
Bugungi sud-huquq tizimi va qozilik merosini oʻzaro solishtirish, tarixiy ildizlarni oʻrganish natijasida huquqiy tafakkur taraqqiyoti qanday yoʻl bosib oʻtganini tushunish mumkin. Ushbu maqolada ana shunday tarixiy jarayonlar, xususan, Saljuqiylar sulolasida qozilik institutining jamiyatdagi oʻrni va funksiyalariga toʻxtalib oʻtiladi.
Saljuqiylarda adliya tizimi “diniy sud” va “urf-odatga asoslangan sud” tarzida ikki turga boʻlingan edi. “Qozilar qozisi” (Qozi ul-quzot) deb atalgan bosh qozining vazifasi diniy daʼvolarni koʻrib chiqish edi. Dastlab bu unvon poytaxt qozisiga tegishli boʻlgan boʻlsa-da, keyinchalik sud tizimining boshiga kelgan shaxslar uchun ham qoʻllana boshlandi. Viloyatlarda xizmat qilayotgan barcha qozilar “Qozilar qozisi”ning noibi sifatida faoliyat yuritgan. Qozilar qozisi boʻlgan shaxslar juda bilimdon faqih va olim boʻlishgan. Ular Allohdan qoʻrqadigan va vazifasiga sadoqatli kishilar orasidan tanlab olingan. Bajarayotgan muhim vazifalari va oʻziga xos fazilatlari sababli Saljuqiy sultonlari tomonidan hurmat-ehtirom koʻrgan. Masalan, Qozilar qozisi Abu ut-Toyyib (vafoti: 1058-1059) oʻz davrining eng mashhur faqihlaridan biri boʻlgan. U ilmiy munozaralarda qatnashar, fatvo berar va boshqa faqihlarning xatolarini tuzatar edi. Qozilar qozisi “Qozi-yu jumlayi mamolik”, “Qozi dar kulli mamolik” yoki “viloyotlar qozisi” degan unvonlarga ham ega boʻlgan.
Qozilar qozisini tayin qilish va lavozimidan ozod etish vakolati sultonga tegishli boʻlgan. Nizomul-Mulkning fikriga koʻra, agar hukmdor arab tilini va diniy hukm-shariyatlarni yetarlicha bilmasa, bu ishni bajarish uchun albatta vakil (noib) tayinlashi kerak edi. Saljuqiylarda vazirlar ham tayinlash va lavozimdan olish huquqiga ega boʻlsalar-da, qabul qilgan har bir qarori uchun sultonga hisob berishlari kerak edi. Qozilar qozisi sulton tomonidan saroyda oʻtkazilgan maxsus marosim va farmon (manshur)1 orqali lavozimga tayinlanar edi. Marosimda unga maxsus libos (hilʼat)2 kiydirilgan.
Ilmiy tabaqaning eng yuqori pogʻonasida turgan Qozilar qozisining ish joyi poytaxt boʻlgan. Ular xato qilishmasa, odatda, vafotiga qadar lavozimda qolgan, ammo oʻzi xohlasa ishdan ketgan. Qozilik meros boʻlib otadan farzandga oʻtishi mumkin boʻlgan. Baʼzan lavozim aka-ukaga yoki amakidan jiyaniga oʻtgan. Shu tariqa, qozilik maʼlum oilalarning qoʻlida qolib ketgan. Saljuqiylar davrida bu kasbda eng diqqatga sazovor boʻlgan ana shunday oilalardan biri Damgʻoniylar sulolasi edi.
Qozilar unvonlari va ilmiy tabaqadagi oʻrni: Saljuqlarda qozilar unvonlari haqida Vazir Nizomul-Mulk9 maʼlumot beradi. Unga koʻra, islom olimlari, qozilar va imomlar “Majdud-din” (مجد الدين) – dinning iftixori, “Sharaf al-islom” (شرف الإسلام) – islomning sharafi, “Sayf as-sunna” (سيف السنة) – sunnat qilichi, “Faxr al-ulamo” (فخر العلماء) olimlar faxri kabi unvonlardan foydalanishlari lozim edi. Ilmiy tabaqaga kirmagan shaxslarning bu unvonlardan foydalanishi taqiqlangan, aks holda jazoga tortilar edi. Bu holat ilmiy tabaqaning davlatdagi ahamiyatini yaqqol koʻrsatadi.
Qozilarning maoshlari sulton tomonidan tayinlangan va musulmonlarga tegishli Baytulmoldan toʻlangan. Nizomul-Mulk, rishvat10 olishning oldini olish uchun qozilarga beriladigan maoshning yetarliligi muhimligini taʼkidlagan. Tajribaga koʻra, eng yuqori maosh Qozilar qozisiga berilgan. Bundan tashqari, katta ishlarni bajarganlar qimmatbaho sovgʻalar va liboslar bilan ham mukofotlangan.
Huquqiy vakolati: Qozilar sudda oʻz fikriga asoslanib hukm chiqarishgan. Oʻzlari yoki taraflarning mazhabiga muvofiq hukm chiqarish majburiyati boʻlmagan. Ular jamiyatdagi muammolarni hal qilish, adolatni taʼminlash va tarqatish bilan masʼul boʻlganlar.
Qozilar qozisining asosiy vazifalari:
- qozilarni tayinlash, lavozimidan ozod etishda tavsiya berish va nazorat qilish;
- unga boʻysunuvchi qozilar tomonidan chiqarilgan notoʻgʻri qarorlarni koʻrib chiqish;
- agar notoʻgʻri qaror oʻz qoʻlidan chiqqan boʻlsa ham, uni tuzatish.
Saljuqiylar sulolasida qozilar oʻzlaridan oldingi turkiy-islom qozilari kabi diniy daʼvolarga qarardilar. Ularning chiqaradigan hukmlari qatʼiy boʻlib, bekor qilinmas edi, ijrosida esa vazifalari va vakolatlariga koʻra, qozining yordamchilari yoki mahalliy maʼmurlar javobgar boʻlardi. Qonuniy faoliyatlarida ular Qurʼoni Karim, Hadis, Xulafoyi roshidun, sahobalar va imomlarning soʻzlari, ijmoʻ, ilgari faoliyat yuritgan qozilar va olimlar tomonidan belgilangan qoidalarga tayangan.
Qozilarning vazifalaridan yana biri – sulton va xalqqa tegishli boʻlgan vaqflarni nazorat qilish edi. Baʼzida bu vazifani “mutavalli” deb ataluvchi vaqf boshqaruvchilariga topshirgan.
Ular siyosiy masalalarda ham muhim rol oʻynagan va elchilik vazifasini bajargan. 1107-yilda sulton Muhammad Tapar4, Abu Said al-Haraviy nomli Qozilar qozisini elchi etib tayinlagan edi. U Abbosiy xalifaligi bilan Saljuqiy sultonlari orasida yaxshi munosabatlar oʻrnatgan, har ikkala davlatda ishonchli shaxs sifatida tanilgan. Elchilik lavozimiga faqih, qozilar tayinlanishi va muhim vazifalarni bajarishi kerakligini eng yaxshi namoyon qiluvchi misollardan biri ham aynan Haraviydir. Qozilarning elchilik qilishi keyingi davrda – Onadoʻlidagi Koʻnyo saljuqiylarida boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Moʻgʻullar Anatoliyani istilo qilganidan soʻng, Saljuqiylar vaziri Muhazzibuddin Ali yosh va tajribasiz Sulton Gʻiyosiddin Kayxusrav II davrida mamlakat boshqaruvining izdan chiqqanini hisobga olib, moʻgʻul lashkarboshisi Bayju Noyon bilan muzokaralar olib borgan. Bayju bilan kelishuvga erishilganidan soʻng, moʻgʻullarning buyuk xoni Botu huzuriga yuborilgan elchilar tarkibida Amasya qozisi Faxriddin ham boʻlgan va u Onadoʻli uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan tinchlik shartnomasining imzolanishida ishtirok etgan.
Qozilar qozisi davlatlararo diplomatik va siyosiy munosabatlarda ham muhim rol oʻynagan. Halifa bilan sulton oʻrtasida nizolar yuzaga kelgan hollarda, u muvozanat saqlovchi shaxs boʻlgan. Tomonlar oʻrtasidagi yozishmalarni boshqarib, yomonlashayotgan munosabatlarni tuzatishga harakat qilgan. Ular baʼzan vazirning oʻrinbosari sifatida ham tayinlangan. Masalan, Halifa Mustazhir Billoh7 1106-yilda vaziri Abul-Qosim Alini lavozimidan boʻshatib, uning oʻrniga Qozilar qozisi Abu Hasan Ali ibn Muhammad ad-Damgʻoniyini vazir oʻrinbosari etib tayin etgan.
Qozilar, xalifani lavozimidan chetlashtirish (halʼ) masalasida ham muhim rol oʻynagan. Islom dinining eng yuksak darajadagi vakili hisoblangan xalifa, islom qonunchiligini qoʻllovchi shaxslar tomonidan lavozimidan chetlashtirilgan. Hatto sulton ham, agar qozilar tomonidan aybdor deb topilsa, lavozimidan chetlashtirilishi mumkin edi. Masalan, Saljuqiylari malikasi Eronshoh Botiniylik11 mazhabiga kirgani uchun fatvo asosida lavozimidan chetlatilgan va keyinroq oʻldirilgan. Saljuqiylar sulolasida qozilar yetim bolalar va qarovsiz ayollarga vasiylik qilishgan; bu shaxslarning mol-mulklari saqlanishi va ular voyaga yetguncha boshqarilishi qozilarga yuklatilgan. Bu shaxslar voyaga yetgach, mol-mulklar guvohlar ishtirokida oʻz egalariga topshirilgan.
Qozilar yana meros va xayr-ehson ishlari bilan shugʻullangan, vasiyatnomalarni yozib, ularning ijrosini taʼminlaganlar. Bularni shariat asosida, Qurʼon va Hadisdan foydalanib, haqdor shaxslarga yetkazganlar. Yaʼni bugungi kundagi notariuslar kabi tomonlar oʻrtasidagi bitimlar va shartnomalarni tasdiqlab, huquqiy kuchga kiritishgan.
Nikoh marosimlarida ham qozining ishtiroki majburiy boʻlib, u er-xotin oʻrtasidagi tenglikka eʼtibor bergan, yangi turmush quruvchilarga nasihatlar bergan. Hatto sovchilik vazifasi bilan shugʻullangan qozilar ham boʻlgan. Masalan, Koʻnyo Saljuqiylari sultoni Izzaddin Kayqobus, Mangujuk malikasi Fahriddin Bahromshoh ibn Dovudning qizi Saljuqa xotunni soʻrash uchun, oʻsha davrning nufuzli qozilaridan boʻlgan Sharafiddinni elchi sifatida yuborgan.
Qozilar, xutba oʻqish (xatiblik) vazifasini ham bajargan. Nizomulmulkning taʼkidlashicha, ular yirik jome masjidlarda jamoatga imomlik qilgan. Qozilar qabilalar oʻrtasidagi nizolarga ham aralasha olgan, ularning yashash joylarida yuzaga kelgan daʼvolarni koʻrib chiqib, muammoni hal etgan. Qozining taʼlimda ishtirok etishi, uning faqatgina huquqiy emas, balki boshqa sohalarda ham faoliyat yuritganining isboti boʻlgan. Sultonning tarbiyasi bilan shugʻullanish va unga ustozlik qilish uchun bilim darajasiga qarab qozilar tayinlangan.
Bundan tashqari shahar mudofaasi jarayonida ham qozilar oʻzlarining harbiy salohiyatini namoyon etgan. Davlatdagi ichki tangliklar oqibatida boshqaruv mexanizmidagi zaifliklar qozilarga maʼmuriy maqomni ham bergan. “Qazo” deb atalgan maʼmuriy birliklar, qozining faqat adliya emas, balki maʼmuriy vakolatlarini ham bildirgan. Qozining xizmatida bir quli (gʻulom) boʻlishi bu holatning ahamiyatini koʻrsatadi.
Qozilar yuridik vazifalarini boshqalarning aralashuvisiz faqat Qurʼon va Sunnatga asoslanib bajarishgan. Hukmdor yoki xalifa adliya iyerarxiyasi tufayli qozilarning ishlash tartiblariga va berilgan hukmlarga aralasha olmasdi. Agar qozining oʻzi biror jinoyat yoki huquqbuzarlikda aybdor deb topilsa, bunday holatda uning ishini boshqa – mustaqil qozi tomonidan koʻrib chiqilish taʼminlangan. Shuningdek, diniy-huquqiy masalalarda hukm chiqaruvchi qozilar, asosli sabab boʻlmagan taqdirda, jazolanmasligi va oʻlim jazosiga tortilmasligi bilan himoyalangan edi.
Qozining adolatli hukm chiqarishiga shubha tugʻdiruvchi holatlar aniq belgilangan boʻlib, u avvalo, oʻzining, shuningdek, yaqin oila aʼzolari, tijorat va mulk sheriklari, qullari, ishchilari hamda vakillariga oid ishlarni koʻrib chiqish huquqidan mahrum etilgan.
Dastlabki davrlarda davlatning markaziy hududlari va muhim shaharlarida sud ishlari amalga oshirilgan. Qozilar xizmatga yuborilgan joylarda ishlarni odatda oʻz uylarida, jamoat joylarida yoki masjidlarda koʻrib chiqardi. Sud majlislarini oʻtkazish joylarini qozi oʻzi belgilagan. Ularning vakolat va masʼuliyatlari kengaygach, maxsus binolar barpo etildi. Manbalarda “Dorʼul-Adl – Adolat uyi” deb nom olgan ushbu sud binolari huquq tizimining izchil faoliyat yuritishi va adolatning qaror topishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan muhim huquqiy-institutsional markazlar sifatida qayd etiladi.
Qarorlarning adolatli chiqarilishini taʼminlash maqsadida qozilarga turli yordamchi shaxslar tayinlangan:
a) Noib (qozi vakili): Qozi yordamchisi yoki vakili boʻlgan bu shaxs, sud ishlarini oson yuritish uchun yordam bergan. Uning tayinlanishi va faoliyati toʻgʻridan-toʻgʻri qozi tomonidan nazorat qilinar, u mahalliy nizolarni hal etish, tergov va tekshiruv ishlarini olib borish, shuningdek, oddiy sud ishlarini mustaqil tarzda koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlardi. Bundan tashqari, u qozi nomidan vaqfga oid daromadlarni yigʻish huquqiga ham ega edi.
b) Shuhud ul-adl, shuhud ul-hol (sud tartibini kuzatuvchi guvohlar): Bu toifadagi shaxslar sud majlisida qatnashib, jarayonni kuzatar, sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlardi. Ular sud muhokamasi paytida yuzaga keladigan har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olishda, taraflarning erkin va xolis himoyasini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
c) Muftiylar (fatvo beruvchi olimlar): muftiy sifatida qozilarga maslahat berish uchun ulugʻ yoshli, oqil, islom huquqini chuqur biladigan va halolligi bilan ajralib turgan shaxslar tanlangan. Qozilar barcha huquqiy masalalarda mutaxassis boʻlmaganlari sababli, Qurʼon va hadisda bevosita yechim topilmagan holatlarda, muftiylardan maslahat olish orqali fatvolar asosida adolatli qaror chiqarishga intilishgan.
d) Zobit kotiblar (sud kotiblari): Sud kotiblari sud muhokamasida ishtirok etuvchi tomonlarning bayonotlarini qayd etish, ish hujjatlarini rasmiylashtirish va barcha huquqiy hujjatlarni tartib bilan arxivlash vazifasini bajargan. Ular oylik maosh oluvchi, sud jarayonining huquqiy asosda yuritilishini taʼminlovchi davlat xizmatchilari boʻlgan.
e) Mubashshir (sud chaqiruvchisi): Bu xodim sud jarayonida tartibni, daʼvogar va javobgarning sud majlisida qatnashishini taʼminlash bilan shugʻullangan. Shuningdek, unga guvohlarni tartib bilan navbatga qoʻyish va sud majlisiga chaqirish vazifasi ham yuklatilgan.
f) Muhtasib (shahar va bozor nazoratchisi): Muhtasib shahar va bozor tartibini nazorat qilish vakolatiga ega boʻlgan eng yuqori darajadagi mansabdor amaldor boʻlgan. U ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini, narxlarini va miqdorini nazorat qilgan, shuningdek, diniy qonunlarga zid harakatlarga qarshi chora koʻrgan. U masjidlarni boshqarish, azonning oʻz vaqtida oʻqilishini taʼminlash, xavf soluvchi binolarni buzdirish, yoʻl va bozorlarni tartibga solish kabi ishlar bilan ham shugʻullangan. Muhtasib sulton yoki xalifa tomonidan tayinlangan.
Harbiy qozi (qozikalon, qoziaskar): “Qozi” va “harbiy” soʻzlaridan tarkib topgan lavozim tarixiy manbalarda lashkar qozisi, qoʻshin qozisi tarzida ham tilga olinadi. Keyinchalik bu lavozim qoziaskar nomi bilan mashhur boʻldi. Bu lavozim tarixi Turk xoqonligiga borib taqaladi. Ular “chabish” Qoraxoniylar sulolasida “chovush” deyilib, vazifasi askarni zulm qilishdan saqlash boʻlgan. Saljuqiylarda sultonga qarashli asosiy harbiy qoʻshinning, (yaʼni xassa oʻrdusining) sulton lashkarining alohida qozisi boʻlgan. Masalan, Buyuk Saljuqiylar sultoni Sanjar13 tomonidan Majiduddin ismli shaxs harbiy qozi etib tayinlangan. Unga berilgan tayinlov farmonida sud ishlarini Qurʼon va sunnat asosida yuritish topshirilgan.
Harbiy sudlar ham aynan shu shaxs boshchiligida faoliyat olib borgan.
Urf-odatlar asosidagi sud: Saljuqiylar davrida urf-odatlar asosida shakllangan sud tizimi, xalqning anʼanaviy qadriyatlari va davlat hokimiyatining qarorlari asosida yaratilgan huquqiy mexanizmni tashkil etdi. Ushbu tizim diniy huquqdan farq qilib, fuqarolar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishda oʻziga xos usulni namoyon etdi. Saljuqiylar davrida huquq, faqat diniy qadriyatlar bilan cheklanmay, amaliy ehtiyojlar, ijtimoiy hayot va davlatning siyosiy qarorlaridan ham shakllangan.
Oʻzbek xalqining tarixiy merosida urf-odatlar asosidagi huquq tizimi katta oʻrin tutadi. Bu tizimda “Toʻra” degan tushuncha muhim ahamiyatga ega. Toʻra, xalqning urf-odatlari, Qurultoy va hukmdorlarning yuridik qarorlari orqali shakllangan majburiy huquqiy qoidalar toʻplamidir. Saljuqiylarning huquqiy tizimida Toʻra markaziy rol oʻynagan, hukmdorlar tomonidan chiqarilgan qonunlar va xalqning talablariga mos ravishda yangilanib turgan. Qurultoyda qabul qilingan qarorlar va hukmdorlarning qarorlari, oʻsha davrda xalqning turmush tarzini va ijtimoiy qatlamlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solgan.
Saljuqiylar davrida huquq tizimi nafaqat diniy qonunlarga, balki hukmdorning siyosiy hokimiyatiga ham asoslangan edi. 1055-yili Sultan Tugʻrul Bey Bagʻdodga kirishi bilan halifalikning dunyoviy vakolatlari toʻliq Saljuqiylar qoʻliga oʻtgan. Tugʻrul Bey halifaga diniy rahbar sifatida hurmat koʻrsatgan boʻlsa-da, siyosiy hokimiyatni toʻliq oʻz qoʻliga olgan. Bu voqea Saljuqiylar tomonidan hukmronlik qilgan davlatlarda diniy va siyosiy vakolatlar orasidagi chiziqni yanada ravshanlashtirib, davlatni boshqarishda huquqning ahamiyatini kuchaytirdi.
Saljuqiy hukmdorlar Qurultoylar orqali xalq bilan maslahatlashgan holda yangi qonunlar yaratishgan. Qurultoyda faqat xonlarni saylash yoki taxtdan tushirish haqidagi qarorlar emas, balki davlatning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur boʻlgan qonunlar ham qabul qilingan. Misol uchun, Sultan Malikshoh shu tarzda fuqarolik huquqi va iqtisodiy tizimlarni tartibga soluvchi yangi qonunlar yaratgan. Ushbu qonunlar xalqning turmush tarzini va ijtimoiy hayotini barqarorlashtirishda muhim rol oʻynagan.
Koʻrinib turganidek, Saljuqiylar davridagi huquq tizimi oʻzining ijtimoiy, siyosiy va diniy qarashlari bilan ajralib turadi. Saljuqiylar huquqni nafaqat diniy manbalar asosida, balki xalqning ehtiyojlari va amaliy hayotining talablariga mos ravishda shakllantirgan. Ularning huquqiy tizimi nafaqat Turkiston hududida, balki butun Islom dunyosida tarixiy ahamiyatini saqlab qolgan.
Sarvar QOʻLDOSHEV,
Tarix institutining kichik ilmiy xodimi
Izohlar:
1. Manshur (arabcha: “منشور”) Oʻrta asr Turkistonida hukmronlik qilgan sulolalarda, biror shaxsni lavozimga tayinlashda beriladigan hujjat.
2. Hilʼat – (arabcha: “حلعة”) Oʻrta asr Turkistonida hukmronlik qilgan sulolalard biror shaxsni lavozimga tayinlanganini angltish uchun hukmdor tomonidan beriladigan kiyim (halat).
3. Baytulmol (arabcha: “بيت المال”) soʻzi, aslida “mol saqlanadigan uy” yoki “mulk uy” degan maʼnoni anglatadi. Oʻrta asr musulmon davlatlarida, jumladan, Turkistonda, baytulmol davlatning moliyaviy resurslarini saqlash va boshqarish uchun tashkil etilgan muassasa yoki xazina edi. Bu muassasa davlatning daromadlarini toʻplash, soliqlarni yigʻish, davlat xizmatchilarining maoshlari va boshqa davlat xarajatlarini qoplash uchun javobgar boʻlgan. Baytulmol nafaqat davlatning iqtisodiy faoliyatini boshqarish, balki jamiyatning kambagʻal qatlamlariga yordam koʻrsatish, xayriya ishlari va diniy maqsadlar uchun ham mablagʻ ajratish vazifasini bajarardi. Shuningdek, u yirik moliyaviy faoliyatlar va tijorat ishlarini ham nazorat qilgan.
4. Muahmmad Tapar. 1105-1118 –yillarda hukmronlik qilgan saljuqiylar sulolasi vakili boʻlgan Oʻzbek hukmdori
5. Sulaymon Shoh. 1159–1161–yillarda hukmronlik qilgan saljuqiylar sulolasi vakili boʻlgan Oʻzbek hukmdori
6. Bayʼat marosimlari — bu islomiy-huquqiy va siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan tantanali marosim boʻlib, unda musulmonlar (asosan davlat arboblari, harbiylar yoki xalq vakillari) oʻz ixtiyori bilan yangi rahbar – xalifa, sulton, amir yoki hukmdorga sadoqat bildirib, unga boʻysunishga va unga itoat qilishga qasamyod qiladilar.
7. Halifa Mustazhir Billoh (1094–1118) – Abbosiylar xalifaligining 28-xalifasi boʻlib, Saljuqiylar imperiyasi kuchli taʼsiri ostida hukmronlik qilgan.
1. Shofeʼiy mazhabi — islom huquqidagi toʻrt asosiy sunniy mazhabdan (huquqiy maktabdan) biridir. Bu mazhab oʻzining qatʼiy huquqiy metodologiyasi va har bir huquqiy qaror Qurʼon yoki sahih hadis bilan asoslanishi lozimligi yondashuvi bilan mashhur.
2. Vazir Nizomul-Mulk (toʻliq ismi: Abu Ali Hasan ibn Ali Tusi; taxminan 1018–1092) — Buyuk Saljuqiylar davrining eng mashhur buyuk vaziri, siyosiy arbob va ilm-fan homiysi boʻlgan.
3. “Rishvat” (رشوة) soʻzi arab tilidan oʻzlashgan boʻlib, pora, nohaq tarzda berilgan mukofot, yoki noqonuniy ravishda maqsadga erishish uchun beriladigan hadya yoki pul degan maʼnoni anglatadi.
4. “Botiniylik” — arabcha soʻz boʻlib, “ichki”, “yashirin” degan maʼnoni bildiradi. Botiniylik esa, islomiy matnlarning chuqur, ramziy, sirli maʼnolarini izlash va aynan shu ichki maʼno asosida eʼtiqod qilish tamoyiliga asoslangan aqidaparastlik yoʻnalishidir.
5. Salb yurishchilari — bu nom bilan 11-13-yuzyilliklarda Yevropadan “Muqaddas yer” deb tariflangan Quddusni musulmonlardan ozod qilish niyatida uyushtirilgan bir necha diniy-harbiy yurishlarda ishtirok etgan katolik nasroniy askarlari, ritsarlari va ulamolari nazarda tutiladi. Bu yurishlar tarixda “Salb yurishlari”deb nom olgan. Ular liboslarida yoki bayroqlarida xoch belgisini olib yurishgani sababli shu nom bilan mashhur boʻlganlar.
6. Sulton Sanjar. 1118–1157 –yillarda hukmronlik qilgan saljuqiylar sulolasi vakili boʻlgan Oʻzbek hukmdori
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q