Keyingi bir yilda o‘quvchilarning kitobxonlik darajasi sezilarli oshdi – ijodiy targ‘ibotchilar oilasi vakillarining mushtarak maqsad va yakdil xulosalari


Saqlash
17:06 / 02.06.2022 1072 0

Umumta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning faoliyat yuritayotganiga bir yildan oshdi. Yetakchiligi, faolligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligi bilan alohida ajralib turadigan targ‘ibotchilarni aniqlash uchun o‘tgan vaqt yetarli bo‘ldi. Yaqinda o‘tkazilgan tanlov targ‘ibotchining ta’lim tizimidagi islohotlar va ularda belgilangan vazifalardan xabardorligi, globallashuv jarayonida milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bilimlariga xolis baho berdi. O‘quvchi-yoshlar ongiga vatanparvarlik, millatparvarlik, bag‘rikenglik, turli yot g‘oya va oqimlar qutqusidan ogohlik kabi tuyg‘ularni singdirish, ularni milliy urf-odatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish ham bugun targ‘ibotchilar oldida turgan muhim masalalardan hisoblanadi. Yuksak kasb mahoratiga ega soha mutaxassislarining ish tajribalari, ular erishayotgan yutuqlar xususida so‘z yuritar ekanmiz, bir oilaga mansub targ‘ibotchilar faoliyatiga to‘xtalib o‘tishni maqsadga muvofiq topdik.

 

 

Oila boshlig‘i taniqli jurnalist Baxtiyor Asadov Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 30-maktabda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi bo‘lib ishlab kelmoqda.

 

– Maktablarga ijodkorlar biriktirilgani juda xayrli ish bo‘ldi, – deydi Baxtiyor aka. – Umumta’lim maskanida jurnalistikaga qiziquvchi ko‘plab o‘quvchilar borligini kashf qildim. Ijodiy to‘garagimizda bolalar notiqlik, publisistika, sport jurnalistikasi, adabiyot asrorlarini o‘rganishyapti. Quvonchlisi, maktabimizdagi ikki iqtidorli o‘quvchining kitoblarini nashr qilish arafasida turibmiz. Buxoro viloyati Jurnalistlar uyushmasining rahbari sifatida har ikki haftada tumanlarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun seminar o‘tkazib kelyapmiz. Bizni oilaviy targ‘ibotchilar deb atashganida g‘ururlanib ketaman. Qizim Zuhro, kelinim Nodira va qudag‘ayim Hilolaxon ham maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi bo‘lib ishlayapti.

 

 

– Tumandagi 31-maktabga kelganimda dastlab “Mashg‘ulotlarga kirishib keta olarmikanman, bolalarning tilini topa olarmikanman”, degan hadiklar bor edi, – deydi biz bilan suhbatda Baxtiyor akaning qizi, jurnalist Zuhro Asadova. – To‘garaklar jarayonida kutganimdan ham ko‘p iste’dodli yoshlar borligiga guvoh bo‘ldim. “Yosh jurnalistlar”, “Yosh kitobxonlar”, “Zakovat” kabi to‘garaklar ochdik. Iste’dodli o‘quvchilarning ijodiy ishlarini tuman va viloyat nashrlarida muntazam e’lon qildik. Yoshlar ishlari agentligi tashkil qilgan “Zukko kitobxon” tanlovida maktabimiz yaxshi ishtirok etdi. O‘zim “Yilning eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi” respublika tanlovi tuman bosqichida faxrli o‘rinlardan birini egalladim. Bu menga katta rag‘bat bo‘ldi.

 

 

– Bir yildan ziyod vaqt mobaynida poytaxtimizning Sergeli  tumanidagi 300-IDUMda targ‘ibotchi bo‘lib ishlab kelyapman, – deydi sulolaning yana bir vakili, Baxtiyor akaning kelini, adiba Nodira Ibrohimova. – Mazkur maktab aniq fanlarga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, she’riyatga, tarjimonlikka, jurnalistikaga qiziquvchi ko‘plab o‘quvchilar bor. To‘garak a’zolarining sara ijodiy namunalari nashr etildi. “Mehribon va bahaybat dev” kitobining taqdimotini o‘tkazganimizda o‘quvchilar ham ertaklar tarjima qilishga qiziqib qolishdi. Bolalar bilan qiziqarli kitoblarni o‘qib, tahlil qilib boramiz. “Yilning eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi” respublika tanlovida tuman bo‘yicha 1-o‘ringa loyiq topildim. Kelasi o‘quv yilida o‘quvchilarning ilk kitoblarini chiqarishga harakat qilamiz va tizimli ijodiy tanlovlar o‘tkazish niyatimiz bor.

 

 

– Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim maskanlarida ma’rifiy ishlarni jonlantirish, o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida yozuvchi va shoirlarning maktablarga biriktirilishida ham katta xikmat bor, – deb atroflicha mulohaza yuritadi navbatdagi suhbatdoshimiz Hilola Ibrohimova. – Yashnobod tumanidagi 67-o‘rta maktabda targ‘ibotchi bo‘lib ishlayman. Keyingi bir yil davomida o‘quvchilarning kitobga qiziqishi sezilarli darajada kuchaygani sezildi. Yangi ijod buloqlari ko‘z ochdi. Yanada quvonarlisi, she’r va hikoya yozadigan o‘quvchilarni kashf etib, ijod olamiga jalb eta oldik. Turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirdik, qadimiy va zamonaviy obidalarga sayohatlar tashkil qildik. Maktabga ko‘proq yozuvchi, shoirlarning tashrifi o‘quvchilarning ma’naviy dunyosi yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi. Bir ijodkor sifatida shuni taklif qilaman:  “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati hamda Yozuvchilar uyushmasi jadval asosida shoir-yozuvchilarning maktablarga tashrifini tashkil etishsa... Bu keng qamrovli loyiha bo‘lib, ijodkorlar maktabdagi ijodiy uchrashuvlar orqali o‘quvchi-yoshlarning qalbiga kirib boradi. Qolaversa, targ‘ibotchi ham har safar kimni chaqiray deb o‘ylanib yurmaydi. Bunday tadbir yo‘lga qo‘yilsa, birorta ham maktab e’tibordan chetda qolmaydi.

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 213
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19179
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi