“Milliy ittihod” – kurashning mashaqqatli yo‘li


Saqlash
19:06 / 16.06.2022 1332 0

Turkiston o‘lkasida sovet tuzumini qaror toptirish uchun bolsheviklar hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallagani tarixdan ma’lum. Shu bois milliy davlat tarafdori bo‘lgan mahalliy ziyolilar vakillari siyosiy boshqaruvdan mutlaqo chetlatilgan edi. Oqibatda sovet tuzumiga muxolif yashirin tashkilotlar vujudga kela boshladi. Jumladan, 1919-yili Munavvarqori va Sadriddinxon Sharifxo‘jayev tashabbusi bilan Toshkentda “Milliy ittihod” deb nomlangan siyosiy tashkilot tuzildi. 1920-yildan uning Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Xorazm shu’balari ham tashkil qilindi (Karimov N., Rajabov Q. “Milliy ittihod”. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. 5-jild. Toshkent, 2003. 661-bet). Jumladan, Buxoro shu’basini tuzishda Fayzulla Xo‘jayev, Namangan shu’basini tashkil etishda Nosirxonto‘ra Saidkamolxonto‘ra jonbozlik ko‘rsatdi.

 

O‘sha yilning o‘zida jadidlar harakati peshvolaridan bo‘lmish Ahmad Zakiy Validiy Turkistonga kelib Buxoro, Xorazm va boshqa hududlardagi istiqlolchilarning siyosiy markazini tashkil etish tadorigiga tushadi. Natijada 1921-yil 2–5-avgustda Buxoroda bo‘lib o‘tgan Milliy Birlik kongressida O‘rta Osiyo musulmon milliy jamiyatlari federatsiyasi tuziladi. Keyinchalik u “Turkiston Milliy Birligi” nomi ostida faoliyat yuritgan (Rajabov Q. Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari (1918–1924). Toshkent, “Yangi nashr”, 2015. 73-74-bet).

 

1921-yilning 23-dekabrida Turkiston Markaziy Ijroqo‘mi huzuridagi inqilobiy tribunal “Milliy ittihod” Toshkent bo‘limi rahbari Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘jayev va uning a’zolari Orif Karimov, Yusufbek Qurbonov, Muhammadyor Muhammadumarov, Rustambek Niyozbekov va Abdullajon Ziyomuhammedovni “millatlarni birlashtiruv qo‘mitasi bayrog‘i ostida aksilinqilobiy uyushma” tuzish va sovet hukumatiga qarshi kurashgan Farg‘ona “bosmachilari” bilan aloqa bog‘laganlikda ayblab, tergov ishi boshlaydi. 35-sonli ushbu  ishni shaxsan Turkiston ASSR Markaziy Ijroqo‘mi huzuridagi oliy inqilobiy tribunal tergovchilar komissiyasining raisi Dubinskiy olib borgani mazkur harakat bolsheviklarni jiddiy xavotirga solib qo‘yganidan dalolat beradi (Inqilobiy so‘rog‘ // Qizil bayroq.1921-yil 27-dekabr. 125-son).

 

“Istiqlolchilar” ustidan uyushtirilgan sud jarayoni mahalliy omma orasida katta shov-shuv qo‘zg‘agan. “Mazkur kun ertalabdan xalq ijroqo‘m binosi eshigiga to‘plana boshladi. Xalqning orasidag‘i ishchi va kambag‘allarga nisbatan ziyolilar ko‘proq ko‘rinar edi. Ko‘rish uchun ruxsat qog‘ozlari berguvchi idoraning oldida xalqning to‘planib turuvi, ruxsat ola-olmag‘onlarining afsuslar bilan ko‘chada yuruvlari ko‘rildi” (o‘sha manba).

 

“Milliy ittihod” a’zolariga qo‘yilgan aybnomada aytilishicha, ular sho‘ro hukumatiga qarshi kurashmoq niyatida Xitoyning G‘ulja shahridagi Britaniya va Yaponiya hukumati vakillariga ikkita xat yozgan. Tergov jarayonida bu xatlar kim tomonidan va nima maqsadda yozilganini aniqlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xatda Turkiston hukumatining holati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilib, Angliya va Yaponiya hukumatidan Farg‘ona vodiysida sovet tuzumiga qarshi kurashayotganlarni pul, qurol va kurash uchun zaruriy jami ashyolar bilan ta’minlash so‘ralgan. Sovet tuzumiga qarshi kurashayotganlar “Farg‘ona milliy askarlari” deb atalgan. Maktublarga Farg‘ona milliy askarlar qo‘mondoni boshlig‘i Shermuhammedov, Buxoro milliy ishlar qo‘mitasi raisi Muzaffariddin, Xiva istiqloliyat qo‘mitasi raisi Olimbek Imomqulov, “Milliy ittihod” shu’basi rahbari Sadriddinxo‘jalar nomidan “butun millatlarni birlashtiruv” muhri bosilgani ta’kidlanadi.

 

Maktubni G‘uljaga olib ketishi lozim bo‘lgan Orif Karimov va Yusufbek Qurbonovga Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘ja o‘g‘li 150 mingdan markaz oqchasi va o‘ttiz ming so‘mdan Kerenskiy oqchasi bergan. Shuningdek, Abdullajon Ziyomuhammad o‘g‘li ularni ulov bilan ta’minlagan. Biroq ular G‘uljaga yetib borolmagan. Avliyootaga borganida qizil askarlar hibsga olib, Toshkentga qaytargan. Sadriddinxo‘ja Orif Karimov va Yusufbek Qurbonov qo‘lga tushganini eshitib, sovet tuzumiga qarshi kurashayotgan Rahmonqul qo‘rboshi huzuriga boradi, uch oy uning xizmatida bo‘lib qaytgach qizil askarlar tomonidan hibsga olinadi (Inqilobiy so‘rog‘ // Qizil bayroq. 1922-yil 3-yanvar. 128-son).

 

“Milliy ittihod” tashkilotining boshqa a’zolari ham keyinchalik hibsga olingan. Birgina Abdullajon Ziyomuhammedov Farg‘onada Rahmonqul qo‘rboshi bilan qolib, kurashni davom ettirgan. Tergov chog‘i Sadriddinxo‘ja barcha aybni bo‘yniga olib, boshqalar aybsiz ekanini ko‘rsatishga harakat qilgan bo‘lsa-da, surishtiruv jarayonida zikr etilgan maktublar 1921-yilning 9-mart kuni aynan Abdullajon Ziyomuhammedov hovlisida yozilgani aniqlangan.

 

“Milliy ittihod” a’zolari ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish 1921-yil 23-24-dekabrda bo‘lib o‘tgan sud bilan yakunlanadi. O‘sha davr matbuotida tashkilot a’zolari qanday jazoga hukm etilgani haqida aniq xabar yo‘q, lekin hukm o‘qilgach, o‘lim jazosi qamoq jazosiga almashtirilgani va ayblanuvchilarning ayrimlari ozod etilgani haqida ma’lumot keltirilgan. “Yig‘ilg‘on xalqning hammasi kechasini deyarlik uyqusiz o‘tkazib o‘tira berdilar. Kunduz hukm o‘qilg‘on vaqtda xalq yana ko‘paydi. Bu vaqtda hamma jamoat bo‘lib turar ediki, bir pashshaning “g‘ing” etivu ham quloqqa kirarday edi. Hukm orasida o‘lim jazosi degan so‘zlar va buning afvi umumiy bo‘yicha qamoqqa aylantiriluvi va ba’zilarining bo‘shatilishi rais tomonidan o‘qilg‘onda eshitib turg‘on xalqning qanday ahvolda bo‘lg‘onlig‘ini yozish juda qiyindir. Shu holda bo‘shatmag‘on uch kishini ko‘chadan olib o‘tdilar, aybdorlardan o‘lim jazosig‘a hukm etilib afv bo‘yicha qolg‘on ikki kishining yuzida shodliq alomati zohir bo‘lib, kulib, suyunch bilan ketar edilar” (Inqilobiy so‘rog‘ // Qizil bayroq. 1921-yil 31-dekabr. 127-son).

 

Aytish lozimki, Toshkent bo‘limi ustidan uyushtirilgan sud bilan “Milliy ittihod” tashkilotining faoliyati barham topmagan. 1924-yil oxirlaridan Toshkent yana tashkilot faoliyatining markaziga aylandi. Lekin uning a’zolariga nisbatan bosim muntazam kuchayib bordi. O‘zbekiston SSR tashkil topgach esa GPU tomonidan qattiq siquvga olingan “Milliy ittihod” 1925-yil boshlarida tarqatilganini e’lon qiladi.

 

Keyinchalik uning negizida tashkil etilgan “Milliy istiqlol” uyushmasi 1926–1929-yillar davomida faoliyat ko‘rsatib, bunda S.Tillaxonov degan shaxs muhim rol o‘ynagan. Buxorolik va farg‘onalik milliy ittihodchilar ham mazkur tashkilotga qo‘shilgani ma’lum. “Milliy istiqlol” tashkiloti nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyoda demokratik boshqaruv tamoyillariga asoslangan respublika tuzumi o‘rnatishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi deb hisoblagan. Biroq sovet tuzumi mustahkamlanib borgani sari tashkilot faoliyati zaiflashib, oxir-oqibat barham topgan.

 

Mazkur tashkilotga aloqador shaxslar ham qattiq ta’qibga duchor bo‘ldi. Jumladan, 1929-yil noyabrida Toshkentda Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishi (keyinchalik ularning soni 87 taga yetgan) ushbu tashkilotning a’zosi sifatida qamoqqa olinib, ulardan 15 nafari 1931-yilda Moskvada otib tashlandi, qolganlari esa uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etildi.

 

1930-yili “aksilinqilobiy tashkilotlar” tugatilganiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston  Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov bunday deydi: “Bu aksilinqilobiy tashkilotning boshliqlaridan Munavvarqori aytadi: “Bizning maqsadimiz sho‘rolar hokimiyatini O‘zbekistonda yiqitish edi. Mayli, sho‘rolar hokimiyati yana 5-6 yil davom etsin, bu oraliqda biz o‘z kuchlarimizni tayyorlaymiz, keyin esa bir harbiy to‘qnashuv bo‘lajak va biz ham hokimiyatni o‘z qo‘limizga olajakmiz”. Ular sho‘ro apparatidan foydalanishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun ular quyidagi uch yo‘lni belgilaydi: 1) sho‘ro apparatiga kirib, davlat ishlarini o‘rganish, burjua hokimiyati qaytarilgach, uni idora uchun tayyorlangan xizmatchilarga ega bo‘lish tilagida sho‘ro apparatiga o‘z kishilarini qo‘yish; 2) poraxo‘rlik, buzuqchilik va boshqa yo‘llar bilan sho‘ro hukumatini obro‘sizlantirish; 3) O‘zbekistonning milliy tashkilotlarini mustahkamlash uchun sho‘rolarning jamoat tashkilotlaridan foydalanish...” (Mustafo Cho‘qay o‘g‘li. Mafkura maydonida kurash // Yas Turkestan. №12. 1930. Ayaz Tahir. Yas Turkestan. 1929-1930, (1–13 sayilar). 1-cild. Istanbul, 1997).

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Milliy ittihod” va uning vorisi “Milliy istiqlol” tashkilotiga a’zo bo‘lgan yurtning asl farzandlari – ziyolilar mustaqil davlat barpo etish yo‘lida kurashib, jon fido etdi. Istiqlolga erishilgach, vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar nomi oqlangani, ular xizmatlari e’tirof etilgani alohida ahamiyatlidir.

 

Oybek RASHIDOV,

O‘zMU Tarix fakulteti

o‘qituvchisi

 

Tafakkur jurnali, 2017 yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 33
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 14
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 674
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15370
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi