O‘qituvchi maktab bolasini urdi, ota-ona muallimni kaltakladi, o‘quvchi direktorga suv sepdi... – muammoning ildizi qayerda?


Saqlash
22:28 / 13.06.2022 2107 4

Yozgi ta’til boshlanganidan so‘ng muallimlar yengil nafas olib, bolalar ham maktabdan ozod bo‘lganidan quvongandir, ehtimol. Joriy o‘quv yili davomida o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi mojarolar avvalgi yillardan ko‘ra ko‘proq ko‘zga tashlandi.

 

Afsuski, ta’lim maskanlarida ustoz-shogirdlik o‘rtasidagi mehr rishtasi o‘rniga o‘zaro adovat, hurmatsizlik, nafrat kuchayib borayotgandek. Oyina.uz buning sabablarini surishtirish, maqbul yechimlarini izlab topish maqsadida vaziyatning ichidan biladigan mutaxassislarni savolga tutdi.

 

 

Isroil Tillaboyev,

Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari:

 

– XXI asr bolalarini boshqarish qiyinlashib ketdimi? Ikki-uch yil oldin noxush xabarlarni kam eshitayotgan edik. Menimcha, avval ham bo‘lgan-u, lekin telefonga olishga ulgurmay qolganmikanmiz, deb o‘ylayman. O‘tgan o‘quv yilida esa o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi konfliktlar shu qadar ko‘p bo‘ldiki, surishtirsangiz har birining o‘z tarixi bor, oxir oqibat jamoatchilik ham qaysi tomonning tarafini olishni bilmay qoldi. Masalan, Surxondaryodagi ingliz tili o‘qituvchisining o‘quvchini urgani rosa ijtimoiy tarmoqda qattiq qoralandi, vahshiylik degan tamg‘a bosildi. Keyingi videolardan angladikki, o‘zi bolaning tarbiyasi og‘ir bo‘lib, ustozni quyushqondan chiqishga atayin majbur qilishgacha borgan.

 

Jizzakilik, betgachoparlik, xudbinlik, manmanlik, kalondimog‘lik va, umuman olganda, tarbiyasizlik hozirgi o‘quvchilarda nega lop etib yuzaga chiqmoqda, buning salbiy oqibati qanday, nima qilmoq kerak? Aytilaverib uvadasi chiqib ketgan bo‘lsa ham, bir xaqiqatni yana takrorlashdan charchamayman: bularning bari oilada tarbiya noto‘g‘ri berilgani va yoki umuman berilmaganidan kelib chiqyapti. Oilada ota-onaning so‘zi o‘tmasligi, bolaning kelajakda yo o‘qimishli bo‘lishga, yo biror kasbni egallashga motiv berilmagani, nursiz kelajak, maqsadsiz yashashga tashlab qo‘yilgani... Tan olamanki, o‘qituvchilarning ba’zisida tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlash metodikasi, pedagogik qobiliyati yo‘qligi ham sabab, chunki ba’zi to‘polonchi bolalar qaysidir fanda jim o‘tiradi, qaysidir fanda o‘yin ko‘rsatadi.

 

Salbiy oqibatlari esa judayam katta, pedagoglarning obro‘sini tushirishi bir tarafi bo‘lsa, o‘qituvchini o‘qituvchilikdan bezdirishi, hattoki ishdan bo‘shashiga ham majbur qilishi yana bir jihati. Bunday bolalar sinfidagi o‘quvchilar tarbiyasiga, o‘zlashtirishiga ham ta’sir o‘tkazadi. Ishkalchi o‘g‘il-qizlarni to‘g‘ri yo‘lga solishning qat’iy choralari ko‘rilmasa, bu holat yuqumli kasallik kabi gazak olib ketayotgandek tasavvur uyg‘otib, yuragimni g‘ulg‘ula bosmoqda.

 

O‘quvchilar ta’limida yutayotgandirmiz, lekin tarbiyasini boy berib borayotgandekmiz, nazarimda. Avvalo, ota-ona mas’ulligini oshirish kerak, xulqi yomon o‘quvchilarning ota-onasining ish joyida mazkur masalani ko‘rib chiqishga rasmiy talabnomalar kiritish zarur. O‘quvchining maktab nizomiga rioya qilmagani uchun ota-onasini moddiy javobgarlikka tortish mexanizmini yo‘lga qo‘yish lozim. Shunday tartib joriy qilish kerakki, o‘qituvchi asabini buzmasin, faqatgina ta’lim bilan shug‘ullansin. O‘quvchi sinfdagi boshqa o‘quvchilar va o‘qituvchisiga xalaqit beruvchi harakatlari uchun muqarrar jazo kutib turganini his qilsin.

 

O‘qituvchining sha’ni, obro‘si va asabini davlat himoyasiga olishi zarur. Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiyadek tartibni qattiq ushlay olmasak, bugun maktab direktoriga suv sepishga jur’at qilgan o‘quvchi ertaga bir chelak mazg‘ava ag‘darishdan ham qaytmaydi.

 

 

 

Husan Karvonli,

“Ma’rifat”-“Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri:

 

– Maktabdagi noxush holatlarning urchib borayotganida o‘qituvchining o‘zi, ota-onalar, o‘quvchilarning ham aybi bor. Eng asosiy aybdor esa davlat, jamiyat.

 

Agar o‘qituvchining maoshi kamida ming dollar bo‘lganida maktabni tashlab ketgan kuchli muallimlar, erkak pedagoglar ta’limga qaytardi. Kuchli o‘qituvchi darsini qoyillatib o‘tsa, hech bir o‘quvchi yo ota-ona unga qo‘l ko‘tarish tugul, gap ham qaytarolmasdi.

 

Maktabning, ustozning obro‘sini tiklash kerak. Buning uchun birinchi navbatda maktablarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratish amaliyotidan voz kechish kerak!

 

Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi maktab imijini belgilashda asosiy ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin. Qachonki, o‘quvchilar chindan maktabda olgan bilimi bilan o‘qishga kirsa. Hozir esa bu masalada repetitorlik sohasining ulushi ko‘proq. Xohlagan maktabga borib ko‘ring, hozir 10, ayniqsa, 11-sinfda davomat qog‘ozda 100, amalda esa juda-juda kamligini ko‘rasiz. Bolalar maktabda sirtdan o‘qiyapti...

 

 

 

Nigora Rashidova,

Sergeli tumani 300-DIUM direktorining ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:

 

– To‘g‘ri, hozirgi kunda o‘quvchilarning o‘qituvchilarga nisbatan hurmatsizligi ko‘payib bormoqda. Bunga asosiy sabab oiladagi tarbiya deb o‘ylayman. Agar ota-ona muallimga nojo‘ya munosabatda bo‘lsa, farzand ham xuddi shuni takrorlaydi. Shu bois avval kattalarni tarbiyalash zarur. “Ustoz otangdan ulug‘” degan hikmatli so‘zni oilada ko‘proq ishlatish kerak.

 

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga ko‘proq e’tibor qaratildi. Maktab esa o‘qituvchi va direktor zimmasida qoldi. Tozalik, ta’mirlash ishlari, paxta terish, ko‘chalarni tozalash bilan ovora bo‘ldi ular. Ta’lim sifati tushib ketdi. Pedagog maktabni ta’mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ishga majbur bo‘ldi. Ana shu narsa o‘qituvchini obro‘sizlantirdi.

 

Shukrki, 2017 yildan boshlab bunga chek qo‘yildi. O‘qituvchining maqomi oshirilishiga doir bir qancha qarorlar, loyihalar ishlab chiqildi. Endi pedagoglar faqat o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirishi va o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishi kerak.

 

 

 

Gulchehra Murodova,

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-DIUMning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:

 

– Universitetning 5-kursida o‘qirdim. Orada dars bo‘lmagani bois kursdoshlarimiz bilan kinoteatrga kirdik. Film tugab, tashqariga chiqqanimizda uzoqroqda ketayotgan maktabimiz direktori va yoshi ulug‘ hamqishlog‘imizni ko‘rib qoldim. Zudlik bilan o‘zimni dugonamning panasiga oldim. “O‘rtoq, meni yashir. Direktorimiz ko‘rib qolmasin”, dedim unga. “Ko‘rsa nima bo‘ladi?” dedi dugonam. “Axir meni darsga kirmay, kinoma-kino yurgan ekan, deb o‘ylamaydimi?” deb xijolatdan o‘lib-tirilgandim. Hozir shunday zalvor va salobatga ega ustozlar yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Bor, albatta. Lekin ularning safi tobora kamayib borayotgani achinarli hol. Har qanday o‘quvchi ham bunday o‘qituvchiga gap qaytarish tugul, yuziga tik boqishga jur’at etolmaydi.

 

Biryoqlama mulohaza yuritmoqchi emasman. Kimnidir aybdor qilishdan osoni yo‘q. Maqsad muayyan muammoni bartaraf etish bo‘lsa, eng avvalo, o‘sha masalaning ildizini – asl sababini topish va muolajani o‘sha yerdan boshlash zarur. O‘qituvchi-o‘quvchi o‘rtasidagi barcha ziddiyatlarni ham bir xil sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. Ularning har biri – alohida hodisa. Shu bois tashxisi va chora-tadbirlari ham o‘ziga xos bo‘lishi tabiiy. Ko‘pincha voqelikka nisbatan umumiy munosabatlar bildirilyapti va, shuning uchun ham, hammasi qorishib ketyapti. Yoppasiga o‘qituvchini yoki o‘quvchini ayblash mumkin emas.

 

To‘g‘ri, bugungi bolalar besh-o‘n yil avvalgilardan keskin farq qiladi. Lekin bu tafovut faqat o‘quvchiga tegishli emas. Xuddi shunday o‘zgarish o‘qituvchida ham kuzatiladi. U ham besh-o‘n yil avvalgi kasbdoshidan farqlanadi. Nazarimda, har bir inson, avvalo, o‘zini tarbiya qilishi darkor. Albatta, bunda faqat odob-axloqni nazarda tutmayotganim tushunarli bo‘lsa kerak. Ehtimol, mazkur vaziyatda “tarbiyat” so‘zi ko‘proq muvofiq kelar. Darhol hazrat Navoiyning mashhur bayti yodingizga tushdimi? Balli! “Tarbiyat qilmoq”ni “har jihatdan kamol toptirmoq” ma’nosida qabul qilish o‘rinli.

 

Yuzaga qalqib chiqayotgan muammolar – aysbergning ko‘zga ko‘rinib turgan kichik bir qismi. Suv tubidagi katta qismi esa nazardan chetda qolmoqda. Shukrki, ayni kunlarda davlatimiz rahbari yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Maqsadga erishish uchun esa bir kishining bongi yetarli emas. Hamma va har bir kishi bu borada o‘zini mas’ul deb hisoblamas ekan, marra tobora uzoqlashib boraveradi.

 

 

Azamat Qulliyev,

Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik liseyi tarix fani o‘qituvchisi:

 

– Maktablarimizda odob-axloq masalasi ancha oqsayotganini oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar ham isbotlab turibdi. Shunday voqealarning yakuni bilan qiziqsangiz, “tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi”, “tegishli tartibda chora ko‘rildi” kabi xulosalar beriladi. Savol tug‘iladi: muammolarni qachongacha qog‘ozda hal qilamiz? Masalaning ildizi bilan qachon qiziqamiz, yana takrorlanmasligi uchun qanday choralar ishlab chiqamiz?

 

Ahvol bo‘yicha shaxsiy mulohazalarim: birinchi sabab – aholining katta qismi doimiy ish o‘rniga ega emasligi. Oqibatda oila boquvchilari – er-xotin pul keladigan manbalar ortidan quvishga, erkaklar xorijga ketishga, qolganlari mavsumiy yumushlar bilan shug‘ullanishga, ayollar esa hatto mardikorlik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Ish vaqti chegaralanmagan, mehnat xavfsizligi kafolatlanmagan sharoitda uzzukun ter to‘kib charchagan er-xotin bola tarbiyasiga vaqt ajrata olmasligi aniq. Farzandlar ota-onasining ahvolidan to‘g‘ri xulosa chiqarsa xo‘p-xo‘p. Xulosa chiqarmasa-chi?

 

Ikkinchi sabab – ish haqining pastligi. Keyingi yillarda o‘qituvchilarning oyligi oshirildi deyishingiz mumkin, lekin bu hali yetarli emas. Ko‘pgina maktablarni tushdan keyin borib ko‘ring, o‘qituvchi ish vaqtim soat to‘rtgacha deb majburan o‘tirgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘quvchini uchratmaysiz. “Fan to‘garaklari muntazam ishlayapti”, deb intervyu beradigan direktorlarimiz uyalishsa bo‘lardi.

 

Islohotlar yaqin istiqbolda doimiy ish o‘rinlari ko‘payishiga, ish haqlari miqdori doimiy oshib borishiga umid beradi, lekin ungacha qanday qilib maktab o‘quvchisining tarbiyasini qattiqroq nazoratga olsak bo‘ladi?

 

Taklifim – psixologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan iste’dodli talabalarni maktab ta’limiga yo‘naltirish, umuman, bu fanning oliy ta’limda o‘qitish uslubini qayta ko‘rib chiqish. Maktablarda psixolog-ruhshunos shtatlari sonini ko‘paytirish va oyligini oshirish (iloji bo‘lsa, o‘quv, madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar oyligi miqdoricha). Birinchi sinfdan bitiruvchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar ruhiyatini chuqur o‘rgangan holda tavsiyalar ishlab chiqish va bu tavsiyalarni o‘qituvchi, rahbariyat, ota-onaga yetkazish.

 

Biz jurnallarga ota-onasining kasbi degan joyga “ishchi”, “vaqtincha ishsiz”, “uy bekasi” deb yozadigan o‘quvchilar darsdan keyingi qo‘shimcha pulli mashg‘ulotlarga qatnashgisi kelsa-da, deyarli qatnasholmaydi. Sababi aniq – mablag‘ yo‘q. Bu esa juda ko‘p o‘g‘il-qizlarimizning darsdan keyin bekor qolishga sabab bo‘ladi. Bekorchi kallaga esa turli xil bo‘lmag‘ur xayollar kelishi tabiiy.

 

Maktablarda darsdan keyin DTM fanlari doirasida mashg‘ulot o‘tuvchi tajribali o‘qituvchilar uchun oylik to‘lanadigan shtatlar joriy etish (iloji bo‘lsa, fanlarning har biri uchun ikkitadan), imkoniyati bor maktablarda sport to‘garagi o‘qituvchisi shtatini ochish, zamonaviy kasblar haqida dastlabki tushunchalar beruvchi markazlar tashkil qilish kerak. Iqtisodchilar qo‘liga kalkulyator olib, “Sening taklifing davlatga qanchaga tushishini bilasanmi?!” deya o‘shqirishi mumkin. Lekin men butun boshli maktab jamoasi uchun emas, kelajak avlodimiz bo‘lgan bola tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan insonlar uchun pul so‘radim.

 

Mening taklifim ertaga amalga oshib, hamma bolalar darsdan keyin maktabga, fan to‘garaklariga chopib bormasligi aniq. Lekin ishonavering, hozir qandaydir chora ko‘rmasak, TV, ijtimoiy tarmoqlarda haftada hech bo‘lmaganda bir marta yurtimizning qaysidir joyidagi mas’ul xodimning yuqorida aytilganday “tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi”, “tegishli tartibda chora ko‘rildi” kabi xulosalarini ko‘raveramiz. Ko‘chada “razbor” qilayotgan o‘quvchi qizlarimizga, o‘qituvchisini, mo‘ysafid, o‘zidan yoshi katta insonlarni masxara qilib videoga olayotgan o‘smirlarga, oliy ta’limni amal-taqal bitirib, bola bilan umuman ishlash qobiliyati yo‘q “o‘qituvchi”larning maktablarda bemalol ishlayotganiga guvoh bo‘lib yuraveramiz. Bizga qaysi ma’qul?

 

Nodira IBROHIMOVA

оyina.uz

4 Izohlar

Shakarjon Qarliyeva

22:12 / 09.12.2023

Onam aytardilar: bizning davrimizda o'qituvchining obro'si juda baland bo'lgan, el orasida hurmatli bo'lgan. Shuning uchun ko'pchiligimiz o'qituvchi bo'lishni niyat qilardik deb. Hozir-chi, hozirgi yoshlarga savol berib ko'ring-da, katta bo'lganingda o'qituvchi bo'lishni xohlaysanmi deng, katta ehtimol bilan rad javobini ko'proq olasiz. Tarbiya ilmdan avval turadi, tarbiya bo'lmagan joyda ilm ham bo'lmaydi. O'qituvchi oylik maoshini oshirish, sinflarga kamera qo'yish, darsga halal bergan tarbiyasiz o'quvchiga jarima joriy qilish kerak. Ilmni qadri bo'lmagan, o'qituvchilari oyoqosti bo'lgan yurt ilmsizlikka, johilikka mahkum.

Нуржахон

12:01 / 01.01.1970

Аниқ конкрет айтайлик у эди бу эди қилмасдан амалда ишлайдиган қарор чиқариш керак ота она ва ўқувчига, синфда бола сони 35 та камайтириш кк. Дарс пайтидаги хар қандай тадбирни четга суриш кк. Буни хафтада бир марта ташкиллаб бериш керак мусиқалар билан албатта. Қаттиқроқ сиёсат қилинса бозорда ишлайдими бошқа жойдами олдин мактабига бориб кейин ишига боради. Ўқувчи хам ота она хам ўқитувчи хеч нарса қилолмаслигини билади, шунинг учун давлат қилиши керак. Лойиҳа ишлаб чиқилди ўз устида ишлаш керакдан олдин анча иш қилиш керак. иккинчи янги тизим ишлаб чиқиш керак фақат қизиқишига қараб ўқитиладиган, шуни унутмаслигимиз керакки ўқувчини камида 60 фоизи олий маълумотли бўлишни хохламайди. Бизга олий маълумотли бўлиши мухиммас, тарбияли жамият учун фойдали шахс кк

Sarvar Ergashev Xovos tuman 18-maktab Tarbiya va huquq fani oʻqituvchisi.

12:01 / 01.01.1970

Yuqoridagi holatlarning asl aybdorlari: 1. Davlat ya'ni jamiyat. 2. Oʻzimiz. ( Ustozlar va ota-onalar) Sharh. 1. Davlat munosib kadrlarni bosh qilib qoʻymayapti; tayinlangan boshliqlar nima qilayotganini oʻzi bilmayapti; Xalq taʼlimi xaligacha muammolardan xoli boʻla olmayapti; Xalq taʼlimi mustaqil faoliyat yurita olmayapti; chiqarilayotgan qarorlarni koʻpi yuzaki va ijrosi 100% taʼminlanmaydi; hodimlarining oylik maoshlari juda kam (Eng koʻp hodimlar Xalq taʼlimida ekan, Xalq taʼlimi vazirligini budjetini alohida qilib qoʻyish kerak. Masala hal) Diniy tarbiyani joriy qilish kerak. (Tarbiya fani ichiga) 2. Oʻzimiz, hammamiz aybdormiz bu masalada. Oʻzimizni oʻzimiz tarbiyalamasak, yoshlar oʻzicha tarbiyalanib qolmaydi. Oʻzimizni tuzatmasak, boshqalar bizga nisbatan tuzalmaydi. Ustozga e'tibor- jamiyatga eʼtibor. Ustozga hurmat-millatga hurmat.

Dilorom

12:01 / 01.01.1970

Qoil. Tasannolar bo‘lsin . Shu tariqa jamiyatimiz ravnaqiga ham hissa qo'shilgan. Xalqimiz ongiga ta'sir qilish bilan kelajagimizni yanada mukammal qilish uchun qilingan harakatilat bardavom bo‘lsin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//