Oʻqituvchilar maoshi 4000 dollargacha – Vetnamda “Yil oʻqituvchisi” boʻlgan oʻzbek yigiti


Saqlash
21:07 / 08.07.2022 1426 0

Fargʻonalik Dostonbek Siddiqov ayni vaqtda Vetnam maktablaridan birida ingliz tilidan dars beradi. Uning yaqinda “Yil oʻqituvchisi” mukofotini qoʻlga kiritgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Oyina.uz muxbiri Dostonbek bilan bogʻlanib, suhbat tayyorladi.

 

 

Dostonbek gapni u yerga borishingiz tarixidan boshlasak. Rishtonlik yigitning vetnamlik bolalarga ingliz tili oʻrgatayotgani tarixi koʻpchilikka qiziq? Hammasi qanday boshlandi?

 

2014-yili Fargʻona davlat universitetini tamomlaganman. Oʻqituvchilik faoliyatimni esa 2010-yil yaʼni 1-kursligimdanoq boshlab yuborgandim. 2017-yilgacha turli maktab va akademik litseylarda dars berdim. Shundan soʻng ayrim sabablar bilan Moskvaga ketdim va “Step and level” oʻquv markazida ish boshladim. Olti oy davomida boshqa millat vakillariga ingliz tilidan saboq berdim, dars toʻliq ingliz tilida olib borilardi.

 

Boshqa millat vakillarini oʻqitish yoqib qoldi. Koʻp oʻtmay ingliz tili oʻqituvchisi sifatida Xitoyga otlandim. Vizamni yangilash maqsadida qoʻlimda ryukzagim, ikkita futbolka, bitta jinsi shim va krossovkam bilan Vetnamga keldim. Xitoy elchixonasi vizamni rad etdi. Boshim qotib qolgan edi, bir nechta davlatlar (Laos, Tailand, Kambodja)da ham viza olishga urinishlarim samarasiz yakunlandi.

 

 

Kambodjadaman, choʻntagimda esa bor-yoʻgʻi 20 dollar qolgan... Bunday vaziyatda Oʻzbekistonga ham qayta olmayman. Shu payt Vetnamdan ish taklifi chiqib qoldi. Oʻylab oʻtirmay, qarz-havola bilan shartta uchib keldim. Boshida qiynaldim, issiq havosi, ovqatlari, mahalliy aholi tiliga oʻrganishim oson boʻlmadi. Naq bir yil vaqtim moslashishga ketdi. Keyin asta-sekin koʻnikdim, aholi madaniyati, tilini oʻrganib oldim. Vetnamdagi xalqaro maktablarga hujjat topshirdim, “Vinschool” ishga taklif qildi va hozirda shu yerda ingliz tilidan dars beraman.

 

 

Oʻzbek yigitining xorijiy davlatda “Yil oʻqituvchisi” sifatida tan olingani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv boʻldi. Ayting-chi, bu oʻzi qanday tanlov, necha nomzod orasidan tanlandingiz, tanlovning nufuzi qay darajada?

 

Tanlovga ikkinchi ish joyimdan ishtirok etdim. RES (Reliable English School) Vetnamdagi IELTS oʻqitadigan juda katta maktab. British council, IDP singari xalqaro tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikda ish olib boradi. Maktab tashkil etilganiga oʻn sakkiz yilcha vaqt boʻlgan va hozirda 40 dan ortiq filiallari mamlakatning turli shaharlarida faoliyat yuritadi.

 

Har yili oʻquv yili yakunida maxsus bazm uyushtiriladi va yilning eng yaxshi oʻqituvchisi, yil yangiligi, yil filiali singari mukofotlar topshiriladi. Tanlovda 500 dan ortiq xorijlik va 700 nafar vetnamlik oʻqituvchi-murrabiylar orasidan har bir yoʻnalishda 10 nafardan gʻolib tanlanadi.

 

Yil davomida 6 nafar oʻquvchim IELTSdan 8 va undan yuqori ball, 40 nafardan koʻpi 6,5-7 ball olib, ayni vaqtda Kanada, Buyuk Britaniyada oʻqishini davom ettirmoqda. Menimcha, ushbu natijalar sabab mukofotga loyiq koʻrishdi.

 

 

Vetnamda oʻqituvchiga qoʻyilgan talablar, mavjud imkoniyatlar qanday? Oʻzbekistondagi holat bilan solishtirgan holda nimalar deya olasiz?

 

Vetnamda oʻqituvchilar maoshi juda yuqori boʻlmasa-da, jamiyatdagi obroʻsi juda baland. Oʻzbekistondagi kabi repetitorlik tarmogʻi rivojlangan, shu bois oʻqituvchilar juda yaxshi mablagʻ topadi. Ingliz tili bogʻcha yoshidan oʻrgatiladi. Bir doʻstim 18 oylik, tili endi chiqqan bolachalarga dars oʻtadi, bu hazil emas!

 

Maktablarda qogʻozbozlik koʻp, boisi haliyam kommunistik davlat, byurokratiya bor. Lekin Oʻzbekistondagichalik emas. Birov yoningizga kelib, hujjat titib, ishingizni tekshirib oʻtirmaydi. Internetda maxsus tizim bor, hamma vazifa, topshiriq, muammo, savollar oʻsha yerda hal etiladi. Komissiya degan tushuncha yoʻq emas, albatta, lekin kelaverib bezor qilishmaydi. Oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi munosabat doʻstona, oʻzaro hurmat asosiga qurilgan. Pedagoglar odatda xush kayfiyat yuradilar.

 

Vetnamda mahalliy oʻqituvchilar 400-500 dollar atrofida oylik oladi, xorijlik oʻqituvchilar maoshi bilim darajasi, tajribasiga qarab 4000 dollargacha. Mahalliy muallimlarning ingliz tili koʻnikmasi pastroq, aksariyati zoʻrgʻa gaplashadi, bolalarga asosan grammatikani oʻrgata oladi.

 

Xorijlik oʻqituvchilar toʻliq ingliz tilida dars oʻtadi, oʻquvchilar istasa-istamasa darsda inglizcha gaplashishga majbur, shu bois chet ellik pedagoglarga boʻlgan talab yuqori. Mahalliy muallimlar maoshni davlatdan olsa, xorijlik oʻqituvchilarga ota-onalar oyma-oy yoki yillik qilib pul toʻlaydi. Tan olish kerak, bu yerda ota-onalar farzandi taʼlimi uchun juda katta mablagʻ sarflaydi.

 

 

Oʻqituvchiga har bir qilingan ortiqcha ish, vazifa uchun qoʻshimcha haq toʻlanadi.

 

 

Oʻzbekistonga qaytish va shu yerda ingliz tilidan dars berish takliflari ham bildirildimi?

 

Albatta, qaytish niyatim bor, faqat qachonligi hozircha aniq emas. Takliflar ham yoʻq emas. Oʻzbekistonga qaytgach, oʻquvchilarga ingliz tilidan taʼlim berishni davom ettiraman.

 

Inobat AHATOVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 128
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19161
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15956
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi