Oʻzbek matbuotining asosiy boshogʻrigʻi obuna boʻlib qolmoqda. Bu faqat iqtisodiy muammo boʻlib qolmay, birinchi navbatda jamiyatning maʼnaviy-maʼrifiy manzarasiga daxldor masaladir. Oyina.uz kasb bayrami arafasida soha vakillarining dard daftarini kavladi.
Norqobil JALIL,
“XXI asr” gazetasi bosh muharriri:
– Ishonsangiz, obuna mavsumi yaqinlashaversa, yurakka ogʻriq kiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Gazeta-jurnal oʻladimi? Majburiy obuna kerakmi? Bosma kitob qulaymi yoki internet varianti?” deganga oʻxshash chala-dumbul savollar oʻrtaga tashlanadi. Oʻylab qolasan kishi: xoʻsh, jurnalistika sohasi ogʻir va mashaqqatli davrni boshidan kechirayotgan bir paytda bosma nashrlar boshiga bunday malomatlarni yogʻdirish kimga kerak? Deylik, gazeta-jurnallar turli xil bahona-vajlar bilan yopilsa, ijodiy faoliyati toʻxtasa, oʻshanda bozor adabiyoti va jurnalistikasi gurillab ketadimi?
Bosma nashrlar obuna borasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmas ekan, oxiri tanazzulga mahkum. Boshqa yoʻl yoʻq. Qolaversa, OAVlarni isloh qilish uchun qonunchilikka oʻzgartirish kiritish fursati yetdi. Aniqrogʻi, nomiga biror nashrning muassisi hisoblanadigan nodavlat tashkilot uchun byudjetdan ajratilayotgan juda katta mablagʻlar smetasida OAV ulushi alohida bandda koʻrsatilmasa, ahvol hech qachon oʻnglanmaydi. Uch-toʻrttagina dasti uzun tashkilot oʻz nashrini iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turgani uchun adadi nisbatan koʻproqligi, xodimlarining moliyaviy ahvoli yaxshiroqligi hech nimani anglatmaydi.
Bayram arafasida dardini doston qilibdi-da, koʻnglida yorugʻroq niyatlari yoʻq ekanmi, deydiganlarga javobim bitta: hadeb balandparvoz ohanglarda maqtanishdan foyda yoʻq. Sohani qayta koʻrib chiqish, ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi gazetalarni yo tubdan jonlantirish, yo boʻlmasa butunlay yopib tashlash kerak.
Davron SAFAROV,
“Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi direktori:
– Haqiqatdan davriy bosma nashrlarga obuna boʻlish sezilarli qisqargan. Chakana savdo orqali gazeta-jurnal xarid qilish ham kamaygan. Bunga sabab nima, degan savolga koʻpchilik elektron OAVlar rivojini roʻkach qiladi. Ammo asosiy sabab bu emas. Obuna tashkil etishdagi nosogʻlom muhit, nashrlarni yetkazib berishdagi chatoqliklar, materiallarning isteʼmolchi talablariga mos kelmasligi, mushtariyning moddiy imkoniyati... Ommaviy obuna mavsumida shaxsiy manfaatlarning ustun kelishi, vaqtincha ochiladigan va mablagʻni oʻzlashtirgach yopilib ketadigan obuna firmalari odamlarning matbuotga munosabatini sovuqlashtirgan.
Endi nashrlar salohiyati, yaʼni chop etilgan materiallar qanchalik tosh bosishiga toʻxtaladigan boʻlsam. Bugun aksar gazetalarimizda oʻqishli maqolalar berilmoqda. Oʻzim oʻqigan materiallarni baʼzan boshqa doʻstlarimga ham ilinaman. Lekin bu yetarli emas. Matbuotimiz jonlanishni ertaroq boshlashi kerak edi. Ozroq kechikildi. Axborot maydoni internet nashrlarga boy berildi.
Ochiq aytaman, hozirgi kunda kompaniyamiz daromadining katta qismi qoʻshimcha faoliyatdan keladi. Faqat nashrlarga obuna uyushtirish va sotish bilan cheklanganimizda juda murakkab iqtisodiy holatga tushib qolishimiz muqarrar edi. Muammoga yechimlardan biri, obuna mavsumida davriy bosma nashrlarning TV va boshqa elektron OAV orqali reklamasida imtiyozlar belgilanishi lozim.
Beruniy ALIMOV,
“Yangi media taʼlim markazi” NNT direktori,
filologiya fanlari doktori:
– Gazeta jurnalistikaning oʻq ildizi, oʻq tomiri boʻlishiga qaramasdan, har safar taraqqiyotning kaltagi aynan uning boshida sinadi.
1950-yillari televideniye, undan avvalroq radio paydo boʻlgan paytda ham matbuot biroz chetga surilib qolgan. Sababi – oddiy. Kundalik axborotlarni olish uchun yangi manbalar topilgan. 90-yillarning ikkinchi yarmida bu holat yana takrorlandi. Internet oʻquvchilar uchun qulay va arzon axborot vositasi sifatida maydonga kirib keldi. Ijtimoiy tarmoqlar ommalashdi. Texnologiyalar esa shiddat bilan rivojlanaverdi. Bu esa bosma soʻz oʻquvchilari auditoriyasini jahon miqyosida keskin qisqartirib yubordi. Biroq vaqt oʻtib, internetdagi yangiliklar sifat jihatdan talab darajasida emasligini koʻpchilik sezib qoldi. Chunki media makonda tekshirilmagan, oldi-qochdi, feyk xabarlar avj olib ketdi. Media savodxonlik esa nafaqat jurnalistikaning, balki butun boshli jamiyatlarning bosh ogʻrigʻiga aylanib qoldi.
Yuzaga kelgan jiddiy muammoni oddiy oʻquvchilar ham tushuna boshladi. Ur-sur, oldi-qochdi, oʻldi-kuydi uslubidagi “qaynoq” yangiliklarning davri oʻtganini seza boshladik. Xoʻsh, bunday vaziyat gazetalarga, ishonchli kontentga ehtiyojni qaytadan tiklay oladimi? Bu borada jahon tajribasi qanday? Sifatli axborot oʻqiydiganlar davri yana qaytadimi?
Britaniyadagi yetakchi gazetalar 2015-yildan boshlab 25-30 foiz adadini yoʻqotdi. Xususan, “The Sun” oʻquvchilari 1,8 milliondan 1,37 millionga, “The Guardian” mushtariylari 179 mingdan 134 mingga qisqardi. AQSHda ham bundan oʻn yillar oldin 1,3 million nusxada chop etilgan “The New York Times”ning kundalik tiraji oʻtgan yili 343 mingga tushib qoldi. “The Washington Post” tiraji keyingi oʻn yil davomida qariyb 38 foizga qisqargan boʻlsa-da, hozirda onlayn obunachilar soni 2,2 millionga yetib, mamlakatda birinchi oʻringa chiqqan.
Osiyo gazetalari adadi dunyo boʻyicha yetakchiligicha qolmoqda. Bu, birinchidan, aholi koʻpligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchidan, xalqda gazetxonlik madaniyati yaxshi shakllangani bilan izohlanadi. Yaponiyaning “Yomiuri Shimbun”, “Asahi Shimbun” va “Mainichi Shimbun” nashrlari jahondagi eng katta tirajli nashrlar qatorida turibdi. “The Times of India” dunyo miqyosida ingliz tilida chop etiladigan eng koʻp adadli gazeta sanaladi. Muhimi, ular anʼanaviy bosma formatdan tashqari “Broadsheet”, “Compact”, “Berliner” va “Online” tarzda ham ish olib bormoqda. Demak, xorijiy tajriba koʻrsatadiki, yirik gazetalar hozirgi sivilizatsion toʻsiqlardan ancha oson sakrab oʻtmoqda. Adad nisbatan qisqargan boʻlsa-da, raqamli muhitda ham munosib oʻrin egallamoqda. Turli zamonaviy formatlarda yaxshi natijalarga erishishmoqda.
Keyingi oʻn-oʻn besh yil davomida mamlakatimizdagi bosma nashrlar ham jiddiy sinovlarni boshidan kechiryapti. Biroq tunnelning oxirida yorugʻlik koʻringanidek, gazetalar ham qayta kuchga kirishi, asosiysi, sifatli axborot oʻqiydiganlar davri yana qaytishiga umid bor. Chunki odamlar internetdagi sayoz materiallardan koʻra toʻlaqonli, tahliliy maqolalarni qidira boshlashdi. Bu, albatta, yaxshi tendensiya. Biz hozirgi rivojlangan Osiyo mamlakatlaridan ham oldinroq gazeta chiqara boshlagan, bu borada 150-yillik tajribaga ega millatmiz. Bundan har doim faxrlanishimiz, gazetachilikni nafaqat asrab qolishimiz, balki yanada rivojlantirishimiz kerak.
Habibulla GʻAFUROV,
Denov tumani madaniyat markazi badiiy rahbari:
– Ilgari (oʻttiz yillar avval) matbuot nashrlari soni kam boʻlardi, lekin tiraj katta edi. Oylikdan besh-oʻn soʻm ushlab qolib, oʻzingiz istagan gazeta yoki jurnalga obuna qilishardi. Pochtachi yil davomida uyga yetkazib berardi. Odamlar matbuot soʻzi, kuchiga ishonardi. Ichida illati bor rahbarlar, byurokratlar, poraxoʻrlar jurnalistdan choʻchib turardi.
Bugun gazetalarning soni va turi koʻp. Lekin sifat past, koʻpchilik gazetalar tanqiddan uzoq. Albatta, men hamma matbuotdan hayiqib turishini yoqlamoqchi emasman. Lekin jurnalist soʻzi salmoqli, yukli boʻlishi tarafdoriman, gazeta maʼnaviyatimiz-maʼrifatimizni koʻtarishi kerak. Bitta nashr tanqid qilgan odamni ertasi ikkinchisi maqtab chiqsa, soʻzning tuturigʻi qoladimi? Obuna qilish yo reklama undirish ilinjida biror tashkilotga hamdu sano yogʻdirayotgan matbuotni kim hurmat qiladi?..
Yana aytaman, matbuot jamiyatni oldinga yetaklovchi kuch boʻlishi shart. Gazetalarimiz maʼnaviy jihatdan ham, moddiy jihatdan ham erkin, mustaqil boʻlsa, omma dilidagini topib yozsa, obuna ham bosh ogʻriq boʻlmaydi.
Shubhasiz, gazetalar hech qachon butkul yopilib, jamiyat butunlay kollaps holatida qolmaydi. Ehtimol, bugungi ogʻir vaziyat oqibatida sohada oʻziga xos seleksiya jarayoni kechar va gazeta-jurnallar axborot maydoniga yanada kuchli boʻlib qaytar. Davra suhbatida bildirilgan fikrlar umumlashtirilsa, gazeta mazmun-mundarijasi, tahririyat jamoasi hamda matbuot tarqatishgacha boʻlgan butun tizimda tub islohotlar talab etilmoqda. Bu oʻzbek matbuoti kelajagini hal etadi.
Abdumajid AZIMOV
oyina.uz
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q