To‘ylar mavsumi boshlanmoqda. Shu asnoda mebelni kelin taraf qilishi kerakmi yoki kuyov, degan “azaliy va abadiy” bahsimiz yana qo‘zg‘oldi. Qizig‘i, muhokamalarda yosh avlod vakillari to‘yni dabdabali o‘tkazish va uyni hashamatli jihozlar bilan to‘ldirish tarafdori emasdek namoyon bo‘lmoqda. Orzu-havasga esh illatlar esa inersiya qonuni asosida davom etib kelayotgan ko‘rinadi. Ishonmasangiz, Oyina.uz jamlagan fikrlarga ko‘z yugurtiring.
Gulandom Tog‘ayeva,
jurnalist:
– Inson kapada ham baxt, quvonch topa oladi, bunda faqatgina ma’rifat, o‘z holiga qanoat kerak. Dang‘illama to‘ylar yoki hashamdor mebellar ko‘ngillarga biroz fayz bag‘ishlashi mumkin, ammo chinakam saodatni mehr-oqibat, bir-birini tushunish fazilati beradi. Omon Matjon aytganidek, “Azizim, yulduzlar falakda baxtli, Inson o‘z qalbida, yurakda baxtli...”
“Xayriyat – jamiyatdadir”, deydi mashoyixlar. Hamma ishda ota-ona, qarindosh-urug‘, kelin-kuyov bir yoqadan bosh chiqarishga intilsa, yechimi yo‘q muammo qolmaydi. “Men sendan kammanmi” degan kimo‘zar esa hayotni murakkablashtiradi. Shaxsiy muammolar asta-sekin jamiyat dardiga aylanadi. Masalan, immigrasiya.
Bitta xo‘roz so‘yib to‘y qilganlarni eshitganmiz. Kelin-kuyov birga ishlab, uy-joyni ham, boshqa dav-daskani ham olishgan, sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab o‘stirib, katta to‘ylar qilishgan. Qaytanga, yosh oila hamjihatlikda erishgan ne’matlarning qadri o‘zgacha bo‘ladi.
Sayyid Islom,
bloger:
– “Mebelni erkak qilishi kerak, gilamni erkak qilishi kerak, erkak – erkak bo‘lishi kerak”, deb qaytaraverib, qaytaraverib, shu natijaga erishdik: yigitlar uy olyapti, ta’mirlayapti, parda, gilam va boshqa jihozlar bilan to‘ldirguniga qadar yoshi o‘ttizga boryapti...
Bir illatdan qutulib, undan battariga yo‘liqdik. Orzu-havaslarimizni qaychilash, jilovlash o‘rniga, dabdabani bir tarafdan olib, boshqa tarafga yukladik. Bechora kuyovlar uy olish uchun besh yil, remonti uchun ikki yil Rossiyada ishlar edi. Endi qo‘shimcha yana ikki yil ishlayapti, qandaydir latta-putta va mebellar uchun.
Ko‘p tanishlarim, jiyanlarim uylanmay yuribdi. “Ha?”, desa, “Uy-joy qilishim kerak, ichini o‘zim to‘ldirishim kerak”, deb. “Kelinning divanida yotmayman, o‘zim sotib olaman”, deb umri o‘tib ketyapti. O‘zini tutib, pul topib, orzularni ro‘yobga chiqarguniga qadar boshqa yerdan ikki bolali bo‘lib qolyapti. “Kuyov avval yashirincha uylanib olgan ekan. Farzandi ham bor ekan”, deya qizlarini ajratib yuborayotgan ota-onalarni ko‘p eshityapmiz.
Hadisga muvofiq, uylantirish va erga berishda shoshilish o‘rniga, yildan yilga vaqtni cho‘zib boryapmiz. Natijada oilalar buzilyapti. Bir kishi maqtanyapti: “Sovchi bo‘lib kelayotganlar hamma narsa tayyor, 18 yoshga kirsa, pasportini ham o‘zimiz olamiz deyapti”, deb. Odamlar tushunib qoldi, qiz taraf majbur emasligini. Bir hisobda xursandman. Lekin yangi ta’mirlangan uy, parda, gilam va mebellar ham shart emasligini tushuninglar endi.
Hamma narsa tayyor, deb eshik qoqayotgan bechora kuyovlarning otning kallasiday qarzi bor yoki to‘yni o‘tkaziboq Rossiyaga ketish uchun chiptasi cho‘ntagida. Yosh kelinchaklar parda, gilamli uyda qimmat yotoq mebelida yostiq quchoqlab uxlaganida, kuyovlar mardikorchilikka ketadi. Yolg‘izlikdan kelib chiqayotgan mashmashalarni esa sanamay qo‘ya qolay.
Rossiyada o‘n yillab ishlab, uyni to‘ldirib, keyin uylanish shart emas. Uydirma udumlar qurboniga aylanayotgan yosh umrlarga achinasan. Avvallari kelin taraf qarzga botib, qizning otasi yillab Rossiyada ishlab sep yiqqan bo‘lsa, endi kuyov tomon shu ishni qilyapti. Soxta obro‘, manmanlik, “odamlar ko‘rib qo‘ysin”ga yashash jamiyatni chirityapti.
Rushana Ziyadullayeva,
talaba:
– Doim shu mavzuda gapirishga og‘rinaman. Mebel, gilam, parda deyishganda jahlim chiqadi. Insonning oddiy bir buyumlar bilan qadrsizlanishi juda xunuk holat. Oyimga doim turmush qurishimda hech narsa qilmaysiz, bir-ikki kiyim olaman, xolos, deyman. Hazil ham qilaman ba’zida, men borgunimcha mebelsiz qanday yashagan bo‘lsa, bundan keyin ham yashasin, deyman. Kulgu bo‘lsa ham, bu achchiq haqiqat.
Birorta yigit yoki qizning qimmat jihoz olishim kerak, degan gapini eshitmadim. Bunday “qadriyat”lar hali ham yashayotganiga ota-onalarimiz sabab bo‘lsa kerak. Oyimga qancha uqtirmay, baribir mebel olib beraman, borgan joyingda izza bo‘lmaysan, deydilar. Men esa doim o‘zim harakat qilib erishganman, dadam shunga o‘rgatgan. Ertangi hayotimda ham uyimga nimaiki kerak bo‘lsa, turmush o‘rtog‘im bilan birga erishishni xohlayman.
Rashid Xo‘jamov,
magistrant:
– Mebelni kim qilishi kerak: kelin yoki kuyov? Keling, boshqacharoq savol qo‘yamiz. Mebel aslida shu qadar zarurmi? Oilada kichik farzandman. Opam uzatilgan, akam uylangan, men ularning to‘y tashvishlarini, keyingi hayotlarini kuzatib o‘ylab qolaman: nega biz o‘zbeklarda mebel, parda va boshqa allambalolarga birlamchi ehtiyoj deb qaraladi? Masalan, ikki tomon ham ortiqcha chiranmasdan (agar moliyaviy ahvoli ko‘tarsa, mayli, xohlaganiday yashasin), qarz-havola bilan to‘y boshlamasdan, qurbi yetganicha tayyorgarlik ko‘rib ham yangi hayotga qadam qo‘yishi mumkin-ku. Ikki yosh oila qurib, oyoqqa turib olib, o‘zlari uchun o‘zlari sharoit yaratishi oqilona yo‘l deb o‘ylayman.
Kuyov bola yotadigan divan, kelin bola qaraydigan toshoyna, ikkalasining kiyimlari ilinadigan javonu yana boshqa narsalar uchun nega ota-ona ter to‘kishi kerak, nega qizimni uzataman, o‘g‘limni uylantiraman deb musofir yurtda ishlashi, hatto yo‘l xarajatini o‘ylab to‘yga kelolmasligi kerak? Shunday voqealarga ham guvoh bo‘lyapmiz, afsuski...
Masalaning yana bir tomoni shundaki, ayrim oilalar mebel qilish kerak ekan deb mutlaqo ishlatilmaydigan, uyning bir burchagini egallab, chang bosib yotadigan matohlarni ham sotib olishadi. O‘zlariga qolsa, olmasdi, ammo quda tomonning, ayniqsa, elning malomatidan cho‘chishadi. Bizda har qanday vaziyatda asqotadigan gap bor-ku: “Odamlar nima deydi?” Odamlar nima desa der, siz oilangiz tinchini, to‘ydan keyingi hayotingizni o‘ylang.
Turish-turmushimizda chet el hayotiga taqlid bo‘rtib ko‘rinadi. Kiyinishimiz, yeyish-ichishimiz, ovqatlarimiz, orolanishimiz... Ammo hali hamon to‘ylarimiz, to‘y xarajatlarimiz g‘irt o‘zbekcha. Bu masalada ham “chirigan Gʻarb”ga taqlid qilsak yaxshi bo‘larmidi?!
Nodira IBROHIMOVA
Oyina.uz
Foto: Xolida Musurmonova
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q