Birinchi farzandim tug‘ilgan payt do‘stim bilan Qo‘qonda birinchi va yagona internet-kafe ochib, bir necha oy o‘zim administrator bo‘lib yurgizib, bir ukamizni administratorlikka qoldirib Toshkentga qaytib kelgan vaqtim edi.
Bu yerda bekor yurmaslik uchun ish qidira boshladim. O‘sha paytlarda “Частный сектор”, “Ташкентская неделя” degan e’lon gazetalari bo‘lardi. Gazetada e’lon berish biznesi o‘ziga xos qiziq biznes edi. Bu haqda ham yoshlarga biror kun aytib berarman.
Xullas, gazetadan ish e’lonlarini qaradim. “Ofisda ish” degan e’lonlardan biriga qo‘ng‘iroq qildim. “Ofisda ishlash sizga yoqadimi? Yoqsa, falon kuni falon soatda falon joyga keling. Falonchi orqali keldim, deb ayting”, dedi bir ayol.
Aytilgan kun aytilgan vaqtda aytilgan joyga bordim. Anchagina odam yig‘ilgan ekan. Navbat bilan chaqira boshlashdi. Navbatim keldi, men bilan telefonda gaplashgan opani topdim. Nima ishligini so‘rasam, “Herbalife”, dedi. Hafsalam pir bo‘ldi. Chunki o‘sha paytlarda Herbalife qonuniy ta’qibdan qochib, ko‘p martalab nomini o‘zgartirib (Xuddi hozirgi Beverlee nomini Beleever ga alishtirgani kabi) yurgan va tarmoqli marketingligi ma’lum bo‘lib ulgurgan kompaniya edi.
Kayfiyatim tushib ketganini ko‘rgan opa Herbalife haqidagi gaplarning hammasi bo‘htonligini aytib, kompaniya prezentatsiyasini ko‘rish uchun sal naridagi kattaroq zalga taklif qildi. (Zalga kirish pulli ekan. Ishga kirsa ham, kirmasa ham kelganlardan pul olib qolish uchun shu vaziyatdan-da foydalanishgan ekan shovvozlar.)
Yonimda so‘m yo‘q, valyuta almashtirishga ulgurmagandim. Opaning o‘zi men uchun pul to‘lab yubordi. Qolganlar pul to‘lab kirdi. Prezentatsiya boshlandi.
Shu prezentatsiya shaklini keyinchalik deyarli har bir bioqo‘shimcha sotadigan tarmoqli marketingchilarda kuzatdim.
Bittasi chiqadi, o‘z hikoyasini aytadi. Hikoyasiga ko‘ra, deyarli o‘lim yoqasidagi kasal Herbalife mahsulotlarini ichib tuzalgan va o‘zida kuzatilgan ijobiy natijani boshqalarga ham yetkazishni o‘z burchi qilib belgilab olgan bo‘ladi. Ekranda o‘sha notiqning avvalgi 150 kg lik, bir ahvoldagi rasmi va hozirgi holati taqqoslanadi.
Hayron bo‘lgan joyim, 10 tacha notiq chiqqan bo‘lsa, ularning barchasida aynan bir xil hikoya takrorlandi. Hammasi bir o‘limdan qolgan, hammasi 100–150 kg bo‘lgan, hammasi Herbalife ning “sehrli” mahsulotlari bilan go‘zal hayotga qaytgan. (Ichimdan bularga nahotki birorta sog‘lom odam ishga kelmagan bo‘lsa, degan gap o‘tdi).
Insonning ichini choynak bilan taqqoslashdi. Choynakka tinimsiz choy quyilib, bo‘shatilavergandan keyin choynakning ichi qorayib ketishini, uni maxsus ximikat bilan tozalamasa bo‘lmasligini aytib, “sizlarning ichingiz ham shunday bo‘lib yotibdi, Herbalife buni tozalaydi, bo‘lmasa bir necha yilda bizning avvalgi holimizga tushib qolishinglar ham hech gap emas”, deyishdi.
Undan keyin ekranda Jennifer Lopes, Maykl Jekson kabi dunyo miqyosidagi yulduzlar ishtirok etgan bazmlar namoyish etildi. “Bu bazm va bayramlar bizning falon darajadagi direktorlarimiz uchun tashkillashtirilgan. Siz ham shular davrasida bo‘lishingiz mumkin”, degan gaplar bilan yig‘ilganlarni hayajonlantirishdi.
Bularning hammasi mohirona tanlangan so‘zlar, skriptlar va psixologik tryuklar bilan amalga oshirildiki, yig‘ilganlarning ko‘pchiligi ta’sirlanmay qolmadi.
Nyu Yorkdagi bazm orzusida, hayolida millionerga aylanib ulgurgan davradagi insonlarga avval o‘zlari mahsulotlardan bir kurs foydalanishi, keyin boshqalarga sotishi uchun taxminan 300 dollarlik mahsulot taklif qilindi.
Bir tadbirda qo‘rqitish ham, yolg‘on misollar, o‘rinsiz taqqoslar ham, insonning orzu-havasi bilan o‘ynashish ham, yolg‘on va’dalar ham bo‘ldi.
Tarmoq marketingi nima, piramida usulidagi sotuv nimaligini bilmagan, biror joyda ishlamagan soddalar ko‘pchilik edi. Bir nechtasi o‘sha kungi tadbir qurboniga aylanishdi.
Tadbirdan keyin chiqib ketayotganimda haligi opa “kompaniyamizga qo‘shilasizmi?” dedi. Rad javobini berdim. Bir oz bahslashdik, meni ishontira olmadi va men ketdim.
Oradan yillar o‘tdi. Mehmonxonada ishlab yurgan davrimda bir notanish kompaniya konferens-zalni ijaraga oldi. Tadbirdan xabar olish uchun zalga borganimda o‘sha tanish “sobiq kasallar”ni ko‘rdim. Zalni ijaraga olgan kompaniya o‘sha Herbalife ning yangi ochilgan firmasi bo‘lib chiqdi. O‘sha opani yana ko‘rdim. Bizga birinchi uchrashuvda boyib ketishimiz uchun aytilgan muddat allaqachon o‘tib ketgan bo‘lsa-da, biz mabodo ishga kirgan bo‘lganimizda bizdan yuqorida turgan bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘sha “sobiq kasallar” hali ham hayotda aytarli bir narsaga erishmagan, hali ham boshqalarni aldab yurgan edi.
Keyinchalik Herbalife yopilib ketdi. Hozir yangi nom bilan ishlayaptimi, yo‘qmi, bilmayman. Bulardan boshqa-boshqa yana bir qancha tarmoqli marketinglar paydo bo‘lib, yo‘qoldi. Hozir ham bir nechtasi turli yangi nomlar va boshqa mahsulotlar bilan faoliyat ko‘rsatishmoqda. Shulardan biri Beverli.
Tarmoqli marketingda mahsulot muhim emas. Ish prinsipi har qanday mahsulotni vosita sifatida tanlab, undan tarmoqli sotish usuli yaratish va har doim piramidaning eng pastki qatlami hisobidan yuqoridagilarga manfaat keltirishdir. Mahsulot biror bioqo‘shimcha, biror texnika yoki suv filtri ham bo‘lishi mumkin. Muhimi, hamma joyda sotilmaydigan biror mahsulot bo‘lsa bo‘ldi. Keyin uning reklamasiga katta pul tikiladi va piramida qurish boshlanadi.
Pastki qatlam yo soddalik bilan qarmoqqa ilinadi yoki maqsadli ravishda o‘zidan keyingi odamlarni ko‘paytirib, o‘zi piramidaning yuqorirog‘iga chiqib olib, pastdagilar hisobidan foyda ko‘rishni avvaldan ko‘zlab ishga qo‘shiladi. Birinchi toifadagilarni sodda, go‘llar desak, ikkinchi toifadagilarni insofsiz, deb atash to‘g‘ri bo‘lsa kerak.
Tarmoqqa yangi qo‘shilgan odamning savdosidan uni tarmoqqa qo‘shgan odam va undan ham tepadagilar foyda ko‘rib turadigan bizneslarning barchasi tarmoqli marketingdir.
Ba’zilar “tarmoqli marketing bu piramida emas” deyishadi. Moliyaviy piramida va tarmoqli marketingdagi piramida usulidagi faoliyatning farqi shuki, moliyaviy piramidada mahsulot bo‘lmaydi. Mahsulot o‘rnida “qimmatli qog‘oz” yoki biror kompaniyaning aksiyasi bo‘lishi mumkin. Tarmoqli marketingda esa mahsulotdan foydalaniladi.
Tarmoqli marketing biznesiga qo‘shilib qolish xuddi qimorda yutqizishga o‘xshaydi. Qimorda yutqizgan odam yutqizgan pulini qayta qo‘lga kiritish uchun jonini berib harakat qilgani kabi tarmoqli marketingga boshida bir necha yuzlab dollar pul tikkan odamlar ham sarmoyasiga kuyib qolishni istamaydi. Shu yo‘lda, kerak bo‘lsa, eng yaqinlarini ham tarmoqqa a’zo qiladi.
“Bir zumda o‘z biznesingizga ega bo‘ling! Falon darajadagi direktorga aylanib, Dubayda maza qilib dam olib yuring!” degan balandparvoz gaplarga aldanmang. Tarmoqli marketing o‘ljasiga aylanmang va yaqinlaringizni ularning domiga tortmang.
Albatta, bu maqola shu ishlarga aralashib qolganlarga yoqmaydi. Izohlarda tabiiy ravishda e’tirozlar bildirishlari mumkin. Men sizlarni tushunaman. Pulingiz kuygan. Bu vaziyatdan chiqib ketishingiz kerak. Yoki boshqalarni o‘zingizning izingizdan tortib, ularning ustidan foyda ko‘rish sizga ma’quldir. Ammo, bu yo‘l to‘g‘ri yo‘l emas!
Turklarda “Zararning qayeridan ortga qaytsang ham – foyda” degan maqol bor. Zararni boshlab qo‘ygan bo‘lsangiz, undan keyingi zararga qarab ketavermang. To‘xtang. Agar boshlamagan bo‘lsangiz, zararni boshlamasdan avval to‘xtang! Aqlingizni ishlating. Yaqinlaringizni ogohlantiring!
Dilshod ODILOV
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Farhod
12:01 / 01.01.1970
Toʻppa toʻgʻri men bugun shunaqa kampaniyalardan biriga suhbatga bordim. Ular huddi yuqorida yozilgan gaplarni aytishdi. Yakshanba kuni trening boʻlishini unda bir yilda qanday boyib ketish usullarini oʻrgatilishini aytdi va taklifnonmani sotib olishni istaymanmi yuqmi shuni soʻrashdi. Oʻzim talaba boʻlganim uchun pulni tejab ishlataman. Men ularga qanaqa ishligini bilmay turib trenengga pul sarflashni istamasligimni ayttim. Menga ishlari haqida maʼlumot berishlarini soʻradim. Lekin ular gapni har safar boshqa tomonga burishdi. Menga bu ishni maslahat bergan tanishim ham hech nima demadi. Hatto kampaniyasini nominiyam aytishmadi. Keyin men bu narsadan shuphalandim. Va biletni olmasdan chiqib kettim endi toʻgʻri qilganimga yana bir marta amin boʻlyapman.
Akmalxon
12:01 / 01.01.1970
Турк лицейда 9 синф пайтларим город (истиклол кучаси) ичида пионерский рупарасида ,,QUES NET''офис очишганида кирган эдим. Сал колганди анча тулов киб юборишимга 🤦♂️