Hayvonlarga nisbatan vahshiylik qilgan odam hech qachon baxtli boʻla olmasligi haqida ikki hayotiy voqea


Saqlash
04:11 / 18.06.2022 2666 1

Yaqinda jurnalist hamkasblarimizdan biri bilan hayvonlarga munosabat, ularga nisbatan mehrni bolalikdan shakllantirish haqida uzoq suhbatlashib qoldik. U aytib bergan ikki hayotiy hikoya meni ancha oʻylantirib qoʻydi. Voqealar bir-biriga yaqin: vahshiylik quroli ham bir xil, johillarning jazosi ham oʻxshash. Hamsuhbatim xohishiga koʻra ismlar oʻzgartirildi. Zero, uning tilidan aytilgan ushbu ikki hikoyada ismlar ahamiyatsiz, voqealar oʻqishli, xulosaviy.

 

Birinchi voqea

 

Bolaligim oʻtgan hovlida yon qoʻshnimiz Sharifa momo boʻlardi. Bir devor qoʻshnimiz, bitta ariqdan suv ichamiz. Ularning bargidan hosili koʻp, juda shirin nashvatisi bor edi. Uyimiz hamisha bolalarga toʻla, amakivachchalarim bilan hovlini toʻldirib oʻynardik, ariqda choʻmilardik. Suvda oqib kelayotgan noklarni talashib yerdik. Qoʻshni ayol kasalmand, zoʻrgʻa yurar, engashib qadam tashlashidan gavdasini “S” shakliga oʻxshatar edim. Shu ahvolida ham mevalar biz tomonga oqib oʻtmasligi uchun ariqqa inqillab band qoʻyardi. Juda yosh edim, kampirning bu ishini hayron kuzatardim. Oʻzi kasalmand boʻlsa, daraxt esa tabiatning neʼmati, baribir hosili yerga toʻkilib chirib ketadi-ku. Bu manzaradan qattiq taʼsirlanganman, u mevaga emas, mehr va odamgarchilik chegarasiga band qoʻyayotgandek edi goʻyo. Xullas, nabiralari tengi qoʻshni bolalarga hatto yerga toʻkilgan mevalarni ham ravo koʻrmaydigan inson edi.

 

Yoshligimizdan hayvonlarga mehr qoʻyib ulgʻayganmiz, qoʻy, mol, eshak, ot, mushuk, itlarimizning har biriga mehrimiz boʻlak edi, ularga ism qoʻyardik: Olacha, Shohparcha, Qayroqcha, Zukkocha... Qoʻshnilar tomorqalari oʻrtasiga devor koʻtarmasdi. Koʻpchilik xonadonlarda darvoza ham boʻlmagan. Ularning sigiri, qoʻy-qoʻzisi bizning tomorqaga, bizniki ularnikiga oʻtib ketishi odatiy hol edi.

 

Bir kuni sigirimizning qorniga oʻroq tiqilgan dahshatli holda hovliga kirib kelganini koʻrdik. Oʻroq sigirning qorniga sanchilganu osilgancha turib qolgandi. Oʻsha manzarani eslasam, hali ham titrab ketaman, qaysi berahm inson shu ishni qildi, deya opa-singillar hoʻngrab yigʻlaganmiz. Yaqinda bolalaydigan sigirimizni bu alpozda koʻrish oson boʻlmagan. Jonivor ming azobda oʻldi. Keyin bilsak, sigirga vahshiylarcha oʻroq urgan kimsa Sharifa momo ekan...

 

Kasalmand, oʻzi zoʻrgʻa yuradigan odam oʻroqni shunday zarb bilan urganki, tik yurishga topilmagan kuch vahshiylik qilishga qanday topilganiga hayratlanasan. Oʻzi ham ona boʻlgan ayol, qanaqasiga erta-indin tugʻadigan sigirni bu ahvolga solishi mumkin?! Otam rahmatli hayvonga hech qachon ozor bermanglar, derdi. U qoʻshni bilan tortishmadi, san-manga ham bormadi. Hatto bir ogʻiz nega bunday qildingiz, deb soʻroqqa ham tutmadi. Otam bizga “Zabonsiz hayvonga ozor berishning oqibati yaxshi boʻlmaydi, berahmlarga Olloh koʻrsatadi, koʻrasizlar hali”, deb qoʻydilar.

 

Chindan ham, oradan koʻp oʻtmay Sharifa momo toʻshakka butunlay mixlanib qoldi. Eshitishimizcha, kenja farzandini dunyoga keltirayotganda koʻp qon yoʻqotgan va yillar davomida bu oʻz taʼsirini koʻrsatgan ekan. Qarangki, ayolga qon beradigan odam topilmadi. Eri esa qon quydirish zarur boʻlgan vaqtda pul berishdan qochib davolatmagan. Yaqinlari koʻra-bila turib yordam bermadi, ular shunchaki ayolning oʻlimini jim kuzatishdi. Oiladagilarning xasislik, shafqatsizlik, mehrsizligi odamni seskantirar darajada edi.

 

Momo uzoq muddat qarovsiz, parvarishsiz toʻshakda yotdi. Na farzandlar, na er bir marta boʻlsin shifoxonaga olib bormadi. Shunda xayolimdan “Olloh vahshiy insonlarning yaqinlari, atrofidagilarini mehrini ham unga nisbatan sovitib qoʻyarmikin”, degan fikr oʻtgan. Shu voqea sabab toshyurak insonlar haqida ilk tasavvurim paydo boʻldi. Hayvonlarga vahshiylik jazosiz qolmaydi, ayniqsa, onaning vahshiyligi!

 

 

Ikkinchi voqea

 

Roʻzgʻorimiz katta, qoʻy-molimiz koʻp, bir nechta eshak ham boʻlardi. Ularga ozuqa yetkazish osonmas. Bahorda uyimiz yonidagi qir-adirlar, tepaliklarga arqonini uzun qilib bogʻlab qoʻyardik, jonivor kun boʻyi tepalikda oʻtlab, qornini toʻqlardi. Eshaklarni dalaga oʻtlash uchun erkin qoʻyib yuborib boʻlmaydi. Chunki darvoza ilgaklarini ham ogʻzi bilan ochib kirib, hovlidagi ekinlar, daraxtlarni kemirib ketishi, idishdagi ichimlik suvlarni ichib bulgʻashi mumkin.

 

Odatdagi kunlarning birida eshakni tepalikka bogʻlab qaytdik, har uch-toʻrt soatda qarab, jildirib (joyini oʻzgartirib) kelamiz. Oʻsha kuni Uzunquloqning qorniga qoʻshnimizning akamlar tengi oʻgʻli oʻroq tiqib ketibdi. Onam kechga tomon zoʻrgʻa nafas olayotgan, ogʻriqning zoʻridan azoblanayotgan jonivorni uyga yetaklab keldi. Qorniga oʻroq sanchilib turgan, hammayogʻi qon eshagimizni koʻrib dahshatga tushdik.

 

Mushuk va eshakning joni qattiq boʻladi, deb aytishadi-ku, deya tirik qolishiga umid qildik. Jonivor bir hafta yashadi. Shu muddat ichida juda qattiq azob tortdi. Biz opa-singillar ertalabdan maktabga ketish oldi molxonaga borib, eshakni koʻzdan kechiramiz, darsdan kela solib tirikmi deya yana yoniga chopamiz. Jonivorni silaymiz, siypalaymiz. Bechora na suv icha oldi, na yemish yedi. Joni qattiq ogʻrisa, eshak oyoq qoqar ekan, qiynalganidan shunchalar qattiq oyoq qoqardiki, bu holatni koʻpchilik tasavvur ham qila olmasa kerak.

 

Har narsadan ibrat topa oladigan rahmatli otam bu vaziyatda ham bizga hech qachon hayvonlarga ozor bermaslik kerakligini, ular bilan doʻst boʻlishni uqtirgan. Qoʻshnimiz Nodirdan nega bu ishni qilganini soʻradi. U eshakni shu ahvolga solganini tan oldi, lekin nega bunday nomaʼqulchilik qilganiga biror tayinli gap, sabab koʻrsata olmay gʻuldiradi. Bu safar ham otam qoʻshnilar bilan san-manga bormadi, Nodirga boshqa hech qachon bunday vahshiylik qilma dedilar, xolos. Otam bizga doim “Hayvonga ozor bergan, vahshiylik qilgan inson hech qachon baxtli boʻla olmaydi”, derdi va u pandlar hamon quloqlarim ostida.

 

Eshagimizning oʻlimidan soʻng men necha yillar qoʻshni yigitning hayotini obdon kuzatdim. U mehnat qilishda eshakdan ham oʻtdi, muttasil va juda ogʻir ishlarni qildi. Tirikchilik dardida chet ellarda sangʻidi, qancha odamlardan aldandi, ishi hech oldinga siljimadi, oilasi parokanda boʻldi, boshi janjaldan chiqmadi. Keyin oʻzim uchun xulosa qildim, eshak bir hafta azoblanib oʻldi. Sen esa u yegan azobni butun umr tortyapsan. Haqiqiy hayvon sen ekansan, degan fikrga kelganman. Odam jonivorlarga qanchalik vahshiylik qilsa, uning qargʻishi urarkan. Hayotim davomida bunga juda koʻp misollar koʻrdim.

 

Inobat AHATOVA,

Oyina.uz

1 Izoh

Муроджон Ҳайитов

00:07 / 15.07.2023

Ассалому алайкум мен шунга ўхшаш яна бир воқеани биламан. Икки опа сингил ота-оналарини бот-бот таъкидлашиларига қармасдан уй пешайвонига ин қурган эр-хотин қалдирғочларни ушлаб, уларни сўйиб, патларини олиб, қозондаги қизиган мойга пишириб ейишган. Бундан хабар топган ота-онаси кўп койиди, Худога тавба қилишди. Барибир бўлмади. Опа кўп йиллар фарзанд кўрмади, иккинчи турмушидан Фотима Хасан кўрди, лекин Хасан 3-4 кун ичида вафот этти. Опа фоизга сутхўрдан қарздор бўлиб қолди. Эвазига бор будини бериб кўчада қолди. Эри эрта кунда вафот этди. Эри эрта кунда вафот этди. Кейин ноилождликдан чет давлатга чиқиб ишлаб зўрға минг азоб билан уй жой қилди. Опа ҳозир оғир хасталиклар билан тез-тез оғриб туради. Сингил уч марта турмуш қилди. Бўлмади. Биринчи турмушидан бир фарзанд кўрди. Фарзанди яхши ишларда ишлайди. Бироқ тўла бахтли эмас. Келини кунига жанжал қилади.Сингил ҳам ҳаётда далама дала ишлаб умрининг энг асосий қисми ўтиб кетди. Тошкент кўрмади, рўшнолик кўрмади. Хуллас, қалдирғочларнинг қарғиши уларни ҳалигача таъқиб қилиб келади. Худонинг ўзи кечирсин. Республика Маънавият ва маърифат маркази Сирдарё вилоят бўлими раҳбари Муроджон Ҳайитов (бўлган воқеа)

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//