Umr boʻyi NKVD josuslari taʼqibida, ochlik va xor-zorlikda yashagan Axmatovaning Toshkentdagi halovatli yillari


Saqlash
15:53 / 13.06.2022 1480 0

Rus sheʼriyati kumush asri daholaridan biri Anna Axmatova (Gorenko) hayoti ayol bardoshi va matonatining inson idrok eta olmaydigan asrorlaridan biriga oʻxshaydi. Shoira chekiga oʻta ogʻir, ziddiyatli va dolgʻali zamonda yashash tushdi. Ikkita jahon urushi... inqilob koʻplab taqdirlar qatorida uning ham hayotini agʻdar-toʻntar qilib yubordi. Yaqinlari oʻlimi, qamoq, yoʻqotish, taʼqib va tazyiqlar shoira qalbiga oʻchmas jarohatlar soldi.

 

Anna Axmatova 1889-yili 11-iyunda Odessada tugʻilgan. Sarskoye Selodagi Mariinsk qizlar gimnaziyasida oʻn olti yoshigacha taʼlim oldi. 1910-yili isteʼdodli shoir Nikolay Gumilyov bilan oila rishtalarini bogʻladi. 1912-yili chop etilgan “Oqshom” ilk sheʼriy toʻplami shoiraga shuhrat tojini kiygizdi. Shu yili oʻgʻli Lev Gumilyov (atoqli turkiyshunos olim) dunyoga keldi. 1914-yili esa – “Tasbeh” toʻplami. Yangi isteʼdodga Vladimir Mayakovskiy «Anna Axmatova sheʼrlari yaxlitligi bilan eʼtiborga molikdir, ular har qanday tanqidga dosh bera oladi, har qanday tazyiqda darz ketmaydi», deya taʼrif bergandi.

 

Shoira Oktyabr inqilobini qabul qila olmaydi, ayni chogʻda Vatanni tark ham etolmaydi. 1918-yili Nikolay Gumilyov bilan ajrashishga toʻgʻri keldi. 1922-yili sanʼatshunos Nikolay Puninga turmushga chiqdi. 1921-yili Inqilob dushmani sifatida sobiq eri Nikolay Gumilyov otildi. Nikolay Puninni esa 1922-yili hibsga olishdi. Beshafqat hayot zarbalari ketma-ket davom etdi. 1938-yili oʻgʻli Lev besh yilga qamaldi. Urushga koʻngilli boʻlib jangga ketganiga qaramasdan, qaytgach yana oʻn yil qamoqqa hukm etildi. 1956-yildagina ozodlikka chiqarildi. Shoira oʻgʻlining ortidan necha yillar davomida qamoqxona eshiklarida sargʻaydi. Boshiga tushgan bu mislsiz musibat va iztiroblar keyinchalik “Marsiya” poemasida oʻz aksini topdi.

 

 

Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentga koʻchirilgan rus adabiyoti va sanʼatining atoqli arboblari – Aleksey Tolstoy, Konstantin Simonov, Korney Chukovskiy, Faina Ranevskayalar orasida Anna Axmatova ham bor edi. U qamalda qolgan Leningraddan 1941-yil noyabrida Toshkentga keldi. Dastlab Karl Marks koʻchasi (hozirgi Maxtumquli) 3-uyga joylashdi. Keyinchalik Jukovskiy (hozirgi Sodiq Azimov) koʻchasi 54-uyga koʻchdi. Abdulla Qahhor, Temur Fattoh, Vladimir Lugovskoy, Kseniya Nekrasova kabi ijodkorlar bilan baqamti yashadi. Oʻn toʻqqiz pogʻonali tik yogʻoch zina orqali ikki xonali boloxonaga koʻtarilardi. Manqalli hovliga qaragan ikkita derazadan ulkan tut va oʻrik daraxti, tunlari “kumush oy” koʻrinib turardi. Umr boʻyi NKVD josuslari taʼqibida, ochlik va xor-zorlikda yashagan shoiraga Toshkent halovat va xotirjamlik berdi.

 

Urush tufayli ota-ona, uy-joyidan ayrilgan qarovsiz bolalar har kuni eshelonlab Oʻzbekistonga keltirilardi. Oʻzbek oilalari ayollar, qariyalar va yetimlarni issiq bagʻirlariga olardi. Anna Axmatova bu haqda shunday yozadi: “Oʻsha ogʻir yillarda SSSRda yashovchi barcha millat vakillarini Oʻzbekistonda uchratish mumkin edi. Bitta zavodda yoki suratga olish maydonchasida ruslar, beloruslar, ukrainlar, moldavanlar, oʻzbeklar, polyaklar, litvaliklar, greklar, bolgarlar yonma-yon ishlashardi. Nemislar okkupatsiya qilgan hududlardan keltirilgan qanchadan-qancha yetim bolalar Oʻrta Osiyoda oʻz ota-onalarini topdi. Joʻjabirday jon oilalar turli millat farzandlariga boshpana berdi. Bir parcha noni, bir luqma oshi va bir piyola sutini ular bilan baham koʻrdi. Buni hech kim, hech qachon unutmasligini istar edim...”

 

Shoira bilan tez-tez muloqotda boʻlgan toshkentlik jurnalist Svetlana Somova oʻsha kunlarni xotirlab shunday yozadi: «Toshkent bozori qaynoq hayot ogʻushida yashardi – tuyalar lablarini chapillatar, sallali qariya anorni kesar, barmoqlaridan qip-qizil sharbat tomchilardi. Axmatovaga bir juldur bola ilashib oldi, choʻntagini piska bilan kesmoqchi boʻldi, shekilli. Bolaning qoʻlidan ushlab tanbeh berdim: «Hoy, nima qilmoqchisan? Bu leningradlik mehmon, oʻzi ochku», dedim. U koʻzdan gʻoyib boʻldi. Birpas oʻtib yana bizga toʻqnashdi. Namuncha yopishib olmasa, militsiyaga topshirsammi, deb ham oʻyladim. Bola kutilmaganda Anna Andreyevnaga kir lattaga oʻralgan qip-qizil perashkani uzatdi va “ye” dedi. Oʻzi esa olomonga aralashib ketdi. “Nahotki menga olib kelgan boʻlsa”, dedi Axmatova. “Albatta, u axir buni siz uchun oʻgʻirlagan”. «Men bozor oʻgʻrivachchasining bu bebaho sovgʻasi – perashkani hech qachon unutmayman», dedi shoira koʻzda yosh bilan».

 

Shoira Toshkentdan turib “Pravda” gazetasi tahririyatiga “Mardlik” sheʼrini telefon orqali diktovka qildi: Biz bilamiz taroziga qoʻyilmish nima, Bu kunning ham mazmuni ayon...

 

Yana Svetlana Somova xotiralaridan: «Bu voqea yoz boshida, ehtimol, 1944-yil mayida boʻlgan edi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi koridoridan boʻzrang kostyum, past poshnali tuflida Axmatova kelardi. Shoira qarshisidan Gʻafur Gʻulom chiqib, Axmatovaga murojaat qildi: «Sizning nomingiz Anna, oʻzbekchada bu Ena – Ona degani. Men bilan qishloqqa, Yangiyerga yuring, dedi. Axmatova bu iltimosni rad etdi. Lekin Gʻafur Anna Andreyevnaning tirsagidan ushladida: “Ona sifatida, siz albatta borishingiz kerak”, dedi. Axmatova minnatdorona tabassum qilgancha: «Axir men oʻzbekchani bilmasam, qanday boʻlarkin?» dedi. Gʻafur Gʻulom Saida Zunnunovani chaqirib, “Mana tarjimon, u sizga yordam beradi”, deya shoiraga dalda berdi.

 

Choʻlning garmsel shamoli yuzlarimizni ochiq pechka olovidek kuydiradi. Gʻafur har galgidek xushchaqchaq, bu holat boshqalarga ham yuqqandi. Umar Xayyomdan ruboiy oʻqiy boshladi. Saida uni ruschaga agʻdarardi. Shu payt Axmatova sekin tovushda shivirlay boshladi. Buni Saida sezib jim qoldi. Gʻafur ham orqasiga oʻgirilib tinglay boshlaydi. Shoira nimalarnidir shivirlar ekan, toʻsatdan:

 

Yesli pesh tы vino, tolko s umnыm deli yego, drug.

Il s krasavitsey tyulpanolikoy, stыdlivoyu, drug.

Mnogo luchshe ne pey i grexov svoix ne otkrыvay,

Pey odin, pey taykom etu chashu schastlivuyu, drug, –

deya mazkur ruboiyni rus tilida oʻqidi. Ruboiy Saida Zunnunovaning oʻzbekcha urgʻuli ruscha tilida va, nihoyat, rus tilida Axmatova tarjimasida aniq shakl kasb etdi. Safar davomida qishloqlarda, oʻzbeklar yashaydigan paxsa uyli xonadonlarda boʻldik...»

 

 

Shoira Toshkent muhitida samarali mehnat qildi. Gospitallar, bolalar uylari va maktablardagi uchrashuvlarga borardi. Oʻtgan 20 yilda har yili 20-30 tadan sheʼr yozgan boʻlsa, Toshkentda qisqa muddatda 200 ga yaqin sheʼr bitdi. Yigirma yillik tanaffusdan keyin shoiraning yangi toʻplami chop etildi. Shoira ilgʻor oʻzbek ziyolilari va adabiy muhitiga taʼsir koʻrsatdi. Oybekning Axmatovaga bagʻishlab yozgan ushbu satrlari fikrimizning tasdigʻidir:

 

Bir yoz kuni, kuchga kirgan saraton chogʻi

Zoʻr maydonga dov kapalak sayrga tushdi.

Qanotlarning rangi mayin – Behzod boʻyogʻi...

Hansiradi bir zumda u, tani burishdi.

Asfaltda gul bargi kabi kuydi qanotlar,

Gupurar benzin, aroq va ter, havo dud-toʻzon.

Xalq duvuri, yelni silkib uchgan poʻlatlar,

Radioning suronlari... aylanar maydon!

Kapalakning xotirida jonlandi bu zum

Daryolarning yaydoqlangan kumush toʻlqini.

Togʻlarning qor sallasidan oʻchgan tabassum,

Chamanlarda quyosh bazmi, nurlar oʻyini...

Sitilganda darddan koʻzlar qora soqqasi,

Parvoz uchun intildi u – bemajol, zabun.

Motorlarning surʼatidan mast kuyik nafas,

Nogoh yutdi, hatto undan qolmadi kukun!

 

Anna Axmatova yosh Oybekni juda yaxshi koʻrar va uni “mening loʻliginam” deb atardi. U hatto xayrlashuv sheʼrida ham Chustiy, Oybek nomini tilga olgandi.

 

Minnatdor tuygʻular oqadi toʻlib,

Rahmat va xayr sizga, azizlar.

Durrachamni silkiyman kulib,

Rahmat, Oybek, rahmat, Chustiy!

Rahmat, Toshkent! Kechir, meni kechirgil,

Sokingina goʻsham, eng koʻhna uyim.

Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,

Yosh va dilbar qora sochli onalar,

Shirin kulchalar tutgan bolalar,

Shu jajji qoʻlchalar, qoʻllarga rahmat!

Sakkiz yuz kunim – moʻjizaviy sas,

Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,

Shu lojuvard tubsiz ummon ostida

Biz birga yashadik yorqin, oʻt nafas,

Ey, otashin bogʻ…

 

Mehr-muhabbat va samimiyatga yoʻgʻrilgan satrlarda Axmatovaning oʻzbek xalqi va zaminiga ehtiromi koʻrinib turibdi. Shoira Leningradga qaytgach, “Aynan Toshkentda yonayotgan jaziramani, daraxtlarning soyasini, shildiragan suvlar tovushini va insoniy taftni his etdim”, deya yozgandi.

 

Nazdimda kimningdir qudrati ila

Toʻsatdan yorishib qoldi bu shahar.

Har bitta hovliga xayolot ila

Oppoq nur kirganday boʻldi sarbasar.

Nurlarki, nafasi soʻzlardan aʼlo,

Yarashiq bu nurlar moviy va qizgʻin.

Osmondan taralib kelib avvalo,

Ariqlar tubiga yetmoqda lekin.

Yodimda abadiy saqlanajakdir,

Charogʻon xonadon shod qiy-chuvlari.

Qorasoch kokildor yosh onalarning

Qoʻlida kichkina baranchuklari.

 

Ushbu sheʼrda xalqimiz bolasini “qoʻzichogʻim” deb erkalashi «baranchuk» soʻzi orqali ifodalangan. Urushdan keyingi yillarda ham shoiraga oson boʻlmadi. «Znamya» jurnalida eʼlon qilingan turkum sheʼrlari uchun 1946-yili kommunistik partiya markaziy qoʻmitasining qarori bilan siyosiy jihatdan qoralanib, Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligidan oʻchirildi. Sheʼrlari, kitoblari taʼqiqlandi. Magʻrur shoirani bu ham sindirolmadi. 1951-yili uyushma aʼzoligiga tiklandi. Hali-hanuz darbadar shoiraga, nihoyat, 1955-yili Komarovo shaharchasidan dala-uy berildi.

 

Kumush asr sheʼriyatining yakkayu yagona “tirik” vakili huzuriga keluvchilar keti uzilmasdi. Anna Axmatova kasallanib yotib qolgani bois hamma ham uning yoniga qoʻyilmasdi. Ammo toshkentlik qadrdonlarga eshigi hamisha ochiq edi. Dilbar Rashidovaning xotirlashicha, shoira “Agar Toshkentdan kelishgan boʻlsa, darrov oldimga kirgizinglar”, deb talab qilarkan.

 

 

1960-yillarga kelib Anna Axmatova jahoniy eʼtirof va shuhratga erishdi. Nomzodi Nobel mukofotiga qoʻyildi. Italiyaning nufuzli Etna-Taormin adabiy mukofotini oldi. Oksford universitetining faxriy doktori etib saylandi.

 

Mamlakatimizda shoira ijodiga qiziqish hamisha kuchli boʻlgan. Uning sheʼrlarini Oybek, Zulfiya, Aziz Abdurazzoq kabi katta avlod vakillari hamda zamondoshlarimiz Gulchehra Nurullayeva, Abdulla Sher, Xurshid Davron, Mirpoʻlat Mirzo, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova, Gulnoz Moʻminova oʻzbek tiliga oʻgirgan. 2000-yili Oʻzbekistondagi Rus madaniyat markazi va Rossiya ilm fan va madaniyat markazi hamkorligida Toshkentda Anna Axmatovaning «Manqalli hovli» klub-muzeyi ochildi. Oʻtgan yili “Oʻzbekiston” NMIUda “Rus adabiyoti durdonalari” turkumida chop etilgan 100 jildlik toʻplamdan shoiraning ham kitobi oʻrin oldi.

 

Abdumajid AZIMOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//