Toshkentda ham, Nukusda ham hammamiz birdek mezbon, hammamiz birdek mehmonmiz – o‘zbek ziyolilari Qoraqalpog‘iston voqealari haqida


Saqlash
17:07 / 04.07.2022 1362 0

So‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan notinch vaziyat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz o‘z fikrlarini bildiryapti. Jumladan, ziyoli qatlam – yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, olimlar ham bu masalaga befarq bo‘lmay, barchani birdamlik, tinchlikka chorlamoqda. Oyina.uz ayrim mulohazalarni bir joyga jamladi.

 

 

 

Ibrohim Gʻafurov,

O‘zbekiston Qahramoni:

 

– O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari yer yuzidagi eng qadimiy, madaniy xalqlar qatoriga kiradi.

 

Ularni insoniyat tarixining otasi Herodot o‘z tarix kitoblarida bayon qilib ketgan va yer yuziga tanitgan. O‘sha so‘zlar hamon haqiqatini yo‘qotgan emas. Biz 10 ming yillarcha og‘a-ini, qavm-qarindosh bo‘lib yonma-yon yashagan jigar xalqlarmiz. Ulug‘ daryolardan birga ob-hayot – tiriklik suvini ichganmiz,  yurtimizni obod farovon shonu-sharafli qilib tiklaganmiz. Tomirlarimiz ajralmas bo‘lib tutashib yotibdi.

 

Tarix yo‘llaridan yelkama-yelka borar ekanmiz, bugun yelkalarimizning kuch-qudratini har qachongidan ko‘ra kuchliroq ishonchliroq sezmoqdamiz. Gʻalamislar, xalqaro kazzoblar, ig‘vogarlar, yo‘q yerlardan nizo chiqaradigan qabihlar hech qachon o‘zlarining mash’um va shum maqsadlariga yetmagaylar.  Ularning iftirolari va buhtonlariga qaramasdan biz abadiy birgamiz. Bizni yengadigan kuch yo‘q. Ig‘vogarlar, nizogarlar faqat qonxo‘rlik va talotumlarni istaydilar. Begunohdan-begunoh odamlarni qurbon qilishdan toymaydilar. Ammo bu yo‘llar tarixda ham sarob bo‘lgan edi, hozir ham sarob va kelajakda ham sarobdir.

 

Xo‘p, Konstitusiya loyihasi umumxalq muhokamasi ekan, har qancha fikr bo‘lsa aytingiz. Diskussiyasiga qo‘shilingiz. Konsitusiyaning odil umum O‘zbekiston xalqi uchun manfaatli qonun-qoidalar bilan boyib borishiga o‘z aqli xizmatlaringizni ayamay sarflasangiz. Chunki haqiqat faqat adolatli bahslar, munozalarda yuzaga chiqadi. Hozir aql-idrok va matonatni zarracha yo‘qotmaslik haqida gap bormoqda. Bizning bunga ishonchimiz to‘la va tom. Ortiqcha ehtiroslarga berilish, tinch-farovon yurtda to‘zon ko‘tarish hech qachon ijobiy natijalarga olib kelmas!

Biz O‘zbeklar va Qoraqalpoqlar hamisha birgamiz!

Tarix va tabiat buni ma’rifatli xalqlarimizga meros qilib qoldirgan. Zero, haqiqat shundaki, tushungan tushunib olsin!

 

 

 

Xurshid Do‘stmuhammad,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi:

 

– Bovurim – jigarim!

 

Mambet og‘am! “Umr” ismli qush bunchalar tez uchmasa! Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tugatganimizga roppa-rosa 50 yil bo‘libdi-ya! Aytishga oson. Ne zamonlar ortda qoldi, kim nasibasini qayerdan topdi – o‘ziga ayon, lekin Siz bilan biz o‘sha oliy dargohda orttirgan kasbimizning etagini biron kun qo‘ldan qo‘yganimiz yo‘q: jurnalistikaning qattiq nonini baham ko‘rdik, bola-chaqa boqdik.

 

Talabalikning zavq-shavqqa to‘la qaynoq lahzalaridan meros xotiralarimiz shu qadar mo‘l-ko‘lki, ularni aytib ado qilolmaymiz. Yil oralab goh Toshkentda, goh Nukusda diydorlashganimizda, tongotar diydorlashuvlarda o‘sha o‘smir yoshligimizga qaytishlarimiz-chi? Diydor aziz, mehr-oqibat aziz bo‘lgan joyda azizdan-aziz xotiralar yana va yana Sizu bizni yaqinlashtirdi, birodarlashtirdi. Qozoq Jo‘ldosh, turkman Bayram, qoraqalpoq Quyosh, tojikistonlik O‘rinboy, qirg‘izistonlik Muzaffar va boshqa do‘stlarimiz orasida Siz yoshi ulug‘imizsiz, shu bois ham jo‘raboshimiz sifatida Sizning so‘zingiz – so‘z, gapingiz – gap, shunday emasmi? Illo, og‘a, jigitlik so‘zini aytish mavridi keldi, shu-uncha yillik diydorlashuv onlarida biron marta o‘zbek va qoraqalpoq millati orasiga zarracha sovuqchilik tushgani yo‘q, manfaatlar tarafkashligi kuzatilmadi. Xayolimizga ham kelgani yo‘q bunday mashmashalar, shunday emasmi, Mambet og‘a?  

 

Ko‘rib, ko‘zimizga, eshitib, qulog‘imizga ishonmadik. Shu yoshga chiqib ko‘rmagan-eshitmagan voqealarimiz yuz berayapti-ku, Qoraqalpog‘istonda. Ustyurt vodiysini yayov kezish, olisdan bo‘lsa-da, Orol sohillariga nigoh tashlashni qo‘ya turaylik, “Keyingi 4-5 yil ichida Qoraqalpog‘istonda yuz berayotgan yangiliklarni birga-birga tomosha qilib toliqib qolmaysizlarmi, bovurlarim?” deya ichimizga o‘t-olov yoqib, mehmonga chorlagan o‘zingiz.

 

Boramiz ham, ko‘ramiz ham, faqat unutmang, Toshkentda ham, Nukusda ham hammamiz birdek mezbon, hammamiz birdek mehmonmiz!

 

Xalqlarimiz odatiga ko‘ra, chinakam bovurlik sharti ana shunday, Mambet og‘a!

 

 

 

Qo‘ng‘irotboy Sharipov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor:

 

– Kuni kecha Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan noxush xabarni eshitib yuragim zirqirab ketdi. Bu xalq o‘zlari yashaydigan kengliklar singari bag‘ri keng, qalbi daryo xalq.

 

O‘rni kelganida yana shuni iftihor va faxr bilan aytaman Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilganligim uchun mening ismimni Qo‘ng‘irotboy qo‘yishgan. Bizga ma’lumki Qo‘ng‘irot, o‘zbek va qoraqalpoqning eng qadimiy urug‘laridan birining nomi. Birgina shuning o‘zi ikki elning mangu do‘stligining mustahkam rishtalariga ishora. Bu elning qalbiga qutqu solmoqchi bo‘lgan yot unsurlar adashadi. Bu yot unsur kimsalar qalbi daryo ikki xalqning oshiga og‘u qo‘sha olmaydi.

 

Qahramon shoirimiz Ibroyim Yusupov o‘z she’ru baytlarida g‘urur bilan e’tirof etganidek, qoraqalpoq do‘sti so‘rasa o‘zi minib yurgan otini ham tortiq qilib yuboradigan  tanti va hotamtoy el. Mening kindik qonim shu yurtga tomgan, shu yurt tuprog‘ida voyaga yetganman. Qarich yoshdan shu elning ichida o‘sganman. Vijdon bilan shuni aytaman, yuragi  qora fitnachilar qadim-qadimdan bir-biriga ko‘rar ko‘zning qorachig‘idek vobasta va kamarbasta elning ko‘ziga cho‘p suqaman desa qattiq  adashadi. Hozirgi pallada butun dunyo turkiylari yagona maslak, qutlug‘ maqsad yo‘lida birlashish g‘oyasini oldinga surayotgan paytda og‘a-ini bu xalqlar o‘rtasiga qutqu solishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

 

Yaqinda ish yuzasidan respublika markazi Nukus shahrida bo‘ldim, bu yerdagi osmono‘par binolar va boshqa ishlab chiqarish inshootlari, keng va ravon ko‘chalarni ko‘rib ko‘zlarimga ishonmay ketdim. Biroq bu ertaklardagiga monand muhtasham imoratlar, zamonaviy rusumdagi yengil mashinalar, qator oliy o‘quv maskanlari bu yurtning ertasi yanada porloq ekaniga kafolatdir. Donishmand va ijodkor sarboni bor mamlakatning kelajagi yanada nurli bo‘lishiga kishi ko‘nglida e’tirozga o‘rin qoldirmaydi. Chunki amaldagi olib borilayotgan ishlar ana shunday deyishimizga katta asos bo‘la oladi. Zero bunga zarracha shak shubha yo‘q.

 

 

 

Hayrulla Lutfullayev,

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti, O‘zDSMI professori:

 

– Qoraqalpog‘iston mening ikkinchi Ona yurtim. Chunki umrimning ko‘p qismini, aziz onlarimni shu yurtda ijodiy uchrashuvlar va konsertlar o‘tkazdim, el ardog‘iga tushdim, obro‘-e’tibor qozondim. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarini bir daraxtning ikki shohiga o‘xshataman, bir ildizdan oziqlanib, kamol topmoqda. Shunday bo‘lib ham qoladi, bunga ishonchim komil. Qoraqalpog‘istonda mening hamkasblarim, do‘stlarim va shogirdlarim benihoya ko‘p. Ular bilan ko‘p marotaba tuz totishganmiz. Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at borasida bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar meni hursand kiladi.

 

Men yaxshi bilaman qoraqalpoqlar ning buyuk san’ati bor, u uzoq o‘tmishga ega. Bu muqaddas madaniyat namunalarini, san’at durdonalarini kelajak avlodga yetkazishda Qoraqalpoq elida bunyod etilayotgan Bolalar musiqa va san’at maktablari, Opera maktabi, O‘zDSMIning Nukus filiali, yangi tashkil etilgan Konservatoriyaning Nukus filiallarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Biz bunday ezgu ishlarimizning ro‘yobi uchun birga mehnat qilishimiz lozim.

 

 

Shuhrat Rizayev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi:

 

– Bizni hech kim ajratolmaydi!

 

Bugun O‘zbekiston shunday shitob va mahobat bilan rivojlanib boryaptiki, unga yorug‘ havas bilan qarayotganlar qatorida qora hasad bilan qarayotgan kuchlar ham kam emas. Ular mamlakatimizda muhim ijtimoiy-siyosiy hodisa – Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida fitna-fasod qo‘zg‘ab, xalqimizning hamjihatligiga putur yetkazishga urinmoqda.

 

Mana shunday vaziyatda hamjihatlik va birdamlik muhimlardan-muhim ekanini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Biz Qoraqalpoq xalqi bilan asrlar osha bir tanu bir jon bo‘lgan xalqlarmiz. Berdaqu Ajiniyoz To‘lipbergen og‘ayu, Ibroyim og‘alar yonib kuylagan mustahkam do‘stligimiz bor. Bugun O‘rozboy Abdurahmonov, Kenesboy Karimov, Baxtiyor Genjamurod kabi asl Qoraqalpoq O‘g‘lonlari bitiklarida bu ezgu an’ana bardavomdir. Yurtboshimizning Qoraqalpoq zaminiga ko‘rsatayotgan himmatini asrlar davomida hech kim qilolgan emas. Ana shu sharoitda bunday bag‘rikenglik va saxovatini bilmaslik, shukronalik tuyg‘usini his qilmaslik na Allohga na bandasiga xush kelmas. Biz tashqi hasadgo‘y kuchlarga faqat ahilligimiz bilangina qarshi turishimiz mumkin. Bizni hech bir kuch ajrata olmaydi.

 

 

 

Yodgor Sa’diyev,

O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti:

 

– Qoraqalpoq do‘stlarimizning chiroyli bir gapi bor. Ya’ni, ular yaxshi insonlarga baho berganda, “Bul adamning juragi qabirg‘asining astinnan ko‘rinip turadi!” deydilar. Tili bilan dili, so‘zi bilan ishi bir bo‘lgan shunday olijanob xalq, albatta, yuksak hurmat va e’tiborga sazovordir.

 

Men qoraqalpoq elini juda yaxshi ko‘raman. Qoraqalpog‘istonga borsam, yuzi issiq, qalbi toza bu odamlar bilan soatlab gurung qilaman. Kelganimda bag‘riga bosib kutib olishsa, ketayotganimda yana qayta-qayta bag‘riga bosib xayrlashishadi.

 

Biz ham shunday: qoraqalpoq inilarimiz, san’atkor do‘stlarimiz kelsa, boshimiz osmonga yetadi. Doim bir-birimizni sog‘inib, bir-birimizga talpinamiz.

 

Shunday ikki buyuk xalqning qilo‘tmas do‘stligini ko‘rolmay, chetdan fitna uyushtirganlarni eshitib, g‘azabim keldi.

 

Biz bunday nayranglarga, turli axborot xurujlariga aldanmasligimiz kerak. Aksincha, yanada inoq bo‘lib, hamjihatligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz lozim.

Prezidentimiz Nukusga borib, hamma masalaga aniq-tiniq yechim aytdi. Konstitusiyaviy islohotlar faqatgina xalqning xohish-istagiga qarab amalga oshirilishini ta’kidladi. Bo‘ldi, bu mavzuda ortiqcha gap-so‘z, masalaga o‘rin yo‘q. Nuqta qo‘yildi.

 

Adolatli va to‘g‘ri qaror qabul qilindi. Buyog‘iga biz bir musht bo‘lsak, oramizga hech kim nifoq sololmaydi.

 

O‘zbek va qoraqalpoq eli yana asrlar davomida birga bo‘lib, yuksak marralarni egallayversin!

 

 

 

Abduqayum Yo‘ldoshev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

– Qoraqalpoq bilan o‘zbek halqlarining o‘xshash jihatlari juda-juda ko‘p. Axir biz bitta xalqmiz. Baayni et bilan tirnoq. Et bilan tirnoqni esa aslo va aslo ajratib bo‘lmaydi.

 

Bugun, ikki qadim-qadimdan ildizlari bir xalq orasiga nifoq solishga urinayotganlar bizning azaliy, ulug‘vor qadriyatlarimizga qarshi borishayotganliklari aniq.

 

Umuman, odam ba’zan bunday kaslarni tushunmay hayron qoladi: ularga nima yetishmaydi o‘zi? Ikki el bir bo‘lib, do‘st-birodar, og‘a-ini, qarindosh-urug‘ bo‘lib yashayotganini ko‘rolmayaptilarmi? Axir, ayniqsa, keyingi besh-olti yil ichida qoraqalpok qardoshlarimiz yashayotgan zamin yanada chiroy ochib, u yog‘i Nukusdan bu yog‘i Mo‘ynoqqacha kishining havasini keltiradigan maskanlarga aylanganligini hammamiz ko‘rib-bilib, havas qilib turibmiz-ku. Albatta, zahmatkash qoraqalpoq eli bundan ham ortiq to‘kis-farovon, munosib yashashga haqli. Ammo bunday ezgu istaklarga mehnat va yana mehnat orqali erishiladi, nifoq olovini tutatish, abadiy qarindosh-birodarlik rishtalariga raxna solish bilan emas.

 

Ha, taassufki, “demokratiya”, “erkinlik” niqoblari ostida yaqin-uzoq xorijdan g‘oyaviy-moddiy sadaqa olib kun ko‘rayotgan kimsalar hali ham uchrab turibdi. Qo‘shnining uyida janjal ko‘tarilsa, ich-ichidan quvonadigan badxohlar ham yetarlicha topiladi. Biroq bo‘ladigan el bunday kaslarning ig‘vo-g‘iybatiga aslo uchmaydi, havoyi ehtiroslarga berilmaydi. It huraveradi, ulug‘vor karvon o‘z yo‘lidan og‘ishmay o‘taveradi, ulug‘vor maqsad manzili tomon boraveradi.

 

Bugun qoraqalpoq eliga zimdan nashtar urmoqchi bo‘layotganlar, bilib qo‘ysin, bu og‘uli nashtar avvalo o‘zbekning qalbiga sanchiladi...

Yurtimiz yetakchisining shaxsan o‘zi Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, vazminlik va jiddiyat bilan masalani hal etayotganligi esa qardoshlarimiz osmonida paydo bo‘lgan qora bulut tezda tarqalib ketishiga komil ishonch uyg‘otadi bizda.

Biz mard va tanti, mehnatkash va bag‘rikeng qoraqalpoq xalqi bilan yelkama-yelka bo‘lib, yaqin kunlarda bu sinovni mardona yengib o‘tishimizga ishonaman!

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16316
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi