Yigit-qizlar bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining qaysi kasb egasi bo‘lishini istaydi?


Saqlash
02:11 / 28.05.2022 1349 0

Sotsiologlar oilaning mustahkam bo‘lishi er va xotinning kasbu koriga ham bog‘liqligini ta’kidlaydi. Xalqaro ilmiy tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, erkaklar aktrisa, raqqosa, qo‘shiqchi, ayollar esa haydovchi, sotuvchi, pedagog kabi kasb egalari bilan oila qurishni unchalik istamas ekan. 19 foiz ayollar esa turmush o‘rtog‘i qanday kasb egasi bo‘lishining ahamiyati yo‘qligini aytgan. Dunyo bo‘yicha turli millat erkaklari asosan rafiqalikka shifokor, hamshira, menejer, iqtisodchi, huquqshunos ayol-qizlarni afzal ko‘rar ekan.  

 

Amerikalik olimlar o‘rganishganida uzoq yillar baxtli va inoq yashagan oilalarning sohiblari asosan qishloq xo‘jaligi injeneri, veterinar va o‘qituvchilar ekani ma’lum bo‘lgan. 

 

Redford universiteti psixologi, doktor Maykl Amot oilaviy ajralishlarga kasblarning ta’siri borasida o‘tkazgan keng ko‘lamli so‘rovnomasi natijasiga ko‘ra, ko‘p muloqot talab qiladigan, stressga boy ishlar oilaviy munosabatlarga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. 

 

Eng xavfli guruhga raqqos va xoreograflar kirgan – 43,05 foizi oilasini saqlab qola olmagan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni barmen (38,43 foiz) va uqalovchi (massajchi)lar (38,22 foiz) egallagan. Yuqori o‘ntalikda, shuningdek, hamshira, psixolog, shoumen, telemarketolog, ofisiant, oqsoch, oshpaz ham bo‘lib, ularning har besh nafaridan biri ajrashib ketar ekan. 

 

Tibbiyot sohasi vakillaridan oftalmolog, dantist va ortopedlar orasida ajralishlar nisbatan kam. Sayyohlik firmasi agentlari, yozuvchilar, polisiyachilar va ruhoniylar orasida esa bu ko‘rsatkich 16 foizdan oshmaydi.

 

Ekspert Natan Yauning xulosasiga ko‘ra, quyidagi o‘n kasb egalari orasida ajralish ko‘p uchrar ekan: kazino boshqaruvchisi, barmen, styuardessa, operator, mardikor, telemarketolog, zavod ishchisi. Shuningdek, er-xotin topayotgan maosh ham nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Aksariyat erkaklar rafiqasi o‘zidan ko‘p oylik olishini istamaydi. Ayollar uchun esa daromaddan ko‘ra erining o‘zidan aqlli bo‘lishi muhim.

 

O‘zbekistonda mazkur tanlov qanday? Bir necha o‘n yillar ilgari uyda o‘tiradigan, o‘qimagan qizlarga talab ko‘proq edi, hozirda esa yigitlar ham, qaynonalar ham imkon qadar o‘qigan yoki hunarli qizni kelin qilishga intilmoqda.

 

Oyina.uz yurtdoshlarimiz fikrini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan “Turmush o‘rtog‘ingiz qaysi kasb egasi bo‘lishini istaysiz?” mavzusida so‘rovnomada mingdan ortiq kishi qatnashdi.  

 

Yigitlarning javoblari hisoblab ko‘rilganida quyidagi foizlar qayd etildi:

1.O‘qituvchi (29%)

2.Uy bekasi (20%)

3.Tibbiyot xodimi (18%)

 

Ko‘rib turganingizdek, erkaklar asosan muallima va hamshiralarni afzal ko‘rishmoqda. Shuningdek, hech qayerda ishlamay, uyda farzand tarbiyasi va ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘ladigan qizlarga ham har besh yigitdan biri uylanishga tayyor. 

 

Yuqori o‘ntalikdan qoriya, oshpaz, dizayner, bog‘cha tarbiyachisi, chevar, olima, shoira ham o‘rin olgan. Ayollar orasida nisbatan kam uchraydigan sportchi, dasturchi, diplomat, psixolog, arxitektor, kosmonavt kabi javoblar ham qayd etilgan. 

 

So‘rovnomada qatnashgan qizlarning javoblari o‘rganib chiqilganda ular uchun eng muhimi – kasbiy forma (tibbiy, harbiy...) ekani ma’lum bo‘ldi. Demak, natijalar:

1.Shifokor (25%)

2.Harbiy (11%)

3.IT mutaxassis (10%)

4.Tadbirkor (9%)

5.Huquqshunos (9%)

 

Bankir, olim, uchuvchi, injener, ijodkor keyingi o‘rinlarni egallagan. Olim, sartarosh, arxitektor, qori, oshpaz, sportchi, o‘qituvchi erkaklarga esa talab nisbatan kamligi ma’lum bo‘ldi. Detektiv, faylasuf, haker kabi kamyob kasb egalariga ham qiziqish bildirilgan. 

 

So‘rovnoma ishtirokchilarining ayrimlari kasbning umuman ahamiyati yo‘qligi, muhimi, yaxshi inson bo‘lishi lozimligi, kasb insonni emas, inson kasbni bezashi haqida yozishgan. 

 

O‘zbekistonda oilaviy ajrashishlar sabablari surishtirilganda asosan xarakterning to‘g‘ri kelmasligi, moddiy yetishmovchilik, uchinchi shaxsning aralashuvi, befarzandlik kabi omillar tilga olinadi. Psixologlar ikki yoshning bir-biriga fe’l-atvori mos tushishida kasblarning o‘rni muhimligini ta’kidlaydi.

 

Er-xotin bir-birining kasbi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, qiziqish bildirishi, fikr almasha olishi, majburiyatlarini qabul qilishi, hechqursa kasbini yerga urmasligi juda muhim. Inson hayotda sevimli ishi bilan shug‘ullansa va buni turmush o‘rtog‘i ham qo‘llab-quvvatlasa, oilaviy muhitga ijobiy ta’sir etmay qolmaydi. Bu esa nafaqat o‘zlarining hayotida, balki farzandlarining kelajagida muhim rol o‘ynadi.

 

Nodira IBROHIMOVA

оyina.uz

Foto: Xolida Musurmonova

Suratda: O‘zJOKU talabalari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//