Aslida qanday yoziladi?..


Saqlash
16:08 / 30.08.2021 2077 0

 

Ariza, ma’lumotnoma, dalolatnoma, ...noma kabi hujjatlar bizni har qadamda taqib etadi. Rahbarga murojaat qilishda – bildirishnoma, xatoga yo‘l qo‘ysangiz – tushuntirish xati, oy yakunida – hisobot... Ishimiz tushganida ko‘pchiligimiz namuna qidiramiz. Davlat tilida ish yuritish taomili tashkilot va idoralarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Bu bo‘yicha qo‘llanma yaratilganiga esa o‘ttiz yil to‘lgan...

 

Hujjatlar qachondan paydo bo‘lgan?

Kishilik jamiyati shakllana boshlagan davrlardan jamiyat a’zolari munosabatlarda muntazam qayd etib boriladigan holatlarga duch kelgan va shu tariqa bugungi ish faoliyatimizda foydalaniladigan hujjatlarning ilk ko‘rinishlari yuzaga kelgan.

Bobilning miloddan avvalgi 1792–1750-yillardagi hukmdori Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui, undan qadimgiroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112–2094-yillar)ning qonunlari va shu kabi boshqa manbalardagi hujjatlar bu tartibot masalalarining tarixi uzoqqa borib taqalishidan xabar beradi. O‘tmishning turli davrlarida ijod etilgan o‘rxun-enasoy, so‘g‘d, eski uyg‘ur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan hujjatlar, yozma manbalar bugungi kunda fanga ma’lum.

Yorliq, farmon, noma, arznoma, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar Sharqda X–XIX asrlarda keng tarqalgan. Qosimjon Sodiqovning “Eski uyg‘ur yozuvi” kitobida To‘xtamishxonning 1393-yili polyak qiroli Yag‘aylaga yo‘llagan yorlig‘i, Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Sayid Adham ismli shaxsga 1469-yili bergan yorlig‘i eslab o‘tiladi. Demak, yorliqlarning mazmuni xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash tarzida bo‘lganini anglash mumkin.

Hujjatlar ham taraqqiyot bosqichini o‘tadi va boyib bordi. Hozirgi kunga kelib foydalanuvchilar ularning turi-yu mazmuni, yozilish tartibini namunasisiz adashtirib qo‘yishi hech gap emas. Ma’no va  shakl jihatidan bir-biridan farqlanuvchi hujjatlar korxona, tashkilot, muassasalar, umuman, mehnat jamoalarining faoliyatini muntazam tartibga solib turadi.

 

Kamchilikarning asosiy sababi...

“Boshqaruv sohasidagi kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ayni soha xodimlarining ko‘pchiligida nazariy va amaliy tayyorgarlikning bo‘shligidir, ular muassasa, tashkilot va korxonalarda qabul qilingan hujjatlar bilan yo‘riqlari, usullari va yo‘llari majmuini yetarli darajada bilmaydilar”, deb ta’kidlaydi hujjatshunos A.S. Golovach. Darhaqiqat, bugun har qanday idoradagi ish yuritishning asosi mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik ekanini isbotlashga hojat qolmagan.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yillik tantanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”, deya takidladi va shu kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

 

Yagona andazalarni yaratish yo‘lida

O‘zbek tilining qonun-qoidalariga rioya qilib yozilganda hujjatlarning sanasi “25-mart 1985-yil” tarzida yozilishi to‘g‘rimi? Rus tilida “25 марта 1985 года” holatida yozilishi ish yuritish hujjatlarimizga sovet tuzumidan meros qolgan. O‘zbek tili tabiatidan kelib chiqilsa va ayni iboraning o‘zbek tilidagi ma’nosiga e’tibor berilsa, “1985-yilning 25-marti” yoki “1985-yil 25-mart” ko‘rinishida yozilishi kerak.

Hujjatchilikning sof o‘zbek tilidagi yagona andazasini yaratish va bular bilan bog‘liq atamalarning bir xilligiga erishish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yaratilgan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi ushbu yo‘nalishdagi ko‘pgina masalalarga yechim bo‘ldi. Mazkur amaliy qo‘llanma ilk marta 1990 yili chop etilgan, keyinchalik bir necha bor to‘ldirilgan variantda taqdim etilgan. “O‘zbekiston” nashriyotida 3 ming nusxa chiqqan eng yangi nashrida avvalgi xato va kamchiliklar tuzatilgan, hozirgi amaliyotda ko‘p qo‘llanilayotgan hujjat namunalari kiritilgan. Xizmat yozishmalari yanada takomillashtirilgan. Lug‘at qismi yangi atamalar bilan boyitilgan.

Qo‘llanmaning dastlabki boblarida ish yuritish hujjatlarining turlari, umumiy uslubiy tomonlari, idoraviy ish yuritish tili, boshqaruv hujjatlaridagi zaruriy qismlar (rekvizitlar), ularni rasmiylashtirish, blanka talablariga to‘xtab o‘tilgan. Asosiy qismda ish yuritishda eng ko‘p qo‘llaniladigan hujjatlar tavsiflangan va amaliyotda qabul qilingan tasnif guruhlari ichida alifbo tartibida joylashtirilgan. Milliy an’analardan kelib chiqib, dunyo hujjatchiligi tajribalaridan foydalangan holda sof o‘zbek tilida yagona andazalarni yaratish, ish yuritish bilan bog‘liq atamalarning bir xilligiga erishishga harakat qilingan.

“Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi tashkilot rahbarlari, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlari, hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar, qo‘yingki, har bir xodimning ish stoli ustida bo‘lishi foydadan xoli emas.

Nargiza ODINAYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19270
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16294
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi