Pedagogikaning pedologiyadan farqi yoxud nima uchun jadid maktablari samarali bo‘lgan


Saqlash
20:05 / 14.07.2022 2036 0

Azizlar! Eng ko‘p beriladigan savollardan biri nima uchun jadid maktablari samarali bo‘lgan? Albatta, birdan javob berish oson emas, lekin, misollarga qarasak Qo‘qonda Abduvahhob Ibodiy va Muhammadjon Xoliqiy domlalar darsning bir qismini ochiq havoda – bog‘da o‘tgan va o‘quvchilarini mehnat asosida ma’lum kasblarga yo‘llagan. Munavvar qori domla ham tanaffus vaqtlarida ba’zan bolalar bilan koptok o‘ynaganlar. Dorilfunun tashkil etish jarayonida esa Toshkent va boshqa shaharlardagi 30 ga yaqin maktabni qamrab, o‘quvchilarning tug‘ma iqtidorlaridan kelib chiqib, ularga kelajakda dorilfununga talabalar tayyorlashni belgilab bergan. Hatto, dorilfunun qoshida bog‘cha ochib, turli kemalar, samolyot va boshqa texnika vositalarining maketlari bilan bezab, bolalarning o‘sha sohalarga qiziqishini, ixtisosini yo‘naltirib borishga harakat qilgan. Mana bu narsa pedagogika emas, ko‘proq pedologiya faning tadqiqot doirasidir. Quyida 1927-yil “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalida bosilgan maqolani keltiraman (qiziqish yaxshi bo‘lsa buni davom ettiraman):

 

Pedologiya va o‘zbek o‘qituvchisi

 

Ta’lim-tarbiya olamida ko‘pdan berili bir fikr bor: “Bolalarni tarbiya qilmoq va o‘qutmoq uchun avvalan ularning o‘zlarini yaxshilab o‘rganish kerak”.

 

Bolalarni va yosh o‘spirinlarni o‘rganish ishi ko‘pdan buyon ishlanib kelmakda. G‘arbiy Ovrupoda va Amrikoda boshlang‘on bu ish XX asr boshidan olib Russiyada ham boshlandi. Hozirgi vaqtda Maskav, Leningrad va Rusiya ham Ukraynoning ko‘p shaharlarida bolalarni o‘rganish to‘g‘risida jiddiy harakat qilinmoqda. Ularning faqat jismoniy yuksalishlarigina o‘rganilmasdan, balki ularning ruh va hissiyot tomonlarig‘a ham ahamiyat berilmakda. Chet ellar va ba’zi bir rus olimlarining bu to‘g‘ridog‘i ko‘rilgan ishlari, tajribalari natijasida alohida bir ilm vujudga keldi. Bu pedologiya bo‘lib, uning maqsadi bolalarni mumkin qadar mukammal o‘rganib, katta odamlarg‘a qorog‘onda bolalarning orasidog‘i farqni ajratishdan iboratdir. Ammo ommaviy maktablarda ish ko‘rgan tajribachi o‘qituvchilar bu ilmning beraturg‘on tajribaviy foydasini to‘la tushunib yetgan emaslar va o‘qitg‘uvchilarning o‘zlari pedolog bo‘la oladilar va pedolog bo‘lishg‘a tegish (kerak)lar, degan fikrga juda oz ko‘nikadilar. Ya’ni, o‘zlarining pedologiya yo‘lidog‘i ishlari uchun o‘zlarining o‘qitdig‘i shogirdlari orasida ularni oddiy suratda o‘rganish va tekshirish ishlarini katta muvaffaqiyat bilan olib bora biladilar va olib borishg‘a tegishdirlar.

 

Haqiqatan ham ommaviy o‘qitg‘uvchining ishdan boshqa pedologiyani vujudg‘a keltirish og‘irdir. Bu ishni o‘tkarish uchun bolaning yuksalishiga oid bo‘lg‘on omillarni o‘rganish kerak. Ko‘p choqlarda bu tekshirishlarni juda ko‘p bolalar ustida qilib ko‘rishga kerak bo‘ladir. Ammo, buning uchun bu ishga ko‘p odamlarning ishtirok qilishlari zarurdir.

 

O‘zbekiston to‘g‘risida bo‘lsa, bizning yuqorida aytganlarimiz o‘zlarining ma’nolarini saqlaydirlar. Balki, Russiya va Ukraynog‘a qarag‘anda ommaviy pedologiya ishlari O‘zbekistonda ko‘proq zarurdir. Ilgaridan aytib bo‘ladikim, o‘zbek bolalari ovrupolilarnikiga qaraganda irq, iqlim, madaniyat, ijtimoiy va boshqa jihatlardan ko‘p farq qiladir.

 

Masalan, o‘zbek bolalari ovrupolilarnikiga qarag‘anda tezroq balog‘a bo‘lg‘onlarini do‘xturlar biladirlar. Bu esa bolalarning umumiy yuksalishida katta rol o‘ynaydi; bu ahvol (balog‘a bo‘lish) bolaning butun ruhiyatini tub tomiridan o‘zgartiradi. Uning qizig‘sing‘on va mayl qo‘yg‘on narsalar uning qobiliyatini boshlab pasaytiradi (xotira, zehn, fikr yurgazish) uning izidan o‘zlarini ko‘taradi. Tajribachining va o‘qitg‘uvchining buning bilan hisoblashishi kerak. Bo‘lmasa o‘zining ishlarida sira bir natijaga erisha olmaslig‘i turg‘on gapdir. Bolig‘ bo‘lishdagi xususiyatlar, albatta katta bo‘lsalar ham, bu bir bo‘limiginadir, bundan boshqa o‘zbek bolasi o‘zining jismoniy va ruhan yuksalishida bir qancha xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlarni o‘rganib, pedologiya ishlari bilan muvofiqlashtirish zarur, bu ishda yolg‘iz o‘qitg‘uvchiningg‘ina emas, balki maktablarni idora qiloturg‘on, maorif komissarligining muassasalari ham qatnashib ishlashlari lozimdir. Ular program tuzganda bolalar bilan bo‘lg‘on ishlarning usullarini ishlab chiqg‘onlarida bu xususiyatlarning hammasini nazar e’tiborlarig‘a olishlari kerakdir. Agarda biz savol bersak: bunga o‘xshash ishlar ishlanib ko‘rildimi, ilmiy jihatdan muntazam suratda o‘zbek bolasi o‘rganildimi? Albatta, bu savollarg‘a rad javobini berishga to‘g‘ri keladir. Chunki bu ishlarni bizda hech kim ilmiy, rejali va muntazam suratda yurgizgan emasdir. Agarda biz o‘zimizning ta’lim-tarbiya ishlarimizda bu ish orqasida qilg‘on xatolarimizni bekorga, foydasizga o‘tkargan va ofatlarimizni o‘zimizning va bolalarning kuchlarini bekorga sarf qilg‘onimizni, qancha foydali ishlarni qilmasdan qoldirg‘onimizni hisobg‘a olsoq va bularning hammasini to‘plab yakun qilg‘onimizda, bolaning ota-onasig‘a, o‘qitg‘uvchig‘a va umuman maorifchiga bu ishga sovuq qarag‘onliq natijasida bolalarimiz, bizning kelgusidagi kuchlarimiz va umidlarimiz qoshida qanday katta jinoyat qilg‘onimiz ochiq ko‘rinadi. Bu fikrni bundan 70 yillar ilgari eng mashhur ingliz olimi Ispenser (Spenser) aytgan edi. U aytadi: “har bir mashinani yurgizish va idora qilish uchun uning qanday tuzilganligini bilish kerak; uy solish uchun zarur bo‘lg‘on materiallarning xususiyatlarini bilish kerak; do‘xtur bo‘lish uchun insonning tuzilishini va azala (muskul)larining faoliyatlarini o‘rganish, bilish kerak. Bola esa – tuzulishi chatoq bo‘lg‘on porovoy mashinadan kammi? Bizning bu ishga (ya’ni bolani o‘rganishga) sovuq qarashimiz aqlsizliq, ahmaqliq emasmi”. Demak bundan bunday natija chiqadi: har bir ongli bo‘lg‘on maorifchi kuchidan kelganicha pedologiya ishiga, ularga topshirilg‘on bolani o‘rganishga urunishi kerak.

 

Hozirgi kunda bizning jumhuriyatimizda bu muhim sanolg‘on ishning oldini olib, rahbarlik qilaturg‘on muassasamiz bor. U ushbu yilning boshlarida Samarqandda o‘zbek davlat oliy pedagogika institutidir. U hamma ishlarni birlashtirib, shahar va qishloq maorifchilaridan kelgan hamma pedologiyaga oid ishlarni, materiallarni to‘plab, ularni ishlab chiqib, e’lon qilib turg‘uvsidir. Hozirgi vaqtda bu institut qoshida tashkil bo‘lg‘on pedologiya kabineti bu ishga boshlaydi va yerlik aholidan bo‘lg‘on o‘qitg‘uvchilarg‘a murojiat qilib, ularni ishga ko‘mak berishga chaqiradi. Bu juda muhim va qiziq ishda ishtirok qilishg‘a istagan, o‘qitg‘uvchilar kuchlaridan kelganicha urunib natijalarni bildirib turishlari so‘roladir. (Materiallarni Samarqanddagi oliy ta’lim-tarbiya institutining pedologiya kabinetining to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga yoxud “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnoli idorasi orqali yuborish kerak).

 

Albatta, o‘qitg‘uvchi har bir pedologiya ishini bajara olmaydi. Ko‘p ishlar uchun maxsus yasolg‘on loborotoriyalar kerak. Ko‘p tayyorliq ko‘rgan bo‘lish kerak. Bu ishga ixtisos va tajriba hosil qilish kerak. Bu sifatlar yillar bo‘yincha bo‘lg‘on ishlar natijasida topilg‘usidir.

 

Ammo, bolalarni o‘rganish yo‘lida bir qancha muhim va qiziq ishlarni oddiy shahar va qishloq o‘qitg‘uvchilari, agar istasalar va mayl qo‘ysalar, bajara bilurlar. Bir qancha yillar ish ko‘rgan tajribali o‘qitg‘uvchi, o‘z ishini sevgan, bola chaqalarni yaxshi ko‘rgan, ular ustidan tekshirib kuzatib turg‘on o‘qitg‘uvchi pedologiya olimig‘a juda ko‘p muhim va foydalik materiallarni so‘ylab berishda va bu ishda zo‘r yordam berishida shubha yo‘qdir. Yanada bundan boshqa ommaviy o‘qitg‘uvchi mutaxassis pedologning ko‘rgazishi bo‘yincha bir qancha sodda tajribalar qilib, bu tajribalarning soddaligiga va ustidan qorog‘onda boshlang‘ich bir narsa bo‘lib ko‘ringaniga qaramasdan, natija chiqorish uchun juda qiziq va foydali materiallar bera biladi.

 

Shunday bir tajribani misol o‘rnida bunda gapirib o‘tamiz va bu ishga qiziqib, bizning taklifimizni amalga oshirishg‘a istagan shahar va qishloqlardag‘i maorifchi o‘rtoqlardan bu tajribani o‘z sinflarida qilib ko‘rib, to‘plang‘on materiallarni yuborishlarini so‘raymiz.

 

Har bir pedologga va har bir ongli o‘qitg‘uvchig‘a bolalarning maktab toshqorisida nimalar bilan qiziqqonliqlarini bilishlari va bilishga tirishishlari kerak. Har bir yoshda va har bir ijtimoiy guruhda bolalarning o‘zlariga xos qiziqqon narsalari bo‘ladi. O‘qitg‘uvchi bolalarning bu mayllarini maktab ishiga jalb qilib, bolalarni ijtimoiy foydali ishlar yo‘liga solib yuborishi lozim va tegishdir. O‘qitg‘uvchi o‘z shogirdlarining ustidan yuzaki qarab kuzatib turishi bilangina bolalarning mayl qo‘yg‘on narsalari to‘g‘risida natija chiqara bilmaydi. Bizning taklif qilg‘on tajribamiz maktab o‘qig‘uvchilarining mayllarini yuzaga chiqorib bo‘ladi. Chet ellarda va Rusiyada hozirda o‘tkazilmakda bo‘lg‘on bizning taklif qilg‘on tajribamiz quyidog‘idan iboratdir.

 

 

O‘qitg‘uvchi o‘z sinfiga kirib (2- yo 3-darslarda bo‘lishi yaxshiroq), o‘qig‘uvchilarg‘a bir qiziq ish berishini e’lon qiladi va bir natijadan qog‘oz (daftardan ikki varaq to‘rt betli qog‘oz yirtib olishi mumkin) olishg‘a buyuradi. Qog‘ozning yuqorisig‘a o‘qitg‘uvchining, maktabning ismini, sinf nomerini, oy kun va chislani, qaysi jinsdan bo‘lishi (erkak bola, qiz), yoshi, tajribachilarning (ota-ona) kasbi (ishchi, dehqon, idora ishchisi, onasi – muallim...) familiyalarini yozmasalar ham bo‘ladi, bo‘lmasa bolalar ko‘pincha fikrlarini erkin aytishga qo‘rqadilar. O‘qitg‘uvchi bolalarning durust yozg‘onlarini tekshirib chiqadi. Bundan keyin o‘qitg‘uvchi bolalarg‘a quyidog‘i so‘zlar bilan murojiat qiladi:

 

– “Bolalar, men sizga bir necha savollar beraman. Siz shu savollarg‘a javob yozarsiz. Har bir so‘rog‘ni diqqatlab tushuningiz, yoxshilab o‘ylab olg‘ondan so‘ng javoblarini hech bir tortinmasdan, ochiq va erkin suratda yozingiz. So‘rog‘larni yozmaysiz, javoblarni raqam tartibi bilan yozasiz. Ya’ni birinchi so‘rog‘ning javobini 1 raqami bilan belgilaysiz. Ikkinchi so‘rog‘ning javobini 2-bilan va shu tartibda belgilaymiz. Ishlaganingizda bir-birlaringiz bilan gapirmangiz, birlaringizga qarab yozmasdan o‘z boshingizdan har qaysingiz o‘z bilganingizcha yozasiz”.

 

– Diqqat men boshlayman. Birinchi savol. 1. Sifrini bir chekkaga yozingiz –

 

1. Kelgusida kim bo‘lishni istaysan?

2. Nima uchun albatta shuni istaysan?

3. O‘zing istagan, bilgan odamlaringdan qoysisig‘a ko‘proq o‘xshashni tilaysan?

4. Nima uchun albatta shu odamga?

5.O‘zingda nimaning bo‘lmog‘ini ko‘p istar eding?

6. Nima uchun xuddi shu narsani?

7. Dunyoda sening uchun eng qimmat narsa nima?

8. Nima uchun albatta shu narsa?

9. Nima to‘g‘risida ko‘p o‘qishni istaysan?

10. Nima uchun albatta shu narsa to‘g‘risida?

11. Sening eng sevgan ishing nima?

12. Nima uchun albatta shu ishni sevasan?

 

Mana bolalarg‘a berilaturg‘on so‘rog‘lar shulardan iboratdir. Bunda bolalarni shoshdirib qistab turish kerak emas. Balki aksincha, zerikmasdan hammalarining erkin, ochiq yozib bitirishlarini kutish kerak. Qog‘oz ozliq qilib bola qisilib qolmasin. Qog‘ozni kerak bo‘lganicha berish kerak. So‘rog‘larni birdan bermasdan, avvali birinchi so‘rog‘ni berib, unga hammalari javob yozib bo‘lg‘onidan keyin ikkinchisi berilur va shu tartibda oxirig‘acha davom qilinur. Javob qog‘ozlarini terib olg‘onda bolalarning o‘lturg‘on tartibiga qarab olinib, ularni raqamlab qo‘yish kerak. Chunki shunday qiling‘onda, keyindan bir-birlaridan foydalangan va ko‘chirganlarini bilib bo‘ladi. Tajriba vaqtida o‘qitg‘uvchi bolalarg‘a javob topish to‘g‘risida quloyliq ko‘rgazaman deb, tushundirishlar bermasligi kerak. Bu tajriba vaqtida o‘qitg‘uvchi bolalarni o‘qitmaydi, balki o‘z shogirdlarini tekshiradi. Agarda bir bola so‘roqqa tushunmasa, mayli javob bermay, “tushunmadim” deb yozib keta bersin. Javoblar yozilg‘on qog‘ozlarni terib olib o‘qitg‘uvchi ularga ish sharoiti to‘g‘risida ilova yozur: ish vaqtida bolalar o‘zlarini qanday tutdilar, qaysi savollar ustida ko‘proq vaqt sarf qildilar, bu tajriba uchun qancha vaqt ketdi, bolalar bu ishni qanday qarshi oldilar, shovqun qilishib, kulub ishni buzmadilarmi va boshqalar.

 

Bu tajribani savodi chiqqan va yozishni bilgan hamma sinflarda o‘tkazish mumkin. Imlosining xato bo‘lishidan uyolmasdan yoza bersunlar. Bu tajribani mehnat maktablaridagina emas, hatto yosh o‘spirinlar o‘qiyturg‘on texnikumlarda ham qilish kerak.

 

Javoblarni terib olib o‘qug‘ondan keyin hamma qog‘ozlarni to‘plab, yuqorida aytilgan ilova yozilg‘on qog‘ozni qo‘shub, posilka qilib to‘lab olaturg‘on tartibda pochtaga solib yuborilsun. Posilkaning ustiga quyidagicha yozilg‘onda yuboruvchidan hech pochta chiqimi olinmaydi

Дологавая

Г.Самарканд, Булвар Всеобуча, №8. Педагогическому кабинету Висшего Пединститута.

 

Buning ostig‘a yuborg‘uvchining adresi yozilur. Bu tajribaning materiallarini yuborganda, shu tajribani qilg‘on o‘qituvchining ismi ham ko‘rgazilsun. Bu kelgan materiallar ko‘rilib chiqib, ishlanib “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnolida bosilg‘uvsidir.

 

Jurnalning kelgusi sonlarida agar o‘qitg‘uvchilar ichidan bolalarni o‘rganish yo‘lida ozg‘ina bo‘lsa ham ishlashga xohlag‘onlar bo‘lsa, biz ular uchun bir qancha boshqa turli tajribalar to‘g‘risida ham ma’lumot beramiz.

 

Biz ishonamizkim, bunda ko‘rgazilgan tajriba va kelgusidagi tajribalar bo‘yincha to‘plang‘on materiallardan hosil bo‘lg‘on tajribalar ommaviy muallimlar uchun juda zarur va qiziq bir ish bo‘lib, ularni bu ishga jalb qilg‘usidir. Agarda bunga o‘xshash bir necha tajribalar natijasida ko‘p bo‘lmasa ham bir qanchagina bunga urunishga istagan, faoliyat ko‘rgazaturg‘on o‘qitg‘uvchilarimiz maydong‘a chiqsalar, bizga muxbirlik qilsalar, shubhasiz bizning bu boshlag‘on ishimiz mavaffaqiyat qozong‘usidir”.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//