Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish yoxud borlik va yo‘qlik masalasi


Saqlash
21:03 / 25.05.2022 2388 0

Tasavvur qilib ko‘rganmisiz, 20 yildan so‘ng dunyo ekologik manzarasi qanday bo‘ladi? Insoniyatning hayot tarzi qay tarzda o‘zgarishi mumkinligi haqida-chi? Hozirgi an’analarimiz qay darajada o‘zgarishi mumkin deb hisoblaysiz? Shunisi aniqki, yer sayyorasining ekologik vaziyati o‘tgan asrga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarishga yuz burishi atrof-muhitning tanazzuliga sabab bo‘luvchi muammolarni ham vujudga keltirdi.

 

Dunyo bo‘yicha 184 davlatdan bo‘lgan 15 mingdan ortiq olimlarning “Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish”i “BioScience” jurnalida e’lon qilindi. Ushbu maqolada ta’kidlanishicha, ozon tuynuklarining paydo bo‘lishi, suv va havoning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, tuproqning oriqlanishi hamda insoniyatning atrof-muhitga aralashuvi – yerda bioterrorizmning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Tadqiqotchilar fikricha, yerdagi ifloslanishda nobud bo‘layotganlar soni chekish sabab yuz beradigan o‘lim miqdoridan bir yarim baravar, OITS, sil va bezgakdan vafot etayotganlardan uch marta ko‘p ekan.

 

 

Ushbu ekologik tanglikning kelib chiqish sabablarini avvalo, IT yutuqlarining shaxsiy, guruhiy manfaatlarga bo‘ysundirilishi oqibatida aql-idrok ikkilamchi mohiyatga aylanib qolganligi, qolaversa, inson-jamiyat tizimidagi o‘zaro ma’naviy munosabatlarning tabiatga nisbatan qo‘llanilmagani bilan izohlash mumkin. “Hozir tabiatning o‘zi bizga ishorat bermoqda – o‘z haqimizda qayg‘urish uchun, avvalo, tabiatga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak” (Shavkat Mirziyoyev. Yangi O’zbekiston strategiyasi. To’ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2022. 313-bet).

 

Hozirgi vaziyat ekologik qadriyatlarning yangicha falsafiy asoslarini shakllantirishni muqarrar masala sifatida qo‘ymoqda. Shu ma’noda, V.I.Vernadskiy, K.E.Siolkovskiy kabi olimlarning nazariyalari inson-jamiyat-tabiat tizimidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga imkon beradi. Ular yerdagi hayotni kosmik nurlanish hosilasi sifatida e’tirof etib, inson va tabiat mutanosibligiga erishish tabiiy taraqqiyotni barqaror saqlab qolish omili ekanligini ta’kidlashgan. V.I.Vernadskiyning noosfera konsepsiyasi mohiyati: “tabiatni inson manfaatlarini hisobga olgan holda o‘zgartirish, undagi muvozanat holati insoniyatning maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati orqali saqlanib turadi, bular – inson tomonidan ongli ravishda yaratiladigan tabiiy muhit holatidir” (Вернадский В.И. Биосфера и ноосфера / В.И. Вернадский. – М.: 2009. с. 400). Ushbu g‘oyalar moddiy kuchga aylanishi uchun tabiatni maqsadli va qadriyatli anglash yo‘lida umumplanetar ilmiy tafakkurni rivojlantirish zarur

 

 

Endilikda biosferaning taqdiri Noosfera – Aql sohasi qanday yo‘nalish olishiga bog‘liqdir. Noosfera davri insoniyatdan inson-jamiyat-tabiat tizimida yuzaga keladigan barcha narsa va hodisalar faoliyat yo‘nalishini faqat aql-idrokka tayanib belgilashni taqozo etadi. Bizningcha, noosfera nazariyasi ayni paytda ekologik qadriyatlarning yangi tizimini shakllantirishda nazariy-uslubiy asos bo‘ladi. Bugun tabiat bilan bog‘liq muammolarning ortib borayotgani, uning inson va jamiyat oldidagi qadrini yanada oshirmoqda. Tabiatni qadriyat sifatida anglash inson va jamiyatni o‘z-o‘zini qadrlash bilan barobardir. Ushbu tendensiyani umumplanetar ongda qaror toptirish orqali inson ma’naviy borlig‘i bilan bog‘liq qadriyatlar tizimida tabiat “yashash vositasi” sifatida emas, balki umumbashariyat orzu-maqsadlariga eltuvchi “makon” ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

 

Mamlakatimizda ekologik muammolarning oldini olishda “20192028-yillarda O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi” ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Unga ko‘ra:

 

biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanish;

ekologik tizimlarni muhofaza qilish;

ozik-ovqat xavfsizligini ta’minlash;

aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun 2030-yilgacha Milliy strategik maqsadlarni belgilash ustuvor vazifa sifatida qo‘yildi.

 

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 31-dekabrda Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishi ijtimoiy ongda ekologik qadriyatlarning shakllanishida muhim qadam bo‘ldi. Hujjatga muvofiq, Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2022-yil 1-dekabrga qadar Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

 

Ushbu islohotlar xalqimiz tafakkurida yangicha ekologik madaniyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  Ekologik madaniyat bir nechta omillar natijasi o‘laroq shakllanadi yoxud yuzaga keladi: tabiatga muhabbat, tabiat haqidagi bilim va tasavvurlar, ko‘nikmalar, ekologik tarbiya, qadriyat va an’analar ekologik madaniyat shakllanishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, global ekologik muammolar insoniyatni bo‘g‘ma ilondek chirmab olgan bugungi kunda ekologik ong va ekologik madaniyatni shakllantirish va ularda atrof-muhitga nisbatan ratsional yondashuv ko‘nikmasini hosil qilish masalasi ulkan ahamiyat kasb eta boshladi, deb hisoblash o‘rinlidir.

 

 

Hozirgi vaziyat voqelikdagi ekologik muhitni sog‘lomlashtirishga xizmat qiladigan yangicha ekologik qadriyatlar tizimining falsafiy asoslarini shakllantirishni muqarrar masala sifatida qo‘ymoqda. Tabiatni muhofaza etishga yo‘naltirilgan yangicha qadriyatlarning shaklanishida eng muhim omil ushbu sohada ajdodlarimiz asrlar davomida hurmat qilib, o‘z turmush-tarzining tarkibiy qismiga aylantirgan an’ana va urf-odatlar bo‘lishi mumkin, ulardan bugungi kun amaliyotida o‘rinli foydalanish inson-jamiyat-tabiat tizimidagi qarama-qarshiliklarni bartarf etishga imkon beradi.

 

O‘tgan asr insoniyatga juda ko‘p imkoniyatlar berdi. Biz ushbu imkoniyatlarni subyektivlashtirib yadroviy qurollanish hamda atrof-muhitni ifloslantirishga almashtirdik. Endilikda esa “inson tabiat qonunlari ijodkori” degan tamoyil o‘z umrini yashab bo‘lganini anglagan holda, insoniyat tabiat qonunlariga bo‘ysunib yashashi lozimligi dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.

 

Elyorjon ORIPOV,

Qo‘qon DPI katta o‘qituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//