Eshqobil qaytmadi hamon urushdan – zamondosh shoir she’rlari tahlili


Saqlash
16:47 / 02.09.2025 14 0

Odam Atodan Eshqobil shoirgacha

 

Insoniyat tarixida birinchi sheʼr Odam Ato tomonidan yaratilgani aytiladi. Yer yuzidagi ilk inson ijod qilgan bu asar farzandi Hobil dogʻida kuylangan marsiya edi. Shunday qilib, Odam Atoning Qobilga esh kelgan Hobil vafotiga bagʻishlangan marsiyasidan boshlangan sheʼr yoʻli oʻzbekning Eshqobil shoiriga qadar samimiy tuygʻularni kuylab keldi va shunday davom etajak. Eshqobil Shukurning ilk kitobi “Sochlari sumbul-sumbul...” mana bu sheʼr bilan boshlanadi:

 

Koʻnglimni toshga yordim

Toshlar sindi-ya chil-chil

Suv ichgali koʻzimga

Qushlar qoʻndi-ya bir-bir...

 

Tushimni suvga aytdim,

Suvlar yondi-ya lov-lov.

Choʻgʻ tergali tilimga

Qishlar qoʻndiya birrov.

 

Odamzod nega koʻngli toʻlib ketganda birovga aytgisi keladi? Koʻngilda turaversa, boʻlmaydimi? U bir idishmidiki, toʻlib qolsa... Agar oʻsha birov topilmasa-chi? Shunda sheʼrga, qoʻshiqqa, kuyga suyanadi odam. U yo shoir boʻladi, yo shoirning oʻquvchisi...

 

Ijtimoiy, lirik yoki intellektual. Bu uch jihat bir shoirda boʻy koʻrsatishi mumkinmi? Mumkin, deydi koʻpchilik. Lekin baribir qaysidir jihat ustunlik qilishi ham ayon. Ijtimoiy hayotni ham, samimiy lirikani va fikr sheʼriyatini birday eplab yurganlar kam. Eshqobil Shukurda qaysi jihat ustunlik qilishi haqida soʻz kelganda bir voqea yodga tushadi.

 

Ustozimiz Usmon Azim oʻzaro gurungda “Eshqobil televideniyega bormaganida zoʻr shoir boʻlardi”, deb qoldi. “Eshqobil Shukur shunogʻam zoʻr shoirku” dedim. Shunda ular: “Eh, sizlar bilmaysizlar-da, Eshqobilning potensiali bundan necha baravar balandiga yetardi”, dedi. Shu suhbatdan keyin bir necha marta oʻzimga savol berdim: “Xoʻp, nashriyotga borganida nima boʻlardi? Gazetada ishlaganida-chi?”

Menimcha, eng toʻgʻri yoʻl shu boʻlgan. U paytlar televideniye ijodkorga boshqa joylarga nisbatan yaxshi pul toʻlaganini bilamiz. Bir zamonlar bitta kitobning puliga mashina oladigan darajada gonorar beradigan nashriyotlar bu davrga kelib kitobdan boshqa qalam haqi berolmay qolgandi. Gazetalarning ishi ham unchalik zoʻr emasdi, lekin roʻzgʻor tebratsa boʻlardi.

 

Shoir shoir boʻlib qolishi uchun avvalo maishiy tirikchilik bosimlardan biroz ozod boʻlishi kerak. Eshqobil Shukurga bu imkoniyatni oʻsha paytda televideniye bergan, desak toʻgʻri boʻladi. Endi “Shoir kim” degan savolimizning yoniga yana bir taʼrif qoʻshiladi: shoir oila, roʻzgʻorning masʼuli ham. “Sen shoir boʻlganing uchun bolang aybdormas, u och qolishi mumkinmas”, degan gapni eshitganimizda, boshida bizgayam yoqmagan. Koʻpchilikda shunday boʻlgandir balki. Ammo keyinchalik tan olganmiz.

 

“Ahay-aha-hay” – Surxonu Ellada kuylagan qoʻshiq

 

Xoʻsh, sheʼr qanday paydo boʻlgan? Aytaylik, qadimgi Yunon zaminida qoʻy boqib yurgan koʻzi ojiz choʻpon odamlardan eshitgan rivoyatlarni qoʻshiq qilib kuylay boshlaydi. Homer ismli bu choʻpon oqshom chogʻida tiniq osmon, bepoyon kengliklarga qarab nozik soʻzlar bilan nimalardir degandir. Tabiat moʻjizalari oldida lol qolgan inson oʻz taassurotlarini nima bilandir izhor qilishi kerak edi-da. Yunonzaminda homerlar, Turonzaminda baxshilar bora-bora izhorlar, holatlar, dardlar nazmda aytila boshlandi. Madhiyalar, qasidalar, marsiyalar, dostonlarning asosiy shakli nazm boʻldi. Va u shakllana-shakllana, sayqallana-sayqallana bizgacha yetib keldi.

 

Eshqobil Shukur sheʼrlarida oʻsha qadim ohang bor:

 

Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!

Men qushlarning tushlarida koʻrinay,

Men tushlarning qushlarida koʻrinay.

 

Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!

Men tillarning gullarida koʻrinay,

Men gullarning tillarida koʻrinay.

 

Bu – sheʼr emas, chin maʼnoda qoʻshiq. Axir kuyi oʻzi bilan tugʻilgan sheʼrni qoʻshiq desak boʻlar? Shunday qoʻshiqki, qadim tuygʻuni dostonlar-u aytimlar, mumtoz ohanglar, zamonning evrilishlari bilan qoʻshib bizning oldimizga tortiq qiladi. Bu qadim Elladada qoʻy haydab yurgan choʻponning Surxon vohasidagi qoʻshiqdoshidan meros boʻlib kelayotgan ohanglar emasmi:

 

Ahay-aha-hay. Ahay-aha-xay!

Men koʻzlarning soʻzlarida koʻrinay.

Men soʻzlarning koʻzlarida koʻrinay.

 

Ge Gevara qaytdi, Robin Gud qaytdi...

 

Eshqobil Shukur – milliylikni, oʻzlikni bir umr qadrlab kelayotgan shoir. Suhbatlarda adabiyot haqida baland-baland gaplar aytadi. Til masalasidagi kuyunchakligiga havas qilasiz. Adabiyot, sheʼr toʻgʻrisida uning tilidan uncha-muncha olim aytolmaydigan fikrlar yangraydi. Shunday boʻlsa-da, Eshqobil Shukur ijodidagi ijtimoiylik boʻrtib koʻrinmaydi – obrazlarning, ramz va istioralarning qat-qatida yashirinib turgan boʻladi.

 

Mustaqillikning ilk yillarida adabiyot ahlining, toʻgʻrirogʻi, katta avlod vakillarining jamiyat hayotidan biroz chekinishi bunga sababmikan, deb oʻylaydi kishi. Shunday oʻylar bilan yurib, doʻstim Alibek Anvariydan soʻrayman:

– Eshqobil aka urushga borganmi?

– Yoʻq.

– Unda mana bu sheʼr qayerdan: “Qaytib bormayapman urushdan...”

– Botiniy bu. Ertaklar, dostonlar, bolagigida toʻgʻri kelgan gurunglar bu.

 

Bulutlar parchasi – koʻk koʻylak yana

Omon chiqayotir qirqinchi qishdan.

Holing nima kechdi, holsizim, onam,

Qaytib bormayapman urushdan.

 

Qirqta qishdan omon chiqqan (bulutning parchasi kabi) koʻk koʻylakni, uni kiyib yurgan zotning sabri, matonati, quvvatini tasavvur qiling. Qirq yil – azob-uqubatlar kelsa, toblanib-toblanib, kuch shakllanadigan davr. Qirqinchi qishdan omon chiqqan, metinday boʻlib ketgan “bulut parchasi” (onaga qiyos) shoirning “Qaytib bormayapman urushdan”, – degan soʻzlaridan baribir ogʻrinadi.

 

Kecha xoʻrsinadi – kuyib ketar oy,

Koʻngil siniqlarin yamaysan tushda.

Holing nima kechdi, bir holim, otam,

Qaytib bormayapman urushdan.

 

Kechaning xoʻrsinishi... Oyning kuyib ketishi... Dardu hasratini birovga bildirmaydigan, tashqaridan qaraganda kuchli, matonatli ota faqatgina kecha boʻlib, tun boʻlib xoʻrsinadi, koʻksidagi oy – koʻngli kuyib ketadi. Ana shu kuygan koʻngilning siniqlari – alam va iztiroblarga esa tushgina malham boʻla oladi xolos.

 

Iffat zarpardasi – Sharqning roʻmoli

Suyuq gavharlarga toʻlar tuyqusdan.

Holing nima kechdi, jufti halolim,

Qaytib bormayapman urushdan.

 

“Iffat zarpardasi – Sharqning roʻmoli”dagi ayolning koʻzlariga yosh kelishini shoir “suyuq gavharlarga toʻlar” metaforasi bilan juda goʻzal ifoda qiladi.

 

Muhammad paygʻambar gʻazotdan qaytdi,

Suvorov qaytadi qaytganday ishdan.

Che Gevara qaytdi, Robin Gud qaytdi,

Eshqobil qaytmadi hamon urushdan.

 

“Qaytib bormayapman” degan urush nima edi oʻzi? U qanday urush ediki, Muhammad (s.a.v.) paygʻambarimiz gʻazotdan qaytsa ham, Suvorov, Che Gevara, Robin Gud qaytsa ham, Eshqobil qaytmasa? Yoki jism qaytganda ham, ruh hamon kurashlarda, talotoʻplarda, muvozanatsizliklarda boʻlsa... Demakki, bu – shoir eshitgan Jahon urushi yoki oʻzi koʻzlari bilan talotoʻplarini koʻrgan Afgʻon urushi ham emas. Bu – oʻzligini qidirayotgan odamning kurashi. Toʻxtang, balki bu nafs urushidir? Nafsga yengilgan, kurashda magʻlublik belgisidir? Insonning ichidagi urush, deb olaylik. Unda nega Che Gevara? Nega Robin Gud?

 

Nabiy alayhissalomni bilamiz. U zot nafs kurashi borasida ortiqcha taʼrifga muhtoj emas. Robin Gudni ham nafsga ishora qilsa boʻladi. Boylardan olib, kambagʻallarga bergan qahramon. Che Gevara inqilobchi. Eshqobil Shukur-chi, oʻz urushini topdimi? U qaytmagan urush qaysi edi oʻzi?

 

Mazkur sheʼr shoirning “Hamal ayvoni” kitobida “Urushdan keyingi urush” turkumida beriladi. Demakki, shoir oʻz koʻzi bilan koʻrgan urush allaqachon oʻtib ketgan boʻlsa-da, uning ichidagi, koʻnglidagi, ruhidagi kurashlar hali-hamon davom etyapti.

 

Endi oʻylab koʻraylik, bozor, koʻcha, poshsho, hukumat, ichkiligu ob-havo haqida yozayotgan shoir ijtimoiy, ammo yuragida urushlar davom etayotgan shoir ijtimoiy emasmi? Chunki bunday sheʼrni sof lirika deb atash ham qiyin-da!

 

Chanqovuzni kim chaldi?

 

Eshqobil Shukur mansub avlod sheʼriyatida metaforalarga, ramzlar va timsollarga solib kuylash odati yaqqol koʻrinadi. Bir qarasang lirik, muhabbat haqida yozilganday taassurot qoldiradigan sheʼrning ichida katta bir ijtimoiy yuk yashiringan boʻladi. Baʼzi sheʼrlarni tushunish uchun, avvalo, undagi ishoralardan xabardor boʻlish lozim. “Kelinoy” dostonida qahramonlardan biri Soʻltoqning choʻpon oldiga kelib: “Bilsang, aytgin, chanqovuzni kim chaldi?”, – deb soʻroqlaydigan joyi bor. Eshqobil Shukur bir sheʼrda Qodir baxshini yod etar ekan, dostonning mana shu oʻrniga ishora qiladi. Bundan tashqari, chanqovuzning mungli ohangi dardni, ayriliqni, azobu sitamlarni esga soladi:

 

– Ogʻam, aytgin,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Chimmat tutib kuyov kutgan kelinlar chaldi.

– Sarbon, aytgin,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Qaqshab-qaqshab qumda qolgan qulunlar chaldi.

 

Bolaligi urush yillarida kechgan baxshi haqidagi sheʼrda “Chanqovuzni kim chaldi?” degan savolga javoblar ham oʻsha suronlarni esga soladigan soʻzlar bilan ifoda qilinishi tayin. Chanqovuz – nola. Oʻgʻlonlari urushga ketib, qaytib kelmagan elning “kuyov kutgan kelinlar”i, qaytib kelishi nomaʼlum boʻlgan erlarning sadoqatli ayollari nolasi. Bu nola – “qumda qolgan qulunlar” – urushga ketgan otalarning ortida qolgan goʻdaklarning nolasi.

 

– Singlim, sen ayt,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Dalalarda kuyib ketgan oylarim chaldi.

– Ona, sen ayt,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Bolalarim tashlab ketgan kuylarim chaldi.

 

Bu oylar – erkaklarning oʻrniga dalaga chiqib ketmon chopgan, suv taragan, traktor haydagan, gʻalla oʻrgan oyday yuzli ayollar, kelinlar, qizlar. Bu oylar – quyoshda emas, kutish va umidsizlikning oʻrtasida kuyib ketgan umrning boʻlaklari.

Shoir: “Ona, sen ayt”, – deb soʻraydi. Ona esa chanqovuzni bolalari tashlab ketgan kuylari chalganini aytadi. Avvallari chanqovuzni ayollar chalgan. Erkaklar dardlarini doʻmbira chalib, dostonu termalar aytib aritgan boʻlishsa, ayollar ana shu dardlarni tilga chiqarmasdan, kuylamasdan, chanqovuz chalib, chanqovuzning nolalariga qoʻshib yuborishgan. Ona aytayotgan “Bolalarim tashlab ketgan kuylar” – bu ayriliqning, sogʻinch, iztirobning ovozlari.

 

– Elim, sen ayt,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Tomirimga qoʻnib oʻtgan bir bulbul chaldi.

– Baxshim, sen ayt,

Chanqovuzni kim chaldi?

– Koʻkragida erk chayqalgan ena el chaldi.

 

Elning tomiri uzun. Ana shu “tomirga qoʻnib oʻtgan”, yaʼni elning urf-odatlariyu, anʼanalari, ming asrlik ilmlaridan suv ichib, kuylab oʻtgan bir bulbul bor. Bu – baxshi, Shoir endi baxshidan soʻraydi: Chanqovuzni kim chaldi? Baxshi qiynalganu sitam koʻrgan, sogʻinganu ayrilgan, dard chekkanu qancha yoʻqotishlarni koʻrgan elni bir butun koʻradi: ena el. “Koʻkragida erk chayqalgan” – koʻp dardu sitamlarni boshidan oʻtkazgan, ammo yuragida erkka, ozodlikka boʻlgan ishonch yashnab turgan el.

 

Yuqoridagi savollarga bir qadar javob topilganday: shoir befarq emas, nima demoqchi boʻlsa, sheʼrlarida aytdi. Har holda bir baxshining xotirasi kuylangan sheʼrda elning shuncha dard-alamlarini ifoda qilish oson emas...

 

Qisir qabrlar faryodi

 

Eshqobil Shukurda isyon yoʻqmidi? Toʻpolon qilishga haddi yoʻqmidi? Yoki unda hammasi joyidamidi? Balki, bu savollarga uning oʻzi javob berib boʻlgandir... Eshqobil Shukur – elning dardini, hasratlarini, koʻrgan-kechirganlarini obrazlarga aylantirib kuylagan, kuylayotgan shoir. Xalqning holini shu xalqning ichida turib his qiladi, birga yonadi, birga kuyadi, payti kelganda baxtini ham el bilan boʻlishadi.

 

Azaldan xalqning ahvoli ogʻirlashsa, jamiyatda tanazzul asoratlari sezilsa, kishilar kayfiyatida ertangi kunga ishonch, umid kamayib borsa, oʻsha xalqning qahramonlarga ehtiyoji seziladi. Xalq ertaklar, dostonlar, qoʻshiqlar koʻrinishida ana shu qahramonlarni yaratadi. “Goʻroʻgʻli” dostoni ham mazkur ehtiyoj hosilasi. “...Qahramon tugʻilishi arafasida Taka Yovmit eli oʻzbirligini, kuch-qudratini oʻzaro ichki urushlarda yoʻqotgan edi”, – deydi Shomirza Turdimov. Elga qahramon kerak edi!

 

Eshqobil Shukurning “Goʻroʻgʻli” sheʼri 1993-yilda yozilgan. Yuz yildan ortiq mustamlakada yashagan xalqning koʻkragiga istiqlol shamoli tekkan, biroq, uzoq yillik bosimlar taʼsiri ketmagan pallalar... Mustaqillikka erishilgan, ammo hali toʻla oʻzini tiklab ololmagan davlatda xalqning ruhiyati ham shunga mos boʻlgan davrlar. “Goho botirlarni tugʻar qabrlar”, – deganda shoir dostondagi Goʻroʻgʻlining tugʻilishini nazarda tutdimi yoki yangi qahramonlar dunyoga kelishinimi, har jihatdan ham ahamiyatli. Qahramonga, Goʻroʻgʻliga ehtiyoj sezilgan har bir davrda bu sheʼrga ham ehtiyoj seziladi.

 

Goho botirlarni tugʻar qabrlar,

Marhumlar dunyosin ijodi kabi.

Yer ustiga chiqar avval shoirlar,

Dard tutgan qabrlar faryodi kabi.

 

Goʻroʻgʻli – qahramon. Goʻroʻgʻli – xalqqa oʻrnak boʻlgulik mukammal shaxs. Goʻroʻgʻli, shoir aytganidek, “marhumlar dunyosining ijodi” oʻlaroq dunyoga kelgan. Shoirlar esa ana shu qahramon misoli maydonga chiqadi. Bu chiqish besamar ketmaydi. “Dard tutgan qabrlar”, yaʼni Goʻroʻgʻlini tuqqan qabrlarning faryodiga oʻxshaydi. Bu faryod el uchun ulugʻ bir qahramonni bunyod qiladi. Bu faryod yaxshilikka, ezgulikka boshlaydi.

 

Bu sheʼr shunchaki tarixga yoki dostonlarga mahliyo boʻlib yozilgan asar emas. Xalqning ehtiyoji, elning dardini ayni oʻsha jarayonda, oʻsha voqelikning ichida turib yozilgan ijtimoiy sheʼr.

 

Shoir Faxriyorning “Ruhning koʻlankasi” turkumida bir misrali quyidagi sheʼri ham mazmunan shunga yaqin:

 

Goʻrlar qisir – tugʻishdan qolgan...

 

Bir zamonlar elga Goʻroʻgʻliday qahramonlarni bergan goʻrlar endi qisir. Binobarin, qahramonga ehtiyoj bor. “Ruhning koʻlankasi” turkumining 1980–1991-yillarda yozilganini hisobga olsak, ushbu bir misrali sheʼr ham xalqning qahramonga boʻlgan ehtiyoj darajasini koʻrsatib beradi.

 

Shoirning muvozanati

 

Eshqobil Shukur sheʼriyatining oʻziga xosligi undagi xalqona ohang va samimiy lirikada. Ularda gʻurur ham bor, iztirob ham. Soddagina soʻz va tushunchalar ortidagi koʻzga koʻrinmas olamdan tortib hayotning eng mukammal nuqtalarigacha boʻy koʻrsatib turadi sheʼrlarda.

 

Eshqobil Shukurning men eng yaxshi koʻradigan bir sheʼri bor: “Muvozanat”. Shoir haqida yoqlagan dissertatsiyamizga shu sheʼr kirmadi. Balki kuchim yetmagandir, balki oʻzimni tayyor deb hisoblamagandirman yo bu sheʼr tahlilga muhtoj emasdir.

“Muvozanat” – men uchun Eshqobil Shukur sheʼrlarining bittasi emas. U alohida maqomdagi baland asar. Ammo baribir bu sheʼrdan his qilganlarimni aytishim kerak ekan oʻylasam.

Sheʼrning eng asosiy jihati – unda shoirning ruhiy holatni vizual manzara orqali ifoda qilish mahorati boʻy koʻrsatadi:

 

Bu tor xona emas, balki bu osmon,

Yulduzlarni gulday sochmoqda shamol.

Yuragimga yetib keldingmi omon,

Eshikka suyanib jilmaygan, ayol.

 

Tor xona – yopiqlik, siqiqlik. Osmon – kenglik, erkinlik, cheksizlik. Lirik qahramonning ichki istagi ham kenglik, ruhan ozodlik ilinji ekani koʻrinadi. Yulduzlar – tunning jilvakor va sirli yogʻdulari, gullar esa – goʻzallik ramzi. Shamol yulduzlarni osmon uzra sochib, olamda ajib bir goʻzallik yaratmoqda. Osmon va yulduzlar, soʻng esa cheksizlik...

“Yuragimga yetib keldingmi omon” – dramatizm va hasratning uygʻunligini koʻryapsizmi? Qanday sodda, qanday samimiy...

 

“Yuragimga yetib keldingmi” – his-tuygʻular hali tirik, orzu hali ham uygʻoq, umid hamon oʻlmagan... Omon soʻzining oʻzida ozgina orzu, ozgina duo borga oʻxshaydi. Ehtimol, ozgina nolish ham bordir... Sevikli odam yetib keldimikin? U hali ham sogʻ-omonmikin?

Eshikka suyanib jilmaygan, ayol.

 

Shoirning koʻz oldida yoki yodida yo xayolotida ayol paydo boʻladi. Eshik esa – yo kirish, yo chiqish, yo intizorlik, yo yopiqlik, yo ochiqlik ramzi. Ayolning jilmayishi ham oʻta sirli tuyuladi.

“Muvozanat” – ham hajm, ham ruhiy qamrov jihatdan katta sheʼr. Bitta bandda shuncha goʻzallik, shuncha iztirob. Boshqa bir bandga murojaat qilamiz:

 

Mening dunyolarim qancha betartib,

Sening dunyolaring shuncha sarishta.

 

Nega betartib? U oʻzini, tuygʻularini, hislarini boshqara olmayotgandir balki? Tuygʻular itoatdan chiqqandir? Oʻziga oʻzi egalik qila olmaganlikdan tuygʻular ostin-ustun boʻlib ketishi ayon. Tartibsizlik – shoir kechinmalarining jarayondagi surati.

 

Shoir oʻz ichki olamini tan olyapti: uning “dunyolari”, yaʼni hissiyotlari, xayollari, ehtimol, orzulari yoki moddiy-maishiy holatlari – betartib. Ana shu betartib dunyolar sevikli insonning “sarishta” dunyolari bilan solishtiradi va shu bilan ideal obraz yaratiladi.

 

Bekasiz samoga bergali tartib

Ortingdan kelmoqda qirq ming farishta.

 

Bekasiz samo qanday boʻladi? Samoning bekasi boʻladimi oʻzi? Boʻladi, faqat shoirning osmonida. Faqtgina u osmon – muhabbatning egasi yoʻq, nazarimizda. Bekasiz samo – muhabbatsiz hayot, tartibsiz hislar, beqaror holatlar ifodasi.

Sevikli insonning sarishta olami butun beqaror osmonga ham tartib berishga qodir. Ayol kelishi bilan hatto osmonga ham tartib kirmoqda. Shu yerda yana bir kuchli badiiy obraz bor: sevikli insonning ortidan “qirq ming farishta” kelmoqda. Qirq soni ham bejiz emasligi tabiiy. Bu qadar yuksaklik, ilohiy goʻzallikka mengzash holati hamma shoir ijodida ham uchrayvermaydi.

Sheʼrning soʻnggi bandi:

 

Pastda zulmat, boʻshliq makon quribdi,

Bu yerda hayotu, u yoqda zavol.

 

Pastda – zulmat, moddiy yoki maʼnaviy boʻshliq. “Makon quribdi” – demak, u boʻshliq oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan, vaziyatlar shakllantirgan, “qurilgan”. Keyin esa ikki olam taqqoslanadi: Bir tomonda hayot – yorugʻlik, umid, ikkinchi tomonda esa – zavol, yoʻqotish... Shoir umid va yoʻqotishning nozik chegarasida turibdi.

 

Ikki jahonimni suyab turibdi,

Eshikka suyanib jilmaygan, ayol.

 

Sheʼrda kuylanayotgan bu ayol – shunchaki bir goʻzal hilqat yoki sevikli yorgina emas. Navoiy yodga tushadi: “Boʻlmasa ishq,ikki jahon boʻlmasun...”

U shoirning ikki olamini – umidlari va yoʻqotishlarini, hayot va zavolini suyab turibdi. U – koʻprik, u – tayanch nuqta... Eshik esa – intizorlik ostonasi. Ayol eshikda jilmayib turibdi – u shoir uchun tayanch nuqtadagi umid, poklik, yorugʻlik timsoliga aylangan.

 

Shoir qancha hikmatlarni bir ipga tizib chiqqanday goʻyo... Ayol kim? Sevgan ayolmi? Onami, singilmi? Bu ham jumboq.

 

Sheʼrdagi ayol obrazini sufiyona yoki ekzistensial maʼnoda, inson ruhining yoʻqotishlar va umid oʻrtasidagi nur, yoʻl koʻrsatuvchisi sifatida talqin qilish ham mumkin. Ammo bu alohida ilmiy tadqiqotni talab qiladi.

 

Shoir birgina ana shu “Muvozanat”i bilan Sharq klassikasi, turkiy xalqona ohang hamda Gʻarb modernizmini birlashtiradi. Sheʼrda iztirobdan koʻra hayrat va muhabbat ustunligi koʻrinib turibdi. Insonning butun vujudi, ruhi, hissiyoti bir nuqtada tutashadi – shu tutashuvni “Muvozanat” deb ataydi shoir.

 

Lekin baribir sheʼr oʻz sirini toʻliq ochmaydi. Baʼzi sheʼrlarni tahlil qilib ham boʻlmaydi. Shunchaki oʻqishning oʻzi kifoya. Undagi obrazlar, badiiy sanʼatlarni aytsa, balki, sanasa ham boʻladi. Ammo sheʼr qarshingda bor sirlari bilan yastanib turaveradi.

 

Daryo boʻyidagi iqror

 

Eshqobil Shukur – millatning ruhi, xalqona ohanglar va zamonaviy tafakkur uygʻunligini koʻrsata olgan shoir. Oʻtmish ogʻriqlari, yorugʻ kunlar sogʻinchi, umumbaxtsizliklarni yelkasida koʻtarib ketayotgan katta odam. Elning shodligiga sherik, dardiga hamnafas. Ich-ichidagi urushlardan, iztiroblardan, orzu-umidlardan qogʻozga toʻkilgan shoir. U – shoir, U – baxshi, U – jangchi, U – shaxs.

 

Eshqobil Shukur – insoniy tuygʻular va ijtimoiy voqelikni bir kuch bilan birlashtira oladigan, ramzlar va timsollar orqali xalq xotirasi va ruhini uygʻotadigan soʻz faylasufi. Uning sheʼrlari shunchaki sheʼr emas. Ular – qoʻshiq, kuy, chanqovuzu doʻmbiralar nolasi, elning faryodi va botindagi muvozanatsizliklar ifodasi.

 

Uning sheʼrlarida shovqin yoʻq, lekin unsiz bir faryod bor. Uning yozganlarida toʻpolonlar yoʻqdek goʻyo, lekin oxiri yoʻq savollar bor.

 

Sukunat ichidagi bu shoir koʻp gapirmaydi, lekin his qildira oladi. Zamonlar osha yoʻqolib borayotgan ohanglarni eshitib, oʻtmish saboqlarini marjondek terib, bugungi kun nafasi bilan tortiq qiladi.

 

Eshqobil Shukurning televideniyedagi chiqishlarida ham, “Maʼnaviy hayot” jurnalidagi faoliyatida ham, “Bobosoʻz izidan” turkumidagi izlanishlarida ham soʻzga egalik, soʻzga daxldorlik, soʻzga... qorovullik hissi bor. Oʻlib ketayotgan soʻzlarni asrab qolish, ularni tiriltirish va yana el tiliga qaytarish ishtiyoqi bor. U bunday vaziyatda murosayu madorani unutadi. Toʻgʻri deb bilgan yoʻlidan qaytmaydi. Biroq aslo ehtiyot sharti bilan oʻylamaydi. Ehtiyotkorlik qilavermaydi. Agar shunday boʻlganida u mansab pillapoyalaridan tez-tez koʻtarilib ketgan boʻlardi. Allaqachon xalq shoiri boʻlgan boʻlardi.

 

Bu elning bagʻridan Eshqobil Shukur degan bir daryo oqib oʻtib ketayotganini hali koʻpchilik sezib ulgurgani yoʻq. Biz shu daryo sohilida turib, uni his qilishga urindik. Bu jarayonda tadqiqdan koʻra muxlislik iqrorlari koʻproq tosh bosgan boʻlsa, daryoning mahobati va sokinligi bunga bois boʻldi, deb hisoblang. Hal bu mavzuga koʻp qaytiladi. Takror-takror soʻraladi: “Eshqobil Shukur qanday shoir?”

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV,

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 134
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//