
Buyuk mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniy “Insonning qadr-qimmati o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishdan iborat: insonning eng asosiy vazifasi va o‘rni esa qilgan mehnati bilan belgilanadi, inson o‘z maqsadiga mehnat va kurashish tufayli erishadi”, degan edi. Ming yillar avval aytilgan bu fikr hayotda takror va takror o‘z tasdig‘ini topaveradi. Insonning oldiga maqsad qo‘yishi va unga intilishi, harakat qilishi esa, albatta, mevasini beradi. O‘z maqsadi sari intilayotgan va muvaffaqiyat qozonayotgan shunday fidoyi yoshlardan biri Hulkar Gʻafforovadir.
Hulkar Gʻafforova 1985-yil 5-mayda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida tug‘ilgan. 2015-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. U hozirgi paytda Navoiy shahridagi 16 umumiy o‘rta ta’lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimida ishlamoqda.
Hulkar 2022-yil 14-15-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ijodiy- madaniy masalalar bo‘yicha eng yaxshi targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Albatta, bu bosqichgacha kelish va unda g‘olib bo‘lish kuchli bilim va shijoat, katta iqtidor va tajribani talab etadi. Ayniqsa, olamning nozik hilqati sanalmish ayol uchun ham ishlash, ham oila, farzand tarbiyasini teng yo‘lga qo‘yish anchagina mashaqqatli ekani hech kimga sir emas.
Navoiy davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan Hulkar Gʻafforova dastlab “Kamolot” YOIH Navoiy viloyat kengashida ish boshlagan. O‘sha paytlardayoq uning yozgan maqolalari va ijodiy ishlari tez-tez markaziy va viloyat nashrlarida chop etib turilgan.
Darvoqe, Hulkar Gʻafforova ushbu tanlovdan oldin ham bunday bellashuvlarda ishtirok etgan. Xususan, u ishdagi fidoiyligi, tashabbuskorligi bois, 2012-yilda “Kamolot” YOIH tomonidan ta’sis etilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi xushmuomala va odobli ayol xodimasi”, 2013-yilda esa “Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari” nominasiyalarini qo‘lga kiritgan.
Bir necha yillar davomida Yoshlar ittifoqi viloyat kengashida faoliyat yuritgan Hulkar Gʻafforova 2019-yilning dekabr oyidan boshlab Respublika Yozuvchilar uyushmasining Navoiy viloyati bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida ish boshladi. Qisqa fursatda u ijodkor yoshlarning boshini bir joyga qovushtirib uyushma viloyat bo‘limi qoshida “Yosh ijodkorlar” klubini tashkil etdi. Hulkar klub ishini olib borarkan, avvalo ijodkor yoshlarning ijodiy ishlarini to‘plab, viloyat va respublika nashrlarida chop ettirishga alohida e’tibor qaratdi. Klub ishtirokchilari bo‘lgan Mashhura Normayevaning “Bahor hech ketmasaydi”, Gulifar To‘xtayevaning “Atirgulga aytar so‘zim”, Mohinabonu Teshayevaning “Bahor” kabi she’riy to‘plamlarini nashr etishga bosh-qosh bo‘ldi.
Har bir qalamkashga o‘z bitiklarining muxlislar qo‘liga yetib borishi muhim. Bu ta’bir joiz bo‘lsa, ijodkorga qanot bag‘ishlaydi. Buni yaxshi anglagan Hulkar o‘tgan yili o‘zi faoliyat yuritayotgan maktab yoshlarining mashqlarini to‘plab, “Ilhomimga qanotsan – Vatan” nomli kitobni nashr ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Yoshlarni adabiyotga, matbuotga qiziqtirish maqsadida “Renessans” nomli maktab ichki gazetasi nashrini yo‘lga qo‘ydi.
– Klubimiz mashg‘ulotlarida 30 nafar bo‘lajak shoir va nosirlar ishtirok etmoqda, – deydi Hulkar Gʻafforova biz bilan suhbatda. – Bulardan tashqari, matbuot, radio-televideniye muxbirligiga qiziquvchilar ham bor. Ijodiy-madaniy masalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning maktabga kelishi ijod ahli bilan yoshlarni yanada yaqinlashtirdi. O‘quvchilar bilan taniqli ijodkorlar, Zulfiya mukofoti sovrindorlari o‘rtasidagi uchrashuvlar muntazam tus oldi. Jumladan, “Saodat” jurnali bosh muharriri, taniqli shoira Munavvara Usmonova hamda nafaqat viloyatimiz, balki respublikada tanilgan Odil Hotamov, Shoyim Shernazar kabi ustozlar bilan uchrashuvlar yoshlarimizda adabiyotga, kitobxonlikka katta qiziqish uyg‘otdi. Hozir maktabimizda 102 nafar kitobxon o‘quvchi bor. Maktabimiz o‘quvchisi Mashhura Hakimova shu yil “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichiga chiqdi. Biz bu yutuqlar bilan cheklanib qolmaymiz, oldinda qiladigan ishlar ko‘p. Umuman, bugungi yoshlarni adabiyotga, kitobga jalb etish borasida biz targ‘ibotlar oldida katta vazifalar turibdi.
Hulkar Gʻafforovaning she’rlar va bir nechta hikoyalardan iborat kitobi esa 2021-yilda “Dilbog‘im” nomi bilan nashr etilgan. O‘tgan yili taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev tomonidan tashkil etilgan “Biz bilmagan hikoyalar” tanlovida “Katta hovuz” hikoyasi bilan ishtirok etgan Hulkar Gʻafforova “Muxlislar e’tirofi” nominasiyasi g‘olibi deb topilgan.
Yosh ijodkorning keyingi ishlarida kuch-quvvat, shijoat va g‘ayrat tilab qolamiz. Hayot intilganlarni sevadi, hayot o‘ziga ishonganlarni sevadi. Shunchaki harakatdan to‘xtamang, harakat ortidan natija va yutuqlar kelaveradi.
Behruz XURRAM,
O‘ZDJTU talabasi
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q