Qo‘nyodan qo‘nim topgan o‘zbegim – uch asr Sibirda, bir asrdan buyon esa Turkiyada yashab kelayotgan buxoriylar qishlog‘iga sayohat


Saqlash
16:06 / 03.06.2022 1216 0

Olisdagi o‘zbek ovulida bir kun

 

Turkiyaning Qo‘nyo viloyatida Bo‘vrudelik ovuli borligini bilasizmi? U yerda o‘zbeklar yashashini-chi? Biz ham bilmas edik. Borib, ko‘rib, bilib oldik.

 

Qo‘nyo shahrida yashovchi Fozil Qorago‘z Buxorolining “Sel-sut” nomli fabrikasi bo‘lib, Bo‘vrudelik ovulidan sotib olingan sutlar qayta ishlanar ekan. Ma’rifatli boy Fozil afandi uyida “Turkistonlilar” do‘koni sohibi Rashod Chetin, tikuvchi Mahmad O‘rxon oilalari bilan tanishdik.

 

Mezbonlar turkcha, tatarchani o‘zbekchaga aralashtirib so‘zlardi.  Sabohiddin ismli yigit rubob chaldi (rubobni qo‘shqarcha der ekan, biz qashqarcha rubob deb tushundik). Shoir Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston”, “Ey go‘zal Farg‘ona” she’rlarini qo‘shiq qilib birga kuyladik.

 

Qo‘shiqlar mushoiraga ulandi. Kamina Abdulla To‘qayning “O‘zimga”, “1905 yil” she’rlari tarjimasini o‘qib bergan edim, oqsoqollar “Sen To‘qay bulbulini o‘zbekcha sayratding, sen o‘zbek To‘qayi bo‘lding”, deb duo qilishdi. 

 

 

Bo‘vrudelik

 

Qo‘nyo shahridan 100 chaqirimlar yurib, qirlar qo‘ynidagi 300 xonadonli ovulga yetdik. Egri-bugri, past-baland tosh ko‘chalar. Shoir Abdulla To‘qayning bir dostoni esga tushdi:

 

Shundoq Qozon ortida bor bir ovul Qirlay degan,

Orqasiga jir bitib tovuqlari jirlay degan...

 

Sinchli loysuvoq uylar ko‘zimizga juda issiq ko‘rindi. Oqsoqollar, ovul muxtori bilan mahallalarni aylandik. Qayerga kirsak, bo‘g‘irsoq va shirinlik bilan siylashdi. Erkak va ayollar rubob, garmon, nog‘ora va surnay chalishib, qo‘shiqlar aytishdi.

 

Qishloq atrofida ko‘plab g‘orlar bor. Ovul nomi o‘sha g‘orlar tufayli bag‘ri tilik, ichi tilingan ma’nolarini bildirishini tushundik. G‘orlarni tomosha qilib kech kirganini bilmay qolibmiz.

 

Oqshom taomlari dasturxoniga ugra, go‘ja va palov tortildi. Ovqatdan so‘ng dasturxonga duo o‘qildi. So‘z navbati tarix bilimdoni Adnon Chingiz og‘aga tegdi. Uning “Tarixchai hayot” qo‘lyozmasi tilga kirdi.  

 

 

Buxarsi – buxoroliklar degani

 

Bo‘vrudelik ovuli ahli asl yurti Buxoro ekani, millati o‘zbek bo‘lganini aytishadi.

 

Shayboniylar sulolasining so‘nggi vakillaridan Abdullaxon zamoni XVI asr oxirlariga to‘g‘ri keladi. Sibir xoni Ko‘chumxon o‘z hududida savdo-sotiqni kuchaytirish, islom dinini yoyish maqsadida Buxoro, Sayram shaharlaridan savdogar va mullalarni taklif etadi. Qorako‘llik Avaz Boqi shayx, Dinali xoja, Sharbati shayx va boshqalar oilalari bilan Sibir yerlariga ko‘chib borishadi. Hozirgi Omsk (O‘m) shahri atrofida Yangiovul, Yilonliko‘l kabi qishloqlar quriladi.

 

Sibir rus davlatiga qo‘shib olingandan keyin Sayyid Olim shayx ismli shaxs o‘zbeklarni soliqdan va askarlikka olishdan darxon qilishga erishadi. Odamlar chorva, dehqonchilik, tijorat va aravakashlik bilan kun ko‘rgan. Rus hukumati ularni “buxarsi” deb ro‘yxatga olgan ekan.

 

 

Abdi millat – millat xodimi

 

Abdurashid Ibrohimov (1857–1922) istibdodga qarshi, milliy ozodlik uchun kurashgan zotlardan biridir. U bilimli yoshlarni tarbiyalashdagi kuch-g‘ayrati uchun “abdi millat” nomi bilan mashhur bo‘lgan. 1900–1907 yillarda o‘z hisobidan “Mir’ot” (Ko‘zgu) majmuasini chiqargan.

 

Shoir Abdulla To‘qay u haqida “Rashid Tokioda qurarmish masjid”, “Rashidning nomi bo‘ldi “Abdi millat” kabi satrlar bitgan. Abdurashid Ibrohimov mashhur ma’rifatparvar Ismoilbek Gaspirali bilan birga 1905-yili rus kadetlar partiyasi fikrlariga moyil “Musulmon  ittifoqi” partiyasini tashkil qilgan.

 

Abdurashid Turkiyada sayohat qilgan yillari Sibirda yashovchi millatdoshlarini  Usmonli davlati hududiga ko‘chib o‘tishga chaqirgan. 1907-yil noyabr oyida rus hukumati 100 ta oilaga ruxsat beradi. Qon-qarindoshlarning ko‘chib ketishi, qolayotganlarning oh-u zorini ko‘rgan shoir Yo‘g‘onbosh Muhammadi “Qiyomat” dostonida shunday she’riy satrlarni bitgan ekan:

 

Ketuvchi qiyolmas do‘stu eshini,

Qoluvchi tiyolmas ko‘zin yoshini.

 

Yuz oila Omsk shahridan Odessa orqali Istanbulga yetib keladi. 1908-yil boshida musofirlar Qo‘nyo, Oqshahar va Ilgindagi uy va karvonsaroylarga joylashadi. Oradan ikki yil o‘tib, davlat Rashodiya, hozirgi Bo‘vrudelik ovulini qurdirib bergan.

 

Buxoroliklar Bolqon yarim orolidagi urush harakatlari, Birinchi jahon urushi va Turkiyani chet el bosqinchilaridan ozod qilish uchun milliy istiqlol janglarida qatnashgan. Urushlardan tirik chiqqan faxriylarga davlat nafaqa tayin etganda otaxon va onaxonlar olmay qaytarib yuborgan ekan. Chingiz og‘a “Biz uch asr Sibirda, keyingi asr Turkiyada yashadik”, deb kitobchasini yopdi.

 

 

Aloqalar tiklandi

 

Ovulda O‘zbek, O‘zbeko‘g‘li, Buxoroli kabi familiyali kishilar ko‘p. Ovul xalqi Omsk, Toshkent, Buxoro, Sayram va boshqa shaharlardagi qarindosh-urug‘lari bilan muntazam bordi-keldi qiladi. Biz Omskdan kelgan Gulnora va Serikboy oilasi, Pavlodar shahridan mehmon Irfon Shayxov bilan muloqotda bo‘ldik. Ular ota yurt O‘zbekiston va Turkiya aloqalari tobora kuchayib borayotganidan mamnunliklarini izhor etishdi.

 

Tolib NOSIR

 

Farg‘ona – Toshkent – Qo‘nyo – Farg‘ona

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16262
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi