
Bugungi kunda mamlakatimizda “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari!” shiori ostida “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” g‘oyasining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar belgilanib, ular muntazam ravishda ijroga qaratilmoqda. Bunda tashkilotchilik qobiliyati shakllangan yoshlar faollik ko‘rsatishmoqda. Qoraqalpog‘istonlik Go‘zal Ibroyimova shunday yoshlardan biridir.
“Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh kabidir: hech qachon o‘chib ketmaydi” deya ta’kidlashgan ajdodlar. Chindan ham, ilm shu qadar qudratli kuchdirki, u qancha sarflangani bilan kamayib qolmaydi. Bil’aks, yanada mustahkamlanib, to‘lishib sayqal topaveradi. Go‘zal Ibroyimova ilm yo‘lini tutib, bilganlarini o‘quvchilarga o‘rgatishdan charchamaydi. U 2022-yil 15-16-may kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus tumanida joylashgan 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimida faoliyat yuritayotgan Go‘zal Ibroyimova 1991-yilda Chimboy tumanida tug‘ilgan. 2011-2015-yillarda Nukus davlat pedagogika institutida tahsil olgan. O‘sha paytlardayoq ijodkorlik layoqatini namoyish etib, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Eng yuksak ma’naviyatli avlod” respublika tanlovlarida faxrli 1-o‘ringa loyiq topilgan. “Kamolot-2011”, Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan. Ijodiy ishlari, targ‘ibot-tashviqot tadbirlaridagi faolligi hamda bilim doirasi kengligi inobatga olingan holda, u 2015-yili Qoraqalpog‘iston davlat universiteti magistratura bosqichiga imtihonsiz qabul qilingan.
Universitetni tugatgan yosh o‘qituvchi dastlab Kegeyli tumanidagi o‘rta maktabda qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan dars berdi. 2009-yilda “Oydin yo‘l”, 2013-yilda esa “Umr fasllari” nomli she’riy to‘plamlarini e’lon qildi. Bundan tashqari, dolzarb mavzulardagi 30 dan ortiq publisistik maqolalari va 35 ga yaqin she’rlari vaqtli matbuotda yoritilgan.
“Har bir ijodiy ishim nashrdan chiqqanida ich-ichimdan quvonaman, buni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Ayniqsa, maktabda ijodkor yoshlar bilan ishlaganimda va ularning ijodiy mashqlari respublika nashrlarida e’lon qilinishiga ozmi-ko‘pmi hissamni qo‘sha olganimda ularning umidli yuz-ko‘zlaridagi quvonchlarini ko‘rib, ishimdan qoniqish hosil qilaman,” – deydi Go‘zal Ibroyimova samimiyat bilan.
Maqolamiz qahramoni joriy yil mart oyida “Ko‘rishaylik, Bo‘zatov” nomi bilan o‘zining uchinchi kitobini nashr ettirdi. Yigirmadan ortiq ilmiy ishlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Go‘zal Ibroyimova qoraqalpoq adabiyoti haqidagi ilmiy ishi bilan Gretsiyada o‘tkazilgan tanlovda oliy sertifikat bilan taqdirlangan. Hozirda u Qoraqalpog‘iston davlat universitetida doktorantura bosqichida “Maktabda 5-9 sinf o‘quvchilari uchun qoraqalpoq poeziyasi metodikasini o‘rgatish” mavzuidagi ilmiy ish ustida izlanish olib bormoqda.
Hayotda hech narsa abadiy emas, inchunin, sevimli buyumlarimiz eskirib, qiymatini yo‘qotadi. Istasak-istamasak, bolalik zavq-shavqi bir kuni xotiraga aylanadi-qoladi; avvaliga qadrdon maktabimizni, so‘ngra dorilfununniyam tark etamiz. Demak, faqatgina o‘rgangan bilim va hunarlarimiz bizga bir umrga sodiq hamroh bo‘lib qoladi.
“Ba’zida ota-onam, yaqinlarim kuyinchaklik bilan: “Sen charchamaysanmi? Hamma tanlovlarda qatnashishing shart emas-ku, faqat asosiylariga qatnash, yetadi” deb aytishadi. Men esa sira erinmay turli tanlovlarda qatnashaverardim, hattoki, ketma-ket 6 yil davomida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga ham qatnashib, respublika bosqichigacha borganman. Balki bugungi yutuqlarga erishishimga shunday tinimsiz sa’y-harakatlarim sababchi bo‘lgandir”, deydi Go‘zal Ibroyimova o‘z muvaffaqiyatlari sababi xususida mulohaza yuritar ekan.
Go‘zal bir gapni ko‘p takrorlaydi: “Hozir o‘rganayotgan har bir narsamiz albatta, kelajakda o‘zining katta sabog‘ini beradi!”. Bu uning shiori, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotining dastur-ul amali. Shu boisdan u qaysi ishga qo‘l urmasin, ishlari barorli, faolligi esa shundoqqina ko‘zga tashlanib turadi. Undan ibrat olishga oshiqing, izlanuvchan yoshlar!
Behruz XURRAM,
O‘zDJTU talabasi
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q