Ijodiy izlanishlar besamar ketmaydi – jurnalist, shoir va tarjimon Zikrilla Ne’mat faoliyatiga chizgilar


Saqlash
16:06 / 28.06.2022 1103 0

 

Insonlar bor, biror bir sohani tanladimi, faqatgina shu ish bilan cheklanadi. U o‘zi uchun boshqa imkoniyat eshiklarini yoki birato‘la yopadi yoki xayoliga keltirmaydi. Doimo o‘zi tanlagan  soha atrofida bo‘lish, undan chetlashmaslikni o‘zi uchun juda to‘g‘ri yo‘l deb biladi. Va yana shunday insonlar ham borki, ular qaysi kasbda bo‘lmasinlar, qalbiga yaqin bo‘lgan ishlarga ikkilanmay unnab ketaveradilar va yaxshigina uddalaydilar ham. Ayni damdagi faoliyatlari esa ularga deyarli xalaqit qilmaydi, aksincha, ularga ilhom baxsh etib, yanada faol harakatga undab, yangi qirralari sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham bu kabi insonlarning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari ko‘payib boraveradi.

 

Ana shunday qilgan mehnatlari va harakatlari zoye ketmayotgan, o‘z kasbi va ijodkorligi orqasidan hurmat va qadr topayotgan insonlardan biri, uzoq yillar qat’iy tartibli sohada faoliyat olib borishiga qaramasdan, qalbi adabiyotga yaqin bo‘lgan shoir va tarjimon, ma’naviyat targ‘ibotchisi Zikrilla Ne’matdir.

 

Zikrilla Ne’mat (Ne’matov Zikrilla Xayriyevich) 1961-yilda Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida tug‘ilgan. Mirobod tumanidagi 154 maktabda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha  targ‘ibotchi sifatida samarali faoliyat yuritib, qisqa vaqtda katta tajriba to‘plab, amalda bularni isbotlay oldi va natijada “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovida faxrli 2-o‘ringa loyiq topildi.

 

1983-yilda ToshDU (hozirgi O‘z MU)ning jurnalistika fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgan Zikrilla Ne’matov 1985-yil noyabr oyida Buxoro viloyat IIB Gʻijduvon tumani ichki ishlar bo‘limiga milisioner bo‘lib ishga qabul qilinadi. 1989-yilda universitetni tamomlab,  1990-yildan e’tiboran  2001-yilgacha  Buxoro viloyati IIB siyosiy bo‘lim inspektori, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta inspektor va bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

 

 

1996-yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 2001-yilda uni muvaffaqiyatli tugatgan. 2001-2007-yillar davomida u O‘zbekiston Respublikasi  IIV Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi ilmiy-tadqiqot va tahrir-nashriyoti bo‘limida bosh muharrir kabi lavozimlarda ham jonbozlik ko‘rsatgan. Aslida, bu sohaga jurnalistika orqali kirib kelgan qahramonimiz 2009-2013-yilllarda Respublika IIV “Postda”-“На посту” gazetalari, “Qalqon”-“Щит” jurnallari birlashgan tahririyatining bosh muharriri bo‘lib ham faoliyat yuritgan.

 

Zikrilla Ne’matov bolalik chog‘idan badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib keladi. 1976-1977-yillarda, ya’ni 7-8-sinfda o‘qib yurgan paytlarida she’r va maqolalari bilan tuman, viloyat va respublika bolalar gazetalarida qatnashib turgan.

 

2006-yilda  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan. 2013-yildan 2017-yilga qadar Respublika IIV matbuot bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2017-yil iyul oyida yoshi bo‘yicha nafaqaga chiqqan. Unvoni polkovnik.  2019-yildan Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi. O‘sha yili “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” Respublika tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

 

2021-yildan e’tiboran esa Toshkent shahar Mirobod tuman 154 maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, 2022-yildan boshlab Respublika IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti katta inspektori sifatida ham xizmat ko‘rsatib kelmoqda.  Aslini olganda, faoliyatining ko‘p qismini ichki ishlarda o‘tkazgan bo‘lishiga qaramasdan, qalbi adabiyotga, she’riyatga yaqin bo‘lgan ijodkor Zikrilla Ne’matning 25 dan ortiq she’riy kitoblari, 20 dan ortiq maqolalari chop etilgan. “Yurtim navosi”, “Vatan va muhabbat”, “Qaytar dunyo”, “Muhabbatsiz yashab bo‘lmas”, “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Onam ekan rayhonlar” (saylanma), “Muxammas gulshani”, “Navoiydan navo istab”, “Buxoroni sog‘inmay bo‘lmas” kabi to‘plamlari shular jumlasidandir. Joriy yilda esa shoirning “Bobomdan meros bog‘lar” nomli kitobi nashr etildi.

 

Zikrilla Ne’mat tarjimon sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatib, Sergey Yesenin, Mixail Lermontov, Aleksandr Blok, Velimir Xlebnikov, Yakub Kolas, Ivan Franko, Anastasiya Dmitruk, Vladislava Ilinskaya, Rasul Hamzatov, Abay, O‘ljas Sulaymon  kabi mashhur shoir va yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Yaqinda rus klassiklarining “Rus adabiyoti durdonalari” rukni ostida chop etilgan S. Yesenin, A.Blok, V. Xlebnikov kitoblarida Zikrilla Ne’mat tarjimasidagi ko‘plab she’rlar ham joy olgani quvonarli holdir va 2022 yildan bu tarjima kitoblar barcha umumta’lim maktablari kutubxonalaridan joy oldi.

     

Shuningdek, shoirimizning she’rlari, tarjimalari va maqolalari Respublikaning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Vatanparvar”, “Turkiston”,  “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”  kabi nomdor gazeta va jurnallarda chop etilib kelinmoqda.

 

 

 

Joriy yilning 15-16-may kunlari o‘tkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Zikrilla Ne’mat bundan avvval ham Respublika miyosida o‘tkazilgan tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.  Jumladan, 2012 yilda “Vatan haqida qo‘shiqlar” kitobi uchun “Eng ulug‘ va eng aziz” Respublika tanlovida 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019 yilda “Mardi maydonlar yurti” kitobi uchun “Posboningman, muqaddas Vatan” Respublika tanlovida 3-o‘ringa sazovor bo‘lgan. Shoirning she’rlari harbiy vatanparvarlik ruhidagi “O‘zbekiston – Vatanim manim!”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!” hamda “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” kabi ko‘rik-tanlovlarda 1-o‘rinlarni egallagan. Bundan tashqari, Zikrilla Ne’mat Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining mardligi va jasoratini ochib beruvchi “Gʻalaba-75” badiiy-publisistik asarlar tanlovining “Eng yaxshi she’riy asar” nominasiyasi bo‘yicha 1-darajali diplom, “Ayolga ehtirom” Respublika ijodiy tanlovida esa 3-darajali diplom, “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” Respublika tanlovida 1-o‘rin sohibi bo‘lgan. 

 

Ijodkorning yuzdan ortiq  she’ru g‘azallari asosida kuylangan qo‘shiqlar xalqimizning taniqli hofiz va san’atkorlari  – Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Ismoil Jalilov, Toshpo‘lat Matkarimov, Oybek Hamroqulov, O‘lmas Olloberganov, Yulduz Turdiyeva, Rohila Rozumova, Dilnoza Ismiyaminova, Lola Ahmedova, Dilshod Boyxonov, Kamoliddin Rahmatov, Zokirjon To‘ychiyev, Farhod Qambarov, Suhrob Hamdamov,  Alisher Hamroyev, Ozoda Ahmedovalar  tomonidan kuylanib, televideniye va radio orqali tez-tez efirga uzatiladi. Mana uning Ortiq Otajonov ijrosidagi “Dunyo” she’ridan bir to‘rtlik:

 

Yaxshidir, ortingdan yaxshi ot qolsa,

Hikmatlaring mangu barhayot qolsa,

Insoniy nomingdan bir isbot qolsa,

Seni mangulikka eltar dunyo bu!

 

Tajriba tariqasida qayd etish o‘rinliki,  IIV faxriysi, iste’fodagi polkovnik Zikrilla Ne’mat Mirobod tumanidagi 154 maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi lavozimidagi faoliyati davomida bir qator ibratli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, maktab o‘quvchilari uchun “Yosh ijodkorlar” , “Yosh kitobxonlar va notiqlar”, “Yosh musavvirlar” to‘garagi va mashg‘ulotlarini tashkil etdi. Yosh ijodkorlarning she’rlari “Tong yulduzi”, “Gulxan” kabi bolalar gazeta va jurnallarida chop etilishida tashabbus ko‘rsatib kelmoqda. Uning ko‘magi natijasida bir qancha o‘quvchi yoshlarning birinchi kitoblari nashr etilgan. Eng tahsinga sazovori Zikrilla Ne’mat maktabning kam ta’minlangan 8 nafar ijodkor o‘quvchilarini “Tong yulduzi” gazetasi, “Gʻuncha” va “Gulxan” jurnallariga beminnat obuna qilib bergan. Uning sa’y-harakatlari bilan maktab kutubxonasiga ham ushbu bolalar nashrlari muntazam ravishda kelib turibdi va bolajonlar bu gazeta-jurnallarni jon deb qiziqib o‘qishmoqda. O‘zlari ham she’r va hikoyalar yozib, rasmlar chizib, bolalar nashrlari tahririyatlariga yuborishmoqda. Hozirga qadar mazkur maktabning o‘n besh nafar o‘quvchilarining ijod namunalari Respublika bolalar nashrlarida chop etildi. Bu esa adabiyotga mehr qo‘ygan bu yosh yuraklarni yanada ruhlantirmoqda.

 

 

Respublika Ichki ishlar vazirligi tizimida ham faoliyat yuritayotgan ijodkorimizning faqat birgina ish bilan cheklanib qolmayotgani, o‘zi sevgan ijodkorlikni ham teng olib borayotganligi va yoshlarga buni targ‘ib qilib, ularni ilm olishga, kurashishga o‘rgatib kelayotganligi tahsinga sazovordir.

 

Darhaqiqat, yuqoridagi qahramonimiz timsolida aytishimiz mumkinki, Yaratgan tomonidan yuqtirilgan har qanday iste’dod bor ekan, albatta, qaysi sohada bo‘lmasin, bu iste’dodini amalga oshirishga vaqt va imkon topa oladi. Va uni yoshlarga targ‘ib ham qilib, yaxshi natijalarga erishishi mumkin. Faqatgina unda kurashuvchan fidoyilik tuyg‘ulari so‘nmasa bo‘lgani. Unutmang, “Agar alpinist cho‘qqini zabt eta olmasa, ayb cho‘qqida emas”.

 

Behruz XURRAM,

O‘zDJTU talabasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19252
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16118
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi