Ovropalik qochqin xonimning Turkiston kundaligi


Saqlash
17:49 / 03.09.2025 234 0

Shoʻro imperiyasi qulashi arafasida Litva milliy oʻzlik uchun kurash ramzi edi. Usmon Azimning quyidagi satrlarini siz ham oʻqigan chiqarsiz:

Erkdan boshqa axir xudom yoʻq.

Ozodlik! Visoling bunchalar qisqa...

Ozodlik – koʻzimda soʻnayotgan choʻgʻ,

Erk – Litva!

Iltimos... oʻlmagin, Litva!

 

Aksar yurtdoshlarimiz allaqachon unutgan 1991-yil yanvar voqealari va bir guruh oʻzbek ziyolilari imzosi bilan matbuotda eʼlon qilingan “Xavotirlik” bugun ham mohiyatan dolzarb. Negaki, XX asr boshi va oxiridagi kurashlar tarix takrorlanishini yaqqol koʻrsatdi. Fidoyi maʼrifatparvar Tursunali Qoʻziyev saʼy-harakati bilan Litva va qadim Turkiston tarixining nomaʼlum sahifasi ochildi. Muhtaram olimimiz bu haqda shunday yozadi: “Yoymada savdo qilayotgan qari kampirdan ochiq xat (“otkrыtka”) sotib olgandim. U Litvaning Palanga shahridan L. Vayneykini degan kishi tomonidan yuborilgan ekan. Old tomonida litvalik rassom Antanas Jmuydzinavichyus moʻyqalamiga mansub “Regejimas” asari. Noma egasi ochiq xatda bolalar, kundalik yumushlar haqidagi odatiy soʻzlar, tez orada koʻrishishga umid bildirilgan jumlalar va umumiy tanishlarga salomdan soʻng matn maʼnosiga umuman toʻgʻri kelmaydigan “Kartochkada “viziya” bu – bizning davlat gerbimiz, yaʼni oʻlik uyqudan hayotga qaytgan Litva!” degan jumlani qistirib oʻtgan”.

 

Nomadagi jumboqni topishga jiddu jahd qilgan sinchkov olim vatan ramzini ulugʻlagan inson kimligi bilan qiziqadi. Surishtiruvlarda maktub muallifi litvalik olim, shifokor va jamoat arbobi Lyudas Vayneykis (1869 – 1938) ekani maʼlum boʻladi. L. Vayneykis rafiqasi, yozuvchi-yodnomanavis Stanislava Vayneykene bilan birga 8-yil Turkistonda surgun hayotini oʻtaydi. Doktor oʻz vatanida knygnesys – “kitob tarqatuvchilar” harakatiga rahbarlik qilardi. Bu harakat milliy oʻzlikni himoya qilish uchun oyoqqa turgan, ona tili va yozuvini saqlab qolish uchun jonini fido etishga ham tayyor jasur vatanparvarlardan iborat edi.

 

 

Stase Vayneykenening “Palangalik qochqin ayol xotiralari” oʻzbek ziyolilari uchun ham benihoya qadrli kitoblardan biridir. Zotan, turkistonliklar boshiga toʻpponcha oʻqtalib, ot oʻynatib kelganlarning taʼna-iddaolarga toʻla bitiklaridan zada oʻzbek kitobxoni gʻayridin musofirning xolis bahosidan mamnun boʻlishi shubhasiz. Lyudas Vayneykis va Stase Vayneykene mazlumlar edi. Mustabidlik millat, din, mazhab tanlamagani kabi, mazlumlar ahvol-ruhiyasi ham bir-biriga yaqin boʻladi: qalban anglaydi taqdirdoshlarini. Millatsevarligi uchun yurtidan quvilgan, bir muddat Turkiston oʻlkasida yashagan bu oila kechmishi bizning ham ayanchli tariximiz desak mubolagʻa emas. Xoʻsh, qochqin oila panoh topgan Oʻrta Osiyoda asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy hayot manzarasi qanday edi? 

 

“Turkiston viloyatining gazeti” 1913-yilda “Buxoroda hayot yaxshilanmoqda” sarlavhali maqola chop etgan. Unda bunday jumlalar bor: “Hazrat amir Buxoroda qadimgi va eski tor koʻchalardin aksarlarini isloh eta boshladilar. Uzun, toʻgʻri koʻchalargʻa tosh soldirub, baʼzilarini mustovoy qilduribdurlar. Yangi Buxoroda elektrik ustunlarini ulturgʻizib tamom qildilar. Tez vaqtda yoqsalar kerak. Eski Buxorogʻa elektrik kirgizmoqqa soʻragan ekanlar, ulamolar rozi boʻlmabdurlar. Shul sababdin eski Buxorogʻa elektrik kirgizolmabdur. Pochta, tiligrof, telefongʻa oʻxshash yangiliklarga fatvo topilgan fiqh kitoblaridan elektr yorugʻi uchun topilmogʻida shubha yoʻq”.

 

Mazkur maqola amir Abdulahadxon zamonida Ismoil Gʻaspirali tashabbusi bilan ochilgan jadid maktablarini yopish haqidagi ulamolar mashvaratini yodga soladi. Darvoqe, elektr energiyasi eski Buxoroga roppa-rosa oʻn yildan soʻng – 1923-yilda keladi. Birinchi jahon urushi arafasida Turkistondagi vaziyat haqida gap ketganda, Buxoro amirligida mustabidga moyday yoqadigan mojarolar – shia va sunniylar qirgʻini sovimagan, jadid va qadim bahsi xatarli tus olgan pallani eslash lozim.

 

Oʻsha davr matbuotida jadidlar va qadimchilar bir-birini haqoratlab yozgan maqolalar koʻpayganidan gazetxonlar mushkul ahvolda qolayotgani, bolalar eski maktablarda taʼlim olishni istamayotgani, jadid maktablarining yopilishi noroziliklar keltirib chiqarayotgani haqidagi fikr-mulohazalar koʻplab uchraydi. “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914-yil 46-sonidagi “Ulamolarimiz” maqolasidagi quyidagi fikrlarga diqqat qilaylik: “Dunyoda hech bir millat taraqqiy va tolegʻa yuz tutmaydi, magar ulamosining tashabbusoti va gʻayrati ila. Ulamo ham tashabbusotda boʻlinmaydilar, magar insof va haqqoniylik koʻzi ila qaramoq ila. Zotan, ulamolar shunday bir zotlardurki, aziz umrlarini, mol va jonlarini hamisha millat yoʻligʻa sarf qilurlar. Shuning uchundirki, hazrat Paygʻambarimiz “Ulamolar paygʻambarlar merosxoʻridir” demishdirlar. Bas, ulamolar bani Isroil anbiyolarining yaxshi sifatlari ila munosif boʻlsalar, zalolat biyobonida sargardon boʻlib qolgʻonlarni toʻgʻri yoʻlgʻa solsalar, johil va avomlargʻa vaʼz va nasihatlar qilub din va shariat buyruqlarini oʻrgatsalar, albatta qanday ulugʻ hodi millat va qanday ulugʻ xodim din va shariat boʻlur edilar. Emdi Turon va Turkiston ulamolariga diqqat ila qarasak nalar koʻrurmiz. Ajabo! Paygʻambarimiz hazratlari buyurgan ulamolar shularmu?! Insof qilmak kerak! Usuli savtiya maktabining haromligini qaysi oyatdan istixroj qilinadur? Muhim va ehtimol milliyoʻnlarcha islom bolalarini oʻqimoqdan va dinga kirganliklarini oʻrganmoqdan moneʼ qilmoq durustmi? Qaysi vijdonli kishi millati islomiyaga bunday ulugʻ jinoyat qilmakni ravo koʻrur?..

Ey Turon va turkistonli qarindoshlarimiz! Qachongʻacha gʻaflat uyqusida yotamiz? Oʻzimizning atfol va ushoqlarimizgʻa qachongʻacha zulm va sitamni ravo koʻrarmiz? Ulamolarimiz ishimizning istiqboligʻa qaramasalar va harakat qilmasalar, biz qachon taraqqiygʻa yuzlanamiz?”

 

 

 

Turkistondagi jadid-qadim mojarosi kabi ichki ziddiyatlar, ijtimoiy-maʼrifiy harakatlar Turkiya, Afgʻoniston, Eron cingari musulmon mamlakatlariga ham xos edi. Musulmonlar hayotini ichdan kuzatgan adiba Stase Vayneykenening xotiralari davri kabi rang-barang. Erini izlab oʻlat tarqalgan joyga borishga ahd qilgan ayolni doya kampir va qirgʻiz feldsher yoʻldan qaytarolmaydi. “Bolalarim bilan yoʻlga chiqdim. Oʻz vataniga qaytish umididan mahrum boʻlib, yovvoyi odamlar orasida choʻlda yolgʻiz qolgandan koʻra oʻlgan afzal, degan qarorga kelgan edim”, deydi u.

 

Ovrupolik baribir ovrupolik-da! Koʻhna qitʼa vakillarining musulmonlar haqidagi qarashlari baʼzan bir-biriga uygʻun kelishidan ajablanmaslik kerak. Britaniyalik jurnalist va tarixchi Piter Hopkirk “Katta oʻyin” asarida Turkistonda izgʻigan ingliz va rus xufiyalarining “Bu yerda oʻzaro kelishmaydigan uchta xon va yarim yovvoyi xalq bor” deb yozganini keltiradi. Stase xonim mustabid garchi millatdoshlari boshiga ogʻir kulfatlar solsa-da, “yovvoyilar” makonidagi rus chegarachilari huzurida (“Zastavaga kelgandan soʻng rus tilidagi suhbatni eshitib xursand boʻlib ketdim”) oʻzini bexavotir his etadi.

 

Xotiralarda musulmon turkiylar hayotiga ovrupocha nazar baʼzan yanglish xulosalarga olib kelgani seziladi. Ovrupolik mehmon turkiylarda oʻtov tikish, shuningdek, tandir, oʻchoq yumushlari qadimdan ayollar zimmasida boʻlganini tushunmaydi. Bundan tashqari, qirgʻiz ayollarining erning mehmonlariga xizmat qilishini choʻrilik, erkaklar davrasida birga oʻtirmasligini jurʼatsizlik deb biladi, ziyofatdan qolgan narsalarni yeyishini hazm qilolmaydi. “Oʻzbeklar va qirgʻizlarning toʻngʻizni koʻrishga toqati yoʻq edi. Choʻchqa bor uyga birorta musulmon hatto och boʻlsa ham qadamini bosmas edi”, deya xotirlaydi Stase xonim. Amudaryo yoqasi – Afgʻoniston bilan chegaradosh togʻli Puli Zindon qishlogʻini eshakda kezgan litvalik qochqin ochiq yuzli oʻzbek ayollarining mehmondoʻstligini eʼtirof etar ekan, mahalliy aholi ruslarni yoqtirmasligini ham qistirib oʻtadi: “Oʻrisiyaga qaram boʻlib qolgan Buxoro aholisi unchalik ham ishonchli emasdi va vaqti-vaqti bilan oʻz vasiylariga qarshi isyon koʻtarardi”.

 

Stase xonimning umid va qoʻrquv, shubha va ishonch orasidagi hayotini toʻgʻri tushunmoq kerak. Muhimi, bitiklarda gʻayirlik yoʻq. Aksincha, oliyjanoblik, mardonalik ufurib turadi. Asar muallifi noziktaʼb adiba, zukko ruhshunos, bilimdon qadimshunos, sinchkov tabiatshunos va ziyrak jamiyatshunos sifatida namoyon boʻladi. Qochqin oila koʻchib yurgan manzillar xaritasi tuzilsa, ular tuz-namak boʻlgan shahru kentlarga, ovloq ovullaru dara-choʻllarga arkoni davlat qadam ham bosmaganiga ishonch hosil qilasiz.

 

Asarda oʻquvchi tang qoladigan oʻrinlar talaygina. Tasavvur qiling: quvgʻindagi oilaning eng katta boyligi – kitob. Mutolaa – bekaning doimiy yumushi. Bolalariga ham tinmay kitob oʻqib beradi. Safar qarib, vatanga qaytar choqda roʻzgʻor buyumlari va kitoblar sotuvga qoʻyiladi. Lash-lushlarning xaridori topiladi, ammo kitoblarga oluvdor yoʻq!..

 

 

 

Sharqqa maftun mazluma

 

“Men sharq bozorlarining misli koʻrilmagan hashamatidan hayratda edim... Har xil uzum solingan katta savatlar, togʻday uyulib turgan, pishganidan yorilib ketgan anor donalari alvon yoqutdek tovlanadi...Uzun rastalar tuslari ol shaftolilarga toʻla. Oʻriklar togʻ-togʻ boʻlib uyulib yotibdi. Qayoqqa qaramang Chorjoʻyning tilimi tilni yoradigan xushboʻy, tillarang qovunlari. Har tusli holvalarning hidi kishini mast qiladi. Shirinliklarning koʻpligidan rastalarning beli bukilib qolgan. Shiravorlar ustida arilar gʻujgʻon. Koʻmirda pishayotgan kabob isi anqiydi, doshqozonlarda palov damlangan, molini maqtayotgan savdogarlarning gʻala-gʻovuri, eshaklarning hangrashi, tuyalarning boʻkirishi – bularning barchasi oʻrganmagan odamni choʻchitib yuboradi”.

 

Qadimiy shaharning tutzor koʻchalariyu bozorlarini aylanib chiqqan litvalik ayol bugungi buxoroliklar uchun ham yangilik boʻladigan maʼlumotlar taqdim etadi: “Buxoroda daraxtlar erta bahor – martda gullay boshlaydi. Atirgullarning xushboʻy ifori shahar uzra taraladi. Oʻzbeklar yasan-tusan qilib, ot va eshaklarini atirgullar bilan bezaydi. Bozordagi togʻ-togʻ atirgullarni atirgul moyi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar sotib oladi”.

 

Turkistonni kezgan masihiy ayol musulmon madaniyati va axloqiga tan beradi. Qumga belbogʻini tashlagancha xushuʼ-huzuʼ ila namoz oʻqiyotgan (“ilohiy bir hayajonda”) oʻzbeklar haqida maroq bilan hikoya qiladi. Amirobodda moychiroqlarning sirli miltillashida ertaknamo manzara – kelin yasantirish marosimida qatnashgan Stase xonim qavat-qavat koʻylak kiygan, boʻyni va qoʻllariga yaltir-yultirlar sepilgan, quloqlari va manglayida tilla taqinchoqlarning toshlari yarqiragan kelinning gʻoza surilgan yuziga havas-la tikiladi. Xira yoritilgan keng oʻtov, patnislar toʻla turfa taom, ipak toʻn kiygan kuyov, sozandalar, ayollarning mahzun qoʻshigʻiga joʻr boʻlgan erkaklar davrasida hayratlanib oʻtiradi.

Kitob shahrining yashil manzaralari, atirgul butalari, quyuq bargli qayragʻochlar, yongʻoqzorlarini koʻrib sevingan xorijlik xonim bozorda savdo qilayotgan keksa oʻzbek cholning nomahramga koʻzim tushmasin deya yuzini kafti bilan yopib teskari qaraganidan hayajonlanadi. Qushlarga ayricha mehr qoʻygan millatdoshlarimiz haqidagi fikrlarini quyidagicha qogʻozga tushirgan: “Oʻzbeklar qush urishtirishni xush koʻradi. Maxsus oʻrgatilgan qushlar uchun katta pul tikishadi. Bozorlardagi choyxonalarda tez-tez qush urishtirib turishadi. Koʻpchilik tomosha qiladi, odamlar bahs boylashadi”.

 

Shahrisabzni tomosha etgan Stase xonim Amir Temur va u qurdirgan masjid haqida ham maʼlumot beradi. U hatto shahrisabzlik tadbirkorlar eshaklarda togʻdan muz keltirib, xandon pista va xushboʻy vanil aralashtirib muzqaymoq tayyorlashi, gunohkorlarga bozorda – xalqning koʻz oʻngida darra urilishi, qarindoshlari olib kelgan yeguliklar va odamlarning xayr-sadaqalari hisobiga kun koʻruvchi mahbuslar saqlanadigan zindonlar badboʻyligini ham nazardan qochirmagan.

 

 

Bir hovlida qurilgan oʻrmakni koʻrib, gilam toʻqish jarayonini kuzatadi va qoʻligul oʻzbek ayollariga tasanno aytadi: “Oʻzbek ayollari qoʻlda tikilgan yoki toʻqilgan buyumlarni turli naqshlar bilan bezashni yoqtiradi. Eng koʻrkam naqshlar erkaklarning doʻppisini bezaydi, joynamozlarni aytmaysizmi – naqshlar xilma-xilligi va ranglar uygʻunligi koʻzni qamashtiradi! Bu oddiy ayollarning mehnati ekaniga ishonish qiyin”.

 

Bir gal Qarshi begi er-xotin shifokorlarni baland oʻymakor tosh devorlar ila oʻralgan saroyida mehmon qiladi. Qoʻnoqlarga atab doshqozonda osh damlanadi. Stase xonim mehmonnavozlikni bunday xotirlaydi: “Bizni ovrupocha stol-stullar va hatto koʻzgular bilan jihozlangan xonalarga olib kirishdi, turli-tuman sharqona shirinliklar va choy bilan mehmon qilishdi. Eshiklar ochilib, bek mulozimlari bilan kirib keldi. Oʻzbekcha salomlashdi va qarshimizdan joy oldi. Bekning egnida kimxob libos tovlanardi. U biz bilan tilmoch orqali gaplashdi, uzoq shimoliy oʻlkalarimiz bilan qiziqdi. Bek qora soqolini tez-tez silar ekan, chiroyli, uzun barmogʻidagi katta yoqut yarqirardi”.

 

Xotiralar muallifi qadimiy kentlar – Buxoro, Shahrisabz, Qarshidagi masjid va madrasalar peshtoqi va devorlariga bitilgan Qurʼon oyatlari – naqshlarning necha asrlar oʻtsa-da yarqirab turishi, ulugʻvor meʼmorchilik qarshisida lol boʻlganini qayd etgan. Qochqin oila qizi Lyuda ichterlama boʻlib qoladi. Shifokorlar qizchaning sogʻayishidan umid uzgan kunlarning birida kasalxonada aravakash boʻlib ishlaydigan keksa chol tumor keltirib beradi. Moʻjizalarga ishonmaydigan ovrupolik xonim toʻrtburchak qilib taxlangan oq mato parchasini hushsiz yotgan qizining boshi ostiga istamaygina qoʻyadi. Atrofdagi koʻpchilik, hatto shifokorlarning ayollari bandalikni bajo keltirayotgan bir vaqtda Ollohning qudrati bilan qizcha tirik qoladi: “Lyuda tuzalganidan keyin bobo keldi va ittifoqo tumorni soʻradi. Cholning ovozida magʻrurlik yoki maqtanchoqlikdan asar ham yoʻq edi. Men undan tumorni bir koʻrishga ijozat soʻradim. U matoni ochdi va bir necha qavat qilib buklangan qogʻozni koʻrsatdi. Unda qandaydir bir duo bitilgan edi, xolos”. Ehtimol, duoning kuchi Staseni Sharqqa maftun etgandir?

 

Kitobda unutilgan qadriyatlarimizdan biri – sardobalar “hordiq chiqarish joyi va umid vohasi” deya tilga olingan. Sardobalar kabi koʻmilgan moziy, quyuq mirzateraklari sokin shitirlagan, son-sanoqsiz ariqlarida suvlar jildiragan Toshkent kechmishini bilishni istagan odam litvalik ayol xotiralarini oʻqisin. Muallif toshkentlik muslimalar haqida yozar ekan, islomda ayollarning bezanishi mohiyatini juda nozik ilgʻagani seziladi: “Ayollar yuzlarini qora ot qilidan chachvon bilan yopadi, uzun kulrang libosga oʻranib, koʻchalar boʻylab arvohday izgʻishadi. Aslida esa, oʻzbek ayollari juda goʻzal, bezanib yurishadi, ammo begonalarning koʻzi uchunmas, faqat oʻz oilasi uchun”.

 

 

Yuz yilda tabiatda ham, jamiyatda ham, odamlarning ongu tafakkurida ham jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bundan bir asr burun togʻlarda qor erishi bilan toshqinlar boʻlishi, Amudaryoning shahru qishloqlarni vayron qilib, ekin maydonlarini yuvib ketishi odatiy hol edi. Bugun na daryo toshadi, na saratonda eriydigan qoru muz bor... Muhojir ayol inqilob girdobiga tushgan Kogonni, qorongʻi kechalardagi mitinglarni eslar ekan, “Uzoq uyqudan uygʻongan xalqda juda ulkan va muhim bir kayfiyat oʻsib borardi”, deydi.

 

Stase xonim shu oʻrinda andak adashgan. Yurt peshvolari nafaqat asr boshi, keyin ham uygʻonish bemisl tarixiy imkoniyat ekanini anglamadi. Jillaqursa, anglaganlarni tinglamadi. Pirovardida, oʻsib kelayotgan “juda ulkan va muhim bir kayfiyat” uyqu bilan oʻrin almashdi...

 

Tuzumlar, hukumatlar almashinuvi doʻkaylarnigina emas, balki avomni ham har tomonlama sinovdan oʻtkazar ekan. Stase xonim Kerenskiy davrida inqilobchi-sotsialist boʻlgan, bolsheviklar kelgach, bir dumalab “qizil”ga aylangan millatdoshi, savodsiz, ammo Buxoroda maorif komissari lavozimini egallagan Shpokas kabi kimsalarni koʻrib koʻzi ochilganini yozadi. Ammo butun boshli bir xalq – koʻringanni pir deb bilgan, ichi-tashi bir boʻlmagan, el boʻlmagan elboshilarga inongan el ulkan fojialardan ham saboq chiqarmagani jumboq...

 

Chorjoʻyga koʻchib oʻtgan oila koʻpchilik singari ocharchilik yoqasida yashaydi. Birinchi jahon urushi tugamagan, rus imperiyasi qulash arafasida. Uzoq davom etgan urush amirlik iqtisodini ham izdan chiqargan: bozorlar va omborlar ship-shiydam, narx-navo baayni tomdan-tomga sakragan mushuk, non quloqqa oʻlchab berilayotgan edi.

 

Butun oʻlkada ocharchilik uzoq davom etganini 1923-yil 8 – 12-iyun kunlari Moskvada boʻlib oʻtgan RKP (b) Markaziy qoʻmitasining toʻrtinchi kengashi ham tasdiqlaydi. Turkiston ASSR raisi Turor Risqulov “Birgina Fargʻona oblastida 400 ming kishi ochlik holatida. Och qolgan bu omma bir toʻgʻram nonga zor...” deydi.

Dahriy bolsheviklarning Avliyootadagi qirgʻinlari guvohi boʻlgan Stase xonim bulutday yopirilgan chigirtka balosini koʻrib dahshatga tushadi va dalayu tuzni, bogʻ-rogʻlarni kunpayakun qilayotgan bu hasharot ochlikdan sillasi qurigan odamlarning joniga ora kirganini yozadi: “Ular chigirtkani xomlay, qovurib va quritib yeyishardi”.

 

 

Ocharchilik Turkistonni butunlay qamrab oladi. Bir kaft un odamdan aziz boʻlgan yillar! “Och bachchagʻardan qoch bachchagʻar” deganlari rost keladi. “Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 169-sonida bosilgan “Margʻilonda ocharchilik” maqolasida oʻqiymiz: “Fargʻonaning qay yeriga borsang, 37-yilning (1837-yil nazarda tutilgan – O. T.) isi keladir. Kundan-kunga Fargʻona ochlik dahshati bilan oʻralib boradir. Bozor, rastalarda ochlikdan tilanib yurgan xotun-qiz, yosh bolalar, moʻysafid chollarning hisobi yoʻqdir. Bularning oralarida ochlikdan shisha boshlagʻonlari ham koʻp koʻrinadir”.

 

Oʻsha davr matbuotida yozilishicha, Margʻilonda ochlarga koʻmak niyatida oʻtkazilgan sayilda hatto qimor oʻynashga ijozat beriladi. Qimor boshlanishi bilan shaharda koʻp tartibsizliklar kuzatiladi. Margʻilonliklar qimorbozlikni bitirishni soʻrab mahkamai shaʼriyaga murojaat etadi. Sobiq xonliklar va amirlik hududida bezgak kirmagan xonadon qolmaydi hisob. Moskvadagi yigʻinda Fargʻonadagi ahvoldan soʻz ochgan davlat va jamoat arbobi Inomjon Xidiraliyev “Oʻtgan yili yozda shaharlarda bezgakdan oʻlganlar soni kuniga 100-150 kishini tashkil qilgan, qishloqda hech kim buning hisobini yuritolmagan”, deydi.

 

Buxoroda bezgak tufayli qishloq va ovullar, mahallalar huvillab qoladi. Buxoro xalq shoʻro jumhuriyati rahbari Fayzulla Xoʻjayev qizil imperiya rahbarlariga yosh respublikadagi tashvishli ahvolni quyidagicha bayon etgan: “Inqilobga qadar uch million aholiga ikkita doktor va bitta dorixona toʻgʻri kelar edi. Hozirgi vaqtda barcha asosiy shaharlarda uncha katta boʻlmagan shifoxonalar, yirik punktlarda feldsherlik shoxobchalari mavjud. Ammo bezgak bu – xalqimiz boshiga kelgan balo. Shu tufayli koʻpchilik Buxoroga borishdan bosh tortadi. Biz bezgakka qarshi katta kurash olib boryapmiz. Germaniyadan 150 pud xina sotib olib, uni Moskva orqali Buxoroga joʻnatdik. Bezgakka qarshi beshta stansiya Moskvadagi stansiyalar uslubida jihozlandi. Doktor Isayev boshchiligidagi rus vrachlari guruhi joyga borib, botqoqliklarni quritish, aholini davolash bilan shugʻullanmoqda”.

 

Zehniyatdagi rishta

Kogon yaqinidagi Amirobod qishlogʻida yashagan Stase xonim Buxoroning bir-biriga ulanib ketgan paxsa uyli, meshkoblar suv sepib oʻtadigan torkoʻchalarini erinmay tomosha qiladi. Qimmatbaho gilam yopilgan, kumush va feruza toshlar bilan bezatilgan koʻrkam arab otlarida gerdayib oʻtayotgan bek va qozilarning qoʻllarini koʻksiga bosgancha salom berayotgan avomga zarracha qiyo boqmasligidan taajjubga tushadi. Buxoroning jinkoʻchalari, u yoqdan-bu yoqqa oʻtib-qaytayotgan paranjili ayollar sirli-tilsimli tuyuladi; koʻhna kent uning koʻziga Injilga ishlangan suratlardagi shaharga oʻxshab koʻrinadi.

 

Muhojir shifokorning rafiqasi musulmon qiz-juvonlar hayotiga qiziqish bilan qaraydi. Biroz ruscha biladigan qizini amir haramiga uch yuz toʻrtinchi yoki beshinchi tanmahramlikka uzatayotgan otani koʻrib hangu mang boʻlib qoladi. Palangalik ayolning Buxoroda koʻrganlari ham tarix ishqibozlari uchun gʻoyatda ibratli: “Bozordagi choyxonada dam olib oʻtirgan edik, eshaklarni yetaklab ketayotgan va ulov mingan odamlarga koʻzimiz tushdi. Ularning ayrimlari yahudiylar edi. Agar oldidan biron bir oʻzbek piyoda oʻtib ketayotgan boʻlsa, yahudiylarga ulovda yurish taqiqlangan edi. Ular oʻzbeklarga oʻxshab koʻrkam ipak kiyim kiyolmasdi. Kambagʻal yahudiylar boʻz choponlarini chiroyli belbogʻ bilan emas, balki chilvir bilan bogʻlardi...” Buxoro amirligida yashovchi yahudiylar jizya – jon soligʻi toʻlagan.

 

 

Qochqin ayol xotiralari yuz yil burun ham amirlikda obihayot taqchil boʻlganini tasdiqlaydi: “Suvning toʻgʻri taqsimlanishini amaldorlar – ariqoqsoqollar nazorat qiladi. Yaqingacha suv oʻgʻrilari qattiq jazolangan ekan: birinchi marta – chap qoʻli, takror ushlansa – oʻng qoʻli kesilgan, uchinchi marta suv oʻgʻirlagan kimsa oʻlimga buyurilgan”.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy “Buxoro amorati” maqolasida (1915) “Ikki million xalq uchun buxoroyi ikki doʻxtur emas, birgina feldsher-da yoʻq” deb kuyungan edi: “Buxoro rijoli hukumat yolgʻuz oʻz nafsini, oʻz kayfini, oʻz besh kunligini koʻrar. Tabaʼagʻa, millatgʻa, islomiyat va musulmonlargʻa na boʻlsun, shul boʻlsun va alar qaygʻusini chekmoqgʻa fikri yetmas yoinki istamas”.

 

Stase xonim xotiralari muftiy hazratning fikrlarini toʻliq tasdiqlaydi. Chor maʼmurlari yashagan shaharda esa temiryoʻlchilar uchun shifoxonalar ochilgan va u yerda ovrupolik doktorlar ishlagan. Abdurauf Fitratning “Najot yoʻli” asaridagi quyidagi jumlalarni ham iztirobsiz oʻqib boʻlmaydi: “Barchaga maʼlumki, yozning uch oyida shahrimizdagi koʻpchilik odamlar kasal boʻladilar. Bu bechoralarning koʻpchiligiga yigirma-oʻttizta rishta chiqib, boshdan oyoqlarigacha qon va yiringga gʻarq boʻlib yuradilar. Har bir xonadonda toʻrt-beshta odam oʻttiz-qirq kunlab isitmalab yotadilar”.

 

Tabobatning yoʻqligidan millat zoye boʻlayotganiga achingan Fitratning bongi koshki oʻz zamonasigagina taalluqli boʻlsa: “Muhammadning yuzlab ummatlari jarohatlariga malham boʻladigan dori orzusidadirlar, ularning chekkan nolai ohlaridan maloikalar qalbiga ham iztirob tushadi”. Fitratga zamondosh litvalik ayolning quyidagi xotiralari eʼtirofdek koʻrinsa-da, aslida, ayanchli hayot manzarasidir: “Koʻchada gʻaroyib tabiblarni uchratish mumkin, ular shu yerning oʻzida ogʻrigan tishingizni olib tashlaydi yoki nozik xivich bilan mushaklar orasidagi qurtni ipday sugʻurib oladi. Bunday qurtlar turib qolgan yoki notoza suvni ichadigan kishilarda boʻlarkan. Yevropada vrachlar buni qanday davolashni bilmaydi deyishadi, faqat oʻzbeklargina bu qurtlarni xivichlar yordamida chiqarib olarkan va bu juda koʻp vaqtni talab qilarkan”.

 

Bundan yuz yil burun mohir tabiblar rishtani teri ostidan ming bir mashaqqat bilan boʻlsa-da sugʻurib olgan. Haq-rost, vujuddagi dard ertami-kech tuzaladi, albatta. Ammo ongu tafakkurdagi, ruhiyatdagi illatlarga qaydan davo izlaymiz? Tabiblar chorasiz qolgan, choʻpga ilinmagan rishtalar milliy zehniyatimizni egallagandek. Unga “halollik vaksinasi” kor qilarmikan?! Qayoqqa qaramang, rishta qullari, rishtasevarlar... Islohotparvarlik nafsparvarlikka aylanib ketganday, nazarimizda. Bir koʻnglimiz “Koʻrinmas rishtalarning barhayotligi shundan” desa, yana bir koʻnglimiz “Tabibning oʻzi bemor boʻlsa-chi” deydi.

 

 

Kitob yaqinida, Samarqand togʻlarida joylashgan moxovlar qishlogʻi gʻayridin shifokorni dahshatga soladi. Moxovga ham marhamatli boʻlgan oʻzbekka qoyil qolgan muhojir ayol hikoyasi baribir koʻngilni xira qiladi. Tarixiy manbalarda ushbu bedavo dardga yoʻliqqanlar Buxoro shahrida – Guzaripesyonda jamoa boʻlib yashagani haqida maʼlumotlar uchraydi. Shaharliklar tanasi oqarib ketganlarni moxovlardan ham badtar yomon koʻrgan. Ularning aqidasiga koʻra, Olloh moxovni bandaning gunohi uchun bergan, pes esa butun bir avlodning gunohlari oqibatidir.

 

Guzaripesyondagilar xayr-sadaqa evaziga kun koʻrgan. Bundan tashqari, oʻzlariga tegishli bogʻ-rogʻ va yer ijarasidan tushgan daromad oilalar oʻrtasida teng taqsimlangan. Guzarning oʻz masjidi, hammomi, bozori va maktabi boʻlgan. Guzar ahli oralaridagi ilmlilarni qozi, mulla va oqsoqol etib saylagan. “Taqdirga ishonuvchi oʻzbeklar xavfdan qoʻrqmaydi, kasal boʻlishsa, davo izlashmaydi, ular taqdirdan qochib qutulib boʻlmaydi, deyishadi. Peshonada borini itoatkorlik bilan qabul qilishadi, nolishmaydi”, deya xotirlaydi muallif. Odamni xotiralar yomon ezadi. Qaddimiz tarixning malomat va taʼnalaridan bukilgan. Evoh!.. Oʻtmish xatolari oldida Alpinbiydan qolgan oʻn toʻrt botmon birinchdan boʻlgan parli yoy qushning qanotiday gap!

 

Moziy bamisoli kamon

Stase xonim Karkida ham Puli Zindonda boʻlgani kabi rus garnizoni borligini yozadi. Deyarli butun bir mavzeni egallagan ulkan bozorda dunyoning turli burchaklari – Amriqo, Angliyo, Farangiston, Olmoniya, Hindiston, Eron, Afgʻoniston, Chin yurtidan kelgan savdogarlarni uchratadi. Karkida olislarni koʻzlab yoʻlga chiqqan karvonlar, sayyoh qadami yetmagan ellarning toy-toy gilamlari, qorakoʻl, qimmatbaho moʻynalarini, qop-qop guruch, bugʻdoy, arpa, joʻxori, mayiz, kishmish, chigit, pillani, kokildek eshilgan uyum-uyum qovunqoqilarni, turli mamlakatlarning oltin va kumush pullarini togʻ qilib taxlagancha qoʻli-qoʻliga tegmay ayirboshlayotgan hind sarroflarni koʻradi.

 

Bozor oʻz oti bilan bozor-da! Turfa tillar shovqini tinmaydigan ulkan izdihom... Afgʻon tujjorlarining tuya karvoniga, yuzlab qoʻngʻiroqlardan taralayotgan musiqa – sokin va mayin tovushga mos qadam tashlayotgan sahro kemalariga maftun Stase xonim uchun har qadamda uchraydigan choyxonalarda kabobxoʻrligu oshxoʻrlik qilayotgan, togʻ-togʻ uyulgan holva va turli shirinliklar savdosini qizitayotgan, “La ilaha illalloh!” deya baqirib yurgan darveshlarga xayr-sadaqa ulashayotgan musulmonlarni kuzatish zavq bagʻishlaydi, albatta. Qochqin shifokorni noziktaʼb zargarlar yasagan tilla buyumlar, Iskandar Maqduniy tasviri tushirilgan qadimiy kumush tangalar, yashil tusga kirgan dubulgʻalar va sovutlar ham hayratlantiradi: “Bilguvchi kishilar ularga shubha bilan qaraydi. Sotib olayotganda ehtiyot boʻlgan maʼqul. Chunki oʻzbeklar antiqa buyumlarni qalbakilashtirishda ustasi farang”.

 

Karkida salkam bir yil istiqomat qilgan Stase Vayneykene millatdoshlarimizning Ramazonga atab yangi ust-bosh tikishi, uy-joylarini tartibga keltirishi va iftorlik uchun bozor-oʻchar qilishini qiziqsinib kuzatadi. Olloh farz qilgan roʻza mohiyatini oʻrgangan masihiy ayol “Quyosh botishi bilanoq oʻzbeklar bizda Pasxa bayramidagi kabi jonlanishadi, yeb-ichishadi. Tun boʻyi koʻngilocharlik qilishadi, qoʻshiq aytib dam olishadi”, deb yozadi. Sigʻindi ayol Ramazon hayitini koʻrkam liboslarda shodu xurramlik bilan kutib olayotgan musulmonlarga qoʻshilib bayram qiladi: “Kun botganda masjidda oʻqilgan soʻnggi tantanali namozdan soʻng olomon daryo boʻyida, mahalliy bekning qasri roʻparasida joylashgan, ertakdagiday fonuslar bilan bezatilgan katta maydon tomon yuradi. Uzoqdan hammani bayramga chorlayotgan karnaylarning gʻaroyib tovushlari eshitiladi”.

 

 

Stase xonim qizlardek yasangan oʻgʻil bolalar – bachchalar raqsi va turkman yigitlarning koʻpkari chopishini tomosha qilar ekan, “Tonggacha karnay sadolari ostida xudojoʻy oʻzbeklar koʻngilxushlik qilib aqldan ozadilar” demoqdan oʻzini tiya olmaydi. Bir yoqda tasbehni qoʻldan qoʻymaydigan taqvo ahli, ikkinchi yoqda esa muqaddas mozorlar atrofidagi daraxt shoxlariga guldor mato qiyqimlari ilishni tark etmaydigan shirk ahli... Moziy urfdan qolgan qora chiroq emas. U bamisoli kamon. Biz ana oʻsha koʻhna kamondan otilib chiqqan oʻqmiz. Sadoqda paykonlar bisyor. Har bir avlod uchib borayotgan paykon ekanini bilsa, kamonni yoddan chiqarmaydi.

 

Qonga botirilgan Buxoro

Tarixga “Kolesov voqeasi” degan nom bilan kirgan mashʼum qirgʻinbarot guvohi boʻlgan muhojir ayol muarrixlar nazaridan chetda qolgan xunrezliklar haqida hikoya qiladi. Avvalroq Turkiston muxtoriyatini qonga botirgan, Qoʻqonning kulini koʻkka sovurgan jallod – Fyodor Kolesov qoʻmondonligidagi qizil armiya Buxoroga yurish qiladi. Buxoro hukmdori Olimxon esa, oʻsha davr matbuotida yozilganidek “hech vaqtda sovet hukumati bilan urushmoqni istamas va istamoqqa kuchi ham yoʻq boʻlib, sovet hukumati ila ittifoq va doʻst boʻlmoq xayoli va fikrida edi”.

 

Stase xonimning Buxoroda bolsheviklarga “yosh oʻzbeklar” qoʻshilgani haqidagi fikri jinday tasʼheh – tuzatishga muhtoj. “Jabrda nodir, zulmda mohir” Kolesov bilan hamkorlik qilgan siyosiy harakat “Yosh buxoroliklar” edi. Kolesovchilarning mamlakatni “Yosh buxoroliklar”ga topshirish talabiga koʻnmagan amir xalqni muqaddas urush – gʻazovotga otlantiradi. Stase xonim gʻoziylarni bunday tasvirlaydi: “Odamlar ketmon va pichoqlar bilan qurollanib, Olloh nomi bilan, Kolesovning bolsheviklarini oʻldirishga borgan”.

 

Ming-minglab shahid, xunolud Buxoro...

Qizil qoʻshin magʻlubiyatini koʻrgan Kolesov 1918-yil 7-mart kuni Samarqand tomon chekinadi. Qoʻmondon oʻzi bilan birga barcha ovrupoliklarni poyezdlarga bosib (“Oʻn ikkita eshelonga yetti ming kishi liq toʻldi”) Toshkentga chekingani “Palangalik qochqin ayol xotiralari”da batafsil tasvirlangan. Muallif qattol zobitning qavmdoshlarini choʻlda ogʻir ahvolda qoldirib qochishga uringani, askarlarning talonchiligiyu ashaddiy xunxoʻrligini ochiq yozadi: “Yoʻlovchilar oʻgʻirlangan kiyim-kechaklarni kiya boshladi, endi ipak kiyimlarga oʻranib, vagon tomida oʻzbek koʻrpalarini yopinib yotgan odamlarni koʻproq koʻrish mumkin edi”.

 

Orzudagi vatanni izlab

Muhojirotda koʻp va xoʻb qiynalgan ayol hatto tushlarida ham vatanini koʻradi. Adoqsiz gʻam-gʻussa, azob-uqubat bilan kechgan hayotga mazmun baxsh etib turgan nur – Vatan! Qochqin odam ming zoʻr boʻlsin, begona yurtda baribir tili qisiq, qoʻli kalta boʻladi. Dengiz havosida ulgʻaygan Stase xonim Turkiston quyoshiga tob berolmay qolgan choqlari ona yurtining oqish, yomgʻirli osmoni boʻylab suzib yuruvchi cheksiz bulutlarini sogʻinadi. Xalqimizda “Sayil ham sayil, sargardon ham sayil” degan purmaʼno maqol bor. Stase xonimning xotiralari sargardon saylidir. Toshkentdan poyezdga oʻtirgan litvalik oila vatanga qaytayotganiga behad quvonadi. Qozogʻiston choʻllaridan oʻtgan eshelon Ural togʻlariga yetgach, ocharchilik nafaqat Turkistonni, Oʻrusiyani ham zabtiga olgani ayon boʻladi. Stase xonim hammayoqda dahshatli azob iskanjasidagi son-sanoqsiz och odamlar chumoliday gʻimirlab yurganini qayd etadi.

 

 

Rus yozuvchisi Aleksandr Neverov xuddi oʻsha yillar Volgaboʻyidagi ommaviy ocharchilik haqida “Toshkent – non shahri” degan qissa bitgan. Atoqli rejissyor Shuhrat Abbosov salkam oltmish yil burun suratga olgan shu nomdagi filmni koʻrmagan, oʻzi muhtoj boʻlsa-da, ochlikdan sillasi qurigan shimolliklarga non bergan xalqimizning oliyjanobligidan faxr tuymagan yurtdoshimiz kam boʻlsa kerak. Alqissa, uzoq ayriliqdan soʻng vatanga qaytayotgan bu oila it azobida Moskvaga yetib boradi. Ularni Litva vakolatxonasiga joylashib olgan olibsotar amaldorlar qarshi oladi. Stase xonim alamdan “Litvaning bu yerdagi gumashtalari shunchalik pastkashlikka borgan ekan, unda biz orzu qilgan Litva qayerda qoldi?!” deya hayqiradi.

 

Ne tongki, ona yurtda surgundan qaytgan oilaga yotlardek qarashadi. Hayot qiyinchiliklaridan qoʻrqmaydigan, irodasi metin, millatsevar ayol xotiralari iztirobli yakun topgan: “Kichkinamning qorni ochib, injiqlik qilardi. Men shishachani olib, qoʻlimda bir yarim marka bilan sut izlab ketdim. Oʻtgan-ketganlardan qayerda sut sotib olish mumkinligini soʻrardim. Uzoqdagi bir kulbani koʻrsatishdi. Uyga kirdim, sigir sogʻilmagani uchun kutishim kerak edi. Uy bekasi shishachaga sut solib berdi, ammo pul olmadi. Bir boʻlak non va dudlangan goʻshtdan kesib qoʻlimga tutqazdi. Gʻira-shira oshxonadan qanday chiqqanimni bilmayman. Koʻksim achchiq koʻzyoshlardan titrardi: men yigʻlab borardim. Sut uchun pul olmadi, demak, menga sadaqa beribdi. Men shunchalik sogʻingan ona yurtimga qaytganimda ana shunday ahvolda edim! Yuragim ezilib ketdi. Hatto eng qiyin damlarda ham sadaqa soʻrashimga toʻgʻri kelmagan. Ona yerga qadam qoʻyishim bilan sadaqaga “sazovor boʻldim”.

 

Xotiralar har kimda har xil taassurot qoldiradi, albatta. Kimdir unga ozodlik uchun kurash tarixi sifatida qarasa, boshqa birov “Turkiston tanazzuli haqida ekan” der. “Stase xonim sadoqati pokdomon momolarimizni yodga soladi” deydiganlar ham haq. “Yoʻq, bu – millatga vasiyatnoma!..” deguchilarga ham eʼtiroz bildirmaymiz.

Yaxshi asar afkor ommada bahs qoʻzgʻashi bilan qadrli. “Bir kun tuz yegan joyga qirq kun taʼzim” maqoliga amal qilib xotiralar bitgan Stase xonim bilan Turkistonda bir yarim asrdan beri yashasa-da, oʻzbekona hayotga zarracha qiziqmagan, oʻzbekning dini, tili, urf-odat va qadriyatlariga hurmat bajo keltirishni kamsitilish deb biladigan, otdan tushsa ham egardan tushmaydiganlarni taqqoslasangiz...

Oʻh-hoʻ-oʻ!..

Ular samimiy, begʻaraz bitiklar bitgan dindoshi boshidan suv oʻgirib ichsin.

“Palangalik qochqin ayol xotiralari” – bagʻrikeng oʻzbek xalqiga ehtirom ramzi.

 

Olim TOSHBOYEV

“Tafakkur” jurnali, 3-son

“Mazlumaning koʻzyoshlari” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 146
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//