XIII asr o‘rtalarida Yaqin Sharqning qumli dashtlarida kutilmagan mehmonlar paydo bo‘ldi. Chingizxonning qonli bosqinlari oqibatida vatanlarini yo‘qotgan Xorazmiy jangchilar, turkiy qabilalardan tashkil topgan jasur otliqlar yangi taqdir izlab muqaddas Quddus shahriga yo‘l oldi. 1244-yilning yozida ular shaharni zabt etib, salibchilarni lol qoldirdi. Qisqa vaqt ichida G‘azo shahrini ham egallab, “La Forbi” jangida (1244-yil 17-18-oktyabr) salibchilar va Suriya Ayyubiylari ittifoqini tor-mor qildi. Arab muarrixlari bu g‘alabani “Salohiddin davridan ham ulug‘vor” deb atadilar.
Xo‘sh, Xorazmiylar qanday qilib Yaqin Sharqda bunday muhim rol o‘ynadi? Keling, bu haqda batafsil ko‘rib chiqamiz.
1231-yil. Jaloliddin Xorazmshoh o‘z vatanini himoya qilish uchun Chingizxonning mo‘g‘ul ordusiga qarshi so‘nggi janggini olib bordi. Ammo u mag‘lubiyatga uchrab fojiali halok bo‘ldi. Uning ulkan imperiyasi parchalanib ketdi va qo‘shinning asosini tashkil etgan turk – o‘g‘uz, qang‘li, qipchoq va xalaj qabilalaridan tashkil topgan jangchilar omon qolish uchun yo‘lga chiqdi. Tarixchilar Ibn al-Asir va Juvayniy hisob-kitoblariga ko‘ra, Jaloliddin davrida Xorazmshohlar armiyasi 100 000–200 000 askardan iborat bo‘lgan, ammo uning o‘limidan so‘ng bu ko‘rsatgich taxminan 10 000–50 000 ga kamaydi.
Xorazm qo‘shini o‘zining jasorati, tezkor otliq jangchilari va jangovar mahorati bilan tanilgan edi. Ammo rahbarsiz qolgan bu guruh o‘z taqdirini topish uchun yangi ittifoqchilar izladi. O‘sha davr arab va fors muarrixlari qayd etishicha, qo‘shinning asosi turklar (o‘g‘uz, qang‘li, qipchoq, xalaj)dan tashkil topgan edi. Jaloliddin vafot etganidan keyin uning amirlari va qabilalar boshliqlari Husam ad-Din Qirxon Malikni oʻzlarining rahbari etib sayladilar, garchi tarixchi taʼkidlashicha, u oʻziga xos jasorat bilan ajralib turmagan va “oʻz ishlarida beparvo boʻlgan” bo‘lsa-da. 1231-yilning avgustida Konya sultoni Alauddin Kayqubod I Qirxon Malik va uning sheriklari – Barakatxon, Yilanbugu, Saruxonxon, Sayfuddin Sodiqxon, Atlasxon va boshqalarni oʻz qoʻshinlari bilan unga xizmat qilishlarini taklif qildi. Qirxon Arzinjonni iqto sifatida oldi. Vaqt o‘tishi bilan Ayyubiylar bilan kechgan to‘qnashuvlarda aynan xorazmliklar qo‘shini Konya sultonligini Ayyubilardan himoya qiladi va Al-Malik Al-Komil qo‘shinlarini tor-mor etadi. Ammo keyinchalik taxtga kelgan hukmdor Xorazm amirlari bilan kelisha olmaydi. Natijada o‘rtaga sovuqchilik tushadi. Xorazmlik amirlar Onado‘lini tark etadi. Keyinchalik ular Suriya Ayyubilaridan bo‘lmish Al-Malik as-Solih xizmatiga o‘tadilar. Shundan so‘ng ular 1237–1246-yillarda Yaqin Sharq hayotida katta rol o‘ynadi.
Quddusning zabt etilishi
1244-yilning yozida Xorazmiylar Misr sultoni Al-Malik as-Solihning taklifiga binoan Quddusga yetib keldi. Bu shahar o‘sha paytda salibchilar qo‘lida edi, ammo Xorazmiylarning kutilmagan hujumi ularning jangga tayyor emasligini isbotladi. Quddus patriarxi Robert Papa Innokentiy IV ga yozgan xatida shunday deb yozadi: “Xorazmiylar to‘satdan keldi, biz buni kutmagan edik. Ular muqaddas shaharni egalladi va ritsarlarimizni yo‘q qildi”.
Qisqa muddatlik qamaldan so‘ng Xorazmiylar Quddusni egallaydi. Karak hukmdori Al-Malik an-Nosirning vositachiligi tufayli salibchilar shaharni tinchlik bilan tark etishga ruxsat oladi, ammo yo‘lda ularga hujum bo‘ladi. 6000 salibchidan faqat 300 nafari Jaffa shahriga qochib qutuladi. Xorazmiylar O‘rtayer dengizi sohiliga yo‘l olib, G‘azo shahrini ham qisqa muddat ichida egallaydi. Al-Malik as-Solih ularni G‘azoda qolishga buyuradi va kiyim-kechak, otlar, pul bilan ta’minlaydi.
“La Forbi jangi”: salibchilarning mag‘lubiyati
1244-yil 17-18-oktyabr. G‘azo yaqinidagi Xarbiya qishlog‘ida tarixiy jang bo‘lib o‘tdi. Suriya Ayyubiylari va salibchilar ittifoqiga qarshi Xorazmiylar va Misr Ayyubiylari to‘qnashdi. Salibchilarning o‘ng qanotida 1500 otliq gvardiya va 10 000 piyoda askarni Tir lordi Filipp Monfor va Yaffa grafi Volter Bryenni boshqarardi. Markazda Hama hukmdori, chap qanotda esa Karak hukmdori turgan edi.
Jang shiddatli kechdi. Xorazmiy otliqlari salibchilarning o‘ng qanotini tor-mor qildi, Hama qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. Natijada, 30 000 dan ortiq dushman askari halok bo‘ldi, 800 ritsar asirga olindi. Xorazmiylar ko‘p o‘lja, jumladan, Volter Bryenni kabi taniqli ritsarlarni qo‘lga kiritdi. Arab muarrixlari bu g‘alabani “Islom tarixidagi buyuk kun” deb atashdi, chunki bunday yirik g‘alaba hatto Salohiddin davrida ham kamdan-kam bo‘lgan.
18-noyabr kuni Qohiraga g‘alaba xabari yetib keldi va katta bayramlar uyushtirildi. Bu jang Xorazmiylarni Yaqin Sharqda asosiy kuch sifatida tanitdi va mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirdi.
Xorazmiylarning Quddus va G‘azodagi muvaffaqiyati ularning jasorati va strategik mahoratini ko‘rsatdi. Ammo ularning hikoyasi fojiali yakun topdi. Ayyubiyning Misr sultoni bilan ittifoqi uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki ichki nizolar va siyosiy kelishmovchiliklar Xorazmiylarni yangi yo‘llar izlashga majbur qildi. Ularning ko‘chmanchi tabiati va Chingizxon bosqinlaridan keyingi beqarorlik doimiy ravishda yangi ittifoqchilar izlashga undardi.
Xorazmiylar Salib yurishlari davrida qisqa, ammo yorqin iz qoldirdi. Ularning g‘alabalari nafaqat salibchilarga qarshi muvaffaqiyat, balki o‘z vatanlaridan ayrilgan jangchilarning omon qolish va yangi yo‘l boshlash uchun qilgan kurashi ramzi edi.
Xulosa o‘rnida shuni takidlash keraki, Xorazmiylar Salib yurishlari davrida nafaqat harbiy, balki madaniy va siyosiy ahamiyatga ham ega edi. Ular turkiy qabilalarning an’analarini Yaqin Sharqqa olib keldi, Ayyubiy va Saljuqiy davlatlari bilan ittifoq tuzdi hamda salibchilarning mintaqadagi hukmronligiga jiddiy zarba berdi. “La Forbi” jangidagi g‘alaba ularning strategik mahorati va jasoratining cho‘qqisi bo‘ldi.
Ammo Xorazmiylarning ta’siri uzoq davom etmadi. Ichki nizolar va tashqi bosimlar ularni asta-sekin zaiflashtirdi. Shu bilan birga, ularning Quddus va G‘azodagi muvaffaqiyatlari islom tarixida muhim iz qoldirdi.
Azizbek SHUHRAT O‘G‘LI
Adabiyot
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q