1974-yili Toshkent davlat – hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini bitirayotib, Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida mashhur adib Chingiz Aytmatov bilan uchrashishga muyassar bo‘lganman. Chingiz og‘a respublikaning bosh kutubxonasi rahbarlariga “Ushul jigitge jardam qilingiz” degan mazmunda xat yozib berdi. Ikki hafta stoldan bosh ko‘tarmay, yozuvchining mahalliy gazetalarda rus va qirg‘iz tillarida e’lon qilingan maqola-yu suhbatlarini o‘qib chiqdim, kerakli ma’lumotlarni to‘pladim. Ishim bitgach, iymanibgina u kishining idorasiga bordim. Chingiz og‘aning yordamchisi shoir Jo‘lon Mamitov adib bilan yana bir bor ko‘rishishimga ko‘maklashdi. Ming xijolat bilan ichkariga kirdim. Chingiz og‘a muqovasiga “Bunin” deb yozib qo‘yilgan kitobni o‘qib o‘tirgan ekan.
– Xo‘sh, jigit, ishlaring bitdimi, mag‘a qanday suroo bar? – dedi men bilan so‘rashar ekan. Birinchi uchrashuvimizda qirg‘iz tilida so‘zlashishga ozroq harakat qilganimdan xursand bo‘lib, “Til biluu abdan jaqshi”, deya yangi kitobiga “Inim Axmatjan Melibayevga jurnalistik maydanda iygilik tileymin” deb dastxat yozib berdi.
Savollarim ko‘p edi. Hayajon bosib turibdi. “Правда” gazetasida e’lon qilingan “Bu sizning aybingiz, hamqishloqlar” felyetonidagi jabrdiyda Asilgulni esladim, uning keyingi taqdiriga qiziqdim. Chingiz og‘a bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Asilgul hozir ovulda yaxshi yashayotgani, yaqinda undan maktub olganini aytdi.
– “Sarvqomat dilbarim”dagi Asal obrazining prototipi shu Asilgul bo‘lsa kerak, – deb so‘radim.
– Asal to‘qima obraz, ammo sen to‘g‘ri payqabsan, Asilgulning Asalga o‘xshagan joylari bor, – dedi Chingiz og‘a. Bu gapdan so‘ng bir oz dadillashdim: “Momo yer”dagi To‘lg‘anoy ocherkingiz qahramoni Telegey Almambetovnaga o‘xshab ketadi...
– Buni-da yaxshi payqabsan.
Yozuvchi yondaftarimga fikrlarini yoza boshlaganimni ko‘rib, tushuntira ketdi:
– Sen jigit, yaxshi bilishing kerak, yozuvchi badiiy asar ustida ish boshlar ekan, hayotda bo‘lib o‘tgan, o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar, odamlar taqdiri, qiyinchiliklar, adolatsizliklar ko‘z o‘ngidan o‘tadi. Asar syujetini ishlashda shu voqealarning ta’siri bo‘ladi, albatta. Oybek, Abdulla Qahhor yozgan kitoblarni o‘qigan bo‘lsang kerak, ularning eng yirik polotnolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayotdan olingan. Toshkentga borganimda Oybek menga Alisher Navoiy to‘g‘risida roman yozishdan avval bu geniyning hayotini chuqur o‘rgangani, ilmiy maqolalar yozganini aytib bergan. Menda ham shunday bo‘lgan, buni to‘g‘ri sezibsan. Lekin bundan badiiy asarda faqatgina hayotda yuz bergan voqealar aks etadi, asar qahramonlarining jonli prototiplari bo‘ladi, degan fikr kelib chiqmaydi. Bu to‘g‘rida olimlarning fikri boshqacha bo‘lishi mumkin, biroq, mening o‘yimcha, badiiy asar yozuvchi ichki sezimining mevasi.
– Yaxshi jurnalist bo‘lish uchun nima qilish kerak? – deb so‘radim suhbat yakunlanayotganini sezib.
– Oy, buning “pravilasi” yo‘q. Biroq, senga aytarim shuki, jurnalist ko‘p o‘qishi, el orasida yurishi, dardini bilishi, quvonchlariga sherik bo‘lishi kerak. Ustyurtda muxbirlik qilib yurganimda, gazchilarning hayotini o‘rgandim, abdan qiyin, uncha-muncha odam dosh bera olmaydigan ish. Shu yerda gaz quvuri portlagani, yer-u osmon qo‘shilib yona boshlagani, temir platformalar sarig‘yog‘day eriganini ko‘rdim. Tasavvur qilasanmi: ajal olovi ajdahoday hamla qilib turibdi, yaqiniga yo‘latmaydi. Jahannamning o‘zi deysan, undan-da xatarli. Shunda ham azamat konchilar, o‘t o‘chiruvchilar, mutaxassislar hayotini tahlikaga solib, yuz-ko‘zlari qizarib-qorayib, kiyimlariga o‘t ilashganiga ham qaramay, jon holatda u yoqdan bu yoqqa chopib ishlamoqda, olovni o‘chirishga urinmoqda. Mana buni qahramonlik desa bo‘ladi. Paxta haqida yozgan maqolamni o‘qigan bo‘lsang kerak (“Правда” gazetasida 1964-yili e’lon qilingan “Paxtaning oydin yo‘li” maqolasi ko‘zda tutilmoqda – A.M.), uni yozish uchun, bilsang, o-oyy, Mirzacho‘lni boshdan oyoq kezib chiqdim, Toshkent, Andijon, Buxoro-yu Samarqandda bo‘ldim, kino arxivida ishladim, tarixiy obidalarni ko‘rdim, noyob hujjatlarni ko‘zdan kechirdim. Taniqli odamlar bilan suhbatlashdim. Oydin kechalarda telejkalar turnaqator bo‘lib, o‘zbek dehqonlari yetishtirgan hosilni paxta omborlariga tashiyotgani, bu ish odamlarning qon-qoniga singib ketgani meni ilhomlantirdi. Paxta yetishtirish naqadar mashaqqatli ish ekanini his qilibgina qo‘limga qalam olganman. Zarafshon daryosi toshib, qirg‘oqlarini yuvib, atrofga g‘ulg‘ula solganini ham ko‘rganman. Juvalida bug‘doy o‘rimini kuzatganman. Biz non hidi deymiz, ammo bug‘doy hidi demaymiz. Hozirgina kombayn bunkeridan to‘kilgan bug‘doyni kaftingga olib, uning hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan hidini tuyganmisan, bug‘doy donalarining oltinday tovlanishini-chi, ko‘rganmisan? Bir hovuch bug‘doy undirish uchun qancha mehnat sarf bo‘lishini o‘ylab ko‘rganmisan? Mana, yaxshi jurnalist bo‘lishning siri qayerda, inim. Agar men bu voqealarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda, tahlikali paytlarda odamlar o‘zini qanday tutishiga guvoh bo‘lmaganimda, qancha yozmayin, maqtovni kelishtirmayin, chiroyli so‘zlarni marjonday tizmayin, jurnalistlik burchimni bajara olmagan bo‘lardim. Bizda muxbirlar ko‘pincha xonalarida choynakning qopqog‘ini o‘ynab o‘tirib, ichidan to‘qib-chatib yozadi. Maqolaga, u katta bo‘ladimi, kichikmi, yolg‘on qo‘shilmasligi kerak...
Har gal qo‘limga qalam olganimda adibning shu so‘zlari yodimga tushadi. Markesni eslayman: “Jurnalistika yalqovlikni unutishga yordam beradi. Jurnalistika meni yelib-yugurishga undaydi, yozuv stoliga o‘tirg‘izib, yozishga majburlaydi, qanday sharoit, qanaqa muhit, hatto mehmonxonada bo‘lsam ham... Jurnalistikaning yozuvchiga beradigan ko‘magi ishdagi jonli misollardangina iborat emas. U so‘z bilan doimiy aloqada bo‘lishga ko‘maklashadi”.
Chingiz Aytmatov ijodining o‘ziga xos jihatlaridan biri shuki, u dastlab gazetalarda e’lon qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalari bilan e’tiborga tushdi. Bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan, hayotning ne-ne sinovlarini boshdan o‘tkazgan, xush-noxush voqealarga guvoh bo‘lgan, el-yurt kezib charchamagan Aytmatov qalamiga mansub maqolalarda hayotning aniq-tiniq manzaralari, real taqdirlarga, bizga xuddi avvaldan tanish odamlarga (Ilyos, Tanaboy, Seit, birinchi muallim, Oltinoy) duch kelamiz, yuzaki, hissiz fikr-mulohazalar, quruq bayonchilik uchramaydi, aksincha, muammolar oshkora ko‘rsatiladi, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ro‘y-rost tahlil etiladi. Jurnalist Aytmatovning qahramonlari – oddiy odamlar, ammo ularning har biri o‘z olamiga, boshqalarnikiga o‘xshamagan taqdiriga ega. Jonli va sodda tilda yozilgan, milliy tuyg‘u bilan sug‘orilgan, chuqur lirik kechinmalar, romantik bo‘yoqlarga boy “Gazetachi Dzyuydo”, “Ashim”, “Qizil olma”, “Sepoyachi”, “Oq yomg‘ir”, “Raqiblar”, “Baydamtol sohillarida” kabi hikoyalari, “Jamila”, “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z” qissalarida buni aniq sezish mumkin. Adib ularda inson hayotiga doir muhim ijtimoiy-ma’naviy muammolarni qirg‘iz adabiyotida (boshqa milliy adabiyotlarda ham) shu kungacha ustunlik qilib kelgan an’anaviy talqin usullaridan tamomila boshqacha tarzda ko‘tarib chiqishga jur’at etdi. Bu – qirg‘iz adabiyoti ostonasida yangi iste’dod sohibi turganidan dalolat edi. Chindan ham dastlabki kitobi – “Tog‘ va dasht qissalari” Aytmatovni mashhurlik cho‘qqisi sari yetakladi. Tadqiqotchilardan biri “Qirg‘iz xalqi jahon madaniyati xazinasiga “Manas” eposini, endi esa Chingiz Aytmatovni berdiki, bu ikki buyuk hodisa ushbu xalq to‘g‘risidagi tasavvurimizni yanada boyitdi” deb yozgan, qirg‘iz adibi Mar Boyjiyev esa “Chingiz Aytmatovning milliy mavzuda asar yozish mahorati bizga xalal beradi. U bu ishni shu qadar baland cho‘qqiga ko‘tarib qo‘ydiki, endilikda biz bu mavzuga qo‘l uradigan bo‘lsak, Aytmatovdan o‘tkazib yozishimiz kerak. Buning sira iloji yo‘q”, degan edi. Adib kichik bir millat misolida ham butun insoniyatga tegishli muammolarni ko‘tarib chiqish mumkinligini isbotladi.
Aytmatov ijodi, Asil Rashidov ta’kidlaganidek, “o‘z-o‘zidan, quppa-quruq zaminda yuzaga kelmadi. Aksincha, bir xalq ikkinchisidan, yosh avlod keksa avloddan, bir yozuvchi ikkinchi yozuvchidan saboq o‘rganib kelgani singari, uning noyob iste’dodi ham mavjud ijtimoiy sharoitda va yangi tarixiy zaminda yuzaga keldi va tez sur’atlar bilan ravnaq topa bildi”. Aytmatov so‘z san’atiga qirg‘iz adabiyotidagi, bu qadim tuproqqa yondosh boshqa milliy adabiyotlardagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘zlashtirgan, mag‘iz-mohiyatini chaqqan holda kirib keldi, desak xato bo‘lmaydi. Muhimi shundaki, Chingiz og‘a sobiq tuzumning qon-qonimizga, ong-shuurimizga singib ketgan mafkuraviy qadriyatlaridan voz kechish payti kelganini boshqalardan ko‘ra ertaroq sezdi. Bu sezimini dastlab tanqidiy maqolalarida, so‘ng badiiy asarlarida bayon eta oldi. Tanqidchi Q.Bobulov aytganiday, “Aytmatov o‘zidan oldingi kasbdosh og‘alarning yumshoq beshigida ulg‘aygan bo‘lsa-da, ijodkor sifatida bundan buyon bu beshikda bamaylixotir yotaverish mumkin emasligini payqagan edi”. Adabiyotshunos K.Asanaliyev Aytmatov ijodidagi bir xususiyatni bunday izohlaydi: “Chingiz Aytmatov o‘z so‘ziga, ijodiga yolg‘on aralashtirmagan, haqiqat qanchalik achchiq bo‘lmasin, uni butunicha, tag-tugigacha ayta olgan yozuvchilar sirasiga kiradi. Shu jihatdan olib qaraganda, u ayovsiz chinchi (haqiqatchi), rostgo‘y yozuvchi. Qahramonlariga nisbatan ayovsizligi yozuvchiga xos oq niyatdan, turmushda uchrab turadigan ziddiyatlarni suvab-siypalamay, tarab-butamay asl holicha aytish maqsadidan kelib chiqadi”.
“Jamila” qissasi muallifni olamaro mashhur qildi. Bu to‘g‘rida ko‘p va xo‘b yozilgan. Ammo ayni shu asari uchun muallif eshitmagan tanbeh qolmagan. “Jamila” chop etilganida o‘zimizning tuppa-tuzuk yozuvchimiz birdan unga yopishib qoldi, – deya xotirlaydi adib. – Qissani firqa majlisida, jamoatchilik ko‘z o‘ngida yer bilan yakson qildi. U o‘zining qissaga qo‘ygan ayblarida badiiy ijodda ma’no va mazmun partiya siyosatiga uyg‘un bo‘lishi, ijodkor sotsialistik realizmdan chekinmasligi, ideologiyaning boshqa qat’iy talablari haqida uzoq safsata sotib, oxiri oilaning buzilishi kommunistik axloq prinsiplariga katta zarba ekanini ta’kidladi. Oila birligi va ahilligi partiya va jamiyatning asosini ushlab turgan muhim tayanch ekanini urg‘ulab, nihoyat, mening qissam ana shu g‘oyalarga mos kelmagan syujet asosida yozilganini “fosh” etdi”. (Aytmatov Ch. “Bolaligim”. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-ijodiy matbaa uyi. Toshkent, 2008. 71–73-betlar).
Aytish zarurki, bunday e’tirozlarning o‘ziga yarasha “sabablari” bor edi. Jamila urushda qon kechib yurgan erini tashlab, boshqa birov bilan, yana deng, qaynisi Seit xayrixohligida qochib ketadi. “Bo‘tako‘z” hikoyasi qahramonlariga e’tibor bering: “akademik” laqabini olgan, “hozirgacha aravaning shotisini ham, bo‘yinturuqni ham ushlab ko‘rmagan” Kamolning so‘zlari: “Nega tahqirlangan, xo‘rlangan men bu achchiq shuvoqzor, sho‘r bosib yotgan kengliklarni kezib chiqishim kerak ekan? Qayoqqa nazar tashlama – qup-quruq, jonsiz biyobon, yaydoq dala. Bu yerda odamzod uchun nima bor? Uning yashashi uchun boshqa joy quriganmi?”
Shu hikoyadagi Abubakirning ta’rifi: “Muncha badjahl, muncha zahar bo‘lmasa. Yuzi ancha xunuk, yonoq suyaklari bo‘rtib chiqqan, qo‘llari arslon panjasiday baquvvat, ammo o‘zi ancha xushqomat, ko‘zlari bo‘lsa vajohatli, sovuq, sal narsaga qonga to‘ladi. Joni bo‘g‘ziga keladi. Bunday paytlarda ehtiyot bo‘lmasang g‘ajib tashlaydi.”
Sadabekning xotini Aldey (Sadabek bilan Abubakir urishib qolganda Abubakirga): “Qani, tegib ko‘r-chi! Ko‘zlaringni o‘yib olayki, o‘zingni o‘zing tanimay qolgin.”
Saqmonchi qiz: “O‘zimning ham oqin suvlarni ko‘rgim kelib ketdi. Qo‘zilarim ham zilol suv qanaqa bo‘lishini bilsin dedim! Qo‘zilarni boqib, katta qilib cho‘ponga topshiraman, keyin universitetga o‘qishga ketaman...” Kamol: “Vaqti-soati yetsa, men ham o‘qimoqchiman. Biroq men mexanizatsiya maktabiga kiraman...”
Bir qarashda, Chingiz Aytmatov haqiqatan ham adabiyotda o‘sha yillarga xos an’analardan chetga chiqayotganday, ularni mensimayotganday. Axir, qayoqdan kelib qoldi bunaqa “duragay” qahramonlar – o‘zi qirg‘iz bo‘lsa, ovulda yashasa-yu, shu choqqacha bo‘yinturuqni bilmasa? Qachondan beri yaydoq dala, shuvoqzor-u yantoqzorlar unga begona bo‘lib qoldi? Qayoqqa ketmoqchi? Hamma ketaversa, hamma universitetda, mexanizatsiya maktabida o‘qisa, yaylovda kim qoladi, chorvani kim boqadi? Bu ham mayli, qirg‘izlar shunaqami – zahar, badjahl, ko‘zlari vajohatli, sal narsaga qonga to‘ladi. Ayol kishi “ko‘zingni o‘yib olaman” deb turibdi. Jamila kuppa-kunduzi qochib ketdi, Aliman birovdan homilador bo‘lib qoldi. Qaynonasi To‘lg‘anoy bir nima deyayotgani yo‘q. Urushdan qochib kelgan birinchi kishi qirg‘iz bo‘lib chiqdi. Bu nima? Millat sha’nini yerga urish emasmi?
O‘tgan asrning yetmishinchi yillari Chingiz Aytmatov har chorrahada, har yig‘inda ayni shu savollarga, ta’sirchan “g‘oyaviy zarba”larga duch kelar edi. Adibning ularga javobi tanqidga uchragan asarlarining mag‘zidan kelib chiqadi: hayot, odamlar, turmush tarzi o‘zgarmoqda. Dunyoviy voqea-hodisalar ong-shuurimizda o‘z ifodasini topayotir. Insoniyat taqdiri yagonalik tomon yuz burmoqda. Buni anglamaslik mumkin emas. Har bir milliy adabiyot oldida umuminsoniy, umumbashariy vazifalar bilan birga, faqat shu adabiyotga xos bo‘lgan milliy vazifa ham turadi. Ammo “milliylik” tushunchasini to‘g‘ri anglamoq lozim: “milliy vazifa” zamiriga “milliy mahdudlik” tushunchasini singdirish, bir millatning ikkinchi bir millatdan ulug‘ligini isbotlashga urinish kabi harakatlarni oqlab bo‘lmaydi. Bunday harakatlar, oxir-oqibat, ma’naviy qashshoqlikka olib keladi. Bordi-yu, gap biror millatning qadim moziydan to shu kunlargacha yetib kelgan urf-odatlari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, ayni shu xalqqa, shu millatga mansub turmush tarzi, taomillar, til, iymon-e’tiqod va sajiya, ya’nikim milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish haqida borayotgan bo‘lsa, bu harakatni umuminsoniy taraqqiyot manfaatlariga mos kelmaslik deb baholash mutlaqo o‘rinsiz.
Aytmatov adabiyotga sof milliy yozuvchi sifatida kirib keldi va uzoq yillar ayni shu pozitsiyada qat’iy turdi. Uning har bir asari adabiyot ixlosmandlari bilan birga, boshqa kasb egalarini ham ohanrabodek o‘ziga tortadi. Buning boisi, yozuvchi qalamiga mansub roman va qissalar, o‘tkir mushohadali publitsistik maqolalar, nufuzli anjumanlardagi mag‘zi to‘q ma’ruzalar hech kimni befarq qoldirmaydi, negaki, ularda nainki bugunning, ayni choqda ertaning, yaqin kelgusining, bir millat yoki mamlakatga emas, butun insoniyatga, Yer yuzida tinch-totuv hayotni saqlab qolishga bevosita taalluqli haqiqatlar, boshqalar aytishga jur’at eta olmayotgan muammolar kuyunchaklik va jur’at bilan tadqiq etiladi.
1990-yili O‘sh va O‘zganda qonli qirg‘in sodir bo‘lganida Chingiz Aytmatov shu choqqacha minbarlarni bo‘shatmay kelayotgan ayrim adiblar singari o‘zini chetga olmadi. Mojarodan jafo chekkan har ikki tomonning dardiga darddosh, qayg‘usiga qayg‘udosh bo‘lib, ular yonida turdi. Ikki turkiy qavmni to‘qnashtirish aslida kimlarga kerak bo‘lib qolganini kuyunib, ichki bir iztirob bilan tushuntirdi, televideniyeda chiqish qildi, matbuot sahifalarida maqolalar yozdi.
“Известия” gazetasining 1991-yil 189-sonida e’lon qilingan “Jahannam uzra qarg‘alar faryodi” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1991-yil 9-avgust) sarlavhali esse fikr qamroviga ko‘ra badiiy asar darajasida yozilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Men uchun bu maqolani yozish oson bo‘lmadi, bundan ko‘ra boshqa bir mavzuda yirik polotno yaratishim osonroq bo‘lardi, – degan edi Chingiz Aytmatov ushbu satrlar muallifining savoliga javob berib. – Ammo menga, balki yanada kattaroq shon-shuhrat keltirishi, bahs-munozara tug‘dirishi mumkin bo‘lgan navbatdagi kitobimdan ko‘ra, shu maqolani yozish zarurroq edi. Qo‘limga qalam olishim bilan ko‘z o‘ngimda O‘sh voqealari, yuzidan qon qochgan, ko‘zlari ola-kula, nigohida mubham alam qotib qolgan... odamlar gavdalanadi. Quloqlarimda qarg‘alarning nolali faryodi aks sado berayotganday bo‘ladi. Qalamni surib qo‘yay, boshqa mavzuga o‘tay desam, O‘shda ko‘rganlarim yozuvchilik vijdonimni do‘zax azobi yanglig‘ qiynoqqa soladi. “Yozishim kerak, bezovta yuragimni bo‘shatishim kerak, men aytishim kerak bo‘lgan gaplarni ikki tomon birdek kutib turibdi, jabrdiydalarning nigohi menga qaratilgan. Mening nima deyishim, fojia ildizini qanday ochishim, kimnidir balki ayblashim va bu xunrezlikdan qanday xulosaga kelishimga ko‘p narsa, chunonchi, O‘shdagi hayotning bundan keyingi taqdiri ham bog‘liq, hissiyotga berilish mumkin emas, mutlaqo mumkin emas, deyman-da, ozg‘in-to‘zg‘in jumlalar tuza boshlayman. Xuddi boshlovchi qalamkashdek, yozaman, o‘chiraman, yozaman, o‘chiraman. Asabim dosh bera olmagan edi o‘shanda...”
Esse shunday boshlanadi: “Olis o‘smirlik chog‘im – qirq ikkinchi yilning ko‘klamida bir kuni kallai saharlab qarg‘alar bezovta qag‘illab faryod ko‘tardi. Ular ovul atrofida shang‘illab aylanardi. Yonbag‘irdagi chuqur jarlikka tog‘ suron solib qulagan, odatda shu yaqin atrofdagi bolalar o‘ynab yuradigan joyni butunlay bosgan edi. Ertalabdan bu yerga qo‘ylarini haydab chiqqan podachi bola bilan uning qo‘ylari yer tagida ko‘milib qolib ketgan edi. Qushlar va odamlarni ana shu falokat dahshatga solgan edi... O‘sha damda nimalarni boshdan kechirganim, qanchalar larzaga tushganim hamon yodimda: ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan xotinlar sochlarini yulib, telbanamo qichqirishar, tog‘ning xuddi asov otday jahannamga qulashi yaxshilikdan darak bermaydi, xudoning qahri keldi, qiyomat qoim bo‘ldi, deb uvvos solishardi... Qarg‘alar ham ularning boshlarida tinmay charx urar, tinimsiz qag‘illab, nola qilib, yuraklarni o‘rtar edi... Necha o‘nlab yillar o‘tgach, bu dahshatli nolalar yana qayta alamli sado berdi. O‘tgan kulfatzada yilning (1990) iyun oyi boshlarida O‘shda bo‘lganimda, o‘sha noumid nola qilgan qarg‘alar tushimga kirib chiqdi. Moskvadan Toshkentga, Toshkentdan O‘shga og‘ir o‘ylar ichra uchib kelgan, kutilmaganda bir zum ko‘zimni uyqu bosganida, nazarimda, men qag‘-qag‘ qilib, olamni buzayotgan qarg‘alar bilan birga yer uzra charx urib uchayotganday, alamimdan ho‘ngrab yig‘layotganday, jon holatda qichqirayotganday edim. Pastda esa go‘yo tog‘ni o‘z qa’riga yutgan yer hamon ko‘kka to‘zon ko‘tarib, to‘zg‘inib, guvranib yotardi. Boshyalang ayollar sochlarini yular, dod-faryod ko‘tarar edi. O‘sha olis yillarda bo‘lib o‘tgani kabi, yuragim alam va og‘riqdan sanchar, tun zulmati meni bo‘g‘ardi... O‘q ovozlari, baqirgan-chaqirgan tovushlar eshitilar, hammayoqdan qo‘ng‘iroq qilishar – tevarakda, shahar atroflarida, tumanlarda, ayniqsa, O‘zganda o‘lganlar va yarador bo‘lganlar ko‘p, hammayoqda yong‘in, bosqin, odamlar jonini qutqarish uchun qochib borardilar... Tarixdan “Varfolomey kechasi” haqida o‘qiganmiz, bu – o‘zbeklar bilan qirg‘izlar o‘rtasidagi “Varfolomey kechasi”, ya’ni qirg‘in-chopqin kechasi, qismatimizning qora tuni edi...”
Bu “qora tun” haqida juda ko‘p yozildi, mishmishlar baland tog‘ cho‘qqilaridan ham oshib ketdi, rostga yolg‘on aralashdi, ahvol shu darajaga yetib bordiki, jabrdiydalardan ko‘ra bu xunrezlikni tashkil etganlarga yon bosuvchilar ham topildi. Fikri tiniq, idrok ko‘zi tiyraklar uchun ham O‘sh voqealarini tub ildizigacha tushunib yetish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Tovlamachilar, siyosiy nayrangbozlar, buyurtmachilar bundan foydalanib qoldi. Chingiz Aytmatov fikr aytishga shoshilmadi. U rosa bir yildan keyingina so‘z oldi: “Nihoyat, mana, bir yil ham o‘tdi. Qirg‘izlar-u o‘zbeklarni qo‘shib hisoblaganda bugun O‘sh xalqi mana shunchalik qonli fojialarni boshdan kechirib, og‘riq, alamlarni ichiga yutib, murosa-yu madora yo‘liga o‘tganda va, shu bilan birga, turkigo‘y Farg‘onaning qadim markazida tog‘liklar va vodiyliklar o‘rtasida azaldan mavjud bo‘lgan shu xalqlarga xos tarixiy birlikning mohiyatiga ko‘ra yagona asriy an’analarini tiklayotgan bir paytda, o‘zbeklar-u qirg‘izlar bir-birlari bilan bordi-keldi qilayotgan, bir yoqadan bosh chiqarib, o‘ch, qasos olish kabi ibtidoiy istaklarni yengib o‘tib, bu yo‘ldan voz kechib, vayrona devorlarni birgalikda tiklayotgan bir mahalda eski yaralarni tirnagisi kelmaydi odamning...
O‘tgan yilning alamli voqealari haqida rosti ham, yolg‘oni ham, yaxshisi ham, yomoni ham yetarlicha aytildi. Bema’ni ziyonkorlik selining dami qirqildi... Zimiston kunlardan, har ikki xalq azob-uqubatlaridan saboq chiqarib o‘ylaydigan, tavba-tazarru qiladigan fursat yetdi. Shunga imkon tug‘ilganining o‘zida biz uchun xaloskorlik bor, qaynab turgan qahr-g‘azab, vahshiyona qasos tuyg‘ularini yengib o‘tib, aql-idrok yo‘lini tanlashda biz uchun xaloskorlik bor... Bularni anglamaslik yoxud ularga mensimay qarash, boz ustiga, odamlarni yana kin-adovat chohiga tashlashga urinish endilikda naqadar xatarlidir. Bu – nasl-nasllarimizning qarg‘ishiga qolish bilan teng. Shu ma’noda men qalamkash do‘stlarim, o‘zbek yozuvchilari – Pirimqul Qodirov va Odil Yoqubov bilan o‘z vatandoshlarimiz taqdiridan tashvishlanib O‘shga shoshilgan o‘sha og‘ir, xafagazak kunlarda boshdan kechirganlarimiz haqida o‘rtoqlashmoqchiman. Ehtimol, bizning tajribamiz milliy zilzilalar alg‘ov-dalg‘ov qilib turgan mamlakatimizda janjalli vaziyatlarni anglashda qo‘l kelar. Ziyolilarga qarata buni yana bir bor aytayapmanki, ular ko‘p hollarda shunday vaziyatlarni zo‘raytiruvchi va junbushga keltiruvchi kuch sifatida yuzaga chiqmoqdalar; bu kuch esa vasvasa, qutquga soluvchi iblisona quvvat kasb etishi yoxud foydali tomonga – birlashtiruvchi insoniylik quvvatiga ega bo‘lishi ham mumkin. Joylardagi vatanparvar g‘oyalarning egalari ko‘pmillatli hamjamiyat quchog‘ida milliy o‘zlikni anglashni yuqori o‘ringa ko‘tarish mutlaqo tarixiy ehtiyojdan kelib chiqadi, deb e’lon qilgan qayta qurish siyosati tafakkuridagi nozik bir jihatni ilg‘ab olib, o‘z davralarida qanday bo‘lmasin, bir xalqning ikkinchi xalqdan go‘yoki azaliy ustunligi, go‘yoki baland mavqei haqida to‘xtovsiz safsata so‘qib yurar ekanlar, vaziyatdan foydalanib, nizo olovini yoqish, xudbin manfaatlarini ko‘zlashga urinardilar va bu, oxir-oqibatda, avval O‘sh, so‘ng butun viloyatda tabaqalararo to‘qnashuvlarga olib keldi, viloyat yerlariga bir-birlari bilan jiqqamusht qilib qo‘yilgan qirg‘izlar-u o‘zbeklarning qoni to‘kildi. O‘rmonga o‘t ketdi, ho‘l-quruq baravar yondi”.
Sobiq tuzum inqirozga yuz tutgach, ittifoqdosh respublikalarda milliy o‘zlikni anglash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, soxtalashtirilgan tarixni tozalash harakatlari boshlandi. Bu harakatlarni millatchilik deb baholab, bir mamlakatda, bir joyda muqim yashayotgan turli millat va elat vakillari orasiga nizo solishga urinishlar avj oldi. Bu juda xatarli edi. “Milliy nizolar shunisi bilan qo‘rqinchliki, har bir taraf odamlar boshdan kechirayotgan azob-uqubatlarni faqat milliy belgiga, o‘z yo‘qotishlari va da’volariga ko‘ra qabul qiladi va shu bois, ko‘r-ko‘rona o‘ch olish istagi o‘z-o‘zidan jo‘sh uradi, – deb yozadi Chingiz Aytmatov. – Bu istak dahshatli yuqumli kasallik – nafrat vabosini urchitadi. Nafrat vabo kabi urchiganidan so‘ng, xuddi tog‘dan tushib kelayotgan sel oqimi kabi bir zumda asrlar davomida shakllangan aql-idrokni bosib-yanchib, surib ketadi. Xalqning fojiasi shunda. Bunday holatda qasos olishga intilgan taraflar o‘rtasiga tushgan har kim, ular uchun ham, bular uchun ham dushmanga chiqadi. Yarashtiruvchining fojiasi shunda”.
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari o‘rtalarida qirg‘iz matbuotida Chingiz Aytmatovning ijtimoiy-siyosiy faoliyati xususida tanqidiy mulohazalar ham bildirila boshlandi, bu ba’zan beodoblik darajasigacha yetib bordi. Adib o‘ziga xos vazminlik bilan ularga javob qaytardi: “Ha, menga nisbatan savollar ham chiqib qoldi. “Aytmatov kommunist bo‘lgan, kommunistik tuzumga sadoqat bilan xizmat qilgan, Gorbachyovni qo‘llagan...” va hokazolar. Nima deyishim mumkin? Bizning avlod sovet zamonida tug‘ilib, shu zamonning mafkurasi ta’sirida voyaga yetdi. Shu zamonning maktablarida o‘qidik, kitoblaridan ta’lim oldik. Bizni tanqid qilayotgan, o‘sha yillari yozgan u-bu so‘zlarimizni bugun yuzimizga solayotgan ayrim sinchilar o‘ttizinchi, elliginchi yillarning dahshatli suronlari ortda qolganidan keyin tug‘ilgan. Bu – ularning baxti. Siyosat odamning qon-qoniga singib ketgan edi. Partiyaning har bir so‘zi butun el uchun, jamiyat uchun o‘zgarmas qoida bo‘lgan. Boshqacha yashash, hayot deganlari bundan ayricharoq ham bo‘lishi mumkinligini juda oz kishi o‘ylagan. Shunga qaramay, bugun o‘zini qahramon qilib ko‘rsatayotganlar oz emas. Mayli, bu ularning vijdoniga havola. Menga kelsak, sizlar publitsistika deb ataydigan ko‘plab maqolalarim Moskva gazetalarida bosilgan. Bitta men emas, el-yurtning ko‘z o‘ngida bo‘lganlarning hammasi shunday qilgan. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Bugun men o‘zimga nisbatan aytilayotgan kinoyalarga javoban: “Qalp (yolg‘on) so‘ylab qo‘ygan ekanman, kechirib qo‘yasizlar, og‘aynilar”, desam, kulgili ahvolga tushib qolishim mumkin, bu bilan biror nima o‘zgarmaydi ham. Sovet davri menga tengdosh avlod yozuvchilari hayotining bir qismi, uni istasang ham, istamasang ham umr bayoningdan o‘chirib tashlay olmaysan. Tarixda sodir bo‘lgan hech bir voqea orqaga qaytmaydi. Biz bo‘lsak, odam bolasimiz, axir. Odam bolasi bo‘lganingdan keyin yanglishasan, ba’zan his-hayajonga berilasan, to‘g‘rimi? Siyosat parhez taom emas, juda chigal narsa. Mening o‘yimcha, buni alohida urg‘ulab aytmoqchiman: yanglishib, so‘rab-surishtirib, ong-sezim bilan ham haqiqatga yetib borsa bo‘ladi. Gap odamning ko‘z qarashlari bir joyda qotib turibdimi yo atrofida, jamiyatda, dunyo kengliklarida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar ta’sirida o‘ziga ayon bo‘lmagan narsalarni, yangi bilimlarni egallashga harakat qilmoqdami – mana shunda! Tarixda bunga misollar ko‘p. Kommunistik mafkura nimaligini tushunib yetish uchun yetmish yil kerak bo‘ldi. Hammasini vaqtning o‘zi hal qildi. Mening aytarim shuki, bizning bu soxta zamondan, soxta ittifoqdan, uning g‘oyaviy tushovlaridan insoniy qadr-qimmatimizni yo‘qotmay, iymonimizdan ayrilmay, el-yurt nazaridan qolmay chiqib olganimiz cho‘ng g‘alaba, juda cho‘ng iygilik (yutuq)”.
Chingiz Aytmatovning so‘nggi yigirma yillik umri Yevropada o‘tdi. “Kasandra tamg‘asi”, “Qulayotgan tog‘lar” asarlari shu yillari yozildi, qayta-qayta nashr etildi, sahna asarlariga aylandi, shu bilan birga, jiddiy munozaralarga sabab ham bo‘ldi. “Kasandra tamg‘asi”ni men Yevropada yashayotganimda, “qayta qurish” davrini o‘tab bo‘lganimizda yozdim, – deydi adib. – Shundanmikan, bilmadim, harqalay bu romanda umuminsoniy yo‘nalish mavjud. Unda biror xalqqa bevosita daxldor bo‘lgan muhit, tarix qatlamlari yo‘q. Men insoniyat uchun mos keladigan umum bir badiiy shakl topishga intildim. Maqsadimga yetdimmi, yo‘qmi – kitobxonga havola. Lekin shunday izlanish bo‘ldi. Bu jarayon oson kechmadi. Asar mavzui, voqealar tizmasi va ularning kitobdagi talqini umuminsoniy masalalar bilan bog‘liq. Shu bois, bu asarning muxlislari kamroq bo‘lishi ham mumkin. Lekin men uchun bu asar bir bosqich sifatida zarur bo‘ldi. Bu asardan keyin ona zamin mavzuiga qaytish zarurligini tushunib yetdim”.
Tanqidchilar qit’a adabiyotida bugun g‘oyat urf bo‘lgan sarguzasht-fantastik ifoda uslubini adib ijodining yangi qirrasi deya baholadi. Bu fikrga qo‘shilish ham, qo‘shilmaslik ham mumkin. Ammo bir vaqtlar qalbimizga qo‘shiqday yoqimli singgan sof milliy qissalar muallifi Aytmatov bilan yangi asr boshlarida Yevropa bag‘riga ancha chuqur singib ketgan, o‘z yurtida mehmon ham bo‘lib qolgan Aytmatovning nainki badiiy ifoda tarzi, balki fikrlashida ham jiddiy farq borligi aniq. Bu adibning o‘ziga ham ma’lum xususiyat edi. U milliy tuyg‘ulardan uzoqlashayotganini anglab, bu sohilga yaqinlashishga imkon qadar urinar, ammo vaqt o‘z ishini bajarib bo‘lgan edi. Hayotining so‘nggi yillaridagi suhbatlaridan birida, kutilmaganda, yaqin-yaqingacha milliy respublikalarda viloyat, shahar va tuman firqa qo‘mitalarining ikkinchi kotiblari mahalliy millat vakillaridan emas, boshqa millatga mansub kishilardan tayinlangani, bu esa juda to‘g‘ri va adolatli ish bo‘lganini ta’kidlaydi. Yaqin o‘tmishimizga nazar tashlasak, ayni shu “ikkinchi”larning aksariyati mahalliy xalq tili, urf-odati, milliy va diniy qadriyatlariga bepisandlik bilan qaradi, kalondimog‘lik qildi, cheksiz-chegarasiz vakolatlaridan xudbinlarcha foydalanib, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishini butunlay barbod qildi.
O‘zbekistonda o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida ko‘plab atoqli olimlar, madaniyat va san’at arboblari tazyiq ostiga olinib, rahbarlik lavozimlaridan, ilmiy-ijodiy faoliyatdan chetlashtirildi, ularning o‘rnini o‘sha “ikkinchi”larning yaqin gumashtalari egalladi. Aytmatovning bundan bexabarligiga ishonish qiyin. “Dunyodagi ko‘pgina poytaxtlarda o‘rnatilgan haykallarga qarang: harbiy sarkardalar ot ustida savlat to‘kib turibdi... Bugungi zamonaviylikka asoslanish o‘rniga, butun e’tibor o‘tmishga qaratilmoqda”, deydi boshqa bir suhbatida.
Yana bir fikri: Bizning bu zamondagi hayotimiz ancha cheklangan edi. Bu davrda hatto e’tiqodimizda ham ma’lum cheklanish mavjud bo‘lib, hamma haqiqat faqat bizning tarafda deb hisoblar edik. Bugun menda sovet zamonida biz nimalarga erishganimiz bilan dunyoda nimalar mavjudligini o‘zaro chog‘ishtirish imkoniyati mavjud. Anglash va tushunish diapazoni, tabiiyki, kengaydi. Bu kengayishning insonga keragi bormi? Bor, albatta! Ayniqsa ijodkor odamga... Shunday bir sharoitda ham men milliy tuyg‘ulardan uzoqlashib ketayotganim yo‘q. Yevropa nechog‘li yaxshi bo‘lmasin, qalbim, ayniqsa, Moskvada bo‘lganimda, issiq bir harorat bilan qoplanadi. Shu boisdan ham, men Yevroosiyo – bizning qit’amiz deganimda, tushunish va his etishning umumiyligini ko‘zda tutaman...”
Bu fikrlarni sharhlashga hojat yo‘q. Ularning o‘zi sharhsiz ham ko‘p narsani aytib, anglatib turibdi. Aytmatov adib sifatida o‘tkir qalami, zukko nigohi, ong-tafakkuri bilan bir ijodkor erishishi mumkin bo‘lgan jamiki marhamatlarga erishdi, bu yorug‘ olamning keng va ravon, tosh va chag‘ir, oydin va zulumotli yo‘llarida, havas va hasad ko‘chalarida, martaba va ulug‘vorlik mavzelarida uning qutlug‘ izlari qoldi. Tog‘ va dashtdan boshlangan ijodi Issiqko‘lda, Ustyurtda, Anorxoyda, Juvalida, Mirzacho‘lda, Parij va Bryusselda davom etdi, ijodiy mahorat bobida fazoviy kengliklar qadar yuksaklikka ko‘tarildi, ikki turkiy qavm ustiga qonli tog‘ o‘pirilib, “qarg‘alar jahannam uzra charx urganida” iymon va vijdoni sinovdan o‘tdi, sobiq imperiya tutday to‘kilib, ota yurti siyosiy taloto‘plar iskanjasida qolganini, o‘zi mehr qo‘ygan Gorbachev janoblarining “qayta qurish”, “jadallashtirish” siyosati chok-chokidan so‘kilib ketganini afsus-nadomat bilan uzo-oqroqdan kuzatib turdi. Ammo, nima bo‘lganda ham, beadoq iftixorimiz shundaki, taqdir bizni bu ulug‘ mutafakkir bilan zamondosh bo‘lish, unga ergashish baxtiga muyassar etdi. O‘kinchimiz shundaki, “Mangu qayliq” asari “Qulayotgan tog‘lar” deb ham nomlangani ma’nosini bir oz kech, adibning o‘zi ham tog‘ kabi qulaganidan keyingina tushunib yetdik.
Ahmadjon Meliboyev,
“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 3-son.
“Chingiz – dengiz demak” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q