Ichingizdagi tasmangizdadir – ijtimoiy tarmoqda maʼnaviyat bormi? Boʻlsa, qanday?


Saqlash
23:06 / 24.06.2022 3573 0

Ijtimoiy tarmoqning maʼnaviyat bilan munosabati oʻzgacha – uni baʼzan mensimaydi, ignor qiladi, baʼzida unga juda qiziqib, oʻtkir savollar qoʻyadi: “Maʼnaviyat nima?”, “Bor narsami, oʻzi?”, “Mezon-oʻlchovlari qanday?” Asosiysi, tarmoqda maʼnaviyat turli nom va shakllarda mavjud; foydalanuvchilar unga murojaat etadi, oʻrganadi, tadqiq va targʻib qiladi, u bilan (yoki usiz) yashaydi. Yaʼni maʼnosi bor har narsaning maʼnaviyati bor, jumladan, ijtimoiy tarmoqning ham.

 

Avvalo, chegaralarni va urgʻularni aniqlab olaylik. Biz ijtimoiy tarmoq maʼnaviyatini axloq, oilaviy qadriyatlar, ezgulik va yovuzlikka munosabat, madaniyat va kitobxonlik kabi mavzular doirasida oʻrganamiz – maqola juda kengayib, urgʻular yoʻqolib qolmasligi uchun mavzu koʻlamini chegaralab olamiz.

  

Tarmoqda odob, xulq

 

Ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilarning xulq-atvori toʻgʻridan toʻgʻri emas, qandaydir bir prizmadan oʻtib namoyon boʻladi. Yaʼni bu yerda muloqotda odamlar aslidagidan koʻra dadilroq, jurʼatliroq, betgachoparroq, mulozamatsiz va hatto shafqatsizroq koʻrinishi mumkin. “Yuz amri shirin” maqoli aynan mos keladigan holat – ikki shaxs koʻz-koʻzga tushganda aytolmaydigan gaplarini internetda bemalol aytadi. Muomala bobida ham shunday. Bu hatto odatiy-oddiy hol deb qaralmoqda. Demak, real hayotdagi xulq bilan parallel ravishda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzgacha, oʻziga xos odob shakllangan.

 

Bu axloq har bir tarmoqda oʻzgacha, farqli namoyon boʻladi. Masalan, yurtimizda eng keng tarqalgan, bugungi kunda 18 mln foydalanuvchiga ega Telegram messenjerida juda har xil, turli daraja va dunyoqarashli odamlar toʻplangan. Anonim qolish, shaxsini, tarmoqdagi tarixini yashirish imkoniyati keng boʻlgani bois muhokamalarda odamlar ancha tili boʻshalgan, tikkakesar va bahslarda shaxsiyatga koʻp tegiladi. Soʻkish, haqorat soʻzlari ham hech bir pardasiz, evfemizmlarsiz ishlatilishi uchraydi.

 

 

Ayrim blogerlar, kanal adminlari muhokama guruhlarida munozara qilish qoidalarini eslatib turishadi, biroq foydalanuvchilar koʻpda bunga rioya etmaydilar. 

 

 

 

Yana shuni ham taʼkidlash kerakki, muhokama guruhi yaratilgan kanallarda postlarga eʼtiborni tortish va koʻrilishini koʻpaytirish imkoni katta.

 

Feysbukda foydalanuvchi surati, ism-familiyasi, ish joyi, lavozimi, taʼlim olgan maskani, oilaviy ahvoli, yaqin qarindoshlari, farzandlari, qiziqishlari va boshqa maʼlumotlarini berishi mumkin. Oʻz shaxsi haqida qancha koʻp oshkor qilgan boʻlsa, tarmoqda oʻzini shunchalik odobli tutadi, ezgu inson imijiga shunchalik yaqin keladi. Lekin Feysbukning doimiy bahs-munozara, janjal va xaypga boyligini eʼtiborga olsak, foydalanuvchilar bahsda qizishgani sayin axloq chegarasiga yaqinlashaveradi, baʼzan odobni butkul unutish holatlari ham kuzatiladi. “Feysbukda urishmagan bormi?” degan hazil ham paydo boʻlgan hatto.

 

Feysbuk faollari koʻp soʻzjangi qilishadi, bir-birlarini bloklashadi va bu nizolar real hayotga koʻchib, yuzkoʻrmas boʻlib ketishlari ham mumkin. Ayni paytda, tarmoqda bir-birini tanib, dunyoqarashi mos kelib, doʻst tutinganlar ham bor. Fikrlar chorrahasi boʻlgan Feysbuk insonning botinini ochib beradi, uning mazmunini koʻrsatadi. Qancha kitob oʻqigan, savodi qanday, koʻproq qaysi mavzularga eʼtibor qaratadi, kimlar bilan doʻstlashadi – bularning barini bilish imkoniyati bizga profil egasini shaxs sifatida yaxshiroq tanitadi.

 

 

Feyk akkauntlar va ularni yuritadigan trollar istisno, albatta. Bunaqalar, afsuski, juda koʻp. Nazarimda, tarmoqlar orasida trollar aynan shu Feysbukda eng faol. Ziyolilar esa koʻpincha kuzatuvchi maqomida turishni afzal biladilar. Sababi, har qanday pozitivdan negativ koʻra oladigan, bir fikr yozsa, umuman boshqa narsani tushunib sharh qoldiradigan, yetmaganiga shaxsiyatga tegib, betgachoparlik bilan dilni tiladiganlar doim topiladi. Aqlli odam uchun oydek ravshan boʻlgan narsaning nima uchun bunaqa notoʻgʻri qabul qilinayotganini anglash qiyin. “Men ezgulik haqida yozdim, nega mendan yovuzlik izlashyapti”, deydi ziyoli. Koʻngli ogʻriydi. Jim turish yoʻlini tanlaydi.

 

  

Feysbukda hech kim toʻliq qoʻllab-quvvatlanmaydi. Post qoʻyganda negativ munosabatlarga tayyor turish kerak. Bu shunaqa joyki, tushungan-tushunmagan gapiradi, shovqin koʻp. Kishi oʻziga kerakli ovozlarni keraksizidan ajratib olishni eplashi kerak. Muhimi, har bir foydalanuvchining munosabati emas, umumiy kayfiyat, jamoatchilik fikri, xulosalari – jang shu uchun boʻladi. Yaʼni har biri bilan talashib, hammaning bir ovozdan seni maʼqullashiga erisha olmaysan.

 

Tvitterda esa hammasi tamomila boshqacha. Oʻzbek segmentida foydalanuvchilar asosan “nik” – taxallus bilan faoliyat yuritishadi. Bu anʼananing sabablarini aniq bilmayman. Taxmin qilamanki, oʻtkir fikrlar va gʻoyalar makoni boʻlgan Tvitterga bundan oʻn-oʻn ikki yil avval – jiddiy senzura davrida kirib kelgan oʻzbekistonliklar oʻz shaxsini yashirish orqali erkin fikr bildirishga intilishgan. Shaxsan oʻzim ayrim foydalanuvchilar bilan yillab muloqot qilib, hayotda menga tanish odamlar ekanini keyinchalik bilib qolgan holatlarim boʻlgan.

 

 

 

  

Tvitterda foydalanuvchilar nisbatan erkin, samimiy. Mavzular siyosatdan tortib choyxonagacha, ancha intellektual darajada kechadi. Faqat bir salbiy odat bor – ayirmachilik. Yangilarni eskilar uncha yoqtirishmay, saflariga qoʻshgilari kelmaydi, xuddi maktabda sinfga yangi bola kelganidek. Oʻtgan yili shuning orqasidan jiddiy bahs ham boʻldi: mashhur blogerlardan biri ayrim foydalanuvchilarni “chuqur tvitter” deb qoʻydi (past maʼnosida). Tvitter bir kecha yondi: tomonlar jiddiy bahs qilishdi, tvit egasini segregatsiyada ayblaganlar va uning yonini olganlar jangi haqiqiy “Varfolomey tuni”ni eslatdi.

 

Tvitter maʼnaviyati baribir yuksak: mavzuni boshlagan bloger tong otishi bilan uzr soʻradi – bahs darrov tinchidi. Hech kim skrinshot olib tarqatmadi, turli mavzularga keltirib qoʻshavermadi, taʼna-dashnomlar ham taqa-taq bitdi. Shunchaki u-bu yerda hazil qilib “chuqur tvitter” iborasini qoʻllab qoʻyishadi, xolos.

 

Umuman olganda, Tvitterda ayirmachilik, xususan, irqchilik, millatchilik, mahalliychilik kabi illatlar xususida koʻp bahs kechadi, qattiq qoralanadi: kutilmagan joyda oʻzingiz bilmay ayirmachilik qilib qoʻygan boʻlib chiqasiz  – tilga, ayniqsa, atamalarga ehtiyot boʻlish kerak.

 

Bir soʻz bilan aytganda, Tvitter dadilligi qadar kengkoʻngilligi bilan ajralib turadi.

  

Ishq va oilaviy qadriyatlar doimo trendda

 

Minglab folloverlar koʻz oʻngida kurtak yozib, unib-oʻsib, nikoh va baxtli oila darajasigacha borgan chiroyli muhabbat qissalaridan tortib obunachilar eʼtiborini tortish uchun hazil tariqasida qoʻyiladigan nikoh postlarigacha uchrab turadi. Oʻzbek segmentida eng koʻp gaplashiladigan mavzular koʻpxotinlilik, xiyonat, qaynona-kelin mojarolari hisoblanadi.

 

Ha, tillar kesimida mavzular farqlanadi. Masalan, rus tilli guruhlarda koʻpincha farzand tarbiyasi, unga yangi bilimlar oʻrgatish, kurslar, qoʻllanmalar, malakali shifokorlar, yaxshi maktablar toʻgʻrisida maslahat qilinsa, oʻzbek tilli guruhlarda oilada erkak va ayolning roli, erning qarindoshlari bilan munosabatlar muhokama markazida boʻladi. Asosiy bahslar “Maslahat.uz”, “Oila.uz”, “Begoyim.uz”, “Karvonsaroy.uz” kabi maishiy-ijtimoiy yoʻnalishdagi mashhur guruhlarda kechadi. Qarashlar shu qadar bahsli, shu darajada qutbliki, kuzatayotib oʻzbek oilaviy qadriyatlari jiddiy transformatsiya qarshisida turibdi, degan fikr tugʻiladi.

 

Ayollar tarmoqda oʻzini baxtli va toʻkis koʻrsatayotgan hamjinslarining koʻpda boʻrttirilgan va bezalgan hayotiga havaslanib, oilaviy turmushiga nisbatan tanqidini kuchaytirsa, erkaklar turli filtrlar bilan goʻzallashtirilgan hurliqolar obrazini real hayotda oʻz jufti halolida koʻrishni istamoqda. Tarmoq yaratgan illyuziyalarning real hayot haqiqatlari bilan toʻqnashuvidan oilaviy ziddiyatlar uchun yangi omillar yuzaga kelmoqda.

 

Bu holat, albatta, ijtimoiy tarmoqlarni olaboʻjiga chiqarib, muammolarimiz sababchisi shu, degan xulosaga olib kelmasligi lozim. Chunki tarmoq nari borsa katalizator boʻla oladi. Yoʻqdan bor qilib yaratib bermaydi. Internetning ishtirokisiz ham ushbu munosabatlar va reaksiyalar jamiyatda mavjud. Ijtimoiy tarmoq bir “oyinai hayot” oʻlaroq aks ettirmoqda.

 

Tanishuv va muloqot imkoniyati kengaygani sayin virtual muhabbat paydo boʻlishi kuzatilmoqda. Oʻz juftini onlayn olamdan topib, real hayotda oila qurganlarga shaxsan guvohman, ular hozir baxtli turmush kechirishmoqda. Oilaviy ajrimlar ortishida ham virtual muhabbatning hissasi koʻpayib borayotgani sir emas. Oʻzim kasb taqozosi bilan gaplashgan FHDYO mudiralarining qayd etishicha, xiyonat tufayli ajrashishga kelayotgan juftliklarda endi quruq daʼvo, “dedi-dedi”lar emas, “pruf” (dalil)lar mavjud: skrinshotlar, ovozli va video-xabarlar... Tarmoq hech narsani unutmaydi, yashirishi mumkin, biroq bir umr sir saqlashga vaʼda bermaydi. Demak, yangi voqelik – messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar oilaviy qadriyatlar va umuman oila instituti uchun jiddiy sinov boʻlmoqda.

 

 

Pichoqni qotil ham, oshpaz ham oʻz maqsadi yoʻlida ishlatar ekan, gap qurolda emas, uni tutgan qoʻlda. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy qadriyatlar faol targʻib ham qilinadi. Xususan, keyingi vaqtlarda omma eʼtiborini qozongan ijodkor Erkin Bozorovning “Bobo” videoroligi tarmoqni tom maʼnoda portlatdi. “Bobo – tarix, bobo – qadriyat, bobo – gʻurur, bobo – oriyat” degan shior bilan eʼlon qilingan sof oʻzbekona, xalqona va taʼsirchan rolik oilaning asl maqsadi va qadrini ifodalash bilan birga, ijtimoiy tarmoqda maʼnaviyatni qanday targʻib etish kerakligini koʻrsatuvchi yaqqol namuna ham boʻldi.

 

  

Dard qayerda boʻlsa, davo ham oʻsha yerga kelishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy qadriyatlar targʻiboti taʼsirchan, xalqona va zamonaviy tarzda faol olib borilishi – davrimizning eng katta talablaridan.

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning hayotimiz va oilamizga taʼsirini tartibga solish uchun internetdagi axborotlarga munosabatimizni oʻzgartirishimiz lozimligini tushunishimiz kerak. Bu virtual obrazlar jamlanmasi, xolos. Ulardan qanchasidir haqiqatu qanchasi roʻyo boʻlishi mumkinligini hamisha yodda tutish lozim.

 

 

Madaniyat, ilm, kitobxonlik...

 

Internet kitobdan chalgʻitadi, degan hukmga zid ravishda ijtimoiy tarmoqlar ilm-maʼrifatni faol targʻib qilmoqda, kitobxonlikning yangi qirralarini kashf etishga yordam bermoqda.

 

Feysbukda “Oʻzbekiston tarixi” (65 ming), “Kitobxonlar davrasi” (53 ming), “Kartina, isskustvo, jivopis” (12 ming), “Togʻay Murod” (3,5 ming), “Rauf Parfi” (1,7 ming), “Shavkat Rahmon” (1,1 ming) kabi guruhlar adabiyot, sheʼriyat, madaniyat targʻibotini yuritadi. Telegramda “Kitob oʻqi” (Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining kanali), “Kitobxon onalar klubi” guruhi (Saida Rashidova tashkil etgan), “Madina” (Kanadada yashaydigan Madinaning kanali, asarlarni oʻzi audioformatda oʻqib tarqatadi) kabi guruh va kanallarda kitoblar muhokamasi boʻladi, taqrizlar eʼlon qilinadi, mualliflik huquqiga rioya etgan holda audio va pdf formatda kitoblar tarqatiladi.

 

Noshirlik mahsulotlarining SMMi rivojlanib bormoqda. Nashriyotlarning jamoatchilik faollari, bukblogerlar va kitobxonlik guruhlari bilan faol hamkorligi natijasida “Qoʻrqma”, “Qoʻrboshilar”, “Madaminbek: qonli gullar vodiysi” kabi kitoblar tarmoqda mashhur boʻldi. Respublikaning turli burchaklariga yetkazib berish xizmatlari orqali oʻn minglab adadda sotildi. Kitoblar haqida internet foydalanuvchilariga mos targʻibot shakllari ommalashmoqda – masalan, kitob tizerlari.

 

Tarmoqda yana shunday kanallar borki, mualliflik huquqiga rioya etmagan holda kitoblarning elektron versiyalarini tarqatib, noshirlarning haqiga xiyonat qiladi, kitob chop etish sohasiga va uning ortidan maʼnaviyatga jiddiy zarar yetkazadi. Yana buni “maʼrifat ulashish” degan niqob ostida amalga oshirishlari maʼnaviyatsizlikning yuqori choʻqqisidir.

 

Umuman, sanʼat asarlariga mualliflik huquqi masalasi internetda juda chalkash va abgor ahvolda. Buni yaqinda katta shov-shuv boʻlgan shoir Usmon Azim, xonanda Sherali Joʻrayevning farzandlari va Sanjay oʻrasidagi sud ishiga munosabatda ham koʻrish mumkin. Ushbu keys huquqiy doiradan ancha kengayib, madaniy, maʼnaviy va xulq-atvor masalasiga aylandi. Instagramda Sanjayning minglab folloverlari xalq shoiri Usmon Azimni va xalq artisti Sherali Joʻrayevni eʼtirozu haqoratlarga nishon qilgan boʻlsalar, oʻz navbatida ziyolilar va sanʼat shinavandalari daho shoir hamda hofizning himoyasiga otlandilar. “Oyina.uz” portali ##UsmonAzimXalqShoiri heshtegi ostida fleshmob boshladi va unga koʻpchilik qoʻshildi – shoiri Azimning koʻplab sheʼrlari va uning himoyasiga aytilgan soʻzlar bilan tasmalar toʻldi, bahslar qizidi. Avlodlar va qadriyatlar jangi boʻldi.

 

Har yomonning bir yaxshisi bor. Ushbu bahslar shoir, hofiz ijodi haqida, mualliflik huquqi, intellektual oʻgʻrilikning yomonligi haqida koʻplab foydali maʼlumotlarni tarmoqqa oqizdi, ularni koʻpchilik oʻqidi, maʼrifatlandi.

 

 

Milliy-madaniy meros, meʼmoriy yodgorliklar, zamonaviy arxitektura mavzulari ijtimoiy tarmoqlarda hamisha qizgʻin muhokamada. Xususan, koʻhna obidalarga nisbatan varvarlarcha munosabat aks etgan qator holatlar aynan tarmoq foydalanuvchilarining hushyorligi, tarix va madaniy merosga befarq emasligi yuzasidan eʼtiborga tushdi. Masalan, Sitorai Mohixossa, Mizdakxon maqbarasi, Chor Bakr majmuasi, OʻzMUdan oʻgʻirlangan nodir qoʻlyozmalar toʻgʻrisidagi chiqishlar madaniy merosni asrash, unga ilm va did bilan masʼuliyatli yondashish borasidagi jiddiy muammolarimizga jamoatchilik eʼtiborini qaratdi.

 

 

Buxorodagi Sitorai Mohixossa tarixiy muzeyiga borib, tovuslarning patini yulib olgan qizlar aks etgan video esa jamoatchilikni qattiq junbishga keltirdi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli choralar koʻrilishiga sabab boʻldi.

 

  

Koʻhna obidalar toʻgʻrisidagi maʼrifiy chiqishlar ham tarmoq foydalanuvchilariga qiziq. Xususan, soʻnggi vaqtlarda oʻz yoʻnalishini ijtimoiy-siyosiy mavzulardan tarix, sayohat va arxitektura yodgorliklari sohasiga oʻzgartirgan jamoatchilik faoli va inflyuenser Nozim Safarining taʼkidlashicha, meʼmorchilik durdonalari haqidagi chiqishlar kutilmaganda Instagram tarmogʻi foydalanuvchilarida katta qiziqish uygʻotib, minglab marta koʻrilmoqda.

 

Kinotaqriz ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilikni qiziqtiradigan yoʻnalish sifatida keng rivojlanmoqda. Xususan, Instagram, Tik-tok, Yutub platformalarida kinoiventlardan reportajlar, vedeotaqriz, kinotizerlar tez ommalashmoqda. Feysbuk va Telegramda esa kinotavsiya va kinotaqriz janrlari ayniqsa eʼtiborni tortadi. Masalan, “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi”, “101-reys” kabi filmlarning raqamli targʻiboti va muhokamalari jamoatchilikning kinoga boʻlgan soʻnmas qiziqishini aks ettirdi. Ikkinchi tomondan, professional kinotaqriz onlayn olamda hali egallanmagan boʻshliq ekanini ham namoyon etib qoʻydi.

 

Tarmoqda filmlarni targʻib qilishning oʻziga yarasha qoidalari bor. Olaylik, Feysbukdagi “Kinotaqriz” guruhida foydalanuvchilar koʻrgan filmlari haqida shunchaki hissiyotlar, taassurotlardan iborat moʻjaz tavsiyalar yozadi. Biroq “spoyler” berilmasligi kerak yoki postda spoyler boʻlsa, boshidanoq ogohlantirish lozim. Chunki voqealarning oxirini aytib qoʻyish filmning tomoshabinga taʼsiri va badiiy qiymatini kamaytirishi mumkin. Shunga qaramay, hatto ziyoli insonlar ham bu qoidani tushunmay, filmlar haqida yozganda syujetni boshdan oyoq soʻzlab berishlari kuzatiladi. Tarmoq bundaylarni kechirmaydi va jiddiy eʼtirozlar bilan “siylaydi”.

 

 

Ijtimoiy tarmoqda badiiy tasviriy janrlar, xususan, sharj, karikatura, mem kabilar tez tarqaladi, sevib koʻriladi va fikr yetkazish hamda uygʻotishning samarali vositasi sanaladi. Inkuzart, Habikatura, Rais Buva kabi blogerlar bu yoʻlda faol ijod qilib tanilib kelmoqda. Ular xalqimizning boy madaniy-maʼnaviy manbalariga murojaat etib, shu orqali ijtimoiy fikrga turtki berish, protest izhor qilish, satira tigʻi bilan muammolarni yoritishga intiladilar. Masalan, Rais Buva rejissyor Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” degan shedevr filmidan oʻsib chiqqan obraz, Inkuzart esa Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat kabi jadid bobolarimiz suratini binolarga ishlashi bilan tilga tushgan. U ijtimoiy hayotga munosabatini odatda badiiy adabiyot timsollari orqali bildiradi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi devoriga Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari motivlari asosida chizgan surati katta shov-shuv boʻldi. 

 

  

Boʻlimni xulosalasak: ijtimoiy tarmoq madaniyati rang-barang, saviyali, qiziqarli va juda qizgʻin. Bundan ellik-yuz yillar keyin avlodlar bizning davrimiz haqida aynan shu kontent orqali xulosa chiqarsa, shaxsan mening qarshiligim yoʻq.

 

 

Ezgulik va yovuzlikka munosabat

 

Bu eskirmas bahs ijtimoiy tarmoqlarda doimo trendda. Rossiya–Ukraina ziddiyatlari kuchaygan va harbiy operatsiyalar boshlangan kunlarda tarmoq tandirdek qizidi. Urush hammaning qartalarini aralashtirib, hatto bir oila aʼzolari oʻrtasida ham qarashlar toʻqnashuvini keltirib chiqardi. Qadriyatlar va pozitsiyalar jiddiy sinovga duch keldi.

 

Har qaysi tomon oʻzini haqman dedi, ezgulikman dedi. Bu shovqinda urushni oʻz nomi bilan urush deya olgan, uning yovuzlik ekanini ayta olgan insonlar ovozi alohida ajralib turdi. Xususan, oʻzbek ziyolilari Erkin Aʼzam, Faxriyor, Ulugʻbek Hamdam, Nazar Eshonqul, Karim Bahriyev fikrlari jamoatchilikda katta rezonans uygʻotdi. Kun.uz mazkur chiqishlarni bir umumiy maxrajga jamlab, “Buni hozir qilmasangiz, tarix sizni millat sifatida kechirmaydi – oʻzbek ziyolilari rossiyaliklardan urushni toʻxtatishni soʻradi” degan sarlavha bilan chop etdi. 

 

 

Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimovaning Yutubdagi “Koʻzgu” loyihasiga bergan intervyusi ham tarmoq foydalanuvchilarining alohida eʼtiboriga tushdi. Urushga munosabatda oʻzbek ijtimoiy tarmogʻi hamon bahsda boʻlsa ham, oʻzbek ziyolilarining yakdilligi tarixda bir yorugʻ sahifa boʻlib qolgusi.

 

 

Urushdan tashqari yovuzlik, xususan, kundalik maishiy zoʻravonliklar tarmoqda muntazam muhokamada. Bunda ham oʻziga xoslik bor. Masalan, kelinni toʻyda urgan kuyov aksar koʻpchilik tomonidan qoralandi va bu hol mojaroning mantiqiy yechimiga qadar davom etdi: yoshlar yarashib, birga yashayotgani aytilgach ham, tarmoq foydalanuvchilarining yovuzlikka nisbatan pozitsiyasi oʻzgarmadi.

 

 

Farzandini kasalxonada kaltaklagan ona mavzusida dastlabki kunlar deyarli hamma onani soʻzboʻron qilgan boʻlsa, Kun.uz surishtiruvidan soʻng goʻdakning “bolalar serebral paralichi” dardiga chalingani, onaning ikki yildan beri kasalchilik bilan asabiy toliqqani maʼlum boʻlgach, jamoatchilik fikrida oʻzgarish kuzatildi, onani qoʻllovchilar koʻpaydi. 

 

 

 

Bolasini ayiq qafasiga tashlagan ona voqeasida ham xuddi shunday hol kuzatilganini eʼtiborga olsak, tarmoqda sabablar va argumentlar orqali jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazish imkoniyati mavjudligi, odamlar ezgulik va yovuzlik toʻgʻrisidagi qarashlarini tahrir qilishlari va toʻgʻri yoʻlni tanlashlari mumkinligi ayonlashadi.

  

Maʼnaviyat haqida ijtimoiy tarmoq qanday fikrda?

 

 

Maqola boshida aytilganidek, ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan bevosita “maʼnaviyat” tushunchasining oʻzi ham nishonga olinib, tanqid va tahlil qilib turiladi. Bir kuni “Maʼnaviyatni sarkazm qilyapsizlar, lekin boshimizga kelgan koʻp muammolar aynan maʼnaviyatsizlikdan emasmi?” degan mazmunda tvit qoldirgandim, meni maddoh va “saroyi”likda ayblashdi, lekin bu muhim emas. 

 

 

Asosiy bahsda foydalanuvchilar maʼnaviyatni qanday tushunishi, unga munosabati, maʼnaviy siyosatda qilingan xatolar va uning kelajagi toʻgʻrisida jiddiy fikrlarni aytishdi. Kimdir “maʼnaviyatchi”larni insonlarning hayotiga aralashishda, boshqasi oʻz missiyasini toʻgʻri tushunmaslik va bajarmaslikda, yana biri esa buni davlat siyosati darajasiga olib chiqishga asos yoʻqligi, oʻta shaxsiy masala ekani toʻgʻrisida gapirdi.

 

 

Koʻpchilikka yoqqan tvitlardan biri Sarafroz ismli foydalanuvchiniki boʻldi: “Gap, menimcha, oʻtgan vaqtdagi “maʼnaviyatbozlik”dan erishilgan natijada. Atama shunchaki qurbon boʻldi”.

 

 

 

Bizning oʻlchovimiz boʻyicha eng maʼnaviyatli tarmoq – Tvitterda aytilgan ushbu fikrlar bugungi “maʼnaviy siyosat” (shunday atamani qoʻllash mumkin boʻlsa) masʼullarini va mutaxassislarni oʻylantirishi kerak. Maʼnaviyat zarurligini anglagan bir fuqaro sifatida tarmoq foydalanuvchilarining eʼtirozlarini tahlil qilish va eʼtiborga olish lozim deb hisoblayman.

 

 

Xulosa

 

Maʼnaviyat mavzusi juda keng, ijtimoiy tarmoq undan ham keng. Shu bois mazkur tahlilimizni toʻliq va tugal deb boʻlmaydi.

 

Jamoatchilik fikri va kayfiyatining koʻzgusi hamda manbasi boʻlmish ijtimoiy tarmoqlarda maʼnaviy, maʼrifiy, madaniy va axloqiy hodisalaru tendensiyalarni ilmiy jihatdan oʻrganishga ehtiyoj mavjud.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda maʼnaviy-maʼrifiy mavzularni boshlash, bu borada “tredstarter” boʻlish Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining asosiy vazifalaridan biriga aylanishi zarur. Hozircha asosan davlat tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil qilishga urgʻu berayotgan ushbu tashkilot yoshlarni tobora kengroq qamrab olayotgan tarmoqlarga eʼtibor qaratsa, faoliyati samaradorligi ortishi va koʻzga yaqqolroq tashlanishni boshlashi tayin.

 

Baridan qatʼi nazar bir xulosa aniq: ijtimoiy tarmoqlar, birovlar oʻylaganidek, maʼnaviyatsizlik uyasi emas. “Kim neni izlasa, topqusi albat”, tarmoqlar algoritmi shundayki, sizning saviyangiz, dunyoqarashingiz va didingizni sezib, his qilib, oʻzingizga mos mavzularni taqdim etadi.

 

Ichingizdagi ichingizda va tasmangizdadir.

 

Shahnoza SOATOVA,

Adliya vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi,

jurnalist, jamoatchilik faoli

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19244
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16104
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi