«Radikallashtiruvchi konveyer» fenomeni – ijtimoiy tarmoqlar bizni qanday mutaassiblashtiradi?


Saqlash
16:05 / 02.09.2025 82 0

Qanday qilib «begʻubor kontent» oxir-oqibat mizoginiyaga yetaklaydi?

 

Sezayotgan boʻlsangiz internet tarmoqlari milliy segmentida ayollarga nisbatan zoʻravonlik aks etgan kontent koʻpaydi: bittasi “yurgan qizi”ni yotqizib tepkilagan, boshqasi xotinini boʻgʻizlagan, yana kimlardir norasida qizni hayvondek xoʻrlagan va hokazo.

 

Albatta bular — alohida holatlarni boʻrttirib koʻrsatish, shov-shuv ortidan “murid” toʻplash yoki tabiiy psixologik buzilish natijasi boʻlishi mumkin. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, jamiyatda radikallashuv kuchayishida algoritmlarning “xizmati” ham kam emas.

 

«Titanik»dan – erkaksentrizmgacha

 

2023-yilda Shvetsiya va Italiya olimlari tomonidan eʼlon qilingan tadqiqotda qanday qilib oddiy onlayn kontent ayollarga nafrat va agressiyaga olib kelishi ilmiy jihatdan ochib berilgan. Uzundan-uzun tadqiqot mazmuni oddiy qilib tushuntirganda bunday:

 

“Hali ona suti ogʻzidan ketmagan Yigitalini sevgani rad etadi. Bola tabiiyki eziladi, bagʻrini zaxga berib Youtubedan «Titanik”ni qidiradi, Instagramiga darz ketgan yurakcha rasmini qoʻyadi va hokazo. Hushyor algoritmlar uchun shu yetarli. Darrov ishga kirishadi. Qizning javobidan kuygan yigitga “erkakning dilini ogʻritgan ayol oʻtinlikka munosib”, “ayolni boʻysundirish yoʻllari” mazmunidagi keskinroq materiallarni taklif etadi, chunki ular, deylik, “sabrli boʻl, boʻtam, hali hammasi oldinda” degan pand-nasihatdan koʻra odamni oʻziga koʻproq jalb qiladida.

 

Natijada, oʻsmirning biryoqlama fikrlashga moyilligi oshadi, ijtimoiy tarmoqlarda oʻziga oʻxshaganlar yigʻilgan onlayn hamjamiyatlar, deylik manosfera (erkaksentrizmni targʻib etadigan, ayol zotiga ongsiz mavjudotdek qaraydigan radikal-ekstremistik onlayn guruhlar) taʼsiriga tushib qoladi, virtual safdoshlarining “mard boʻl, qizingga oʻz joyini koʻrsatib qoʻy” mazmunidagi maslahatlari esa undagi nafratni yanada kuchaytiradi, hatto agressiyaga undaydi.

 

Konveyer qanday ishlaydi?

 

Yigitali tushib qolgan “radikallashtiruvchi konveyer” fenomenini mutaxassislar “radikal gʻoyalar quvuri” (alt-right pipeline) yoki “quyon ini” deb ham ataydi.

 

Konveyerning mazmun-mohiyati shundan iboratki, ijtimoiy ongi shakllanib ulgurmagan insonlar, ayniqsa oʻsmir yigit-qizlar algoritmlar tomonidan avtomatik ravishda tanlangan kontent girdobiga tushib qoladi, natijada oʻz dunyoqarashini sezilarli oʻzgartiradi. Tadqiqotlarga koʻra, bu ayniqsa, Covid pandemiyasi davrida yaqqol koʻzga tashlangan – ilk bosqichlardayoq antivaksinatsiya tarafdorlarining onlayn auditoriyasi soni 19 foizga oshgan. Mutaxassislar konveyer ishlashini quyidagi bosqichlarga boʻladi:

1. Norozilik va oʻziga ishonchsizlik – odamda hayotdan, tizimdan, ijtimoiy adolatsizlikdan norozilik hissi paydo boʻladi.

 

2. Murakkab masalalarga oddiy javob topish istagi – kishilar qiyin koʻringan muammolarga “yomonlar”ni ayblash orqali sodda “yechim” izlaydi.

 

3. Xayrixoh guruhlarga qoʻshilish – oʻz fikriga hamohang boʻlgan guruhlarni internetdan topadi.

 

4. Qarashlarning mustahkamlanishi – onlayn guruhlar odamni aqidaparastlikka, “biz va ular” dixotomiyasiga tortadi.

 

5. Fanatizm yoki zoʻravonlikni oqlash – eng oxirgi bosqichda shaxs zoʻravonlikni adolat deb biladi, unda ishtirok etishga tayyor turadi.

 

Algoritmlar faqat sizning xohish-irodangiz inʼikosi emas

 

Koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlar tasmasi foydalanuvchi qiziqishlari – nimaga layk bosib, kimni gʻiybat qilgani yoki qaysi foto/videoga uzoqroq termilib qolganidan kelib chiqib shakllanadi, deb oʻylaydi. Umuman olganda, shunday. Ammo, soʻnggi kuzatuvlar algoritmlar sizning harakatlaringizsiz ham – tabiatan ur-yiqit, provokatsiya va keskinlikka oshufta ekanini koʻrsatmoqda.

 

Masalan, shu yilning fevralida Global witness markazi oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, Germaniyadagi federal saylovlar arafasida Tiktok va Tvitter (x) foydalanuvchilarining shaxsiy lentasida (“tasodifiy” kontent taqdim etuvchi “for you”/ “sen uchun” boʻlimida) tavsiya etilgan siyosiy kontentning 78 foizida ultra oʻng millatchi partiya – “Muqobil germaniya” gʻoyalari aks ettirilgan. Vaholanki, partiyaning real qoʻllovchilari nisbati 20 foizga ham yetmagan.

 

Aytish kerakki, “Muqobil Germaniya” partiyasi natsizm va ksenofobiyani qoʻllab-quvvatlovchi qarashlari uchun shu yilning may oyida Konstitutsiyani himoya qilish federal byurosi tomonidan “ekstremistik tashkilot” deb topilgan.

 

2024-yilda Texas universiteti olimlari eʼlon qilgan maqolada aytilishicha, “platformalar, ayniqsa Tiktok tasmasi, foydalanuvchi didini aks ettiruvchi oddiy passiv vosita emas. Aksincha, «konveyer” funksiyasi orqali ishlovchi mukammal tizim. Yaʼni, radikal va oʻta oʻng mazmundagi kontentning virusli xususiyat kasb etishi tasodif yoki foydalanuvchilar kliklari hosilasidan koʻra, algoritmlar ishlashining kutilgan oqibatidir».

 

Yuqoridagilardan xulosa shuki, algoritmlar uchun muhimi “mijoz”ni ushlab qolish, buning eng oson va sinalgan usuli esa olomonga “gladiatorlar tomoshasi” uyushtirish. Qon va zoʻravonlikning inson ruhiyatiga salbiy taʼsiri esa ular uchun – sariq chaqa.

 

Nima qilish kerak?

 

Hozircha “radikallashtiruvchi konveyer”ni toʻxtatishga qodir biron aniq mexanizm, harakatlar strategiyasi yoki moʻjizaviy tabletka ishlab chiqilmagan. Toʻgʻri, urinishlar bor. Masalan, Yevropa ittifoqining 2024-yil fevralda kuchga kirgan “Raqamli xizmatlar toʻgʻrisida”gi qonuni platformalardan oʻz algoritmlarining ishlash prinsipini oshkor qilishni talab etadi.

 

Biroq, aksariyat mutaxassislar fikricha, holatni yaxshilash uchun yanada keskinroq choralar va jamoaviy iroda kerak. Deylik, platformalar ragʻbatlantiruvchi omillarini oʻzgartirishi, tadqiqotchilar ishonchli nazorat va audit tizimlarini ishlab chiqishi, siyosatchilar esa texnogigantlarni tartibga chaqiradigan qatʼiy qoidalarni joriy etishi lozim.

 

Ammo, eng muhimi, bu – mediasavodxonlik. Agar ijtimoiy tarmoq va algoritmlarni yirik oshxonalar tarmogʻi, deb oladigan boʻlsak, foydalanuvchilar u yerda taomlar qanday tayyorlanishini yaxshi bilishi, ularga taklif qilinayotgan har qanday yegulikni yeb ketmasligi va albatta raqamli menyudan oʻzlariga kerakli ratsionni tanlay olishi zarur.

 

«Tushunchalarni almashtirish» manipulyatsion texnologiyasi

 

Yoki “liberal” “nudist” degani emas, xuddi “rijol” “terrorchi” boʻlmaganidek.

 

2022-yilning sentyabrida Qozogʻiston maktablarining 5-9 sinf oʻquv dasturiga “global huquqlar” nomli yangi fan qoʻshilishi internet tarmogʻining mahalliy segmentida katta bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

 

“Qozogʻiston ota-onalar kengashi” bu qarorni bolalar ongiga “gʻayriaxloqiy madaniyat”ni singdirishga urinish deb eʼlon qildi. Darslik mualliflarini javobgarlikka tortishni soʻrab, bosh prokuraturaga ommaviy murojaat yoʻlladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, oʻquv dasturining “halollik va etika” boʻlimida gender tushunchasi va davlatning ayni yoʻnalishdagi strategiyasi haqida ham ikki ogʻiz soʻz borgan. Yaʼni, shu birgina termin virtual jamoatchilik, jumladan “Ota-onalar kengashi”ni junbushga keltirgan.

 

Factcheck.kz nashri bosh muharriri Medet Yesimxanov “gender” soʻziga olomonning kutilmagan qarshiligini kaznetda ayrim guruhlar tomonidan bu terminning doimiy demonizatsiya (biror narsadan “dushman” obrazi yaratish) qilinishi, deylik uni “anaʼnaviy oilaviy qadriyatlarni parchalovchi kuch” sifatida talqin qilinishi bilan izohlagan.

 

Mutaxassisning fikricha mazkur keysda “tushunchalarni almashtirish” manipulyatsion texnologiyasi boʻy koʻrsatgan. Bu shunday usulki, odamlarning biror hodisaga nisbatan munosabatini oʻzgartirish va ularni manipulyator istagan yoʻnalishga burish maqsadida bir soʻz yoki tushunchaning asl maʼnosi boshqa, koʻpincha emotsional jihatdan kuchli yoki salbiy maʼnoga ega soʻz bilan almashtiriladi.

 

Bu qanday ishlaydi?

 

1.Asosiy tushuncha tanlanadi. Jamiyatda muhim ahamiyatga ega va omma ongiga oʻrnashgan, ayni paytda odamlar his-tuygʻusi va qarashlariga taʼsir qiladigan atama yoki gʻoya tanlanadi. Masalan, liberal yoki liberalizm tushunchasi.

 

2. Asl maʼno oʻzgartiriladi. Tushunchaning haqiqiy maʼnosi maxsus kontekstda boshqa, manipulyator manfaatiga xizmat qiladigan mazmun bilan almashtiriladi. Deylik, liberalizm — erkinlik emas, axloqsizlik ekaniga urgʻu beriladi.

 

3. Ommaviy demonizatsiya. Mediada “umumbashariy” qoralov kampaniyasi start oladi, kim oʻzini liberal yoki liberal gʻoyalar tarafdori desa ikkilanmasdan “besoqol”, “nudist” yoki “amerikaparast”ga chiqariladi va hokazo.

 

4. Oqibat. Ommaviy takror va negativ kontekst taʼsirida koʻpchilik yangi (notoʻgʻri) maʼnoni haqiqat deb qabul qila boshlaydi. “Liberal qadriyatlar = behayolik” degan xulosaga kelinadi, liberalizmga qarshi kayfiyat – erkin fikr va islohotlarga qarshilik kuchayadi.

 

Boshqa misol. Qaysidir psixopat-kasal deylik roʻmol oʻramagani uchun ayoliga qoʻl koʻtargani yoki hali oq-qorani tanimaydigan, dunyoqarashi shakllanmagan oʻsmir adashib taqiqlangan maʼruza tarqatgani haqida xabar chiqsa ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim guruhlar yoki norasmiy axborot tarqatuvchi kanallarda oʻsha jinoyatchini «rijol«, «rijolvachcha« deb taʼrif berish-tanishtirish koʻp kuzatilyapti.

 

Bu esa omma ongida aslida sahih hadislar yigʻish-aytish bilan shugʻullanuvchi kishilarga nisbat beriladigan bu soʻz “ekstremist” yoki “terrorchi” soʻzlari bilan bir xil fiksatsiya qilinishiga olib kelishi mumkin.

 

Qanday oqibatlari bor?

 

“Tushunchalarni almashtirish” manipulyatsiyasi jamiyatning eng muhim institutlari va qadriyatlariga putur yetkazadi, odamlarning reallikni toʻgʻri idrok etish qobiliyatini susaytiradi.

 

Bundan tashqari, yolgʻon maʼlumotlar va nafrat tili “oddiy hol”ga aylanadi, jamiyatda sogʻlom bahs-munozaralarga oʻrin qolmaydi, insonlarni murakkab mavzular haqida toʻgʻri qaror qabul qilishdan chalgʻitadi.

 

Shuning uchun tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va axborotning asl mohiyatini anglashga harakat qilish juda muhim.

 

«Yarim chin, yarim yolgʻon» va “anekdotal dalil”

 

Yaqinda taniqli fikr liderlaridan biri oʻz sahifasiga shunday yozdi: “Husni Muborak Germaniyaga davolanish uchun borganida bir nemis shifokori sherigiga bu odam Misrni 30-yildan beri boshqarayotganini aytadi, shunda hamkasbi – demak u qallob prezident ekan, 30-yil ichida oʻz davlatida tuzukroq kasalxona qurmabdi, deydi”.

 

Mana shu toʻrt qatorli postda bir nechta manipulyatsion texnologiya ishlatilgan.

 

Yarim chin, yarim yolgʻon (half-truths / partial truths) texnologiyasi. Muborakning Germaniyaga borib davolangani rost. Lekin, ikki shifokor oʻrtasidagi dialog haqiqatda yuz bergani haqida hech qanday dalil yoʻq. “Putinning tushiga Karimov kirib, unga urushni toʻxtatishni buyuribdi” kabi toʻqima gap.

 

Bunday usul foydalanuvchini chalgʻitadi, chunki u maʼlumotning bir qismiga ishonsa, qolgan qismini ham haqiqat deb qabul qilish ehtimoli oshadi.

 

“Anekdotal dalil” (anecdotal evidence) usuli – ilmiy yoki tizimli tadqiqotlarga asoslangan faktlar oʻrniga, ayrim hodisalar yoki guvohlar asosida butun tizimga xulosa berishga urinish. Bu oʻrinda, ismi ham nomaʼlum birgina shifokorning “guvohligi” butun bir davlatning sogʻliqni saqlash tizimi “rasvo” degan xulosaga yetaklayapti.

 

Katta ehtimol, muallif bu posti orqali “oʻzimizda ham tibbiyot rasvo” ekanini aytishni maqsad qilgan. Agar shunday boʻlsa, undan koʻra, real muammolarni olib chiqish, konstruktiv tanqid qilish davlat uchun ham, jamiyat uchun ham foydaliroq.

 

Aql emas, hissiyotni qoʻzgʻatadigan yarim chin yoki latifanamo “dalillar” muammoning yechimidan koʻra umumiy negativ infomuhit va umidsizlik shakllanishiga xizmat qiladi.

 

«Counterspeech»

 

Agar qaysidir xaypsevar yoki omma eʼtiboriga tushishning munosib yoʻlini topolmagan odam internetda “viloyatliklar koʻpayib ketdi, propiska tizimiga qaytish kerak” desa, darrov janjallashib, haqoratga oʻtmang. Bu umuman foydasiz, qolaversa oʻzingizga 1-2 “minimalka” orttirib olishingiz hech gap emas.

 

Aksincha, izohlarda “counterspeech”, yaʼni qarshi soʻz (aqlli muloqot orqali javob berish) usulidan foydalaning. Deylik, “hoy, baraka topgur, oʻzingni viloyatliklar oʻrniga qoʻyib koʻr. Oʻshanda gaplaring qanchalik ogʻriqli ekanini anglaysan” deb yozish samaraliroq.

 

Sizga kulgili tuyulyapti, ammo shveysariyalik tadqiqotchilar ayni xulosaga kelishgan. 2025-yilning 1-iyulida Nature nashrida eʼlon qilingan ilmiy maqolada qayd etilishicha, olimlar 2100 dan ortiq ksenofobik (nafrat toʻla) tvit egalariga turli qarshi soʻz (counterspeech) strategiyalarini joʻnatish orqali tajriba oʻtkazgan.

 

Birinchi guruhga – anʼanaviy yoki analogik empatiya zamiriga qurilgan mulohazali, oʻsha xeytspich ishlatgan foydalanuvchiga “oʻzini boshqalar oʻrniga qoʻyib koʻrish” mazmunidagi qarshi soʻz, boshqalarga esa – oddiy tanbeh, haqorat ( “oʻchirib tashla”, “oʻzingni bil”, “tasqara” va h.k.) yuborilgan.

 

Natijada, birinchi guruhning 14 foizi tvitini oʻchirgan, oʻsha postga layklar/dislayklar bosish va ulashish 13 foizga kamaygan. Shunchaki tanbeh berilganda yoki haqoratga oʻtilganda – hech narsa oʻzgarmagan.

 

Tadqiqot mualliflarining fikricha, onlayn-platformalar kontent moderatsiyasiga eʼtibor bermayotgan yoki umuman uni qisqartirish yoʻliga oʻtgan bir paytda tarmoqni nafrat va xeytspichdan tozalashning eng yaxshi choralaridan biri shu.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 134
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//