Lochira


Saqlash
10:09 / 06.09.2021 1484 0

Biror lug‘at yoki manbada bu so‘zning kelib chiqishi haqidagi ma’lumotga duch kelmadim. Shu bois quyida “lochira” so‘zi etimologiyasi bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarimni bildirmoqchiman. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “lochira – oshirilmagan xamirdan yupqa qilib yoyib, tandirda singga pishirilgan non”, deyilgan (O‘TIL. I T. M.: 1981. 435-bet). Shu kabi oshirilmagan xamirdan tayyorlanadigan boshqa bir yupqa non “lavash” deb ataladi. Lochira haqida gapirishdan oldin dastlab lavash xususida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi.

Lavash Ozarboyjon, Armaniston, Turkiya, Eron va kavkaz xalqlari o‘rtasida ko‘proq mashhur. Ba’zi o‘zbek shevalarida ham lochiraga o‘xshash yupqa non “lavash” deyiladi. Bu so‘z etimologiyasi o‘ta bahsli, shumerlardan tortib arab, Yaqin Sharq tillari, fors, arman, shuningdek, turkiy etimologiyaga ega degan qarashlar mavjud.

Turkshunos olim D.Nasilov “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazikov” lug‘ati uchun yozgan maqolasida “lavash” qadimgi turkiy yozma yodgorliklar, xususan, Turfon bitiklari va “Qutadg‘u bilig”da uchraydigan “liv aš” birikmasidan hosil bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradi. “Drevnetyurkskiy slovar”da: “liv aš – yemak, ehson oshi” (“pishcha, jertvennaya pishcha”), deb izohlangan va Turfon bitiklaridan ushbu misol keltirilgan: “liv ašї tuturqan tetir”, ma’nosi: “(uning) xayr-ehson uchun tortgan taomi – guruch (tuturqan)dir” (DTS. M.: 1969. 333-bet).

“Qutadg‘u bilig”ning 1971 yil “Fan” nashriyotida chop etilgan nashrida “liv aš” – “levәsh” tarzida qo‘shib yozilgan, shu bois hozirgi “lavash”ga shaklan juda o‘xshab ketadi (QB. T.: “Fan”, 1971. 413-bet):

 

“Qapug‘da chıqarsa LEVӘSH tergini”.

 

Ushbu satrda: “qapug‘” – eshik, beg dargohi; “levәsh” – yemak-taom, noz-ne’mat; “tergi” – dasturxon. Misra mazmuni: “(qapug‘bashlar, ya’ni beg dargohi boshqaruvchisi) turli NOZ-NE’MATLAR, dasturxonlarni chiqarganda...”

Yana bir misra:

 

“LEVӘSH tergi kirsә kөrү ıðsa kөz”.

 

Mazmuni: “NE’MATLAR va dasturxon kiritilganda (qapug‘bashlar) kuzatib ko‘z yugurtirsa”.

“Qutadg‘u bilig”da boshqa o‘rinda “lev” so‘zining o‘zi alohida ham qo‘llanib, “ne’mat, ne’mat to‘la dasturxon” ma’nosini bildirib kelgan:

 

Ilindә tug‘ı, kөr, tөrindә LEVi”.

 

Mazmuni: “(beglarning shuhratini ikki narsa ko‘taradi: dargohi) oldida tikilgan tug‘i va, ko‘rgin, uyi to‘rida to‘shalgan NE’MAT TO‘LA DASTURXONI”. Ushbu o‘rinda “lev” deganda beglarning o‘z tobelari, xalqi uchun yozadigan ne’mat to‘la dasturxoni, xayr-ehsoni ko‘zda tutilmoqda.  

Qadimgi turkiyda “l” tovushi bilan boshlanuvchi so‘zlar, odatda, boshqa tillardan o‘zlashgan hisoblanadi. Turfon bitiklari ham, “Qutadg‘u bilig” ham Sharqiy Turkistonga oid manbalar, bu bois angliyalik turkshunos olim Jerard Kloson “lev” xitoycha “don” ma’nosidagi “li” so‘zidan, degan fikrga kelgan. “Drevnetyurkskiy slovar”da “liv” so‘zi  – “yemak, ovqat” deb alohida ham izohlanib, qavs ichida uning manbayi sifatida arabcha لَيْفُ keltirilgan.

“Lavash”ning etimologiyasini forscha deb hisoblovchilar ham uning ikki so‘z: “lab” va “ash” (“osh”)ning birikuvidan hosil bo‘lganini ta’kidlashadi. Ularga ko‘ra, fors tilida “lab”ning ilgari “yupqa”, “tekis” degan ma’nolari ham bo‘lgan. Shuningdek, fors tilida “lab” so‘zi ortidan qo‘shimcha qo‘shilganda ba’zan “b” tovushi “v”ga aylanishi mumkin.

Arman tilchilari esa “lavash” so‘zi etimologiyasi mutlaqo armancha, lavash arman xalqining milliy taomi deb da’vo qilishadi. 2014 yili UNESCOning Parijda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida lavash arman xalqi milliy taomi sifatida ro‘yxatga olinadi. Tashkilotning 2016 yili Addis-Abebada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida esa Ozarboyjon, Eron, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston talabi bilan lavash faqat armanlarga oid emas, balki mintaqaviy, boshqa xalqlarga ham tegishli qadriyat ekani qayd etilib, lavash bilan birga qatirma, jupqa, yufqa (ya’ni, bizdagi yupqa) ham ro‘yxatga kiritiladi.

Arman tilchilari “lavash” so‘zi o‘rta asrlarga oid armancha matnlarda ham uchrashini yozadi. Ularga ko‘ra, “lavash” qadimgi arman tilidagi “yassi” ma’nosidagi “law” so‘zidan yasalgan. Eronda lavash “noni armaniy” deb atalishini yana bir dalil o‘laroq keltiradilar. Ammo bu da’voni kuchsizroq hisoblovchi boshqa arman tilchilari “lavash” so‘zi etimologiyasini biroz chuqurroqdan, o‘rta fors tili, qadimgi hind-ovro‘po tillaridan qidiradi.  

“Etimologicheskiy slovar russkogo yazika” lug‘ati muallifi Maks Fasmer rus tilidagi “levash”ning manbayi turkiy so‘z deb e’tirof etgan. Osetin va boshqa kavkaz xalqlari lug‘atlarida ham “lavash” so‘zi turkiydan o‘zlashgani qayd qilingan.

Fors tilida “lavash” so‘zi XIII asr mutafakkir shoirlari: Jaloliddin Rumiy, Nizoriy Birjandiy va Yahyo Koshiy asarlarida “lavosh” (لواش), “qursi lavosh” (قرصِ لواش) tarzida uchraydi (ESTY. VII. M.: 1974. 6-bet).

“Lavash” so‘zi aslida o‘zbek tili uchun ham begona emas, “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da Xorazmda qo‘llanilishi aytilib, “lavash – churrak non” deb izohlangan (O‘XShL. T.: 1971. 167-bet). Ammo O‘zbekistonning boshqa hududlarida lavash kabi oshirilmagan xamirdan yupqa qilib tandirda pishiriladigan non “lochira” deyiladi. To‘g‘ri, hozir shu nomdagi non joylarda shaklan o‘zgarib ketgan, ammo lochira aslida lavash singari yupqa nondir. Lochira  bu – lavashning deyarli muqobili, lekin negadir shu paytgacha “lavash” so‘zini tadqiq etishda “lochira” jalb etilmagan.

Guvohi bo‘ldikki, “lavash” yuqorida keltirilgan barcha talqinlarda ikki qism: “lav” (liv, لَيْفُ, لو, lab, law) va “-ash” (-osh, -š) dan iborat so‘z birikmasi sifatida tadqiq etilgan. Ularning eng qadimiysi – “liv aš” esa qadimgi turkiy obidalar: Turfon bitiklari va “Qutadg‘u bilig”da uchraydi. Bizningcha, “lochira” ham “lavash” singari “lo” (“lav”,  لو) va “churak” so‘zlaridan yasalgan. Agar kimdadir nega unda “lav-churak” emas, “lo-chira” degan savol tug‘ilsa, buni o‘zbek tilining turkiy tillar ichida yagona “o”lovchi til ekani bilan tushuntirish mumkin (lav+churak → lo+churay→ lochira).

“Cho‘rak” so‘zi “Devonu lug‘otit-turk”da ikki o‘rinda uchraydi, bir o‘rinda: “cho‘räk – kulcha”, deb (DLT. I T. “Fan”, 1960. 369-bet); boshqa o‘rinda “cho‘räklädi” fe’liga: “ol unug‘ cho‘räklädiu unni churakladi, ya’ni u xamirdan churak kulcha (lochira) yasadi”, deb izoh berilgan (DLT. III T. “Fan”, 1963. 353-bet). Ba’zi shevalarda “churak” so‘zi talaffuzida yoki egalik qo‘shimchasi olganda “churay”, “churayi” shaklida “k” tovushi “y”ga aylanadi. Afsuski, hozirda “churak” o‘zbek tilida iste’moldan chiqib ketmoqda, ozarboyjon qardoshlarimiz esa “çörək”ni ruscha “bulochka” ma’nosida qo‘llashadi.

“Lav+ash” va “lo+chira” so‘zlari boshidagi “lav-” (“lo-”), bizningcha, forsiy etimologiyaga ega “yupqa” ma’nosidagi so‘z bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shunda bu nomlar “yupqa yemak” (“lav-ash”), “yupqa non” (“lav-churak”) kabi mantiqiy ma’nolarga ega bo‘ladi. Lochira armanlarning da’vosini ham puchga chiqarishi mumkin, chunki armancha so‘zning bizgacha yetib kelishidan ko‘ra asrlar davomida fors va turk tillari ta’sirida bo‘lgan arman tiliga bu so‘zning bizdan o‘tgan bo‘lishi haqiqatga yaqinroq.

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19272
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi