Ilm, tafakkur bilan yangi uyg‘onish sari


Saqlash
12:09 / 01.09.2021 1977 2

          Dunyo odamzot uchun yaratilgan. Shunday ekan, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, avloddan avlodga mukammal yetkazish,  odam zotining zimmasidagi  mas’uliyat. Bunda Yaratgan Egamning bizga bergan buyuk inoyati – ilm-zakovat, fahm-farosat, odamiylik burchi muhim ahamiyat kasb etadi. Tarix shohidki, ilm yo‘lini tutgan davlatlar gullab-yashnagan, muammolar aql-idrok bilan hal etilgan. Inson tafakkuri  olis yulduzlargacha yetib borgan.

Islomiy manbalarda Kasir ibn Qaysdan qilingan quyidagi rivoyat keltiriladi: “Men Rasululloh (s.a.v)dan quyidagilarni eshitdim: “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Olimga osmondagi va yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Olimlar nabiylarning merosxo‘rlaridir. Nabiylar o‘zlaridan dinor ham, dirham ham meros qoldirishmagan. Ular ilmni meros qoldirishgan. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi”.

Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Olimning majlisida hozir bo‘lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko‘rishdan, mingta janozada ishtirok etishdan afzaldir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Qur’on tilovatidan ham yaxshiroqmi?”, deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ilm bo‘lmasa, Qur’on tilovati foyda beradimi?”, dedilar”.

Ilm xosiyati haqida ko‘p ulug‘ fikrlar aytilgan. Mustaqilligining 30 yilligini nishonlayotgan yurtimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida yuz berayotgan salmoqli o‘zgarishlar xususida gap ketganda, shubhasiz, O‘zbekistonning ilmiy tafakkur olamiga qaytayotgani birinchi  galda  tilga olinadi. Chunki, ilm shunday ulug‘ kuchki, bartaraf etishda uning qurbi yetmaydigan biror muammo yo‘q. Ilmning al-zakovat chirog‘i bilan yoritilgan  yo‘l insoniyatni hidoyatga, tinchlik-totuvlikka yo‘naltiradi. Shu boisdan ham davlatimiz rahbarining BMT minbarida turib, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”  deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi, 2020-yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilishi,  “Milliy tiklanishdan – milliy taraqqiyot sari”, degan  qutlug‘ maqsad hayotimizga, ong-shuurimizga yangicha shukuh baxsh etdi. O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi  ma’naviy nufuzi  oshdi: biz ilm-fan taraqqiyotiga, yangi zamonaviy texnologiyalardan  unumli foydalanishga, raqamli iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yishga, yangicha dunyoqarashga ega yangi kadrlarni tayyorlashga, bir so‘z bilan aytganda, ilm-ma’rifat yo‘lini tutib, odamlarning turfa xil talab va ehtiyojlarini  qondirish, jamiyatning barcha a’zolari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlariga erishishni o‘zimiz uchun bosh maqsad qilib belgiladik.

To‘rt yil tarixan  qisqa muddat. Ammo uning har kuni, har bir soati boy mazmun-mohiyatga, amaliy natijaga egaligiga shohidmiz. Ichki va tashqi siyosatda inson manfaati bilan bog‘liq yangi sahifalar ochildi, yetakchi xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qondosh va jondosh qo‘shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston rahbarining yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat-ehtiromga asoslangan siyosati mintaqa ijtimoiy-ma’naviy hayotiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Davlat-jamiyat-shaxs munosabatlari ochiqlandi. Har bir kishida, ayniqsa, yoshlarda  islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi,  tashabbuskorlik, yetakchilik kayfiyati yuzaga keldi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi muttasil ravishda takomillashayotgani, yosh oilalar har jihatdan qo‘llab quvvatlanayotgani, muhtoj va nogironlarga uy-joy berilayotgani dunyo miqyosida olganda ham yangilikdir.

O‘zbekiston bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, milliy taraqqiyotga erishishning boshqa samarali yo‘li yo‘q. Zamon shiddat bilan rivojlanib borar ekan, bunday sharoitda  jamiyatga yangi fikr, yangi g‘oya, yangi innovatsion siyosat, yangi yetuk kadrlar zarur bo‘ladi. Busiz ko‘zlangan marralarga yetib bo‘lmaydi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya va boshqa davlatlar ayni shu yo‘lga o‘tib, qisqa vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotini qayta yo‘lga qo‘ya olganlar.

Yillar bir-biridan  farq qiladi. Xuddi shunday, bugungi dunyo ham kechagi emas. Har bir davlat o‘z manfaati uchun kurashadi, bu kurashda  tabiiy boyliklar tasarrufini qo‘lga kiritish, o‘zga xalqlarning turmush tarzini “zamonaviylashtirish”, olomon madaniyatini targ‘ib qilish orqali  yoshlarni befarqlik va bundan kelib chiqadigan xudbinlik kasaliga mubtalo qilish maqsadi yotadi. Mafkuraviy xuruj ko‘rinmas ofat yanglig‘ xalq, millat hayotiga kirib keladi, yoshlar ongida  ildiz otadi, odob-axloq qoidalarini yemiradi, ong-shuurda xiyonat va sotqinlikka  mayl uyg‘otadi. Bu xurujlarga  ilmiy tafakkur, mustahkam imon-e’tiqod bilangina qarshi turish mumkin.

Bugun jamiyatimizda tafakkur uyg‘oqligi mavjud, ilm eshiklari ochiq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uyg‘oqlik  davlat va jamiyatni harakatda, demakki, rivojlanishda ushlab turadi, taraqqiyot yo‘llarini ochadi. Fikr mudray boshlasa, jamiyat mudroqlik, e’tiborsizlik kasaliga mubtalo bo‘ladi.  Abu Homid Gʻazzoliyning quyidagi fikriga e’tibor bering: “Sunnatda bir soat fikr qilish bir yillik nafl ibodatidan yaxshidir. Fikr – nur kaliti, fahmlash ibtidosi. U ilmlarni ovlaydigan to‘rdir...”.

Ilmlarni egallashdagi sustkashlik, beparvolik xususida ko‘p va xo‘b yozilgan. Abdulla Qodiriyning “Ahvolimiz” she’rida o‘qiymiz:

Ko‘r bizning ahvolimiz – g‘aflatda qanday yotamiz,

Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulga sotamiz.

O‘g‘limizga na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,

Na Xudoni buyrug‘i bo‘lgan ulum o‘rgotamiz.

Qornimiz shundan iborat bo‘ldi ushbu chog‘ida,

O‘ntadan bedona boqib, yozu qish sayrotamiz...

Kelingiz, yoshlar, ziyolilar, bu kun g‘ayrat qiling,

Uxlaganlari agar, Qodir esa, uyg‘otamiz.

Taniqli mutafakkir  Ismoil Gasprinskiy “Tarjimon” gazetining 1883-yil 15-sonida e’lon qilingan “Mehnat va taraqqiyot” nomli maqolasida quyidagi satrlarni kuyinib yozgan edi: “Muallimlik (bizda) qadrsiz, sharafsiz. Maktablar nochor. Madrasalar nochor. Londonga boring-da, duch kelgan birinchi maktabga kiring: 10–12 yoshlik bolalarning fikr-qarashlari qanaqa? – Bizdagi qirq yoshlik kishilardek fikrlaydilar. Bir necha til o‘rganadilar, yetti-sakkiz fan o‘qiydilar... Maktabda ilm o‘rgatiladi. Ko‘chaga chiqsangiz, oddiy odamlar huquq va falsafa, ijtimoiyot va siyosat haqida shunday fikrlaydilarki, hayron qolasiz. Kutubxonalarda xilma-xil tillarda millionlab kitoblar... Fabrika-zavodlarga kirgudek bo‘lsak, unda ko‘rganlarimiz biz uchun oxirzamonning naqd o‘zi: besh yuz yillik eman qalinligidagi ma’danni yog‘day kesadilar, ming pudlik temir cho‘kich uni  dazmollab, inja (nafis) tunukaga aylantiradi. Inglizlar bunga mehnat va bilim tufayli erishdilar...”.

Achinarlisi shundaki, Gʻarb olami bunday darajaga “Sharqdan shovlab oqqan shon” (Cho‘lpon) tufayli, ya’ni ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy merosi tufayli erishdi. Shunday bo‘ldiki, hayotimizda, turmush tarzimizda va, ayniqsa, tarbiya ishida  mavjud bo‘lgan noqisliklar, fe’l-atvorimizdagi nuqsonlar, beparvolik, tanballik, mahalliychilik kayfiyatlari  xususida gap ochilsa, ko‘plar bularning hammasiga bugungi “alg‘ov-dalg‘ov zamon aybdor” deb keldik. Aslida-chi? Bu savolga shoir Tavallo o‘z vaqtida g‘oyat o‘rinli javob bergan:

Teskari demang, zamon, bizning yurishlar teskari,

Eldin ibrat olmayin, bizda turishlar teskari.

Yo‘q demang, bizda muharrir, shoir, ey, ahboblar,

“Oy yuzungdan, voy ko‘zungdan” deb yozishlar teskari.

O‘zgalar tong otmayin maktabga yuzlanganida,

Tushgacha uyg‘onmayin bizda yotushlar teskari...

Miskin domla XX asr boshlaridayoq “Ilmsizlik millatni oxir-oqibat xarob qiladi, el-yurt boshiga neki azob, neki xaroblik kelsa, bilingki, bu – ilmsizlik oqibatidir. Boshqalar ilm bulog‘idan bahramand bo‘lib, to‘yib turganlarida, biz och-yalang‘och o‘tiribmiz. Bas, biz ham ilm olishga jahd-u jadal qilaylik, ilm bog‘ida bulbuldek sayraylik. Umr behuda o‘tib ketadi, choyxona-yu mayxonani makon aylab, yonboshlab yotavermaylik. Olim-u fozillar  bois din-u millat obod bo‘lg‘ay”, deya o‘z vatandoshlarini ilm ziyosiga da’vat etgan edi. Bu ogohlik satrlari hamisha yodimizda bo‘lishi kerak.

Tarixning bu saboqlarini unutish mumkin emas. Bugungi murakkab sharoitda har bir davlat o‘zi ko‘zlagan  maqsad sari intilar ekan, ilm-fan yutuqlaridan  samarali foydalanishga harakat qilmog‘i lozim. Bugungi kunlarimizning  yorqin voqealaridan biri davlatimiz rahbarining ilm-fan rivojiga g‘oyat keng mahsuliy e’tibori desak, chin haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Falaj ahvolga tushib qolgan Fanlar Akademiyasi tomirlariga qayta jon kirgani ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ldi, akademiya tarkibida yangi ilmiy-tadqiqot  markazlari tashkil etildi.  Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining soni bir yuz o‘ttizdan oshdi, nufuzli xorijiy o‘quv yurtlarining filiallari O‘zbekistonda faoliyat boshladi, kechki va sirtqi bo‘limlar tiklandi. Malakali shogirdlar yetishtirgan olimlarga e’tibor kuchaydi, “Ustoz-shogird” an’analari qayta yo‘lga qo‘yildi. Oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga ma’lum  mustaqillik berildi. Eng muhimi, “kvota” degan to‘siq bekor qilindi. Faqat futbolda emas, ilmiy yo‘nalishda ham o‘ziga xos “seleksiya” bilan shug‘ullanish, iqtidorli yoshlarni imtiyoz asosida, tegishli yo‘nalishlarda katta natijalarga erishganlarni imtihonsiz  o‘qishga qabul qilish tajribasi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, yangi professional ta’lim tizimiga o‘tish jarayoni boshlandi. Bu jarayon ushbu sohada ishlaydigan xodimlarning malakasini oshirish, ilg‘or dunyoviy tajribalar bilan qurollantirishni, bir so‘z bilan aytganda, ta’limga yangi strategiya nuqtayi nazaridan yondashishni  talab etadi. Shu bois mamlakatimizda ishga tushirilgan innovatsion ishlab chiqarish quvvatlariga yangicha fikrlaydigan, keng qamrovli bilim va amaliy tajribaga ega mutaxassislar jalb etilmoqda. Misrlik taniqli olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning fikricha, Samarqandda imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ochilishi sog‘lom aql va to‘g‘ri naqlni o‘zida mujassam etgan haqiqiy salafi solihlarning aqidasini o‘rganish va targ‘ib qilish bugun dunyoda o‘ta xavfli tus olgan ekstremizm va terrorizmga qarshi samarali kurashish imkoniyatini beradi. Ko‘plab kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbarining ta’lim sohasidagi islohotlari  mamlakat ilmiy hayotida  katta sifat o‘zgarishlari yuz berishi mumkinligini ta’kidlamoqdalar.

Inson hamisha yaxshi kunlarga umid qilib yashaydi. Hayoti, turmush tarzi o‘zgargani sari ko‘nglida yangi-yangi orzu-umidlar paydo bo‘ladi. Bundan ming, ikki ming yil avval ham shunday bo‘lgan. Bugun hayotning barcha sohalari mislsiz darajada rivojlangan, inson oyog‘i Oygacha, tafakkuri boshqa galaktikalargacha yetib borgan sharoitda ham yanada yaxshiroq yashash umidi   so‘ngani yo‘q va so‘nmaydi ham. Olimlarning fikricha,  ilm-u ma’rifat, aql-u idrokda donishmandlik darajasiga yetgan va bu yorug‘ olamda kamida yuz yil yashagan kishi o‘z imkoniyatlarning atigi bir necha foizidan foydalangan bo‘lar ekan, xolos. Shunday ekan, “Harakatda barakat”, degan naql yodimizdan chiqmasligi kerak.

To‘rt yil har jihatdan olganda ham bir zumlik vaqt. Ammo uning har kuni, har bir soatida o‘ziga xos mazmun-mohiyat mavjud. Shu qisqa muddat ichida O‘zbekiston yangi ijtimoiy-ma’naviy qiyofaga ega bo‘ldi. Hech qachon ortga qaytmaydigan  yo‘li, maqsad-muddaosi, yaqin kelajakka mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi shakllandi. Mamlakatimiz madhiyasida e’tirof etilganidek, xalqimizning ulug‘ qudrati jo‘sh urdi, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik umumxalq harakatiga aylandi. Yanada farovon, mazmunli kunlarga ishonch mustahkamlandi.  2019-yili qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlari – ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash; yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish,  intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza qilish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.  Mamlakatimizda Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi esa bu boradagi ko‘lamli ishlarni talab darajasida olib borishga imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi mamlakatimiz o‘zining ilm-fan sohasidagi dunyoviy shon-shuhratli yillariga dadil qaytayotganidan dalolat beradi. Bu qaytish, chindan ham, yangi Uyg‘onish bo‘ladi.

Ahmadjon MELIBOYEV

2 Izohlar

Ozoda

19:11 / 16.11.2023

Menga yoqmadi

Dilnoza

06:01 / 01.01.1970

Ilm mol davlatdan ustun turadi.!Chunki mol davlat bir kunmas bir kun tugaydi .... Ilm esa abadiydir. U hech qachon tugamaydi!!!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 479
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19393
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi