Pasportimga oʻzbek deb yozilmagani Oʻzbekistonni sevishimga xalal bermaydi – turli millat vakillarining iqroru izhorlari


Saqlash
15:07 / 06.07.2022 1393 0

Qoraqalpogʻiston voqealari jamiyatdagi turli dunyoqarashli guruhlarni bir nuqtaga yigʻdi – Vatan boʻlinmasdir! Amaldagi hukumatning ashaddiy tanqidchilari ham, har qanday vaziyatda koʻpchilikka teskari gapirishi bilan tanilgan “nostandartlar” ham yagona gʻoya atrofida jipslashdi. Oyina.uz ijtimoiy tarmoqlardagi onlayn joʻrnavozlikda bir toifaning oʻzaro hamohang ovoziga alohida eʼtibor qaratdi – Oʻzbekistonda oʻzbeklar bilan ogʻa-inidek yashab kelayotgan boshqa millat vakillari!


Nazira Mambetsharipova,
Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist:

 



– Kecha Qoraqalpogʻiston TVda jonli efir berib turdik, ochigʻi, yigʻladim men. Prezident “Nega menga vaziyatni yetkazmadinglar”, deganda haq edi. Ijtimoiy tarmoqda odamlar konstitutsion islohotlar boʻyicha koʻp fikr va savol berishdi. Ammo biror rasmiy shaxs chiqib, tushuntirmadi, bu loyiha ekani, xalqning fikri soʻnggi soʻz boʻlishini aytmadi... Hoʻlga quruq aralashib ketdi va bu kimlargadir qoʻl keldi.

Kecha Prezident kelganida tinchliksevar ziyolilarning, ota-onalarning ruhi koʻtarildi. Ular mamlakatda kechayotgan islohotlarni maʼqullaydi. Qoraqalpoqlarning milliy oʻzlikni asrashga boʻlgan intilishini davlat rahbarining oʻzi ham qoʻllab-quvvatladi. Konstitutsiyaning tegishli moddalarini oʻzgartirish borasida hech qanday oʻylov va ikkilanishga hojat qolmadi.

Kecha efirda turib, imkonim qadar shularni aytdim. Bugun oʻzbek xalqi bilan birga yaratgan moddiy boyliklarimizni, shu tinch hayotimizni bolalarimiz kelajagi uchun asraylik, koʻchaga chiqqanlar, ortga qaytinglar, dedim. Tongda televideniyedan uyga keldim. Ota mahallamda bolalar oʻynab yuribdi, har kim oʻz ishi bilan... Aziza, oʻzbek doʻstlarimizga ayting, ijtimoiy tarmoqda oʻtirib, oʻzbek xalqiga hurmatsizlik qilayotganlar qoraqalpogʻistonliklar fikrini ifodalamaydi. Bizda hozir internet yoʻq. Ularning kim va qay gʻarazda, qayerlardadir oʻtirib olib yozayotganini mana shu faktning oʻzi ham tushuntiradi.

Men Qoraqalpogʻistonda tugʻilib oʻsdim. Farzandlarim Toshkentda katta boʻldi. Biror marta ikki tomonda ham diskriminatsiya nimaligini sezmadim. Butun respublika tashkilotlari, jamoatchiligi kelib, Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish uchun oylab shu yerda yashab-ishlaganini koʻrdim. Ikki doʻst xalqning bolasi ekanimdan faxrlanaman. Aziza, ciz yetkazing, biz oʻzbekistonliklarni yaxshi koʻramiz. U yerda ham, bu yerda ham oʻzbek-qoraqalpoq bir-birini sevadi.

 


Baxtiyor Sheraliyev,
biolog, Xitoyda Janubiy-gʻarbiy universitet postdok tadqiqotchisi:

 



– Fargʻonaning Rishtonida tugʻilib oʻsganman. Bu yerda oʻzbek, tojik, qirgʻizlar bir-biri bilan aralashib yashaydi. Shuncha yildan beri pasportda tojik deb yozilgani biror marotaba boʻlsin menga xalal bergani yoki millatim tufayli menga nisbatan qandaydir ayirmachilik qilinganini eslay olmayman.

Butun Oʻzbekiston boʻylab tojik, qirgʻiz, qozoq, turkman, tatar, uygʻur doʻstlarim bor. Men ham, ular ham oʻzimizni Oʻzbekistonning toʻlaqonli fuqarolari deb hisoblaymiz. Shaxsan oʻzimni Oʻzbekistondan ayricha tasavvur qila olmayman. Oʻzbek millati yoki oʻzbek tili haqida gapirayotganda boshqa birov yoki boshqa til haqida soʻzlayotgandek his etmayman, aksincha, oʻzimni oʻzbekning bir boʻlagi deb bilaman va doim shunday boʻlib qoladi.

Ilmiy faoliyatim ortidan respublika boʻylab koʻp safarga chiqaman. Bir gal Qoraqalpogʻistonga boradigan boʻldim. Oʻsha yerlik tanishim meni uyiga taklif qilar ekan, xijolatomuz yozdi: “Baxtiyor, aybga buyurmang, sharoitimiz u qadar ham yaxshi emas...”. “Doʻstim, bu gapingiz bilan meni ranjityapsiz. Qoraqalpogʻiston bu – Oʻzbekiston, mening vatanim, u yerdagi muammo meniki ham. Odam oʻz uyidagi holatdan akasi yoki ukasini aybga buyuradimi? Bu gapni bir aytdingiz, boshqa aytmang”, deb javob yozganman.

Chindan ham, Qoraqalpogʻiston bu Oʻzbekistonning bir qismi, uni boshqacha tasavvur qila olmayman. Oʻzbekiston barchamiz uchun umumiy uy va doim shunday boʻlib qoladi. Hozir boʻlinish, ayrilish emas, balki birlashish, jipslashish vaqti!

 

Abdunabi Abdiyev,
jurnalist, yozuvchi:

 



– Bolaligimdan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qaipbergenovning “Mamanbiy afsonasi”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar” romanlaridan iborat “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi eng sevimli asarlarimdan biri boʻlgan. Mamanbiy, Oydus bobo, Ernazarbiylar tilidan hikoya qilingan teran maʼnoli afsona va rivoyatlarni qayta-qayta mutolaa etishdan charchamasdim. Ajdodlari shunday teran fikrlagan el bir hovuch gʻalamislarning qutqusiga uchmasligiga ishonchim komil. Koʻzingni och, qoraqalpogʻim!

Men jannatmonand Oʻzbekistonda tugʻilgan turkmanman. Yoshim 65 da, lekin hali birov “Sen turkmensan!” deb koʻkragimdan itarmagan. Shunday bagʻrikeng, saxovatpesha yurtni boshqa topib boʻlmaydi. Orolboʻyida ekologik muammo bosh koʻtarganda hech kim “Menga nima?!” deb oʻzini chetga olmagani bagʻrikenglik mahsuli emasmi? Teran tomirlarimizga tutash doʻstlik rishtalarini shu sinov damlarda yanada mustahkam bogʻlash burchimiz ekanini unutishga haqqimiz yoʻq.



Bahriddin Chustiy,
taniqli oshpaz, Oshxona.uz, Tez Food va Sal-Sal loyihalari asoschisi:

 



– Sir emaski, Chustda ham tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilishadi. Mening ham pasportimda tojik deb yozilgan, ammo bu hech qachon va hech qayerda Oʻzbekistonni sevishga, uning rivoji va ravnaqi uchun hissa qoʻshishga, xursandligida sevinishga, qaygʻuli kunlarda hamdard boʻlishga toʻsqinlik qilmagan.

Qoraqalpogʻistonlik vatandoshlar, birovlarning “bale-bale”siga uchmaslikni, fitnalar girdobida qolib ketmaslikni, Krilov masalidagi oqqush, choʻrtanbaliq va qisqichbaqa kabi ish tutmaslikni iltimos qilaman. Chunki biz millatimiz va elatimizdan qatʼi nazar, bir yurt fuqarosimiz, shu yurtning bir boʻlagimiz va uning birligi va borligi uchun masʼulmiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16276
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi