Din omilining kuchi va ko‘lamidan nafaqat bunyodkorlik, balki vayronkorlik mafkurasi yo‘lida foydalanishga urinishlar jahon afkor ommasini tashvishga solmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yili terrorizm bilan bog‘liq 1 787 ta terakt sodir etilgan, oqibatda 13 759 kishi halok bo‘lgan va 16 683 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Din omilining buzg‘unchi maqsadlarda qo‘llashni ko‘zlagan kuchlar turli diniy manbalardagi g‘oyalarni o‘z manfaati yo‘lida boshqacha talqin etib, bunda yetarli hayot tajribasi bo‘lmagan yoshlardan qurol sifatida foydalanishi ko‘p karra o‘z tasdig‘ini topgan.
Jamiyatdagi an’anaviy diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid bo‘lgan g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyot diniy ekstremizm deb ataladi. Diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiy sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo‘lishidir. Aholining keng qatlamlarida vahima va qo‘rquv uyg‘otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallashga qaratilgan jinoiy faoliyat terrorizm hisoblanadi.
Yoshlar mana shunday noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketmasligi uchun ularga dinning asl mohiyatini tushuntirish bugungi kunning muhim masalalaridan hisoblanadi. Ayni paytda psixolog olimlar diniy ma’lumotlarni tushunish, tushuntirish yuzasidan qator izlanishlar olib borib, diniy manbalar talqini, bu jarayonning psixologik qonuniyatlarini o‘rganishmoqda.
Kognitiv uslublar shaxsning atrof-muhitdan olayotgan ma’lumotlarini qayta ishlashining o‘ziga xos individual usullaridan bo‘lib, bu voqelikni idrok etish, tasniflash, tahlil etish va individual ravishda baholashni qamrab oladi. Tadqiqotchilar kognitiv uslublarni kompleks holda o‘rganib, impulsiv va refleksiv turlarini yetarlicha tahlil etishgan. Impulsiv kognitiv uslubdagi shaxslar noaniq vaziyatlarda qarorlarni tez qabul qiladi va ma’lumotlarning to‘g‘ri yo noto‘g‘riligiga kamroq e’tibor qaratadi. Refleksiv kognitiv uslubga ega shaxslar esa ma’lum bir ishni boshlashdan oldin har bir vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqib, keyin qaror qabul qiladi.
Diniy mavzudagi ma’lumotlarni shartli ravishda uchta turga ajratish mumkin: 1) tushunish uchun shaxs ma’lumotni o‘zi qidiradi va qayta-qayta o‘qiydi; 2) ma’lumotni tushunish uchun boshqalarga murojaat qiladi; 3) ma’lumotni tushunish uchun boshqa shu turdagi qo‘shimcha ma’lumotlarga ham suyanadi.
Turli dinlar va ularning muqaddas manbalar orqali shaxsning qalb va ruhiga ta’siri to‘g‘risidagi qarashlar uzoq vaqtlardan beri muhokama qilib kelinadi. Rus psixologi V.I. Slobodchikovaning ta’kidlashicha, diniy axborotlarni qabul qilishda shaxsning tana va qalbi psixikaning markazini tashkil etadi. Bu ma’lumotlarni tahlil etishga shaxsning tafakkuri, xotirasi, idroki, hissiyotlari yordam beradi.
Tadqiqotni amalga oshirishda olimlar bir qator usullardan foydalanilgan. Xususan, G.Uitkinning “Gottshtald shakllari” usuli, J.Kaganning “Kognitiv uslubning impulsiv va refleksiv indikatorlarini o‘rganish” testi, Yu.V.Sherbatixning “Dindorlikning individual strukturasini baholash” hamda “Diniy ma’lumotlarni tushunish xususiyatlarini o‘rganish” so‘rovnomalari va Ch.Osgudning “Semantik differensial” usullaridan foydalanilgan.
Diniy ma’lumotlarni tushunishda kognitiv uslublarning o‘rnini psixologik jihatdan tahlil etish bo‘yicha tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, talabalarda sinaluvchilarning 69 foizini kognitiv tobe uslubdagilar, 31 foizini esa kognitiv mustaqil uslubdagilar tashkil etgan. Aksariyat tadqiqot ishtirokchilarining kognitiv uslub bilan bog‘liq jihati tobe xususiyatni aks ettirgan. Bu esa ularda ma’lum bir ish-harakatni bajarish davomida atrofdagilar ko‘magiga muhtoj bo‘lishi, o‘zi mustaqil faoliyat yurita olmasligi va tashqi ta’sirlarga tez bo‘ysunishi kabi xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Sinaluvchilarning kamroq qismi kognitiv mustaqil uslubni tashkil qilgan, ular turli xil faoliyatlarni mustaqil bajara olishlari, o‘zlarini nazorat qilish darajasi barqaror hamda murakkab jarayonlarni ham tez va oson tushunishi bilan ajralib turadi.
Kognitiv tobe uslub tashqi ta’sirlarga moyillik, tashqi maydonni to‘g‘ri idrok eta olmaslik va murakkab shakllarni alohida tegishli bo‘laklarga ajratishda qiynalish bilan xarakterlanadi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, talabalarning 51 foizini kognitiv refleksiv uslubdagilar, 49 foizini esa kognitiv impulsiv uslubdagilar tashkil etadi. Birinchi turdagi ishtirokchilarda refleksiv tafakkurning yaxshi rivojlangani, axborotni qabul qilishda tafakkurning egiluvchanligi va tezligi hamda o‘zini o‘zi doimo rivojlantirishi kabi xususiyatlar namoyon bo‘ldi. Ikkinchi tur insonlarning o‘z ustlarida ko‘p ishlamasligi, harakatlari sekin, axborotni noto‘g‘ri idrok etishlari mumkinligi hamda qaror qabul qilish jarayonida qiyinchilikka duch kelishi ma’lum bo‘ldi.
Talabalarning faktorli tahlil bo‘yicha ko‘rsatkichlari 4 ta komponentdan iborat. Birinchi shkalada psixologik faktorlar: kognitiv tobe-mustaqil 0,719, kognitiv impulsiv-refleksiv 0,651, g‘ayritabiiy hodisalarni ilmiy bilimdan ustun ko‘rish 0,551, dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,430 va afsun-sehrga munosabat 0,476 kabi natijalar bilan o‘zaro farqlangan. Ikkinchi shkalada psixologik faktorlar: afsun-sehrga munosabat 0,599 va dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,482 natijalar bilan qayd etilgan. Uchinchi shkalada psixologik omillar: g‘ayritabiiy hodisalarni ilmiy bilimdan ustun ko‘rish 0,498 va dinni falsafiy konsepsiya sifatida tushunish 0,685 daraja bilan xarakterlangan. To‘rtinchi shkalada psixologik xususiyatlar: dinni falsafiy konsepsiya sifatida tushunish 0,536 va dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,524 kabi birliklarda namoyon bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, diniy ma’lumotlarni tushunish va idrok etishning rivoji yangi asrga kelib, o‘tgan asrga nisbatan yangi tadrijiy bosqichiga ko‘tarildi. Ikkinchidan, diniy ma’lumotlarni tushunishning tadqiq etilishi nafaqat nazariy bilimlarni o‘rganishni taqozo qiladi, balki soha doirasida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilishida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uchinchidan, diniy ma’lumotlarni tushunishning psixologik xususiyatlari sof manbalarga tayangan holda ishlashini yangi davr voqeligi talab etmoqda.
Alisher JABBOR,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q