‘kiz bunyod bo‘ladi. U o‘lganda Geus Urvanning o‘ng qo‘liga yiqiladi va tanasidan ruhi chiqib deydi: “...Axuramazda g‘oyasi bilan sug‘orilganman”.
Uning tanasida tasavvur qilib bo‘lmas darajada ilohiy sir sodir bo‘ladi. Hayvon o‘lib, miyasi to‘kilgan joydan 55 ta zaharli qora kuch va 12 ko‘rinishdagi dorivor giyoh o‘sib chiqadi. Shoxlaridan mevali daraxtlar, burnidan piyozsimon o‘simliklar, qonidan uzum novdalari unadi. Shularning barchasi hayvonot dunyosidan (sigirdan) yaratilgan, so‘ng ular oy va quyosh nuridan bahramand bo‘lgan.
Axuramazda Daiti daryosining o‘ng tomonida insonni – Gayomartni yaratadi. Sigirdan so‘ng Gayomart ham o‘ladi va Geus Urvanning chap qo‘liga yiqiladi. U o‘lish vaqtida oilani yaratadi. Bu oilalar quyoshning aylanishi natijasida poklangach oradan qirq yil o‘tib odamlar va yer o‘sib chiqadi. Shunday qilib oy shoxli hayvonot olami bilan, quyosh esa inson bilan ilohiylashadi.
* * *
Bolaligimizda har doim yangi oyning chiqishini intiqib kutar, namozshomda birinchi bo‘lib uni ko‘rishga oshiqardik. Hali qosh qoraymasdan mitti tilim qovunday oyni ko‘rgach, “ana, men birinchi ko‘rdim” deya hayqirardik. Keyin unga qarab o‘tirib kaftimizni ochar, keksalar pichirlab duo o‘qirdi. “Oy yotiq tug‘sa o‘ziga tinch, elga notinch. Tik tug‘sa elga omonlik, yerga baraka” derdi mo‘ysafidlar.
Doim nega yangi oyga qarab duo qilib, yaxshiliklar tilashimiz haqida o‘ylasam, oyga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan amerikalik fazogir Nil Armstrong hayoti bilan bog‘liq hodisa yodimga tushadi. Armstrong 1969-yil 20-iyul kuni oy yuzasidagi ishlarini bitirib, modulga qaytayotgan payti kutilmaganda notanish bir odamga qarata xitob qiladi: “Omad yor bo‘lsin, mister Gorski!”.
AQSh fazo tadqiqotlari agentligi avvaliga bu gap qaysidir sovet fazogiriga atalgan bo‘lsa kerak deb taxmin qiladi. Ammo bu taxmin xato edi. Gap shundaki, bolalikda Armstrong o‘rtoqlari bilan qo‘shnisi Gorskilar uyi yaqinida beysbol o‘ynardi. Bir kuni Nil qo‘shni er-xotinning tortishuvini bexosdan eshitib qoladi. Missis Gorski mister Gorskiga shunday shang‘illardi: “Bu narsani qachon olasan, bilasanmi, qo‘shni bola oyga qo‘nganda!”.
Shu tariqa Gorski xonimning jahl ustida aytgan xitobi duoday ijobat bo‘lib qo‘shni bola – Nil Armstrong insoniyat tarixida birinchi bo‘lib oyga chiqadi va o‘sha yerdan qo‘shnisiga salom yo‘llaydi.
Darhaqiqat, oy oddiy sayyora emas! U nafaqat yerning, balki insoniyatning ham mangu yo‘ldoshidir. Buni bugun telefon-u gadjetlarga termilib aqlini taniyotgan bolalar bilmaydi, xolos. Ulardan oy haqida so‘rasangiz, bari birday to‘tiqush kabi sayraydi: “Oy – Yerning yagona tabiiy yo‘ldoshi. Yerdan o‘rtacha falon kilometr masofada joylashgan” va hokazo...
Bugun pandemiyani qandaydir siyosiy o‘yin, falon mamlakatning ishi deya kelajakni xomcho‘t qilayotgan zamondosh oyning bir safar tik, boshqa mahal yotiq ko‘rinishi tabiat o‘zgarishiga sabab ekani haqida eshitsa, buni, nari borsa, shunchaki bir cho‘pchak deb baholaydi. Garchand, yerdagi to‘kin hayotning muvozanati oy, undagi xotirjamlik yerga bog‘liqligini ilm-fan isbot etgan bo‘lsa ham.
Inson hayoti esa bevosita oy bilan bog‘langan. Masalan, to‘linoy yoki yangi oy chiqqan mahallarda ummonlardagi suv sathi keskin ko‘tarilib ketadi. Holbuki, unga biron joydan shunday katta suv kelib quyilmaydi. Ummon oyga tortiladi, xolos. Xuddi shuningdek, oyning yerga eng qisqa masofagacha yaqinlashishi – superoy yirik tabiiy hodisalar sababchisi bo‘ladi. U to‘fonlar, sunami, vulqon va zilzilaga sabab bo‘lishi yo, aksincha, ularni tinchitishi mumkin. Misol deysizmi? 2011-yil mart oyida, super oyga 8 kun qolganda Yaponiyada falokatli sunami va kuchli zilzila bo‘lgan. Qizig‘i, olimlar bu hodisa nimaning evaziga va qanday yuz berganini hamon aniq bilmaydi. Bobolarimiz esa ming yillar avval ham oyning qay shaklda tug‘ishiga qarab, uning qanday kelishini bashorat qilgan! Negaki odamlar ilgari tabiatdan hozirgidek uzoqlashmagan va qadim ajdodlar inson va tabiat bir butun ekanini anglagan. O‘zini uning egasi emas, kichik zarrasi deya hisoblagan.
Qadim ajdodlar ta’limotida ham, zamonaviy fan isbot etgan asoslarga ko‘ra ham oy, quyosh, inson va uni qurshagan tabiat bir butundir. Muqaddas Qur’on kitobida aytilgani kabi ular aniq hisob-kitob bilan yaratilib, bir-birini to‘ldirib turibdi.
* * *
Egatga taralgan suvni oy yorug‘ida kuzatib o‘tirgancha tongni qarshi oldim. Sharqda quyosh bosh ko‘tara boshlaganda oy ufqqa yaqin borib qolgandi. Bir vaqtning o‘zida quyoshni ham, oyni ham ko‘rib turganim men uchun qandaydir mo‘jiza edi. Shunda quyosh va oyning bir-biriga oshiqligi, ular diydor uchun oshiqib kun va tunni almashtirishi, ularning muhabbati evaziga umrimiz yelday o‘tib boraverishi haqidagi afsonani esladim. Endi negadir bu afsona menga erish tuyildi. Ammo quyoshning oyga oshiqligini nega qabul qila olmayotganimni hali bilmasdim...
* * *
– Toshqul cho‘loqning bolasi yana xotin qo‘yibdimi? – deydi qur to‘rida o‘tirgan Chori cho‘pon moshguruch soqolini tutamlab.
– Menam Homidning uyi sinibdi deb eshitdim, – javob beradi bo‘sag‘a tomonda chordona qurgan ellik yoshlar atrofidagi Berdi aka. – O‘ziyam o‘ttizdan o‘tmay ikki xotinning talog‘ini berdi.
– Attang, – deydi Chori cho‘pon bosh chayqab. – Oyday kelin edi, shuni eplasa, cho‘loqning bolasiyam odam bo‘ladi deb ko‘nglimdan o‘tkazib edim. Yana nechovning uyini kuydirar ekan bu bachchag‘ar!
– Endi tavbasiga tayanganmish, boshqa uy qilmayman, xotin degani shu bo‘lsa toq o‘tganim bo‘lsin debdi.
– Quruq gap, valdirayveradi! Issiq-sovug‘i bor, baribir uylanadi...
Davraga bir nafas sukut cho‘kadi. Biz soyasida o‘tirgan gujumning ham bironta bargi qilt etmasdi. Chorpoyada o‘tirgan qishloqdoshlar Homidning taqdiri haqida o‘y surib muztar bo‘lgan, dasturxonga tikilgan nigohlar qand-qurs, turfa noz-ne’matlar o‘rniga Toshqul cho‘loq oilasining nonuvoqday to‘zg‘igan qismatini ko‘rardi go‘yo. Menga esa bularning hech biri qiziq emas. O‘y-xayolim urchuq yigirib o‘tirgan kampirni yo‘qotib qo‘ygan oyda edi.
– Bobo, oy umuman bo‘lmasa nima bo‘ladi? Ilgari odamlar oy yorug‘ida kitob o‘qigan, hozir hammada qo‘lchiroq, telefon bor. Kun bilan yilning hisobiyam tayin, endi oyning bor-yo‘g‘i bilinmasa kerak?
– Oy bo‘lmasa yer Toshqul cho‘loqning ro‘zg‘origa o‘xshab qoladi, – deydi u keskin ohangda. – Bechoraning kampiri bemahal bandalik qildi, enasiz o‘sgan uli noqobil chiqdi. Hozir bo‘sag‘asidan hatlasang boshing aylanadi, vatani xarob bo‘lgan.
Gap daromadi yana shu tomonga burilganidan o‘kinib, telefonimga tikilaman. Undan oy haqida yangi ma’lumotlar topib o‘qishga tutinaman. Emishki, oy yuzidan bir necha kilometr ichkarida paydo bo‘ladigan silkinishlar yerning ta’siri sabab sodir bo‘larkan. Ya’ni yer qo‘zg‘alsa, oyning biqini sancharmish. Ol-a!..
Men bosh olib internetga “ketaman”.
“Yerning zichligi oyning zichligidan 81 marta kuchli bo‘lib, bu zichlik oyni tortib turish va u quyoshning yo‘ldoshiga aylanib qolmasligi uchun kerak. Agar shunday bo‘lmasa, oy yerning tortish maydonidan uzoqlashib, zichligi og‘irroq boshqa sayyora tarafga borib, uning yo‘ldoshiga aylanib qolgan bo‘lardi”.
– Baribir ayol ham o‘ziga qarashi kerak, – deydi kimdir hamon muhokamada davom etib. – Erkakning ko‘ziga qarab nima qilarini bilishi, faqat o‘choq boshida kuymalanmay, munday o‘zini ko‘rsatishniyam bilishi kerak.
Beixtiyor qurdagi gurung avvalboshdan oy, odam va yer haqida ekanini fahmlab qoldim. Inson yaralibdiki, oyning sehri nimada ekanini bilmagani holda unga maftun bo‘lgan. Oy qalbimiz kabi inson oxiriga yetmagan jumboq. Shuning uchun ham bir zamonlar odam oyni tun ilohi deb hisoblagan. Ehtimol oyga oshiqlikning avvalida ana shu tutum turgandir.
Aytishlaricha, yerning tortish kuchi oyning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga ta’sir qilib, sekinlashtirib turibdi. Bunga yer million yillar davomida erishgan. Buning evaziga oy doim yerga eng go‘zal yuzini ko‘rsatib turadi. Sodda qilib aytganda, yerning tortish kuchi sabab bizga doim oyning bir tomoni – go‘zal chehrasi ko‘rinadi. Oyning bizga ko‘rinmas tomonida tog‘li joylar ko‘p, tekislik juda kam, borini ham olis koinotdan uchib kelib, urilgan uchar yulduzlar yara qilib tashlagan. Agar oyning o‘sha tomoni bizga ko‘ringanida edi, uning yuzida hozirgidan ko‘ra ko‘proq dog‘ ko‘rardik...
Mo‘ysafidning gapi xayolimni bo‘ldi.
– Ay, nima bo‘lgandayam yoshlarning orasida ajralish ko‘payib ketdi. Odamdan oqibat ko‘tarildi.
– Odam odamdan uzoqlab borayapti, – gapga qo‘shildi Turdi qassob.
– O‘rtaga mol-dunyo tushdimi, oqibat ko‘tariladi, – deydi Chori bobo. – Tavba, hozir bandasi bir-birining qo‘liga qarab qolgan. Sal bulayroqqa duch kelsa pisand qilmaydi, pichog‘i moy ustida bo‘lgan odamni yotib tavof qilishdan toymaydi. Hamma balo nafsning ochiqqa chiqqanida!
Dunyoni go‘zallik qutqarishi haqidagi gap ayni haqiqat, illo, har qanday go‘zallik zamirida sehr bor, mehr bor. Inson o‘zidan – bir zamonlar aziz sanagan tutumlaridan uzoqlab borar ekan, uning fitratida mehr kamayib ketaveradi. Bu odamlarni bir-biridan uzoqlashtiradi. Xuddi tabiatdagi global o‘zgarishlar kabi. Zero, ekologik madaniyatimiz yerning oyga, odamlarning yerga munosabati bilan bog‘liq. Ya’ni bizning ko‘zimiz ilg‘agan butun borliq – yer, oy, yulduzlar va quyosh bir oiladir. Insonning yerga yetkazayotgan zarari tabiat o‘zgarishlariga, sayyoramizdagi salbiy holatlar koinotdagi muvozanatning o‘zgarishiga olib keladi. Bu uzilmas halqa esa insoniyatga o‘z qilmishlarini “qaytarib beradi”.
O‘zligini yo‘qotgan qavmlar inson qo‘li bilan emas, tabiiy ofatlar sabab yer yuzidan supurib tashlangan. Xuddi Nuh davrida suv bosgani, Lut qavmini tosh yomg‘iri yo‘q qilgani kabi. Rus shoiri Andrey Voznesenskiy ta’biri bilan aytganda, keksalikdan yoshlikka (beboshlikka) qarab yurayotgan insoniyat ana shu oddiy haqiqatni unutib qo‘ydi.
* * *
Oydin tunda ovloq joyda keng dalani kezib yo‘l yurishday zavqli mashg‘ulot yo‘q nazarimda. Bunday manzarada oyday to‘lgan ko‘ngil bilan xayolga istagancha erk bersa bo‘ladi. O‘sha tun suv bahona belkurakni yelkamga tashlab qishloqqa tutash dalalarni ikkiga bo‘lib o‘tgan tuproq yo‘lda ketib borar ekanman, hech qachon his etmagan xotirjamlik tuydim. Tag‘in oyda urchuq yigirib o‘tiradigan kampir yodimga tushdi. Bildimki, ko‘kda turib ertak aytib bergan bu mahzun kampir hech qayerga g‘oyib bo‘lmagan. Shunchaki, ulg‘ayib borganimiz sari bizning qarashimiz o‘zgargan. Ayni dam esa u ming yillik odatiga ko‘ra suluv kelinchakdek dunyo beshigini tebratmoqda. Shuning uchun ham hamma yaxshilikni, go‘zallikni odamlar oyga qiyos qiladi. “Oy borib, omon qayt” degan tilakda ham insonning yuzi yorug‘ bo‘lishiga ishora bor.
Oytuvg‘an, Oygul, Oysuluv, Oybibi, Oyxol kabi ismlarda ham odamning o‘zini oyga yaqin ko‘rish ilinji yashaydi. Shu bois insoniyat qalbida bolalarcha soddalik bilan aytgan “Oymomo, meni olib ket!” degan xitob hamon saqlanib qolgan.
XX asrdagi misli ko‘rilmagan kashfiyotlari sabab inson oyga borishning uddasidan chiqdi. XXI asrda esa koinotdagi ilk o‘simlik – paxta chigiti inson orzusi kabi oyda bo‘y cho‘zdi. Garchand, u uzoq yashamagan bo‘lsa ham odamlar qalbida oyga ko‘chib ketish ishtiyoqini yanada kuchaytirdi. Ammo inson uni zabt etganida oy va yerning o‘rtasidagi masofa, munosabat qanday bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ham o‘tirgani yo‘q. Illo, yer va oy ham xuddi odamlar kabi bir-biridan olislab borayapti. Olimlarning aytishicha, dastlab oy yerdan bor-yo‘g‘i 22 ming kilometr uzoqlikda bo‘lgan, hozir esa ular orasidagi masofa 400 ming kilometr!
Darvoqe, oy yerdagi muvozanatni saqlaydi. Uning yerdan olislab ketishi esa sayyoramizdagi tabiiy ofatlarga sabab. Oyning ko‘nglimizdan ham olislab ketmasligi sayyoramiz ahlining oyga munosabatiga – yana o‘sha oltin halqaga bog‘liq. Demak, olimlar aytganiday, oy yerdan emas, balki odamlar oydan olislab borayapti. Bu xuddi odamlarni mehr mehvari bir-biriga yaqinlashtirib turishiday gap. Shu jihatdan ham oy odam va yerning mangu yo‘ldoshidir.
Bobo RAVSHAN
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 2-son.
“Olislayotgan oy” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q