(Yosh shoir Suhrob Ziyo bilan suhbat)
‒ Iste’dod darddan yetiladimi yoki iste’dodlar dardni ko‘proq his qiladimi? Siz o‘zingizda qay birini ko‘rasiz?
‒ Qanday javob bersam ham “men iste’dodliman”, deb da’vo qilgan bo‘lib qolaman. Bu xavfli. Men bitta narsani istayman: ko‘nglimni dunyoga tushuntirishni, his qildirishni. Men Xudodan shuni so‘rayman. Menga shuning uchun so‘z nasib qilgan, ehtimol. Balki, so‘rashimdan avval bergandir. Сhunki Undan so‘z so‘rashim uchun ham menga so‘z zarur. Endi gap bu ne’matdan qanday foydalanishda. Agar men yerga mehrimni berishni istaganimda mening qo‘limga ketmon, dunyo aniq hisob-kitobli bo‘lishini istaganimda hisoblagich berilgan bo‘lardi.
Ko‘nglimni sharh etishni tanladim men. Inson yolg‘izlikda o‘zini yaxshiroq anglaydi. Yolg‘izlikda sukunat bor, sukunatda mahzunlik, mahzunlikda qalb Yaratuvchisiga yuzlanadi. Yaratganni qanchalik his qilsangiz, shunchalik iste’dodlisiz. Lekin iste’dodiga bino qo‘ygan kishi undan mahrum bo‘lib qolishi mumkin.
‒ Ijodingizda Manguberdi siymosiga nisbatan o‘zgacha hurmat bor... Bugungi kunda u haqida ishlanayotgan kino va sahna namunalari bir ijodkor sifatida sizni qanchalik qoniqtiryapti?
‒ Jaloliddin Manguberdi siymosida millatning bo‘ysunmas bir ruhini ko‘raman. Ammo sulton Jaloliddinni ulug‘lash uchun Chingizxonni pastga urishga qarshiman. Tarixiy fakt shuki, Jaloliddin Manguberdi ‒ tanazzulga uchrayotgan saltanatning oxirgi hukmdori, Chingizxon esa dunyo tarixidagi eng ulkan imperiyaning asoschisi. Jaloliddin o‘ziga meros qolayotgan davlatni saqlab qolish, gardanidagi vazifani ado etish uchun imkoni boricha harakat qildi. U chindan ham o‘ta iste’dodli sarkarda, qudratli jangchi bo‘lgan. Ammo haqiqat shu: Xorazm davlati fitnalar, taxt uchun kurashlar botqog‘iga botgan holda Jaloliddinga meros qolgan. Siyosiy tanazzul shaxslarning tanazzuliga sabab bo‘lishini sulton Jaloliddin taqdirida ko‘raman. Chingizxon ham, Jaloliddin ham mard, kuchli, iqtidorli shaxslar. Ikkisining ham bizning genlarimizda izlari bor.
“Jaloliddin Manguberdining Temur Malikka aytgani” she’rida atrofida buyuk raqibga qarshi turish uchun yaraydigan do‘st izlayotgan bir er yigitning ko‘nglidan o‘tgan tuyg‘ularni ifoda etmoqchi bo‘lganman. Unda Chingizxonning shaxsi ikkinchi o‘ringa tushib qolgani rost. Bu biroz adolatsizlik. Ammo badiiyat uchun “uzr”imiz o‘tsa kerak.
Jaloliddin Chingizxon qo‘lida o‘lim topmagani ham sultonning salohiyatidan darak beradi. Shavkat Rahmon aytganidek, “Botirlar o‘lmagan hech qachon jangda, qo‘rqoqlar o‘ldirgan bahodirlarni”.
Bu she’r bir lahzada yozilgan, keyin undan bir ikki so‘zni olib tashladim, xolos. Hammasi men aytmoqchi bo‘lganimdek yozilgan.
Jaloliddin haqidagi serialga kelsak, boshida biroz diqqat qilib ko‘rdim. Lekin tarixni ozgina o‘qigan odam sifatida aytamanki, filmda milliy tariximizga ko‘p nohaqlik qilingan. Xorazm davlatining qudrati, Chingizxonning shon-shavkati g‘ariblikka g‘arq qilingan. Turklar ishlayotgan “Qurulish: Usmon” serialida Usmonbeyning — bir qabila boshlig‘ining qudrati Xorazmshohnikidan 10 chandon balanddek ko‘rinadi. Chingizxon siymosi ham xuddi shunday. Qahramonlar tili juda bachkana. Kitob varaqlagan odam XIII asrda bunday gaplashilmaganini biladi. XVIII asr tili qanday qilib besh asr nariga borib qoldi?! Buni to‘g‘rilashning imkoni bor, dublyajda keyingi qismlarda tuzatib olish mumkin. Kino bugungi tomoshabin uchun olingan ekan, zamonaviy tilda gapirsa hozirgidan ko‘ra kamroq kulishardi, balki. Ammo tan olish kerak, serialni yaratish uchun katta mehnat sarflangan. Shuncha ishni qilishibdi-yu, filmning qalbi bo‘lgan narsa — ssenariyga umuman e’tibor berishmabdi-da, deb afsuslandim. Serialda tomoshabin diqqatini ushlab turishi uchun voqealar rivojida shiddat, kolliziyalar bo‘lishi kerak. Xorazmshohlar davlatining so‘nggi yillari siyosiy murakkabliklar va intrigalarga, manfaatlar to‘qnashuviga boy bo‘lgani tarixdan ma’lum.
‒ Ijod ahli uchun davlatdan nima xohlardingiz? Eng zarur deb bilganingizni ayting.
‒ Ijod ahliga propaganda vositasi deb emas, millatning ma’naviy hukmdorlari deb qaralishini xohlardim. Aslida bu sovet davridan beri kelayotgan qarash. Adabiyotni siyosatga bog‘lashga urinishlar adabiyotni ham, siyosatni ham kulgiga qo‘yadi, deb qo‘rqaman.
‒ “Yosh kitobxon”, “Duel”, Zomin seminari, boshqa festival va tanlovlar talaygina. Sizning ham adabiyot rivoji uchun ko‘nglingizda tayyorlab yurgan biron targ‘ibot loyihangiz bormi?
‒ Qachonlardir amalga oshirishni dilga tugib qo‘ygan g‘oyalarim bor. Ammo hozir qo‘limdan kelmasligini bilaman. Fantaziya zo‘r narsa. Siz tasavvur orqali dunyoni o‘zgartirib yuborishni o‘ylaysiz, lekin kundalik tashvishlar sizni o‘z yo‘rig‘iga solib oladi. Jur’at qilib g‘oyalaringizdan birini amalga oshirish uchun umringizni tikishingiz kerak bo‘ladi qachondir.
Bir narsani o‘ylayman, uni kimdir amalga oshirishini istayman. Qishloqlarda, chekka hududlarda o‘qiyotgan iste’dodli, ichki dunyosi butun yoshlarni chet ellarning nufuzli o‘quv yurtlariga yuborish uchun tayyorlansa-da, hamma xarajatlar homiylar tomonidan qoplansa. Bu bolalarning har biriga bir soha bilan birga millat tuyg‘usi, muqaddas qadriyatlarimiz asoslari singdirilsa, avvalo. Bir bolaga kamida ikki yil vaqt va oyiga taxminan ming dollar sarflansa, ishoning, ular besh yildan keyin bu xarajatning yuz baravarini ishlab topishni boshlaydi. Ularga kiritilgan sarmoya va uni o‘qishga tayyorlash uchun ketgan resurs uchun bir yil ishlab qarzini uzib, keyin istalgan joyda o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa. Kimga yoqmaydi 1 so‘mi besh yilda 1000 so‘m bo‘lib qaytsa. Bu yangi biznes, ta’lim biznesi. Ammo davlatdan emas, millat vakillarining o‘zidan, xususiy fondlardan chiqishi kerak bu taklif. Millatparvar investorlar kerak bizga buning uchun. Xullas, shunaqa xomxayollarim bor.
Millat uyg‘onishi uchun faqat adabiyot emas, ilm-fan ham yuksalishi kerak. Qachondir kimdir shu xayrli ishga qo‘l urishiga umid qilaman. Xuddi jadidlar davridagidek. Aniq loyihalarga kelsak, bugungi yoshlar ijodi haqida qarashlarimdan iborat publitsistik to’plam ustida ishlayapman.
‒ Til uchida turadigan, ya’ni ko‘pincha takrorlab yuradigan she’ringiz (bayt, misra). Muallifi?
‒ Kayfiyatimga qarab bir necha misralar miyamda aylanib yuradi. Masalan:
“Yor g‘oyib, dard muhlik, xalq g‘ofil, naylayin…” (Alisher Navoiy),
“Bir qarasam, atrofimda hech kim yo‘qday…” (Abdulla Orif),
“Odamning soyasi quyoshga tushdi…” (Omon Matjon),
“Umring uzoq bo‘lsin, ey daryojonim…” (Shavkat Rahmon),
“Yashab bo‘lmaydiku axir engashib…” (Usmon Azim),
“Xudo rahmat qilgan bo‘lsin bizlarni…” (Matnazar Abdulhakim),
“Agar Alloh uchun sevsang, muhabbat ham ibodatdir…” (Mirzo Kenjabek)…
Shunga o‘xshagan misralar daf’atan xayolimga kelib qoladi va hayron qoladiganim o‘sha paytdagi holatimga mos tushadi ular.
‒ Adabiy davrada kimgadir hasad qilishingizni sezgan vaqtingiz bo‘lganmi? Eng havas qiladigan ijodkoringiz (yoshlardan)?
‒ Ijod bobida kimgadir hasad qilmadim hozircha, deb maqtansam, aybga buyurmaysiz. Yaxshi she’rni o‘qib qolsam, zavqlanaman. Uni, deylik, yoqtirmagan odamim yozsa ham. Lekin bir ijodkorning biror harakati yoqmasa, o‘zimni uzoqroq tutaman, buni atay qilmayman, o‘z-o‘zidan shunday bo‘ladi. Ammo ijodga nisbatan g‘alamislik qilish adabiyotning fojiasi bo‘ladi. “Ma’rifat” gazetasida ishlab yurgan paytlarimda ustoz Mahmud Sa’diydagi bir xislat menga saboq bo‘lgan: ular o‘zi umuman yoqtirmagan, shaxsiyati ham havas qilgulik bo‘lmagan, hatto o‘ziga yomonlik qilgan insonlarning ham yozganlari yaxshi bo‘lsa, uni chop ettirardilar. Adabiyotga, haqiqatga sadoqat shunday bo‘ladi, deb hisoblayman.
Hayotda kimgadir hasad, kimgadir havas qilamiz. Inson tabiatida bu ikkisi ham bor. Bandayi ojiz benuqson bo‘la olmaydi, lekin benuqson bo‘lishga harakat qilishi mumkin. Hayotda bunday holat menda ham bo‘lgan, yashirib nima qildim.
Yoshlardan, o‘zimning do‘stlarimdan, havas qiladigan tomonlar topa olaman. Deylik, Mansur Jumayevning adabiy bilimiga havas qilaman. Diniy, mumtoz bilimlarim kemtikligini sezib turaman va ular but bo‘lganida ayrim she’rlarni yozmasligim mumkinligini, ayrim xatolarni qilmasligim mumkinligini o‘ylayman, Yana Alloh bilguvchi.
‒ Siz uchun: nazm, nasr, dramaturgiya. Saviya jihatidan qay biri oldinda?
‒ O‘zbek adabiyotida doim nazm birinchilikda kelgan. Maqsud Shayxzoda “Toshkentnoma” dostonida “Nasr o‘gir qadam, nazm chopag‘on” deydi. Ammo bugun odamlar erinchoq bo‘lib qolgan, ijodkor o‘z fikrini o‘qitibgina qolmasdan, eshittirib, ko‘rsatib berishga ham harakat qilish kerak, nazarimda. Bugunning talabi shunday, nachora. Nasr katta kuch talab qiladi mendan. Fikrni ifoda etish yo‘sinim she’rga xoslangan. O‘zimning imkoniyatlarimni sinovdan o‘tkazish uchun nasrga qo‘l urishni o‘ylab yuraman. Bu yo‘lda ham aytadiganlarim bor ko‘ngilda. Ustoz Usmon Azim bir suhbatda “she’r yoza olgan odam hamma narsa yoza oladi”, degan edilar. Buni sinab ko‘rish kerak.
‒ Tengdosh ijodkorlar muhiti sizni qoniqtiradimi? Ularga nima(lar) yetishmaydi?
‒ Ijtimoiy (hatto siyosiy) masalalarda ijodkorlar o‘z ovoziga ega bo‘lishi kerak. Xalqqa ta’siri bo‘lishi kerak. Tengdoshlarimizga shu jihat yetishmaydi, desam, katta ijodkorlarda ham bu holat ko‘rinmaydi. O‘z hurmatini, vazifasini, dunyo va millat oldidagi burchini anglashlarini istardim tengdoshlarimning. O‘zim ham anglashni istayman.
Iste’dodlar, odatda, bir qozonda qaynashi noyob hodisa. Ijodkorlar bir davra bo‘lmayapti deb nolish shart emas, menimcha. Yuksak g‘oyalar atrofida yuksak insonlar albatta, birlashadi.
Yosh ijodkorlarda men ko‘radigan kamchiliklarga kelsak, ba’zilarda dahriylik bor. Buning oqibati yaxshilik emas. Bu haqda men emas, ustozlar, adabiyotshunoslar gapirishi kerak. Keyin har kim o‘z darajasini bilishi kerak. Birovlar “odamlar mening iste’dodimga baho bera olmaydi, bu millat haqiqiy adabiyotning qadrini bilmaydi…” deb yuradi. Bekor aytibsiz. Bu millat hamma narsani biladi. Millatga malomat qilishdan avval unga kerak bo‘lgan so‘zni aytib qo‘yish kerak. Keyin millatga kerak so‘zni hamma birdan qabul qilolmasligi mumkin. Iste’dodli odam odamlar maqtasa-maqtamasa durdonalar yarataveradi. Millat bu faqat shu kecha kunduzda siz bilan birga yashayotgan odamlar emas. Bu tuproqda ming yillardan beri yashab kelayotgan genetik kodlar, bu tuproq uchun fido bo‘lgan shahidlar, endi tug‘ilajak avlodlar ham millat biz uchun. Iste’dodli insonning basirat ko‘zini ochib qo‘yadi Alloh. U haqiqatlarni his qilishni biladi va millatni malomat qilmaydi. Ammo bugun ayni kunda biz bilan bir havodan nafas olayotganlar asli qanday millat ekanini unutgan zamonda yashayapmiz. Ularni uyg‘otish uchun yuzlariga shapaloq tortish kerak bo‘lsa, shunday qilish kerak. Milliy g‘ururimiz unutilib borayotganga o‘xshaydi. Ana shu g‘ururni uyg‘otish adabiyotning yosh ahli zimmasida.
‒ Qaysidir davrlarda o‘zingizni tasavvur qilib turasizmi, ma’lum kasb egasi sifatida?
‒ Qo‘limdan yozishdan (jurnalistik va badiiy ijod jihatdan) boshqa ish kelmaydi. Ammo qunt qilsam, yaxshi rassom bo‘lishim ham mumkin edi. Ijodga bog‘lanib qolmasam biror hunarmandlik sohasini egallardim balki. “Ixlos qilsam bir kasb topardim, Shoir bo‘ldim dangasalikdan”, deydi-ku Erkin Vohidov.
Tarixni yaxshi ko‘raman, hatto qaysidir davrlarga tushib qolganimni tushlarimda ham ko‘rganman. Bahovuddin Naqshband hazratlarining dargohiga qadamim tegsaydi deyman, Xorazm Ma’mun akademiyasida bo‘lgim keladi, Hirotda hazrat Navoiyning suhbatlarida va xizmatlarida bo‘lsam qani, Shahrisabzda Oqsaroyning asl holatida Amir Temur Sohibqiron qaysidir davlat elchisini qabul qilayotganini chetdan tomosha qilish ham yomonmas. Amir Umarxonning saroyida mushoirada paydo bo‘lib qolsam ham zo‘r bo‘lardi. Buxoroda Amir Shohmurodning suhbatini olsam, keyin Abdumalik to‘ra (amir Muzaffarning o‘gli) bilan gaplashgim keladi.
‒ O‘zingizni erkin his qilasizmi? Qachon?
‒ Yolg‘iz qolganda. She’r yozganda.
‒ Jurnalist sifatida bugun qaysi yosh ijodkorlarning ijodi targ‘ib qilinishini, oynayi jahonda yoritilib borilishini xohlardingiz?
‒ Biror ijodkorga, ayniqsa, yosh ijodkor bo‘lsa, haddan ortiq e’tibor ham xavfli. Buni ko‘tarolmaydiganlar ham bor. Men xohlardimki, televideniyeda turli mavzularda adabiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda yosh adiblar davra suhbatlari o‘tkazsa, biror masala yuzasidan ziyoli o‘laroq fikr bildirsa, munozara qilsa yaxshi bo‘lardi. Xalq yosh oydinlarni tanib ularning fikrlarini tinglab o‘zlari baho berib olardilar. Ijodi bilan birga shaxsi ham xalq nazariga tushardi.
‒ “Shoir ‒ bir kishilik millat” ‒ bu iqror sizniki. Hozir yakka o‘zingiz bir millat ekaningizga ishonasizmi?
‒ Bir kishilik millatga aylanish uchun shoir o‘z millatining bor baxt-u hasratlarini ichiga singdirishi, millati nomidan so‘z aytishga loyiq bo‘lishi kerak. Men hali buni uddalamadim.
‒ “Bir g‘aram dunyo bor, Va bir siqim cho‘g‘…” Sizdagi cho‘g‘ taxminan nima(lar)?
‒ Muhabbat. Toat. O‘zlikni anglashga intilish. Ichida shunday cho‘g‘i borlar dunyo degan bir yuhoga o’t qo’yish mumkin, nazarimda.
‒ “Ko‘zlardan irg‘itsak bu dunyosini, Xayoli dillarga hijob bo‘lgaydir...” Bu sizning falsafangizmi?
‒ O‘zimning noto‘kisligimni juda aniq his qilaman qandaydir. Xatolarim nimadaligini bilaman. Ammo ularni tuzatishga hafsala qilmayman. Dunyoni ko‘zlardan irg‘itishga harchand urinmaylik, ojiz qolaveramiz. Lekin bunga qarshi kurash bandalikning mohiyatidir. Bu ‒ ko‘ngil falsafasi. Dunyosidan kechib keta olish, Yorning xayoli bilan dilni o‘rab qo‘yish qanday saodat!
Gulrang UBAYEVA suhbatlashdi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q