“Insonning umri uning nasl-nasabiga bogʻliq” – Beruniyning genetikaga oid qarashlari


Saqlash
10:20 / 04.09.2025 92 0

 

Ulugʻ oʻzbek mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy deyarli barcha fanlar bo‘yicha yetuk ilmlarga ega bo‘lgan. Xususan, uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida turli ilmlar bilan birga genetikaga oid maʼlumotlar ham keltirilgan.

 

Umuman, alloma yashagan davrda insonlar, hayvonlar va oʻsimliklardagi irsiyat masalalari, turli irsiy oʻzgaruvchanlik – tana aʼzolarining nuqsonli yoki ortiqcha boʻlishi, egizaklarning tanalari qoʻshilgan holatda tugʻilishi, insonlarda umrning irsiyatga bogʻliqligi kabi masalalarga har xil fikrlar bildirilgan, oʻzgacha qarashdagi ilmiy doiralar orasida tortishuvlar ketgan. Abu Rayhon Beruniy ham oʻsha vaqtdagi talabdan kelib chiqib, baʼzan maʼlum bir olim yoki jamoaning fikrini yoqlaydi, baʼzan oʻzining shaxsiy qarashlarini berib, yangicha gʻoyalarni ilgari suradi.

 

Abu Rayhon Beruniyning genetikaga oid qarashlarini uch guruhga boʻlish mumkin: oʻsimliklar, hayvonlar va insonlardagi irsiy oʻzgarishlar hamda shu kabi holatlar toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalar.

 

Abu Rayhon Beruniy inson, hayvonlar va oʻsimliklarda yuz beradigan irsiy oʻzgaruvchanlikni tan oladi, bu hodisalar tasodifiy tarzda yuz berishini taʼkidlaydi. U irsiy oʻzgaruvchanliklarni «tabiat yanglishishi» deb ataydi va uni «moddaning moʻtadil miqdordan sirtga chiqishi» deb atashni taklif etadi.

 

Olim fikrini quyidagicha dalillaydi: «Masalan, ortiqcha aʼzoli hayvonlar uchratilishi mana bunday boʻladi: hayvonlar jinslarini oʻz holicha saqlashga vakil qilingan tabiat ortiqcha modda uchratgan vaqtda uni bekor qoldirmay, undan bir surat yasaydi. Aʼzosi nuqsonli boʻlgan hayvonlarga kelsak, tabiat bir shaxs suratini uning oʻz jinsi shaklida tugal tayyorlashga modda topmasa, uni aʼzo nuqsonligiga zarar yetkazmaydigan va ruh kuchiga yarasha tinchlanadigan suratda tayyorlaydi».

 

Mazkur maʼlumotlar hozirgi zamon genetika fani qoʻlga kiritgan yutuqlarga mos keladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bu yerda Abu Rayhon Beruniy irsiy oʻzgarish toʻgʻrisida oʻzining nazariy fikrlarini ham keltirmoqda. Irsiy oʻzgaruvchanlik (mutatio) tirik narsaning u yoki bu belgilarining oʻzgarishiga olib keluvchi irsiy ashyoning toʻsatdan tabiiy yoki sunʼiy oʻzgarishi sanalar ekan, mazkur oʻzgaruvchanlik irslarning kimyoviy oʻzgarishi va xromosoma tuzilishining oʻzgarishi natijasida vujudga keladi.

 

Abu Rayhon Beruniy ham bunday oʻzgarishlarning tasodifiy yuz berishi va sifat oʻzgarishidan iboratliligini – moddaning moʻtadil miqdordan chetga chiqishi»ni taʼkidlaydi. Irsiy oʻzgaruvchanlik tasodifan yuzaga kelishi Xyugo de Vris tomonidan 1901-1903-yillarda Oʻzgaruvchanlik nazariyasi (Mutationism)da bayon qilingan. Toʻsatdan roʻy beradigan oʻzgarishlarni XVII-XVIII asrlardan Yevropada mutatio (mutatsiya) deb ataganlar. Niderlandiyalik olim bu atamani fanga qayta kiritgan. Abu Rayhon Beruniy xulosasidan koʻrinadiki, u Xyugo de Vrisdan 900-yil oldin oʻzgaruvchanlik nazariyasining asosiy qoidasini taʼriflab bergan.

 

Ulugʻ olim nazariy fikrlarini dalillash uchun Surra Man Rao shahrida Sobit ibn Sinon tomonidan koʻrilgan, yangi tuxumdan chiqqan ikki tumshuqli, uchta koʻzli hind joʻjasi, bir koʻzli, yuzi insonning yuzidek kulchasimon, jagʻlari va tishlari ham insonnikiga oʻxshash, peshonasida dumga oʻxshash narsasi bor oʻlik echki bolasi misolini keltiradi.

 

Beruniy hayvonlarda uchraydigan juda gʻaroyib oʻzgarishlar haqida ham yozib qoldirgan. Xususan, u Isfijob hokimi somoniy hukmdor Nuh ibn Mansurga ikkita shoxli bir ot va ikki yonida pat qanotlari bor, qanotlarini yigʻib yoza oladigan bir tulki hadya qilgani haqida yozadi. Beruniyga bu haqda Abulqosim Ali ibn Ahmad Tohiriy ismli ishonchli shaxs hikoya qilib bergan.

 

“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklarda bunday ajabtovur holatlar toʻgʻrisida koʻp soʻz yuritiladi. Masalan, ildizi bilan yulib olingan sochlar jazirama issiq paytida suvga yoki nam joyga tushsa, uch haftada ulardan ilonlar paydo boʻlishi, anjir va qora rayhondan chayon, mol goʻshtidan asalari, ot goʻshtidan ari paydo boʻlishi haqdagi nazariyalarni Beruniy inkor etmaydi, ularga tasdiq mazmunida fikr bildiradi. Lekin bu yerda mutafakkirni notoʻgʻri qarashda ayblamaslik kerak.

 

27 yashar yosh olim oʻsha vaqtda baʼzi johillar va fan sohasidagi hukmron gʻoyalarga qarshi chiqolmay, shu fikrlarni qoʻllagan boʻlishi mumkin. Beruniy keyinchalik yozgan asarlarida notoʻgʻri va bemaʼni fikrlarga ochiqchasiga qarshi turgan.

 

Aslida suvga solib qoʻyilgan soch tolalariga chivin yoki biror hasharot tuxum qoʻygan boʻlishi va tuxumlar yetilib, chiqqan qurtlarni oʻrta asrlardagi sodda insonlar ilon deb hisoblagan boʻlishi mumkin.

 

Abu Rayhon Beruniy hayvon va oʻsimliklardagi biror aʼzoning ikkilanishi toʻgʻrisida ham toʻxtaladi. Bu hodisaga Sobit ibn Sinon hikoya qilgan ikki boʻyin, ikki boshli, tugʻiliboq oʻlgan bola, qorinlari bilan bir biriga yopishgan ikki aramiy egizak yigitni misol keltiradi. Bu yigitlar 25 yoshda boʻlgan, soqollik, yeyish-ichish, hojatga borish vaqtlari, qiziqishlari har xil boʻlgan. Beruniy bu hodisani sharhlab shunday yozadi:

 

“Shak-shubha yoʻqki, quvvati tabiiya ilhomlantirilgan va vakil qilingan vazifasi bilan biror moddaga duch kelganda, uni bekor qoldirmaydi. Agar u modda keragidan ortiq boʻlsa, u quvvat oʻz ishini ikki marta orttiradi. Shu ikki marta ishlangan narsa goho egizaklar singari bir-biriga yaqin, lekin ajralgan, goho haligi ikkita aramiylar kabi bir-biriga yopishgan va goho aramiylardan oldin aytilgan narsaga oʻxshash bir-biriga kirishgan boʻladi”.

 

Bu yerda tushuntirilayotgan hodisa xromosoma biror qismining ikkiga ortishi (duplicatio) hisoblanadi. Uning oqibatida muayyan irs bilan bogʻliq belgi kuchayadi. Duplicatio xromosomaning koʻp qismlarida takrorlansa, tirik jon uchun zararli hisoblanadi va oʻlimga sabab boʻladi.

 

Abu Rayhon Beruniy yana ikkilanish hodisasiga misol tariqasida bir biriga yopishgan qoʻshaloq mevalar, bitta poʻchoq oʻrab turgan qoʻshaloq magʻizlarni tilga oladi. Unga koʻra, ikki marta orttirishda koʻpayish va bir-birining ichiga kirib ketish ham boʻladi, ichida oʻzi kabi limon mavjud boʻlgan limon bunga misoldir.

 

Beruniy, shuningdek, afsonaviy Zahhok ismli podshoning yelkasidan oʻsib chiqqan ilonlar aslida ilon emas, balki ogʻrib turuvchi oʻsma yaraligini, miya magʻzi surtilsa, ogʻrigʻ bosilishini aytib oʻtadi.

 

Olim oʻz soʻzini davom ettirib, “quvvati tabiiya toʻliq ikki hissa qilish ishini tamomlay olmaganda, aʼzolarni ortiqcha barmoqlar singari turgan joylariga loyiq tarzda orttirib qoʻyadi”, deydi va bu ortiqchalikni «tabiat yanglishi» deb ataydi. Asarda bunga boʻyniga yaqin joyidan ortiqcha oyoq oʻsib chiqqan sigir misol keltiriladi. Beruniy bu borada hikoya qila turib, oʻz kitoblaridan biri mazkur masalalarga oidligini aytib oʻtadi. Bundan Beruniy 27 yoshigacha ham genetika masalalariga oid kitob yozgani ayonlashsa-da, afsuski, ajdodimiz bu asarning nomini zikr qilgan emas. Oʻz asarlariga tuzgan roʻyxatda ham bu asar uchramaydi.

 

Asarda koʻtarilgan keyingi masala inson umrining naslga aloqadorligidir. Abu Rayhon Beruniy insonning umri uning nasl-nasabiga bogʻliq ekanini tasdiqlaydi. Buning tasdigʻi sifatida Abu Maʼshar Balxiy bilan Yoqub ibn Laysning yaqin kishisi Abu Ismat oʻrtasida sodir boʻlgan voqeani keltiradi: «...as-Safforning yaqin kishisi Abu Ismat oʻzining tugʻilgan vaqtidagi xavfli alomatlar haqida unga (Abu Maʼsharga) savol bergan. Shunda Abu Maʼshar: Bilasanmi, otang qancha yoshga borib oʻlgan? – deb soʻragan.

 

– Ha, bilaman, – dedi Abu Ismat.

 

– Oʻsha yoshga yetdingmi? – soʻradi Abu Maʼshar.

 

– Undan oʻtdim, – dedi.

 

– Onang qancha yoshda oʻlgan, bilasanmi?

 

– Ha, bilaman, undan ham oʻtdim.

 

– Bilasanmi, otangning otasi qancha yashagan? – dedi Abu Maʼshar.

 

– Ha, bilaman, hali u yoshga yetganim yoʻq, – dedi Abu Ismat.

 

– Qara-chi, tugʻilgan vaqting dalolat qilingan bu muxolafat bobong umriga muvofiqmi?

 

Abu Ismat: Ha, unga muvofiq, – degan edi, Abu Maʼshar: Qoʻrqishga haqli ekansan! – dedi-da, keyin u: Tabiat gʻolibroqdir. Kishi otasi yo onasi, yoki otasining otasi – bobosi umricha yashaganda, oʻziga keladigan har bir baxtsizlikdan kuchli dalillar boʻlmasa, oʻtib ketolmaydi. Bu daraxtlar va ekinlarda koʻrinib turadi, chunki ularning bir navi uzoq vaqt yashash bilan tanilgan boʻlsa, boshqasi tez ofat yetish va qisqa muddat yashash bilan mashhurdir deydi».

 

Hozirda inson umri, umuman, inson irsiyatini oʻrganishda ajdodlar shajarasini tuzish keng qoʻllanilib, unda maʼlum bir maromdagi yoki kasallikka bogʻliq belgilarning bir qancha avlodlar davomida nasldan-naslga oʻtishi kuzatiladi. Shajara yoʻsinini zamonaviy fanga Fransiz Galtoʻn kiritgan. Biroq undan ming yil ilgari turkistonlik olimlar insonning umri uning nasl-nasabiga bogʻliq ekanligini bilgan va bu usuldan foydalangan. Abu Rayhon Beruniy ham bu qarashni yoqlagan.

 

Beruniy, shuningdek, asarlarida insonning umrini osmon jismlarining harakatiga asosan hisoblab aytuvchilarni keskin tanqid qiladi. Xususan, u oʻz zamondoshi Abu Abdulloh Husayn Notiliy inson umri 140 quyosh yilidan ortiq boʻlishi mumkin emas, degan fikriga raddiyalar beradi, bu fikrga dalillar yoʻqligini oʻquvchiga uqtiradi. Olimning bu qarashida oʻsha vaqtdagi maʼlum bir olim yoki jamoaning fikrini baʼzan yoqlamasligi, oʻzining shaxsiy mulohazalarini berib, yangicha fikrlarni ilgari surishi oʻz ifodasini topgan. Abu Rayhon Beruniy astrologiyaga nisbatan “Geodeziya”da ham, “Qonuni Masʼudiy”da ham tanqidiy qarashini ochiq bildirgan va haqiqiy aqliraso olim sifatida uni qoralagan.

 

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Abu Rayhon Beruniy irsiyat va unga aloqador masalalarga yoshlik davridanoq juda qiziqqan, bu borada oʻzining mustaqil shaxsiy fikriga ega boʻlgan. 27 yoshigacha bu masalalarga oid kitob ham yozgan. Eng muhimi, buyuk ajdodimiz genetika fanidagi XIX – XX asrlarda kashf etilgan baʼzi nazariya va qarashlar toʻgʻrisida X – XІ asrlardayoq fikr yuritgan. Bundan tashqari, u oʻz davrida baʼzi olimlar tomonidan ilgari surilgan notoʻgʻri va asossiz gʻoyalar hamda qarashlarni tanqid qilgan, baʼzilarning fikrini qoʻllab-quvvatlagan.

 

Umuman olganda esa, Abu Rayhon Beruniyning genetika fani doirasidagi qarashlari bugun ham oʻz qiymatini yoʻqotmagan boʻlib, ularni maxsus oʻrganish lozim.

 

Islom Boʻriyev

Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:09 / 03.09.2025 0 271
Ovropalik qochqin xonimning Turkiston kundaligi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 148
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//