Bayramni nishonlamaydigan bolalar


Saqlash
03:27 / 02.06.2022 1113 0

Bugun, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida dunyo boʻylab turli tadbirlar oʻtkaziladi. Ammo hamma bola ham bayramni bu sanada nishonlamaydi. Qaysi birlari esa umuman nishonlamaydi...

 

***

“Nozim, tur, akangni doktorga olib ketyapmiz, qoʻylarni dashtga oʻzing olib chiqasan bugun”. Dadasining turtkisidan koʻra, shirin tushining buzilganidan norozilanib koʻzini ochdi.

Tepasida turgan kishi otasi ekanini bilib, apil-tapil kiyinarkan, sal narida ingrayotgan akasiga botinmayroq qaradi. Issiq kundayam koʻrpa yopinib yotgan Nodirga nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, indamadi.

Yuzini yuvib, onasi tutgan non va mayda-chuyda tugilgan tugunni beliga boylagancha, qoʻyxona tomon ketdi. Soy tomondan “qurey-qurey” degan tovushni yetaklab, tong yorishib kela boshladi.

 

***

– Orzung nima, soʻrayman undan.

– Biznesmen boʻlish.

– Zoʻr-ku, biznesmen boʻlsang, nima qilasan?

– Koʻp mashinalarim boʻladi, koʻp uylarim, shkaladlarim boʻladi. Keyin ayamni opkelaman.

– Qayerdan opkelasan ayangni?

– Rassiyadan-da, Rassiyani bilasizmi? Doim qor yogʻadi uyagʻda. Ayam sovuqni yomon koʻradi, menam yomon koʻraman. Svet oʻchaveradi, oʻchaveradi... Hech multpilm koʻrolmayman. Enam ham serialini koʻrolmaydi. Biznesmen boʻlsam-chi, ka-atta telvizorim boʻladi. Dvijok ham olaman.

– Ayang qachon ketgan?

– Men maktabga bormasimdan oldin.

– Nechanchi sinfsan?

– Ikkini tugatdim...

 

***

– Dada, ertaga 1-iyun. Shaharga, parkka olib borasiz-a? – hovlimiz orqasida kombaynlarni koʻzdan kechirayotgan dadamning qoʻliga osilaman. – Olib borasiz-a, dada? Oʻzi, uch kishimiz, opachamlar katta. Ularni tashlab ketsagam, xafa boʻlishmaydi. Ayam ham bormasin: unga uchma, bunga chiqma, deyaveradi.

Dadam indamaydi. Men injiqlanaveraman: “Boraylik, dada, parkka boraylik”. Kombaynni tuzatayotgan Shohrux aka birpasga toʻxtab, moyli qoʻllarini arta-arta oldimizga keladi. Soyada turgan choynakdan piyolaga choy quyib ichadi. Keyin menga qarab:

– Ertaga oʻzim seni uchiraman manovda. Hech kimda yoʻq bunaqa “park”. Mazza qilib uchasan, – deydi. Dadam ikkisi kulishadi. Menga alam qiladi.

– Yoʻq, uchmayman bunizda, hali tuzatganizam yoʻq-ku, – labimni buraman unga, keyin dadamga qarayman moʻltirab, – oborasiz-a?

– Oboraman, qizim, oboraman, – deydi dadam sochimni silab.

Ur-re, ertaga parkka boramiz, anamdan suyunchi olgani yugurib ketaman. Shu bilan kechgacha dikonglab, sakrab yuraman. Ayamning hamma aytganini qilib, odobli qiz boʻlib olaman. Kechasi koʻzimga uyqu kelmaydi. Chiroqni yoqib kitob oʻqiyman allamahalgacha.

Ertasiga choshgohda uygʻonaman. Uyni, hovlini aylanib dadamni izlayman. Anam dadam kombaynlarning qandaydir “zapchast”larini olgani bozorga ketganini aytadi. Ichkariga kirib, koʻzyoshimni hech kimga koʻrsatmay yigʻlayman oʻksinib.

Dadam kun ogʻishiga yaqin horgʻin qaytadi. Har doim koʻchadan kelganlarida eng birinchi yugurib peshvoz chiqadigan yelim qiz – men atay chiqmayman arazlab. Birozdan soʻng xonaga dadam kiradi. Indamay boshimdan silaydi. Piqillab yigʻlab yuboraman.

Dadam meni ovuta turib, juda koʻp narsalarni aytib beradi. “Zapchast”lar juda kerakligini, boʻlmasa kombaynimiz yurmasligini, ana unda planni bajarolmasligimizni... Oxirida “Yaxshi oʻqi, koʻproq oʻqi, oʻshanda oʻzing shaharda yashaysan, bayramlaring koʻ-oʻp boʻladi”, deydi. Dadamni qattiq quchoqlab olaman. Hali koʻp bayramlarni nishonlaymiz...

 

Ishimiz koʻp, vaqtimiz kam. Baʼzan oʻzimizdan ortmaymiz. Baʼzan koʻnglimizdan... Ammo dunyo tashvishlarini ortmoqlab yurganingizda, televizorda, koʻchada, qoʻshni uydagi bayramni nishonlayotgan tengdoshlariga havas koʻzlari bilan qarayotgan bolalaringizning koʻzlaridagi mungni koʻrish uchun biroz toʻxtasangiz edi.

 

Va yana farzandingizni shahar boʻylab aylantirayotib, “huv” olislarda, bayramdan uzoqlarda, oʻz dunyosida, allaqachon katta boʻlib qolgan bolakaylar borligini ham unutmasaydik, begʻubor koʻngillar xursandchiliksiz, ayyomsiz qolmas edi, balki...

Matn: Feruza XAYRULLAYEVA

Foto: Xolida MUSULMONOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//