O‘zbek adabiyotining kimyogari


Saqlash
03:04 / 16.06.2022 3940 0

O‘tgan asrning dastlabki yarmi va uchinchi choragidagi o‘zbek hikoyachiligi xirmoni, asosan, realistik ruhdagi hikoyalardan tarkib topgan. Hikoyalarning kompozitsiyasidan tortib syujet va obrazlarigacha umumiylikni kuzatish mumkin. Abdulla Qodiriy va Cho‘lponlar davridan boshlangan o‘zbek hikoyachiligi, keyinchalik Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov va boshqa atoqli yozuvchilarning hikoyalari bilan yanada takomillashib bordi. Bu hikoyalar yozuvchining individual mahorati va uslubidan kelib chiqqan holda xilma-xil bo‘lsa-da, g‘oya, mavzu va kompozitsiya jihatidan bir yo‘nalishga mansub. O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab, nasrda yangilanish sezila boshladi. Yangi avlod yozuvchilari voqelikni boshqacha rakursda ko‘rsatish, fikrni asar tagmatniga berkitish, o‘quvchini obrazli tafakkurga chorlash bilan nasrga yangicha ob-havo olib kirishga harakat boshlashdi. Shu davrda yaratilgan Olim Otaxonning “To‘rtinchi qavatdagi sarg‘ish deraza”, Nurilla Otaxonovning “Oq bino oqshomlari”, Shodiqul Hamroning “Suratdagi ayol”, Nodir Normatovning “Bir kuni chumoli bo‘lib” kabi hikoyalari o‘ziga xos tajriba mahsuli o‘laroq, o‘zbek hikoyachiligini yangi bosqichga ko‘tarish uchun tashlangan dadil qadam edi, deb aytish mumkin. Shu ro‘yxatda Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi ham old qatorlardan joy olgandi.

 

Nazar Eshonqul o‘zbek adabiyotiga o‘zgalarga o‘xshamagan yo‘ldan kirib kelgan. “Maymun yetaklagan odam kim edi?”, degan savol o‘zbek adabiyotida o‘ttiz yildan beri yechilmay kelmoqda. Buning boisi yozuvchi voqeanavislikka o‘rgangan kitobxonni voqelik ichida turib, shu voqelikni tashqaridan kuzatishga va fikrlashga undaydi. Bu o‘yin shartlariga rozi bo‘lmagan kitobxon Nazar Eshonqul asarlarini o‘qimay qo‘ya qoladi. Ehtimol, shuning uchun ham yozuvchining ijodi xos kitobxonlarga mo‘ljallangan, desak xato bo‘lmaydi.

 

Yozuvchining “Urush odamlari”, “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘ro‘g‘li” romani kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylanib ulgurgan. Biz ushbu maqolada yozuvchining yirik asarlariga adabiy xamirturush vazifasini o‘tagan hikoyalari xususida mulohaza yuritmoqchimiz.

 

 

Yer-u osmon aro

 

Hikoya nasrning kichik janri deb qaralsa-da, hajm o‘lchami ma’no va mohiyat ko‘lamiga soya solmaydi. Yozuvchi hikoyaning adabiy mezonlarini yaxshi bilishi, asar tili va kompozitsiyasiga jiddiy yondashishi, voqeani badiiy idrok qilgan holda tasvirlay olishi muhim jihat sanaladi. Texnik tarafdan bu jarayon xuddi uy qurilishiga o‘xshaydi. Avval uyning tarhi chiziladi va qurilish shu tarh asosida olib boriladi. Yozuvchining ijodiy faoliyati ham shunday kechadi. Asar kompozitsiyasini boshidan belgilab olmasa, maqsadsiz yo‘lga chiqqan yo‘lovchi manzilga yeta olmaganiday, adib ham qalamni qo‘lga bemaqsad olgan bo‘ladi.

 

Nazar Eshonqul hikoyalari esa puxta tarh asosida bunyod bo‘lgan. Yozuvchi o‘zi nimani ko‘zda tutayotgani, asar skeletini qanday ishlagani va hikoya qay tarzda rivojlanib borayotganini yaxshi bilib turadi. Yozuvchining ijodiy kredosi haqida yaxlit xulosa berish mushkul. Lekin hikoyalarini tahlil qilib, fikrlarni umumlashtirganda Nazar Eshonqulning ijodiy kredosi, yozuvchi ijodining bosh badiiy-estetik g‘oyasi haqida muayyan tasavvur paydo bo‘ladi.

 

Avvalo, adibning hikoyalarini uslub jihatidan ikki turga bo‘lish mumkin:

 

a) Folklor va jahon adabiyotidagi xos tendensiyalarning qorishuvi (sintezi) o‘laroq yozilgan, milliy ruh aks etadigan hikoyalar;

 

b) Sof modern ruhda, ong ostida kechayotgan jarayonni badiiy idrok etishga yo‘naltirilgan, bitta metafora asosiga qurilgan hikoyalar.

 

Shu klassifikatsiya asosida yozuvchi hikoyalarini yana turli jihatlariga ko‘ra alohida tasniflash mumkin. Obrazlar tizimi, syujet, kompozitsiya va hokazo nuqtayi nazardan tasniflaganda ham yuqoridagi klassifikatsiya e’tiborga olinadi. Chunki asardagi barcha elementlar yozuvchining tanlagan uslubidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

 

Folklor va jahon adabiyotidagi xos tendensiyalar badiiy sintez qilingan, milliy ruh balqib turadigan hikoyalarda yozuvchi nigohi o‘zbek kitobxoniga tanish makon va zamonda yuz beradigan voqelikka qaratiladi. Shu muhitdan ulgu olib, qahramonlar ham atrofimizdagi tanish qiyofalarga o‘xshab ko‘rinadi. Kitobxon bu personajlardan begonasiramaydi. Yozuvchi badiiy til jihatdan ham, tasvir tomonlama ham shu ruhiyatdan kelib chiqib yondashadi. Bu tipdagi hikoyalarga “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qultoy”, “Bepoyon osmon”, “Ochilmagan eshik”, “Bevaqt chalingan bong” kabi hikoyalarni kiritish mumkin.

 

Sof modern ruhda, ong ostida kechayotgan jarayonni badiiy idrok etishga yo‘naltirilgan, bitta metafora asosiga qurilgan hikoyalarda esa yozuvchi qabariq tasvirlarga beriladi. Syujetdan tortib, qahramonlargacha to‘liq bitta metaforaga xizmat qiladi. Ya’ni muallif g‘oyani bir metaforaga singdirib, butun hikoyani shu asosga quradi. Bu tipdagi hikoyalarga “Maymun yetaklagan odam”, “Bahouddinning iti”, “Zulmat saltanatiga sayohat”, “Tobut shahar”, «Xaroba shahar suvrati”, “Ozod qushlar”, “O‘lik mavsum”, “Xayol tuzog‘i” kabi hikoyalar kiradi. Mazkur hikoyalarda muallif timsollar tilida gapiradi. Bunda kitobxon tafakkur qilishga majbur bo‘ladi – u asarning voqeligida ko‘rinib turgan narsani emas, matn ostida berkingan fikrni o‘qishi kerak. Bu tipdagi hikoyalarni o‘qish davomida tasavvur imkoniyatlari ma’lum ma’noda qisqaradi. Yo‘nalishdan kelib chiqqan holda adabiy makon va zamon ham mavhumroq tasvirlanadi. Ammo ular yaxlit kartina sifatida yechim topadi. Masalan, “Tobut” hikoyasidagi shaharning tobut shaklida qurilgani, “Bahouddinning iti” hikoyasida qahramonning alal-oqibat itga aylanib qolishi, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi ikki xil surat: avval navqiron odam maymunni yetaklab kirayotgani, keyin esa maymun keksa odamni yetaklab chiqayotgani, “Og‘riq lazzati” hikoyasida og‘riqdan lazzat olayotgan mahkumlar, “O‘lik mavsum” hikoyasida talabalarga saboq bergan o‘lik kabi detallar tufayli bu hikoyalarning yagona metaforaga bo‘ysundirilganini ko‘rishimiz mumkin va ularning har biri yaxlit kartina sifatida o‘quvchi ko‘z oldida namoyon bo‘ladi. Ularning tili ham nisbatan og‘ir, uzun jumlalar, qayta o‘qishga majburlovchi tasvirlar ko‘p uchraydi.

 

Ong ostidagi jarayonlarni tahlil qilishga urg‘u berilgan hikoyalarda xarakterlar yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Asosiy qahramon yoki roviy (uning o‘zi qahramon bo‘lsa)ning xarakterinigina yaqqol ilg‘ab olish mumkin. Yozuvchining milliy ruhdagi hikoyalarida xarakter bo‘rtibroq ko‘rinadi. Ayniqsa, bu tipdagi hikoyalarda ayollarning xarakteri nihoyatda jonli, tabiiy va ta’sirli chiqadi. Masalan, “Bepoyon osmon” hikoyasidagi Ammaning xarakterini quyidagi parcha orqali ko‘rishimiz mumkin. “Ammam birdan g‘arib, behol ko‘rindi menga: yo‘q, enamga achingani tufayli emas, bir umr koyigan, tanbeh bergan, ertadan kechgacha malomat qilish uchun yashagan, malomat qilish umrining mazmuniga aylangan ayolning endi bu dunyoda yo‘qligi sababli umrida ham mazmun qolmaganday, shuning uchun ham birdan qarib qolganday tuyuldi menga”. Amma butun umri davomida akasining befarzand yashagani uchun bosh aybdor deb bilgan yangasini, u vafot etishi bilan hurmat ila tilga oladi. Aslida esa uning qo‘rs va johil xarakteri o‘zgarmagan, faqat bu xarakterini ko‘rsatuvchi obyekt endi yo‘qligi tufayli u o‘zgarib qoldi.

 

 

Obrazlar olami

 

Yozuvchi hikoyalarida asardan asarga ko‘chib yuradigan detallar mavjud. Masalan, ko‘pgina hikoyalarida qayerda joylashgani mavhum bo‘lgan “maydon” obrazini uchratamiz. “Og‘riq lazzati” hikoyasida qahramon mahkumlar dahshatli tarzda qiynoqqa solinayotgan maydonga borib qolsa, “Qaytish” hikoyasida ham qahramon aynan shunday maydonga duch keladi. Yuqoridagi maydondan farqli jihati, “maydon chetidagi bayroq osilgan muhtasham binoda tenglik va insonparvarlik hamda fan taraqqiyoti to‘g‘risida qandaydir da’vatkor shiorlar osilgan”, maydondagi odamlarning kiyimi ham allanechuk g‘alati ko‘rinadi, “ko‘pining egnida eskirib ketgan nimdosh mundir osilgan, ayollar esa bundan qirq-ellik yil burungi andozada odmigina kiyinishgan, lekin hammasining ko‘zlarida sarosima, tahlika va gumon aralash bir qo‘rquv qotib qolgan”. Ikki hikoyadagi “maydon” ham olomon tomonidan o‘rab olingan. “Maydon” ikki xil ma’noda: hukm o‘qilgan, qilmish uchun hisob-kitob qilinadigan joy va olomon tomoshabinga aylanadigan har qanday voqelikning ramzi sifatida qo‘llangan deyish mumkin.

 

Shuningdek, “o‘lik” obrazini ham muallifning hikoyalaridagi “sayyor obraz”lar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi. “O‘lik mavsum” hikoyasida butun syujet o‘lik bilan bog‘liq. Hikoyada zohiran qaraganda o‘lik ta’lim sistemasidan saboq oluvchi jamiyat tasvirlangan. Ammo bu talqin bahstalab, chunki o‘lik ustozning talabalarga aytadigan fikrlari nihoyatda sog‘lom insonning mulohazalari bo‘lib, u sog‘lom tafakkur sohibi sifatida gavdalanadi. Keyinchalik yozuvchi shu motivni “Qora kitob” qissasida davom ettirgan. Endi u shaytonning ramzi bo‘lib, Cho‘qqisoqol obrazida rivojlantiriladi.  “Tobut” hikoyasi o‘lim bilan bevosita aloqador syujetga ega. “Ajr” hikoyasida esa jisman o‘lik bo‘lgan ota va o‘g‘il obrazini ko‘ramiz. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida ham asosiy syujet chizig‘i Zamon otboqarning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, Bayna momoning xarakterini ochib berishga xizmat qiluvchi detal o‘limdir. Ya’ni, momoning Zamon otboqarni o‘ldirib, eri va o‘g‘li uchun qasos olgani hikoyaning kulminatsiyasidir. “Xaroba shahar suvrati”, “To‘zon” hikoyalarida ham qahramonlar sirli tarzda o‘lim topgan bo‘ladi. Roviy ularning o‘limiga eltuvchi yo‘lni axtaradi. Bu yo‘l tafsilotlari xayoliy va mistik bo‘lib ko‘rinsa ham, yozuvchi roviy bilan birga marhumlarning ongostidagi jarayonlarni tahlil qilib boradi. “O‘lik” va “o‘lim” obrazlarining ko‘p qo‘llanishi miflarga borib taqaladi. Buning negizi xalq og‘zaki ijodining eng yirik qahramonlaridan biri Go‘ro‘g‘liga daxldordir. Bilamizki, Go‘ro‘g‘li ham go‘rda tug‘ilgan. Yozuvchi hikoyalaridagi “o‘lik” va “o‘lim” obrazlarini rivojlantirib, keyinchalik “Go‘ro‘g‘li” romanida o‘zining o‘lmaganini isbotlay olmaydigan g‘ayrioddiy qahramonni paydo qildi.

 

Nazar Eshonqul hikoyalarida “bemor” va “shifoxona” obrazlari ham tez-tez uchraydi. Bemorlik bilan bog‘liq detallarning asosida inson ruhiyatidagi buzilishlar va miyadagi konfliktlar yotadi. “Xayol tuzog‘i”, «Xaroba shahar suvrati”, “Muolaja” va “O‘pqon” hikoyalaridagi qahramonlar ayni shu jihati bilan bir-biriga o‘xshaydi. Yozuvchi jismonan azoblanayotgan bemorlarni emas, ruhan va aqlan og‘riyotgan xastalarni o‘rganish ustida tajriba o‘tkazadi.

 

“Maymun yetaklagan odam”, “Og‘riq lazzati” kabi hikoyalarda muallifning san’at xususidagi o‘ylari badiiy ifoda qilinadi. “Azob san’at asari yaratishning eng qulay vositasi ekanligini mahkumlar ham, nazoratchilar ham his qilishar, shu sababli nazoratchilar og‘riq va azob berishni o‘zlarining burchlari deya hisoblardilar”, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi muallif (“Og‘riq lazzati” hikoyasidan).

 

Nazar Eshonqul ijodida “shahar” makoni katta o‘rin tutadi va bu obraz darajasiga ko‘tarilgan. Ba’zi o‘rinlarda shahar yozuvchining o‘sha hikoya uchun tanlagan metaforasining asosi bo‘lib xizmat qilgan. Fikrimizga yaqqol misol “Tobut” hikoyasidir. “Xaroba shahar suvrati” hikoyasida esa xayoliy Tursoriya shahri tilga olinadi. Yozuvchi ijodida “shahar” makonining badiiy-estetik vazifasini o‘rganish alohida bir tadqiqotga arziydi.

 

 

Egizak hikoyalar

 

Yozuvchining badiiy tasvirlarida hid va rang masalasini alohida o‘rganish maqsadga muvofiq. Nazar Eshonqul ijodining umumiy qiyofasida qora rang va badbo‘y hid ustuvorlik qiladi. Muallif hikoyada badbo‘y hidni shunchalik batafsil va ta’sirli qilib tasvirlaydiki, o‘quvchi o‘sha voqelikning ichiga qanday kirganini sezmay qoladi. Hikoyalarda zulmat va tun bilan bog‘liq epizodlar ko‘p uchraydi.  

 

Nazar Eshonqul hikoyalarini kuzatar ekanmiz, ba’zi holatlarda muallif “egizak hikoyalar” yaratganini ko‘rishimiz mumkin. Bunda hikoyalar ham kompozitsiya, ham g‘oya, ham obrazlar nuqtayi nazaridan bir-biriga o‘xshaydi, qolaversa, biri ikkinchisini to‘ldiradi. Muallif aytmoqchi bo‘lgan g‘oyasini rivojlantirish yoki tugallash uchun ham shu usulni amalga oshirganday tuyuladi. Masalan, “Qultoy” va “Bepoyon osmon” hikoyalarining epilogi o‘xshash. Ikkisida ham butun umr xo‘rlangan, qadr topmagan, oyoqosti bo‘lgan obraz bor va hikoya syujeti shu obraz atrofida shakllantiriladi. Qolaversa, hikoyalardagi qahramonlarning ismlari ham xalq dostonlaridagi nomlarga uyqash qilib tanlangan. “Ozod qushlar” va “Qaytish” hikoyalarida yozuvchi tanlagan uslub bir-biriga o‘xshaydi. Ikkala hikoyada ham qahramon ikkinchi shaxsda gapira turib, aslida o‘ziga murojaat qiladi, o‘zining hayotidagi voqelikni bayon etadi. “To‘zon” va “Xayol tuzog‘i” hikoyalari qahramonning yozib qoldirgan kundalik va qo‘lyozmalari orqali uning halok bo‘lish sabablarini izlash motivi asosida shakllangani bilan bir-biriga yaqin. “Og‘riq lazzati” va “Muolaja” hikoyalari ham “egizak hikoyalar”ga o‘xshaydi: azob va og‘riqqa giriftor qilingan obrazlar bilan umumiylik kasb etadi. Bu usul o‘zbek adabiyotida boshqa bir yozuvchida uchramaydi. Aytish lozimki, koreys kinorejissori Kim Ki Duk ijodida shu kabi “egizak film”larni uchratish mumkin. Muallif bir fikrni boshqa asarda davom ettirishga va tugal xulosani berishga ma’nan haqli. Yoki bir g‘oyani ikki talqin orqali ko‘rsatish tajribasi ham adabiyotimizda yangilik deyishimiz mumkin. Kuzatuvlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, “To‘zon” hikoyasi kompozitsiyasi, g‘oyasi jihatidan yozuvchi Temirpo‘lat Tillayevning “O‘lim o‘pqoni” qissasini yodga soladi. Asarda mistikadan foydalanish, xayoliy dushman, inson miyasiga g‘ayrioddiy tahlika motivi bu fikrga asos beradi.

 

Yozuvchi ijodida Tersota adabiy makoni ham salmoqli o‘rin tutadi. Ammo shuni aytish kerakki, Tersota xronotopi muvaffaqiyatli boshlanib, yozuvchining keyingi ijodiy bosqichlarida unutilgan adabiy makondir. Yozuvchi Tersotadan boshqa joyda yuz bergan hikoyalarida mavhum makonni tanlaydi yoki makonga urg‘u bermaydi. Ko‘pincha voqelik qahramonlarning ongostida kechgan jarayonlar bilan bog‘liq holda rivojlangani uchun asarning makonini tasvirlashga ehtiyoj tug‘ilmaydi.

 

“G‘oyani o‘ldirib bo‘lmaydi, u yangi avlod bilan birga yangi mazmun kashf etib tug‘ilaveradi”, deb yozadi yozuvchi “O‘lik mavsum” hikoyasida. Darhaqiqat, yozuvchining umuminsoniyatga daxldor g‘oyalari hikoyalarda turli rakursda singdirilgan. Yangi avlod uchun bu g‘oyalar yangicha bir messejlar berishi shubhasiz. Ayni paytda yozuvchining har bir asari, u qo‘llagan timsollar va obrazlardan kelib chiqqan holda kattaroq tadqiqot qilishga ehtiyoj borligini ko‘ramiz.

 

 

Xulosa

 

Nazar Eshonqul – o‘zbek adabiyotining kimyogari. U hech qachon tajriba qilishdan cho‘chimaydi. U – butun ijodiy umri tajribalar ustida o‘tayotgan yozuvchi. Uning laboratoriyasini o‘rganish kelgusi avlod uchun ham katta adabiy-ilmiy maktab bo‘lishi turgan gap.

 

Nazar Eshonqul jamiyatdagi zohiran nosog‘lom, botinan qaraganda ichki ruhiy konfliktlar girdobida qolgan odamlarga tashxis qo‘yib yurgan shifokorga o‘xshaydi. Bugun inson ruhiyati og‘ir taloto‘plar orasida qolgan bir paytda bunday shifokorning borligi ruhiyat ozuqasi bo‘lmish adabiyot uchun nihoyatda zarurdir.

 

 Xurshid ABDURASHID

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//