“Fidoyi yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovi: uch bosqich, to‘rt shart va... o‘nlab iqtidorlar kashfiyoti


Saqlash
18:06 / 07.06.2022 1970 0

Oyina.uz muxbiri Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi  mas’ul xodimi Begmat Ochilovga “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovining maqsad va vazifalari, talab va shartlari yuzasidan bir nechta savollar bilan murojaat etdi.

 

“Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etishdan qanday maqsadlar ko‘zlanmoqda? Avvalo, shu haqda to‘xtalsangiz.

 

– Mamlakatimizda yoshlar siyosati hamisha ustuvor bo‘lib kelgan. Prezidentning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingach, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar yanada jadallashdi. O‘n mingdan ortiq mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, kelajak avlodning ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, jamiyat uchun kerakli insonga aylantirish yo‘lida salmoqli ishlar boshlandi.

 

Mahallalarda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etish,  yoshlar yetakchilarining ma’naviy saviyasi va bilimini oshirish orqali mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit rivojiga hissa qo‘shish, yoshlarda Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda bu boradagi yetakchilar ish tajribasini ommalashtirish hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazishga qaror qilindi.

 

– Ko‘rik-tanlov necha bosqichda o‘tkaziladi?

 

– Uch bosqichda tashkil etiladi. Har yili iyun oyida barcha tuman va shaharlar miqyosida eng ilg‘or yoshlar yetakchilari saralanadi. Ularning faoliyati to‘rt shart bo‘yicha baholanadi. Mahalliy doirada eng yaxshi deb topilgan bir nafar g‘olib keyingi (hududiy) bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida iyul oyida, bo‘lib o‘tadi. Bunda ham yoshlar yetakchilari to‘rt shart asosida sinovdan o‘tkazilib, eng munosiblari respublika bosqichiga yo‘l oladi. Har yili respublika bosqichi avgust oyining uchinchi o‘n kunligida mamlakatimizning o‘n to‘rt hududidan saralanib kelgan g‘oliblar o‘zaro bellashadi.

 

– Har bir bosqichda ishtirokchilar to‘rt shart bo‘icha sinovdan o‘tkazilishi haqida gapiryapsiz, o‘sha talablar nimalardan iborat bo‘ladi?

 

– Birinchi shart “Yoshlar siyosati bilimdoni” deb nomlanib, ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy-ma’rifiy mavzudagi savollarga javob beriladi. Har bir biletda 10 ta savol bo‘lib, jami 20 ball to‘plab imkoniyati mavjud.

 

Ikkinchi shart “Samarali faoliyat” deb atalgan. Bu shartda esa yetakchilar faoliyati davomida o‘zlari amalga oshirgan ishlar haqida taqdimot qilishadi. Taqdimotda slayd, ko‘rgazmali vositalar, video materiallardan foydalangan holda, quyidagi yo‘nalishlardagi ishlar aks ettirilishi lozim: “Yoshlar balansi”, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar portali” elektron platformalarining mahallada qanday joriy etilganligi darajasi va natijadorligi – 5 ball; madaniyat va san’atni targ‘ib qilish – 5 ball; sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish – 5 ball; axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish – 5 ball; ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish – 5 ball; yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish – 5 ball; tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash – 5 ball; mahalla yoshlarining tuman, hudud, respublika va xalqaro miqyosdagi yutuqlari – 5 ball. Ikkinchi shartda jami 40 ball yig‘ish mumkin.

 

“Innovatsion ijtimoiy loyiha” deb nomlangan uchinchi shartda mahalla yoshlari o‘rtasida amalga oshiriladigan yangi innovatsion loyiha taqdimoti o‘tkaziladi. Loyihani baholashda yoshlar hayotida qay darajada ahamiyatliligi, amalga oshirish realligi va natijadorligiga e’tibor qaratiladi. Maksimal 20 ball beriladi.

 

“Iqtidor va iste’dod” nomli to‘rtinchi shartda yoshlar yetakchisi biror sohadagi talantini erkin namoyon etib berishi talab etiladi. Bu shart uchun ham 20 ball belgilangan.

 

– “Fidoiy yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovida qatnashish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

 

– Tanlovda respublikamizning barcha mahallalarida ishlayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Buning uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman va shahar bo‘limlariga ariza bilan murojaat qilish lozim.

 

– G‘oliblarini qanday mukofotlar kutmoqda?

 

– Mahalliy bosqichda 1-o‘rinni olgan yetakchiga maxsus diplom hamda planshet; 2-, 3-o‘rin sohiblariga esa kitoblar to‘plami beriladi. Ikkinchi bosqichda 1-o‘rin g‘olibi maxsus diplom, zamonaviy noutbuk va printer;
2-, 3-o‘rin egalari esa zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlanadi. Respublika miqyosida 1-o‘rinni egallagan yoshlar yetakchisi “Kelajak bunyodkori” medaliga tavsiya etiladi. U
ishlayotgan mahalla fuqarolar yig‘inida kutubxona tashkil etilib, besh ming dona kitoblar jamlanmasi ajratiladi. 2-, 3-o‘rin g‘oliblari “O‘zbekiston belgisi”, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi”, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etiladi. Ular faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘inida kutubxona ochilib, uch ming dona kitoblar jamlanmasi beriladi.

 

“Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovida asosiy e’tibor mahalladagi yoshlar yetakchilari faoliyati uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, tashkiliy-uslubiy ko‘mak ko‘rsatishga qaratiladi. Faol va tashabbuskor yoshlar yetakchilarini qanchalik qo‘llab-quvvatlasak, ularda o‘z ishidan qoniqish va manfaatdorlik hissi ortadi. Shu ma’noda mazkur ko‘rik-tanlov yoshlar yetakchilari ish samaradorligini oshirish, ular o‘rtasida hamkorlik va ijobiy raqobat muhitini yaratish, joylardagi ilg‘or g‘oyalar, innovatsion-ijtimoiy loyihalarni respublika miqyosida ommalashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

  

Abdumajid AZIMOV

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19242
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16103
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi