Bayram kunlari 20 tagacha qoʻy soʻyganman – qashqadaryolik qassob ayol hikoyasi


Saqlash
21:06 / 10.06.2022 1309 0

Qashqadaryolik Oʻgʻiloy Qilichova yoshligidan qassoblik bilan shugʻullanadi. Oyina.uz muxbiri nozik xilqat vakillari uchun noodatiy kasbni tanlagan ayolning hayot tarzi bilan qiziqdi.

 

“Ota qiz” deyishardi

 

Oilada olti farzandmiz, men uchinchisiman. Qassoblik bizga otameros kasb. Umrim kushxonada, qonyaloqlarning boshida oʻtgan, desam xato boʻlmaydi. Ertalab uyqudan koʻz ochishimiz bilan qoʻy soʻyishni boshlardik, yarim kechasi ishimizni tugatib, uyquga choʻzilardik. Biz tomonlarda erkaklar uchun jonliq soʻyishni bilmaslik uyat. Ayol qassoblar haqida esa eshitmaganman...

 

Hozir 34 yoshdaman. Onamning aytib berishicha, chaqaloqligimda meni bolalar aravachasiga solib, kushxona oldiga olib borib qoʻyib, roʻzgʻor ishi bilan shugʻullangan. Biz farzandlar shu manzarani tomosha qilib katta boʻlganmiz, hammamizning koʻzimiz oʻrganib ketgan.

 

Dadam qoʻy soʻyayotganida yordam berib ulgʻaydim. Es-es yodimda: 5-6 yoshimda ham pildiragancha qarashib yurardim. Pichoq olib kelish boʻladimi, qoʻllariga suv quyishmi, opalarimga hech yoʻl bermaganman. Shu sababli meni “Ota qiz” deb chaqirishardi. Qassoblikka qiziqishim oʻsha vaqtdan boshlangan.

 

Katta opamning goʻsht doʻkoni bor edi. U biz soʻyib, yetkazib bergan goʻshtni sotardi. Dadam tandir goʻshti tayyorlab, Qarshiga sotib kelar va shuning orqasidan roʻzgʻorni tebratar edi. Biz tomonlarda dadamni koʻpchilik yaxshi taniydi, qassob va tandir goʻsht ustasi. Doimiy mijozlari koʻp.

 

Birinchi marta mustaqil qassoblik qilganimda 3-sinfda oʻqirdim. Uyda bir oʻzim edi, dadam qoʻyni soʻyib, tandirga tayyorlashimni tayinlab ketgan. Bu ishni qoyillatib uddalaganman.

 

 

8-sinfda birinchi marta sigir soʻyganman

 

Qassobxonamizda bayram kunlari 50 tagacha qoʻy soʻyilardi. Maʼlum qismidan tandir goʻshti pishirsak, qolganini sotardik. Mijozlar koʻpligi uchun deyarli hamma farzandlar otamga qarashganmiz. Hatto akam qoʻyni soʻyib, tayyor holatga keltirishda menga yetolmasdi.

 

Yodimda bir kunda 50 ta qoʻy soʻyilsa, 20 ga yaqinini men soʻyardim. Odatiy kunlari 6-7 tadan toʻgʻri kelardi. Ularning ham koʻpini men soʻyib, muchalab, sotuvga tayyorlardim. Opam, oyim, ukalarim ziravorlarni hozirlab, pishirishga shay turishardi. Qassoblik qilayotganimni koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar rosa hayratlangan.

 

Yodimda, maktabda oʻqib yurgan vaqtlarim bir kuni uyda yolgʻiz qoldim. Yozning jaziramasi, orqa hovlida sigirimiz ipidan yechilib ketgan. Uch-toʻrt soat boʻkib beda yegan. Chiqib qarasak, dahshatli darajada shishib ketgan. Yo tezda soʻyish, yo harom oʻlishiga qarab turish kerak.

 

Qoʻshnilarni yordamga chaqirganmiz, sigirni yerga yiqitib soʻyishga tayyorlab berishdi-yu, lekin soʻya olmasliklarini aytishdi. Shart pichoqni qoʻlimga olganman-u, birinchi marta sigir soʻyganman. Eng qizigʻi, oʻshanda ham zarracha qoʻrquv his qilmaganman. Eslasam, oʻshanda 8-sinfda oʻqir edim...

 

 

Jonivorni ortiqcha qiynamaslik kerak

 

Barcha kasblarning oʻziga yarasha qoidalari boʻlganidek, qassoblikning ham eʼtibor berish kerak boʻlgan tomonlari bor. Jonliqning toʻgʻri kelgan yeriga pichoq tortib ketilavermaydi.

 

Bilmagan odam jonliqni soʻyishda xato qilishi va hayvonni yanayam qiynashi mumkin. Terisini archishda eʼtiborli boʻlish muhim, bilmagan odam terini bir qavatini qoʻshib shilib olishi hech gap emas.

 

Jon tomiri boʻladi, undan boshlab soʻyilmasa, jonivor tezda oʻlmaydi, juda qiynaladi. Yana bir jihat, odatda semiz, boqilgan qoʻy soʻyiladi. Ozgʻin, nimjonlarini soʻymaslik kerak, goʻshti ham qattiqroq boʻlib, tandiri shirin chiqmaydi. Avval boqib, semirtirish kerak.

 

 

“Uyalmaysanmi?” deb koʻp soʻrashadi

 

“Bu ishni qanday qilasan, odamlardan uyalmaysanmi?” deb koʻp soʻrashadi. Yashirmayman, bunday holatlar ham boʻlgan.

 

Qassobxonamiz maktabga yaqin, yoʻlning yuzida joylashgan edi. Bayram kunlari ish koʻpligi uchun dadam bilan birga qoʻy soʻyib tursak, yoʻldan oʻtib-qaytayotgan sinfdoshlarim koʻrardi va qassob qiz deb baland ovozda kulib masxaralardi. Alam qilardi, bu ish ayb emas-ku, axir deb yigʻlagim kelardi.

 

Odamlar qancha masxaralasa ham, tengdoshlarim ustimdan kulsa-da, baribir ishimni toʻxtatmaganman. Sababi, bu kasbga qiziqqanman, meni hech kim shu ishni qil, deya majburlamagan yoki yordam soʻramagan. Oʻzim mustaqil qoʻy soʻya boshlaganimni koʻrgan baʼzi odamlar dinda bu qoralangan desa, ayrimlar qiz bolaga uyat derdi. Men uchun esa asosiysi, ishimga masʼuliyatli boʻlish, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, mijozlarni aldamaslik. Odamlar ortingdan rozi boʻlib alqasin, har xil gaplarga eʼtibor bermayman.

 

Yashirmayman, ismimga mos odatlarim koʻp, jaydari, dangalman. Hozirgacha tovuq, xoʻroz, echki-uloq, qoʻy-qoʻzi, buzoq va sigir soʻyganman. Bu roʻyxat hali kengayishi mumkin.

 

 

Erim koʻngilchan inson, mol soʻya olmaydi

 

Turmush oʻrtogʻim uzoqroq qarindoshimiz edi. Biznikiga koʻp borardi, qoʻy soʻyishlarimni koʻrib, menga rosa ajablanib qarardi.

 

Oila qurganimizdan keyin ham “Qanday soʻyasan, qoʻrqmaysanmi?” deb koʻp soʻrardi. Boshida bu kasbni qilishimni istamagan, keyinchalik koʻnikib ketdi. Birgalikda oshxona ochdik, qoʻyni soʻyib, xoʻrandalarga tandir pishirib berar edik. Erim hozir ham tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Oʻzi tabiatan koʻngilchan, mehribon inson, shuning uchun boʻlsa kerak, sigir, qoʻy soʻya olmaydi.

 

Hozir qassoblik bilan doimiy shugʻullanmayapman. Kenja qizim tugʻilgach, unga qarash bilan ovora boʻlib ishimdan biroz uzoqlashdim. Lekin roʻzgʻorimizdagi mol-qoʻyni yoki qoʻni-qoʻshnilarnikini soʻyib beraman.

 

Yaqinda kichkinam maktabga chiqadi, shundan soʻng oʻzim qassobxona ochmoqchiman, nasib qilsa. Mollarni bozordan olib kelib, soʻyib, goʻshtini oʻzim sotishni niyat qilganman. Hozircha mos joy topmadim. Turmush oʻrtogʻim ham meni qoʻllab-quvvatlashiga ishonaman.

 

Maʼlumot uchun: islom diniga koʻra, ayol kishining jonliq soʻyishi taqiqlanmagan. Soʻyishga qudrati yetgan va hayvonni soʻyish bilan halol qilinishiga aqli yetgan yosh bolaning, majnunning, mastning va ayol kishining soʻygan hayvonlari halol hisoblanadi. 

 

Inobat AHATOVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 235
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 87
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15388
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi