Yoʻl bering, tikka gaplashadigan avlod kelmoqda! Noodatiy harakatlar qanday qilib ijtimoiy odatga aylanadi?


Saqlash
01:41 / 02.07.2022 2354 2

Oʻtirvolib yoshlar haqida fikr bildirish kattalarning eng maroqli ishi boʻlsa kerak. “Eh-he, bizning davrimizda...” deb boshlanadigan maʼruzalar koʻpincha “Hozirgi yoshlar juda buzilib ketgan”i haqidagi afsus-nadomatlar bilan tugaydi.

 

“Yoshlarning buzilmasligi” jamiyatda kattalar oʻrnatgan tartib-qoidalarga qanchalik amal qilinayotgani bilan belgilanadi. Mabodo navqiron avlod qizil chiziqlardan hatlab oʻtishga urinsa, ahvoli chatoq. Bu borada hech kimni ayamaymiz. Hatto buyuk faylasuf Suqrot ham “yoshlarni yoʻldan adashtirganlik” uchun oʻlimga hukm qilingan.

 

Avlodlar oʻrtasidagi ziddiyat hamisha dolzarb boʻlib kelgan. Hamma davrning kattalarga quloq soladigan moʻmin-qobil yoshlari bilan birga qoliplarni sindiradigan “buzgʻunchi” yoshlari ham topiladi. Ruxsat etilgan doirada yashaydigan, yaxshi bola yorligʻini boʻyniga osib yuradiganlar bugun ham talaygina. Ular bogʻchada bogʻcha opasining, maktabda sinf rahbarining, universitetda domlalarining, ishxonada rahbarining, uyda... xullas, chizgan chizigʻidan chiqmaydi. Bogʻchadan boshlab hammaning erkatoyi boʻlib, xoʻrozqandlar, aʼlo baholar, faxriy yorliqlar, qizil diplomlar, imtiyozli mukofotlar, jangir-jungur medallar va albatta katta-katta amallarga erishadilar.

 

“Hamma maqtov senga boʻlsin, bor sitam zorlik menga”, deganlaridek, haligi qoliplarga sigʻmaydiganlar doim eʼtibor markazidan chetda yuradilar. Shu ham ularga mustaqillik beradi. Anʼanaviy tartib-qoidalarni buzib yashash erkinligini qoʻlga kiritadilar. Jamiyat hayotini ana shu toifa yangilaydi, ijtimoiy normalarni oʻzgartiradi. Moʻmin-qobillar emas.

 

Ozroq nazariya

 

Inson – ijtimoiy mavjudot, shunisi bilan yer yuzidagi boshqa jonzotlardan farqlanib turadi. Xulq-atvor insonlararo aloqa hosilasidir. Yangi tugʻilgan chaqaloq til, madaniyat, eʼtiqod, bilim, malaka va koʻnikmalarni atrofdagilarning koʻmagida egallaydi. Bularning hech biri tugʻma boʻlmaydi. Yaʼniki, bir domlamiz aytganidek, “Odam odamlar orasida tugʻilgani va yashagani uchun ham odamdir. Yoʻqsa, boshqa hayvonlardan hech bir farqi boʻlmasdi”.

 

Tabiatda tartibni taʼminlashda tabiiy qonuniyatlar qanchalik muhim boʻlsa, jamiyatda muvozanatni saqlashda ijtimoiy normalar ham shunchalik muhim boʻlib, insoniy munosabatlarga hatto huquqiy hujjatlardan ham koʻproq taʼsir qiladi. Vaholanki, bunda qonunni buzishdagi kabi qatʼiy belgilangan jazo yoʻq.

 

Ijtimoiy normalar jamiyat aʼzolarining mutlaq koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan qoidalar boʻlib, turli vaziyatlarda tegishli xatti-harakatlarni belgilab beradigan umumiy yoʻl-yoʻriqlardan iborat boʻladi: nimalar qilishimiz kerakligi (masalan, kattalarni hurmatlash, yoshlarni izzatlash, hasharda qatnashish, toʻy-maʼrakadan qolmaslik, qoʻshnichilik haqini ado etish, kelinlarning erta turib hovli supirishi – genderchilar qargʻaydi shu joyiga) yoki nimalar mumkin emasligi (masalan, ikkiyuzlamachi boʻlmaslik, ojizlarni kamsitmaslik, hamtovoqlarni sotmaslik – terpila dermidi, birovning haqini yemaslik va hokazo)ni uqtiradi.

 

Ijtimoiy normalar bir qarashda maishiy sathda koʻrinsa-da, shaxsning shakllanishida, turli ijtimoiy institutlarda oʻziga munosib maqom egallashida muhim oʻrin tutadi. Ijtimoiy normalarni inobatga olmasak, na shaxsga, na u mansub madaniyatga, na jamiyatga xolis baho berolamiz. Surxondaryolik kuyov voqeasi shunga zoʻr misol. Ammo bu haqda sal keyinroq.

 

Ayrim ijtimoiy normalar uzoq sinovlardan keyin hamma rioya etishi va hurmat qilishi lozim boʻlgan qadriyatga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, ijtimoiy normalarni qatʼiylashtirish va ideallashtirish jamiyatning kristallashuvi va muqobil dunyoqarashning taʼqibga uchrashiga yoʻl ochadi. Rivojlanish va oʻzgarishlarga toʻsiq boʻladi. Baʼzi toifalarning jamiyatdan begonalashuvi, siqib chiqarilishi kuzatiladi.

 

Ijtimoiy normalar jamiyatning umumiy intellekt darajasidan kelib chiqib, voqea-hodisalarga sezgirligi hamda munosabatini oʻzida ifodalaydi va muhofazakor (konservator)lar qanchalik istamasin, izchil oʻzgarib boradi.

 

Bir-ikkita misol...

 

Qishloqlarda 90-yillar oxirigacha boshiga roʻmol oʻramay maktabga borgan muallimaga hamma shubhali qarash qilgani, axloqsizdek munosabatda boʻlganini aytsang, bugungi koʻpchilik yoshlar ishonmaydi. Qiz bola va oʻgʻil bola koʻchada yolgʻiz gaplashib tursa, malomatga qolardi. Bugun unaqa emas, hamma toʻgʻri tushunadi.

 

Quyosh botgach, qoʻshni mahallaga yolgʻiz borish xavfli edi, yoningda oʻsha yerlik sherik boʻlishi kerak edi. Yoʻqsa, guzarlarda har kech yigʻilib, tunni tongga ulaydigan “shep”lar turtkilab mazangni qochirishi aniq edi. Melisabozlik uyat edi. Bugun unaqa emas, melisaga bervoryapti.

 

Yana ozroq nazariya

 

Ijtimoiy normalar oʻzaro suhbatlar, muayyan vaziyatda ogohlantirishlar, axloqiy tarbiya, ibodat, ibrat, turli marosim va tadbirlarda yoshlarga singdiriladi. Shu tariqa jamoat joylarida yoki xoli qolganda oʻzimizni qanday tutishimiz kerakligi chizib beriladi. Hatto farzandimizni qaysi paytda suyib erkalab, qaysi paytda his-tuygʻularimizni yashirishimiz kerakligi ham belgilab qoʻyilgan. Mabodo amal qilmay koʻring-chi, “Bolani beshikda suysang yarashar, xotinni...” degan maqol qulogʻingiz tagida yangraydi.

 

Ijtimoiy normalar jamiyatdagi muayyan muammolarni hal etish uchun ham vujudga keladi. Maqbul yechim topilgach esa, oʻz-oʻzidan unutiladi. Ijtimoiy normalarning oʻzgarishiga ommaning hayotiga taʼsir etadigan katta voqea-hodisalar, siyosiy rejimning qarorlari ham taʼsir qilishi mumkin.

 

Yana bir misol

 

Sinfdagi 18 oʻgʻil boladan 2 nafari sigareta chekmasdi (men va yana bir sinfdoshim). Turli bayram, oʻtirishlarda kaminadan tashqari hamma alkogol ichardi. Hatto giyohvand modda isteʼmol qiladigan tengqurlar ham bor edi. Maktabni tugatgandan keyin tamaki chekmaydigan faqat men qoldim. Boshqalarni kimdir majburlaganmi, yoʻq. Oilasi ruxsat berganmi, yoʻq. Aksincha, kaltak yegan ota-onasidan, akalaridan. Ammo chekardi va ichardi.

 

Deviant xulq-atvor haqida gapirilganda asosan bolaning oilasidagi muhit va doʻstlar davrasi aybdor qilinadi: uyda yaxshi tarbiya koʻrmagan, ota-onasi qaramagan, oʻqituvchilari oyligini halollab olishi kerak, mahallaning roli yoʻq... Aslida ularning hech biri bolalarni chekish va ichishga daʼvat qilmaydi. Ammo ichish, chekish katta odamlarga mumkin, degan qoida hammaning miyasiga oʻrnashib qolgan. Ota-onalar sigaret chekkan yoki aroq ichgan farzandini “Hali sen katta boʻlib qoldingmi?!”, “Erkak boʻlib qoldingmi?!” deb urishadi. Bu bolalarga ichish va chekish uchun eng kuchli motivatsiya; bu katta boʻlganligi, mustaqil boʻlganligi va erkak boʻlganligining eʼtirofi. Ichib, chekib, shuning orqasidan kaltak yegan bolalar ertasi kuni maktabda faxrlanib aytib beradi.

 

Bugun tamakiga qarshi targʻibot qancha kuchli boʻlmasin, kashandalar haliyam kamaygani yoʻq. Chunki bizda chekishga nisbatan ijtimoiy norma oʻzgarmadi. Alkogol isteʼmol qiladiganlar kamaydi. Nega? Chunki, birinchidan, siyosatning dinga munosabati ancha moʻtadillashdi. Ikkinchidan, yoshlar mahallasidagi mulladan qoniqarli munosabat eshitmagan koʻp savollariga internet orqali zamonaning yetuk ulamolaridan joʻyali javob olmoqda. Endi aroqning oʻzi harom emas, qiligʻi harom, degan gaplar oʻtmay qoldi. Uchinchidan, pandemiya odamlarda oxiratni oʻylash hissini kuchaytirdi. Kishi qarigani sari oxirat gʻamini yeb, ibodatga berila boshlaydi. Koronavirus navqironlar qalbida ham shunaqa tuygʻularni alangalatdi. Pandemiyadan keyingi yoshlar undan oldingi yoshlardan koʻra savob amallarga moyilroqdek, nazarimda.

 

Kuzatishlar, fikrlar...

 

Ijtimoiy normalarni yaxshi bilsangiz, koʻpchilik uchun gʻalati tuyulgan tushunarsiz harakatlar mantigʻini tez anglaysiz. Unchalik uzoqqa bormaymiz. Haligi surxondaryolik kuyovning oʻzini tutishi va hamma qanchalik “hayratlanmasin” (nega hayratlanishganini, toʻgʻrisi, tushunmadim), toʻydan ikki yosh birga yashashda davom etayotganining sababi ham ijtimoiy normalar bilan izohlanadi.

 

“Gʻururli” kuyov mojarosi butun dunyoga ovoza boʻldi. Chet elliklar uning xatti-harakatini yovvoyilik deb atadi. Ammo unaqa emas, oʻsha yigit sizu biz bilgan oddiy oʻzbek qorakoʻzlaridan biri. Aftidan, ikki yosh sevishib turmush qurgan, kelinbola esa sal erkalik qilgisi kelgan. Lekin vaqti va joyini notoʻgʻri tanlabdi, dedi bir amaki.

 

Mentalitetimizda kuyov kelindan har qanday holatda yengilishi uyat sanaladi. Mabodo shunday boʻlsa, yigit hamma uchun hazil-mazax obyektiga aylanadi. Har esga tushganda yuziga solinadi. Odatda toʻydan oldin musobaqalarga uquvsiz kuyov chaqqon kelin bilan kelishib oladi. Oyoq bosish marosimida ham...

 

Xotin erdan bir pogʻona past boʻlishi shart, xotinning jilovini birinchi kundan mahkam ushlash kerak, xotinni yelkangga chiqarsang, oʻzi boshingga chiqib oladi, degan pand-nasihatlar ichida oʻsgan yoshlardan boshqa narsa kutish ham gʻalati-ku. Masalan, bolaligimda toʻyda oʻynagani uchun soʻkish eshitgan kelinchaklarni koʻrganman. Tasavvur qilyapsizmi: bazm tugayapti, ikki yosh raqsga tushsin deb shoʻx musiqa chalinyapti, atrofdagilar hadahalab turibdi, kuyov qoʻlidan ushlab oʻyna desa, kelin bechora erim ruxsat berdi-ku deya qoʻlini qimirlatib yuboradi va soʻkish, yigʻi, araz, uzr... kuyov obroʻyini saqlab qoldi.

 

Ertasi kuni mahallada duv-duv gap: “Falonchining oʻldim-kuydim deb opkelgan kelini toza yuzsiz ekan-u. Qoʻlidan ushlab oʻyna desa, jilpanglab ketdi. Lekin kuyov malades, bir soʻkdi, joyiga tushirdi...” Hozir oʻsha gapchilarning qizlari, oʻgʻillari bemalol vals tushishyapti.

 

Nima demoqchiman, Surxondaryoda oʻsha kuyov kelinning boshiga urgani yoʻq, anʼanaviy ijtimoiy normalar zamonaviy dunyoqarashning boshiga urdi.

 

Davayti, jit drujna (kelinglar, doʻst boʻlib yashaylik)?

 

Yoshlar va yoshullilar ziddiyati haqida fikrlashsak, doim bir voqea esimga tushadi. 2017-yili bir olim farzandlarimiz savodsiz boʻlib ketayotgani, buning oldini olish uchun lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek yozuvini oʻrgatishni toʻxtatib, kirill alifbosiga qaytishni taklif qildi. Kattagina tortishuv boʻldi.

 

Ishxonada diplomatiyani endigina tugatib kelgan yosh hamkasbimiz bir tajribali ustozimiz bilan qattiq bahsga kirishdi. Ular bir-birini gʻarbparastlik va sovetparastlikda aybladi. “Sotsialistik ittifoq allaqachon gumdon boʻlgan, – dedi yosh yigit. – Siz kirilparastlarning muddaongiz esa aslida alifbo qiyinligi yoki yoshlarning savodi emas, sovet nostalgiyasi, bu xuddi oʻlgan odamning qabriga borib yordam soʻrashga oʻxshaydi”, dedi.

 

Bahsga nuqta qoʻyish uchun boshqa ustoz qoʻshildi: “Sovet oʻldi, ammo ruhi (gʻoyasi demoqchi) tirik. Qachon eshitgansizlar, arvoh oʻlganini. Alamzada arvoh har-har zamon xuruj qilib turadi, bunga chidash kerak. Ruhlar bilan olishib, oʻzingizni qiynamang, hademay oʻz-oʻzidan tinchib ketadi. U bechora ham yaxshi odam, yaxshi olim, lekin kimningdir buyurtmasini bajargan. Boʻlmasa, oʻzining jurʼati yetarmidi?! Har xil tortishuvlarga qoʻshilib, oʻsadigan kadrlar oʻz kelajagingizga bolta urmang, ehtiyot boʻling!”

 

Kattalar juda ehtiyotkor va oʻziga yaratgan qulayligidan voz kechgisi kelmaydi. Yoshlar shartaki, yangilikka oʻch.

 

Din, gʻoya va Geraklit

 

Kattalarni ham toʻgʻri tushunish kerak. Har bir davrning oʻz ijtimoiy normalari boʻladi va bu kishilarning mayl-istaklari, orzu-intilishlarini chegaralab, jilovlab turadi, stereotiplarni shakllantiradi. Yoshlikni eslatadigan eski narsalarni koʻrganda odam hayajonlanishi tabiiy. Oʻsha paytdagi xotiralar uygʻonadi, yosharadi kishi. Shu bilan birga, Geraklit ham toʻgʻri aytgan: “Ayni bir daryoga ikki marta tushib boʻlmaydi”.

 

Ijtimoiy normalarni oʻzgartirish jamiyat aʼzolarining dunyoqarashida, xulq-atvorida, oxir-oqibat hayot tarzida ham oʻzgarishlar yasaydi. Muqaddas manbalarda aytilgan: “...Albatta, Alloh biror qavm oʻzlaridagi narsani (neʼmatlarga nisbatan munosabatni) oʻzgartirmagunlaricha, ulardagi narsani (holatni yomon holatga) oʻzgartirmas...” (Raʼd surasi, 11-oyat).

 

Agar biz oʻzgarishni hohlasak, avvalo, jamiyatimizdagi ijtimoiy normalarni oʻzgartirishimiz kerak. Orzu-maqsadlarimizga mos qoidalar yaratishimiz va ularga amal qilishimiz lozim. Yaʼni, sovetcha dunyoqarash, anʼanaviy normalar bilan Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlanishni uddalay olmaymiz.

 

Va nihoyat yoshlar haqida... Dekart haq!

 

Bugungi yoshlarni oʻzimning tengqurlarim bilan solishtiraman. Bizning bolalikdagi orzularimiz, hayotga moʻljallarimiz bilan bularniki keskin farq qiladi. Kattaroq, kengroq fikrlashlaridan xursand boʻlaman, havas qilaman. Baʼzan hasadim ham keladi, yashirmayman.

 

Katta-kichik davralarda bizning jamiyat qachon oʻzgaradi, qachon rivojlanadi, degan bahs-munozara chiqsa, 2005-yildan keyin maktabga borgan avlod yuqori lavozimlarda ishlay boshlasa, deyman. Negaki ular aka-opalaridan mutlaqo boshqacha shart-sharoitda oʻsyapti. Zamonaviy darsliklar, kompyuterlar, internet, til oʻrganish markazlari, oʻqishga kirishda keng tanlov, xorijda oʻqish uchun katta imkoniyatlar, fikr bildirish uchun xilma-xil platformalar. Bu beiz ketmaydi, albatta.

 

Bugungi yoshlar dunyoni oq va qora ranglarda koʻrmaydi. Tasavvuri ancha keng. Ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralarda, oʻzaro suhbatlarda bu oʻziga xoslik yaqqol koʻzga tashlanadi. Ular oldingi avlodlarga xos boʻlmagan bir necha ijtimoiy normalarni hayotiy aʼmoliga aylantirib ulgurdi.

 

Birinchidan, yoshlar tanlov erkinligini talab qiladi va bu borada kattalar bilan murosasiz. Oilaviy ajralishlar sababini yoshlarning tanlov erkinligidan izlab koʻrsangiz, koʻp-koʻp savollarga javob olasiz.

 

Ikkinchidan, fikr bildirishni insonning yashash huquqi kabi eng muhim huquqi deb hisoblaydilar. Biror voqea-hodisa haqida mustaqil fikri boʻlsa, buni bildirmaslik ular uchun azob. Oʻsha gapni boshqalar qanday qabul qilishi ikkinchi darajali masala. Ilgari kattalar gapirsa, toʻgʻrimi-notoʻgʻrimi – farqi yoʻq, xoʻp boʻladi, deb jim turib eshitilardi, munosabat bildirish cheklangan edi. Hozir esa fikr aytish yoʻllari koʻp va boʻgʻib boʻlmaydi. Bu yoshlarda oldingi avlodlarda boʻlmagan katta imkoniyat.

 

Uchinchidan, qaror qabul qilishda mustaqillik va javobgarlikni his etish. Bu juda muhim fazilat. Aksariyat tengdoshlarim qishlogʻimizning kattalari qoloq fikrlashidan nolirdi yoshligida. Chunki ijtimoiy normalar juda qattiq edi: universitetni tugatdingmi – maktabda ishlaysan; 21 dan oshdingmi – uylanasan; maktabni tamomladingmi – erga tegasan va hokazo, va hokazo. Ammo ularga “Oʻqishga kir, kelajagingni oʻzing oʻylagandek qur!” desangiz, ota-onasiga “Yoʻq, mening tanlovim boshqa, maqsadlarim boshqa”, deya olmasdi, jurʼati yetmasdi. Xohish bilan reallik mos emasdi. Kattalarga isyon qilgan taqdirda ham mustaqil ravishda institutga kirish, keyin ish topish muammo edi.

 

Bugungi yoshlar ancha mustaqil. Keyingi uch-toʻrt yilda 100 dan ziyod hamkishloqlar talaba boʻldi, yana bir qanchasi Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Rossiyaning nufuzli universitetlarida oʻqiyapti. Qolganlari xorijga ishga ketyapti. Eng muhimi, maktabni tugatib, ota-onasining qoʻliga qarab oʻtirgani yoʻq. Menimcha, boshqa qishloqlar ham shunaqa.

 

Toʻrtinchidan, individual rivojlanish orqali umumiy taraqqiyotga hissa qoʻshish. Yaʼni men oʻzimning ustimda jiddiy ishlasam, sen ham, boshqalar ham shunday qilsa, jamiyat shak-shubhasiz rivojlanadi.

 

Individuallik bizda uzoq yillardan beri tanqid qilib kelinadi. Oʻzbek xalqining oʻziga xosligi haqida gap ketsa, sanoq jamoaviylikdan boshlanadi. Paradoksni qarangki, hamjihatligimizni qanchalik maqtamaylik, jamoaviy sportda doim orqadamiz. Individuallikni qoralaymiz, lekin yakkakurash turlarida arzigulik natijalarimiz bor (hammaning asabini buzadigan millionlar oʻyinini ham mavzuga bogʻladim-ey). Aziz sport funksionerlari, ijtimoiy normalarni jiddiy oʻrganing, muammolar yechimi faqat ragʻbatlantirishda emas.

 

Jamoada oʻzini ajratib koʻrsatishga urinish biz uchun gʻalati tuyuladi. Yoqtirilmaydi. Masalan, koʻpchilik nimadir desa, sizga maʼqul kelmasa ham, xoʻp deysiz. Boshqacha fikrni aytishdan uyalasiz, hamma sizga qaraydi-da. Ammo bugungi yoshlarning aksariyati “xoʻp” demaydi. “Men”i bilan ajralib turishdan uyalmaydi, aksincha, faxrlanadi.

 

Xullasi kalom

 

90-yillar va undan oldingi avlodlarning dunyoqarashi nisbatan tor qobiqda, oʻzlari yashab turgan kichik jamiyat taʼsirida shakllangan. Bugungi avlod esa internet, ijtimoiy tarmoq orqali dunyoni bizdan koʻra ancha erta va yaxshiroq tanimoqda. Yana shu holimizda yoshlarning keng olamini oʻzimizning eski olaxurjunimizga tiqishtirishga, sigʻishtirishga, siqishtirishga urinaveramiz?! Bunda ham sovetcha usullardan foydalanib besamara tirishamiz?!

 

Katta avlod vakillari yoshlarni qoralayotganda shunday degim keladi: siz maktab direktori, fakultet dekani bilan gaplashganingizda, raykom sekretari yoki kolxoz raisi qoʻlingizni siqib qoʻyganida haftalab osmonda uchib yurgansiz, “Akang qaragʻay katta odam boʻpketti”, deb. Bugungi yigit-qizlar esa Ilon Maskni taniydi. Tramp bilan Tvitterda gurunglashadi, manaman degan vazirlar, hokimlarni ijtimoiy tarmoqda tanqid qiladi, ular bilan tortishadi. Shunday ekan, hozirgi yoshlarning xulq-atvori, oʻzini tutishi boshqacharoq boʻlishi tabiiy, maqsadu moʻljallari kattaroq boʻlishi aniq. Chunki ular fikrlayapti. Fikrlagan, fikr bildira olgan odam tirik. Oʻzgarishlarni tirik odamlar amalga oshiradi. Indamang, ular oʻziga oʻxshasin, oʻzidan katta avlodning nusxasi boʻlmasin.

 

Abbos YUNUSOV

Oyina.uz

2 Izohlar

Lobarxon

12:01 / 01.01.1970

Juda keng mushohadali maqola boʻlibdi. Oʻtmish va hozirgi kun taqqoslanganligi atroflicha yoritib berilibdi, ayniqsa zamonaviy misollar bilan qoʻllab-quvvatlanganligi tahsinga sazovor

Mr.Nobody

12:01 / 01.01.1970

Toʻgʻri fikrlar qoʻshilaman lekin bir narsani unutmaslik kerak imkoniyatlar keng cheklovlar yoʻq agar bulardan toʻgʻri foydalanmasa oqibatlar juda ayanchli bo'ladi siz qanchalik kuchli boʻlsangiz sizga keladigan havf ham shunchalik katta boʻladi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//