Buyuk mafkurachi – Navoiy qanday gʻoyalarni targʻib qilgan?


Saqlash
14:39 / 04.09.2025 59 0

Dasturiy daʼvo

Navoiy Samarqandda oʻqigan yillari (1466 – 1469) ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yozgan sheʼriy maktubida gapni nega Hirotdan ketishga majbur boʻlganiga qarab buradi-da, shoir oʻlaroq qadr topmagani, turkiy tilda qalam surguvchilarning yakkayu yagonasi ekanini hech kimsa inobatga olmagani, boshini silamaganini birinchi sabab qilib koʻrsatadi. Turk tilida menday sheʼr yozadigan shoir chiqqan emas, falak bu taxlit nodir, nazm bitishda Nizomiy kabi qodir bir kishini koʻrgani yoʻq, deydi. Holbuki, Navoiy u fursatda hali “Xamsa” yozishni boshlamagan, hatto devon ham tuzmagan edi. Keyin yana Firdavsiy oʻttiz yilda yaratgan “Shohnoma”dek asarni oʻttiz oyda qogʻozga tushira olaman, iyhomdek qiyin badiiy sanʼat (iyhom – shakldosh, yaʼni omonim soʻzni bir marta ishlatib, bir necha maʼnoni yuklash) shart qilingan taqdirda ham kuniga yuz baytni holva yegandek osongina bita olaman, deb daʼvo qiladi. Alqissa, shogird ustoziga bor dardini toʻkib soladi: lekin menga hech kim yuzlanmadi, murabbiylik qilmadi, yozishga undamadi, hayot kechirishim ham ogʻir boʻldi, bu mushkul ahvolga tushgan kishi qanday qilib ovoralik yoʻlini tutib, boshini olib bir tarafga ketmaydi, axir (qarang: Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. 3-tom. Toshkent, “Fan”, 1988. 516-518-betlar)!

 

Yigirma besh-yigirma sakkiz yoshlardagi shoir oʻzining turkiy sheʼriyat osmonidagi eng yorqin yulduz ekanini toʻliq his etgan, oldiga ona tilida Nizomiyu Firdavsiylar yaratgandek buyukdan-buyuk asarlar bitishni dasturiy maqsad sifatida allaqachon qoʻyib ulgurgan edi. Bu shaxsiy orzugina emas, balki butun bir xalq oldida turgan asriy buyuk maqsad edi. Turkiy adabiyotni forsiy sheʼriyatning yuksakdan-yuksak darajalariga koʻtarish Yusuf Xos Hojibdan (XI asr) to Mavlono Lutfiygacha (XIV – XV asrlar) boʻlgan turkiy shoirlar oldida milliy vazifa boʻlib kelgan edi. Yosh Navoiy shu ulkan vazifani oxiriga yetkazishni gardaniga olganini ustozidan yashirmaydi. Keyinchalik “Saddi Iskandariy” dostonida yozishicha, Surush (farishta) goʻyoki shunday deydi:

Bu til birla to nazm erur xalq ishi,

Yaqin qilmamish xalq sendek kishi.

(Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 11-tom. Toshkent, “Fan”, 1993. 60-bet.)

 

“Farhod va Shirin”ni tugatar chogʻida esa “Olibmen taxti farmonimgʻa oson // Cherik chekmay Xitodin to Xuroson. // Xuroson demakim, Sherozu Tabrez // Ki, qilmishdur nayi kilkim shakarrez!” deb baralla aytadi. Xitoydan Xurosongacha, undan nari – Sherozu Tabrizgacha boʻlgan hududlar temuriylar saltanatining tasarrufida boʻlgan, bu yerlarda oʻzbeklar va ularning tilini tushunadigan qardosh turkiy xalqlar yashar edi...

 

Milliy mafkura nima?

 

Muayyan guruh, ijtimoiy qatlam, xalq yoki millatning orzu-maqsadlari, intilish­lari, qizi­qishlari, manfaatlarini ifodalab, ularni himoya qilishga qaratilgan gʻoyalar tizimi (majmuasi, yigʻindisi) mafkura hisoblanadi. Bir mamlakat yo bir millat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan gʻoyalar tizimi esa milliy mafkuradir. Navoiyning turkiy tilda muazzam adabiyot yaratish maqsadi Movarounnahr va Xurosonda hukmronlik qilayotgan turkiy davlat – temuriylar saltanati milliy mafkurasining tarkibiy qismi; mutafakkir shoir yaratgan oʻsha adabiyot ichidagi davlatu xalq manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan gʻoyalar majmuasi esa, shak-shubhasiz, milliy mafkura edi.

 

 

 

Siyosat va adabiyot

Biz – qadim va goʻzal tilga, shu tilda yaratilgan juda boy, hatto dunyodagi manaman degan adabiyotlar bilan bemalol bellasha oladigan soʻz sanʼatiga ega xalqmiz. Rost, tilsiz adabiyot boʻlmaydi, adabiyotsiz esa til rivojini tasavvur qilish qiyin. Har qanday xalq uchun shu ikkisidan koʻra milliyroq, ulardan-da azizroq boylik yoʻq. Biroq tilning ham, adabiyotning ham chinakamiga kamol topishi uchun hokimiyat xalqning qoʻlida boʻlishi, bu sohalar taraqqiyotini hammadan burun hukmron siyosat koʻproq istashi kerak. Bu – Navoiyning fikri. U adabiyot ravnaqini bevosita shohlarga bogʻlaydi. “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning talay oʻrinlaridagi Husayn Boyqaro toʻgʻrisida aytilgan oʻta iliq soʻzlarni zinhor-bazinhor shoirning shaxsiy xushomadi deb tushunmaslik kerak. Navoiy bu zamona hukmdorining “oʻziga soʻz jihatidin azim eʼtibor va soʻziga oʻz jihatidin biyik poya va miqdor” (Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 16-tom. Toshkent, “Fan”, 2000. 30-bet) qilgani, unga qancha-qancha rahnamoliklar koʻrsatganini aytadi.

 

Axir, Navoiyni Navoiy qilgan omillardan biri ham oʻsha vaqtdagi gullab-yashnagan saltanat – temuriylar davlati emasmidi? Shoirning turkiy el shonu shuhratini toabad olamga yoygan durdona asarlari bilan Husayn Boyqaro umr boʻyi faxrlanmadi yoxud ulugʻ doʻstini ulkan, olamshumul ijodiy ishlarga ragʻbatlantirmadimi?! Qaysi podshoh mamlakatida ona tili, ona yurti va ona xalqi sharafini to roʻzi Mahshar koʻklarga koʻtarib turadigan shoiri boʻlishini orzu qilmagan?! Xullas, Temur Koʻragon boʻlmaganida Husayn Boyqaroni, Husayn Boyqaro boʻlmaganida Navoiyni hozirgidek yuksaklikda tasavvur etish amrimahol boʻlardi.

 

Turkiy soʻz ravnaqi yoʻlida

Aruz – arabiy vazn. U forsiy va turkiy sheʼriyatga mos emas, aksincha, bu tillarda bitilgan nazm unga moslashtirilgan. Shuning uchun Shayx Ahmad Taroziy va Zahiriddin Muhammad Bobur aruz haqida oʻzbek tilida bitgan risolalarida nazariy fikr isboti uchun forsiydan ham, turkiydan ham misol keltiraverganlar. Lekin Navoiyning “Mezon ul-avzon”i maxsusan turkiy aruz qoidalariga bagʻishlangan va faqat shu tildagi sheʼrlardangina misol olingan. Bu – milliy mafkura talabi edi. “Muhokamat ul-lugʻatayn”da Navoiy bu qatʼiyatini ochiq-oshkor bayon etadi ham: “...Va hunarsiz turkning sitamzarif yigitlari osonliqqa boʻlca forsiy alfoz bila nazm ayturgʻa mashgʻul boʻlubturlar... salohiyat va taʼblarin, oʻz tillari turgʻoch, oʻzga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikkala til bila aytur qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillari bila koʻprak aytsalar erdi va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi. Va agar mubolagʻa qilsalar, ikkala til bila teng aytsalar erdi” (oʻsha manba, 19-20-betlar).

 

Turk mamlakatin “yakqalam aylamak”

Navoiyni Xudo xalq xizmati uchun yaratgan edi. Uning shaxsiy gʻoyasi milliy gʻoyaga, milliy gʻoya esa uning shaxsiy gʻoyasiga aylanib ketgan. Xalq – shoir ijodidagi eng asosiy timsollardan biridir. Hisoblab chiqilsa, nazmu nasrda yozganlarim yuz ming baytdan oshadi, degan edi uning oʻzi. 1991-yili mutafakkir ijodkor tavalludining 550-yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Milliy bogʻi baland tepaligida bunyod etilgan ulugʻvor haykal peshtoqiga oʻsha yuz ming baytdan bitta eng muhimini – milliy gʻoyamizning magʻzini aks ettiradiganini topib, yozib qoʻyish kerak edi. Topildi:

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻlung bir-biringizgaki, erur yorligʻ ish.

(Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 3-tom. 214-bet.)

 

Bu – shior. Boʻlganida ham, butun bashariyatga qarata aytilgan abadiy buyuk daʼvat. Insoniyat boʻlar, Yer yuzida turli millat va elat vakillari istiqomat qilar, dunyo davlatlarga boʻlinar, bir mamlakat jamiyati har xil etnik guruhlardan tashkil topar ekan, dushmanlik emas, yorlik – yaʼni doʻstlik bayrogʻini baland koʻtarishimiz kerak. Bundan oqilroq yoʻl yoʻq.

 

 

Eh-he, Navoiy merosida shior boʻladigan bayt va hikmatlar shu qadar koʻpki!.. 

“Lison ut-tayr” dostonida:

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam,

deya iftixor qiladi shoir. Bu “Turk nazmida men bayroq koʻtarib, u mamlakatni (yaʼni turklar yurtini) yakqalam qildim” degani. “Yakqalam” soʻzining ikkita maʼnosi bor: 1) xalqni bir buyruqqa boʻysunadigan qilmoq; 2) uni bir adabiy til atrofida birlashtirmoq.

Amir Temur, bilamizki, “Sohibqiron” boʻlgan. Bu sifat koinotda ikki yulduz tutashgan fursatda tugʻilgan buyukdan-buyuk zotlarga nisbatan ishlatiladi. Navoiy koʻp bor Husayn Mirzoni ham shunday tavsiflagan. Qiziqki, Husayn Mirzo ham “Risola” asarida Navoiyni “Sohibqiron” deya ulugʻlaydi. Ha, turkiylarning yurtlarini yakqalam aylagan shaxsga bu sifat juda-juda yarashadi.

 

Buyuk mafkurachi

Navoiy oʻzbek adabiyotidagi eng mafkuraviy qalam sohibidir. Koʻplar bu fikrga qoʻshilmas, balki ogʻirroq olar ham. Chunki shoʻro davrida mafkuralashgan adabiyotning badiiy jihatdan sayozlashib ketganini koʻp koʻrganmiz-da. Yoʻq, mafkura bilan mafkuraning oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Navoiy butun ijodi bilan temuriylar davlatida yashagan xalqlarning milliy mafkurasini yaratdikim, uning uch asosi bor:

 

1. Navoiy nimaiki yozgan boʻlsa, oʻz oldiga “Komil inson qanday boʻlishi kerak?” degan masalani koʻndalang qoʻydi; bunda boshdan-oxir islom dini va uning bagʻrida paydo boʻlib, taraqqiy etgan tasavvuf taʼlimotining eng ilgʻor gʻoyalariga tayandi.

 

2. Navoiy nimaiki yozgan boʻlsa, turkiy el, aniqroq qilib aytganda, oʻzi mansub boʻlgan oʻzbek xalqining manfaatlari, baxtu iqbolini koʻzlab yozdi.

 

3. Navoiy nimaiki yozgan boʻlsa, temuriylar manfaatlarini himoya qilib yozdi.

Bular uning buyuk mafkurachi boʻlganidan dalolat beradi.

 

Yuqorida keltirilgan uch yoʻnalishning har biri haqida alohida-alohida monografiyalar yozish mumkin. Navoiy yaratgan milliy mafkuraning mujmal nuqtalari yoʻq. Bir misol: “Munshaot”ning 11-maktubidagi ruboiyda avval Haq amriyu nahyini, keyin Paygʻambar (s.a.v.) shariatini, soʻng esa podshoh amrini bajo keltirishga daʼvat qilinadi. 95-xatda esa Ollohga shukr – Tangri taolo tarafidan buyurilgan ishlarni bajarib, man etilgan ishlardan tiyilish ekani uqtiriladi. Besh farzi ayn, yaʼni imon, namoz, roʻza, zakot va haj eslatiladi. Namoz hech bahona bilan banda gardanidan xalos etilmasligi taʼkidlanadi, namozdan ozod etadigan biror asos boʻlsa, keltiring, deydi u: “Tengri uchun yo Tengrining buyrugʻini bajo kelturung, yo bir oyat, yo hadis, yo mashoyix naqli, yo rivoyate, yo masala topilgʻon boʻlsakim, bu amrni tark qilmoq kerak, topilgʻon boʻlsa bu bandagʻa irsol qilingizkim, zaʼfim gʻolibdur va bu taklif bagʻoyat kulliy” (Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 14-tom. Toshkent, “Fan”, 1998. 227-bet). Maktub mazmunidan maʼlum boʻladiki, u hukmdor shaxsga yoʻllangan, u shaxs va ayonlari esa namozni tark etgan ekan... Shoirning islom aqidalariga amal qilishni bu darajada talab etishi nima? Mafkuradan boshqa narsa emas, albatta!

 

Navoiy ‒ davlatshunos

Ilmu fanimizda buyuk shoir va mutafakkir ijodining koʻp qirralari qisman oʻrganilgan. Ammo “Navoiy ‒ davlatshunos” degan masalaga kam eʼtibor berilgan. Avvalo, shoʻro siyosati bunday mavzuni boricha yoritish imkonini bermas edi. Oʻrganilganda ham, davlat haqidagi feodal qarashlar sifatida baholanib, zararli gʻoyalar tarzida talqin etilishi mumkin edi. Qolaversa, shoir merosi shu qadar keng va chuqurki, hali navoiyshunosligimiz bu daqiq mavzularga yetib borganicha ham yoʻq.

 

Navoiyning davlatshunosligini, avvalo, amir oilasida tugʻilib oʻsganidan izlash kerak. Otasi Gʻiyosiddin Kichkina temuriylar saltanatining sodiq mulozimlaridan biri; onasi temuriylar xonadoni xizmatidagi ayollardan edi – u amirzoda shayx Abu Said Changiyning qizi boʻlgan. Togʻalari Mir Said Kobuliy, Muhammad Ali Gʻaribiylar ham saltanat mulozimlaridan edi.

 

 

Navoiyning oʻzi ham davlat xizmatchisi boʻlgani maʼlum. 1469-yil boshida Sulton Husayn uni muhrdor qilib tayinlaydi. Koʻp oʻtmay shoir badiiy ijod bilan shugʻullanish maqsadida isteʼfoga chiqadi. 1472-yili sulton uni, noroziligiga ham qaramay, vazirlikka tayinlab, “amiri kabir” (katta amir) unvonini beradi. Amir Muzaffar barlosgina Navoiydan yuqoriga muhr bosishi mumkin edi. Demak, shoir saltanatning uchinchi oʻrinda turadigan mansabdoriga aylangan. 1476-yili Navoiy bu mansabdan ham rasman isteʼfoga chiqadi. Biroq “amiri kabir” unvoni umrining oxirigacha saqlanib qoladi. 1487-yil qishida Husayn Mirzo Navoiyni uzoq Astrobodga hokim qilib joʻnatadi. Strategik jihatdan Astrobod Xuroson davlatining gʻarbiy chegarasidagi eng muhim manzil hisoblanar, sersuv, koʻkalamzor, obod, ipakchilik rivojlangan, savdo-sotiq uchun nihoyatda qulay boʻlga edi. 1488-yili Navoiy oʻz oʻrniga Amir Burhoniddinni qoldirib, hokimlikni topshirish niyati bilan Hirotga keladi. Biroq Sulton Husayn uni qaytarib yuboradi. Bir necha oydan keyin shoir baribir Hirotga qaytadi. Maxsus davlat xizmati topshirilmagan boʻlsa ham, Husayn Boyqaro unga “muqarrabi hazrati sultoniy”, yaʼni “hazrat sultonning eng yaqin kishisi” degan unvon beradi. Bu unvon sohibining bir vakolati – muayyan masala yuzasidan hukmdorga toʻqqiz martagacha murojaat qilishi mumkin edi. Demak, Navoiy jami 13-yilcha davlat xizmatida boʻlgan-u, biroq umrining oxirigacha davlat va jamiyat tashvishidan ortmagan. “Hayrat ul-abror”da oʻzi qayd etganidek, uning bosh qashishga ham vaqti boʻlmagan:

 

Kim bor edi boshima koʻp mehnatim,

Yoʻq edi bosh qoshigʻali fursatim.

 

“Xamsa” – bir qarashda, sof badiiy asar. Biroq unda temuriylar saltanati taqdirini oʻylash, hukmdorlarni ulugʻlash bahonasida mirzolarga nasihat qilish tamoyili, ul buyuk saltanatning kelajagini yorugʻ koʻrish umidi barq urib turibdi. Ayni jihati bilan bu epopeya zamonasining milliy mafkura konsepsiyasi ilgari surilgan buyuk siyosatnomasi ham edi. Bugungi tushunchalar bilan yondashsak, beshlik oʻz davrining kuchli mafkuraviy-publitsistik asari vazifasini ham oʻtagan. “Farhod va Shirin”dagi “Erursen shoh, agar ogohsen sen, // Agar ogohsen sen, shohsen sen!” yoki “Saddi Iskandariy”­dagi “Navosiz ulusning navobaxshi boʻl, // Navoiy yamon boʻlsa, sen yaxshi boʻl!” baytlarining oʻzidanoq shoirning qanchalar davlatshunos boʻlgani oydinlashadi.

 

“Xamsa”da anʼanaviy hamd, naʼt, “xamsa”navislar, ikki pir – Bahouddin Naqshband va Xoja Ahrorga bagʻishlangan boblardan tashqari, dostonlarning har birida Sulton Husayn va yo uning xonadoni vakillariga maxsus boblar bagʻishlangan. “Hayrat ul-abror”ning 20-maqolati Sulton Badiuzzamonga nasihat tarzida bitilgan. “Farhod va Shirin”da Sulton Badiuzzamon, shahzoda Shohgʻarib Bahodir; “Layli va Majnun”da Sulton Badiuzzamon, shahzoda Sulton Uvays; “Sabʼayi sayyor”da Sulton Husayn, uning suyukli xotini Xadichabegim; “Saddi Iskandariy”da Sulton Husayn, Sulton Badiuzzamon, Navoiyning Balxda hokimlik qilgan ukasi Darveshaliga boblar bagʻishlangan. Shuningdek, “Saddi Iskandariy”ning 84-bobida Sulton Husayn Mirzo, uning oʻgʻil va nevaralari, xususan, Muzaffar Mirzo madh etiladi. “Xamsa” badiiy asar boʻlsa, unda saroy ahliga boblar ajratishdan koʻzlangan maqsad nima edi? Albattaki, nasihat! Bu nasihatlar zamirida esa milliy mafkura yotadi.

 

Turkiy qavmlararo ittifoq

Temuriylar barcha turkiy qavm va urugʻlarni bir koʻz bilan koʻrishga harakat qilgan. Bu ularga ulugʻ bobolari Sohibqiron Amir Temurdan meros boʻlib kelayotgan edi. Buni “Vaqfiya”dagi mana bu qayddan ham anglash mumkin: “Chun zamonning azim ush-shon sodot va fuzalosi va davronning karim ul-xulq quzot va ulamosi va temuriynajod shahzodalar va barlosiy nihod ozodalar va arlotiy ismlik sadrnishinlar va tarxoniy rasmlik ayshguzinlar va qiyot nasablik mutaayyinlar va qoʻngʻirot hasablik mutamakkinlar va uygʻuriy sifot baxshilar va uygʻurchargalik yaxshilar va choʻlilik biyobonida jonsiporlik qilgʻon jondorlar va boyrilik ayyomida xizmatkorlik qilgʻon jonsiporlar va jaloyir gʻavgʻosi va qavchin alolosi mavjud erdi va har mavjudqa bir maqsud va podshohona inoyat va har qaysigʻa bir munosib mansab bilan sarbaland va xus­ravona tarbiyat, har birisini muvofiq amal shugʻligʻa payvand qildilar” (oʻsha manba, 249-bet). Bu parchada Xuroson davlatida yetarli obroʻ-eʼtibor va martabaga ega boʻlgan asosiy turkiy urugʻlar (barlos, arlot, tarxon, qiyot, qoʻngʻirot, uygʻur, choʻli, boyri, jaloyir, qavchin) bir-bir sanaladi, ularga Sulton Husayn tarafidan koʻrsatilgan inoyatlar qayd etiladi. El-ulus orasida adolat oʻrnatish, oʻzaro tenglik, bagʻrikenglikni saqlash uchun davlatga bu ishlar juda-juda kerak edi. Bu oʻsha zamonda hokimiyatni qavmlar orasida adolatli taqsimlash, koalitsiyaviy qatʼiyatlarga amal qilish vazifasini oʻtagan. Mantiqan olib qaraganda, ushbu turkiy urugʻlar beklari va jangchilari Husayn Boyqaronning hokimiyat tepasiga kelishiga munosib hissa qoʻshgan boʻlishi kerak.

 

Xulosalar

Navoiy – turk dunyosining otashin targʻibotchisi. Uning butun hayoti, faoliyati va ijodi turkiy xalqlar manfaatlarini himoya qilishga bagʻishlangan. Buning zamirida oʻzi mansub el-ulusni baxtli koʻrish umidi mujassam edi. Ungacha ham, undan keyin ham hech kim turkiy tilda bu qadar koʻp va xoʻb asarlar bitgani yoʻq. Ijodi turkiy tilli adabiyotni jahon soʻz sanʼatining eng yuksak darajasiga koʻtardi. Shoir turkiy til shunga qodir ekanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan toʻliq isbotlashni maqsad qildi. Navoiy ijodiga turkiy xalqlarning XV asrgacha boʻlgan boy maʼnaviy merosi, orzu-maqsadlari, intilishlari, manfaatlari aks etgan milliy mafkura sifatida qarash uchun hamma asoslar mavjud.

 

Turkiy xalqlar taʼrifi, turkiy qavmlar, turkiy tillar tasnifi borasidagi qarashlari qimmatli tarixiy ilmiy maʼlumotlar hisoblanadi. Turkiy aruz qonun-qoidalarini bayon qilish uchun “Mezon ul-avzon”ga yakkash turkiy sheʼriyatdan misollar oldi.

Turkiy adabiyotni faqat forsiy soʻz sanʼati darajasiga koʻtarishnigina emas, balki undan ham yuqoriga olib chiqishni qatʼiy maqsad qilib qalam tebratdi va niyatiga yetdi. Buni Mavlono Abdurahmon Jomiyning ushbu eʼtirofi ham toʻliq isbotlab turibdi: “U forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tizguvchilarga rahm qildi. U ham shu forsiy tilda yozganida, boshqalarga soʻz aytishga majol qolmasdi. Bu moʻjizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kimu Xusrav kim boʻldi?!”

 

Navoiy va turk dunyosi – juda katta, keng qamrovli, bir necha tadqiqotlar yaratishni talab etadigan serqirra mavzu. Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Yevroosiyodagi nufuzli xalqaro birlik sifatida dadil boʻy koʻrsatmoqda. Biroq turkiy xalqlar birligini taʼminlashga asqatib, mafkuraviy asos sifatida qoʻl keladigan Navoiy merosidan boshqa tap-tayyor taʼlimot yoʻq. Shu bois buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiriga turkiy xalqlar birligi gʻoyasining bayroqdori sifatida suyanishga toʻla haqlimiz. Bugun turkiy xalqlar birligi gʻoyasini oqilona va bekamu koʻst amalga oshirishimiz uchun kimning merosi bizga asqatadi, oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarimizga esh boʻladi, TDTning mafkuraviy suyanchi va tayanchi vazifasini oʻtaydi? Javob shunday: buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodi! Bu fikrga hech bir turkiy xalq eʼtiroz qilmasa kerak.

 

Sultonmurod OLIM,

Navoiyshunos, filologiya fanlari nomzodi.

“Tafakkur” jurnali, 3-son

“Turkiy birlik timsoli” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:09 / 03.09.2025 0 285
Ovropalik qochqin xonimning Turkiston kundaligi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 148
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//