Nuktadonlik yo‘li


Saqlash
17:05 / 24.05.2022 860 0

Ko‘zing och, yotma, g‘aflatdan o‘son, millat, o‘son millat!

Topar san birla avloding omon, millat, omon millat!

Abdulla AVLONIY

 

Oradan 10–15, balki 50–60 yil o‘tar, o‘shanda ortga nazar solib, Vatanimiz taraqqiyoti, farzandlarimiz farovon hayoti uchun nima qildik, degan savol har birimizni o‘ylantirishi  tabiiy. Bugun Prezidentimiz barchamizni Uchinchi Renessans sari ruhlantirmoqda. Bu yo‘lda oldimizga katta maqsadlarni qo‘yganmiz. Lekin yana savol tug‘iladi: Uchinchi Renessans uchun qanchalik hissa qo‘shyapmiz? Hech qursa vijdonimiz oldida shu savollarga javob berishga burchlimiz.

 

Bu kabi uyg‘oq savollar yurt kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha ilm ahlini qiynayotganiga iymonimiz komil. Zotan, davlatimiz rahbari har bir ishga, har bir sohaga ilm­-fan mezonlari asosida yondashish lozimligi, ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyasi davr talabi ekani, ilm bobida jiddu jahd va muttasil izlanishlar bilangina mutaraqqiy davlatlar qatoridan joy olish mumkinligi, taraqqiyotning boshqa muqobil yo‘li yo‘qligini uqtirib kelmoqda. Alhol, bu kundek ravshan haqiqat ekanini hayotning o‘zi tasdiqlayotir.

 

Endi esa nega bu savollar bizni hozirdanoq o‘ylantirishi kerakligi xususida gaplashsak. “Yangi O‘zbekiston ruhi” bilan yashayotganimiz – bugungi islohotlar davrida har ishga, har sohaga ilm-­fan nuqtayi nazaridan yondashish talab etilmoqda, ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyasi yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoridan joy olishimiz, ijtimoiy-­iqtisodiy taraqqiyotga erishishimiz kerakligi, boshqa muqobil yo‘l yo‘q ekanini anglatmoqda.

 

Ammo biz tarix g‘ildiragi aylanib turishini, o‘tmishi buyuk el, albatta, yana buyuk bo‘la olishiga dunyoni qachon ishontiramiz? Axir, dunyo ilmiga shu zamin beshik bo‘lgani, bu el farzandlari bitmas-­tuganmas meros qoldirgani ayon­-ku! Qolaversa, haqiqat shuki, Jaloliddin Rumiy aytganidek, Turonzamin hamisha ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan va bo‘lib qolajak.

 

Albatta, Turonzaminda ilm­-fan va madaniyat o‘z-­o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q, buning o‘ziga xos obyektiv va subyektiv sabablari, unga turtki bo‘lgan qator omillar bor.

 

Islom va uning tub ilohiy­-falsafiy mohiyati bizning zaminda ilm-fan rivojiga obyektiv omil sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, hukmdorlarning ilm-­fan fidoyilarini qo‘llab-quvvatlagani, ularga shart­-sharoit yaratib bergani, mablag‘ni ayamagani subyektiv omil o‘laroq taraqqiyot uchun eng muhim asos bo‘ldi.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yozganidek, musulmonlar qadimgi ilmlarni juda rivojlantirdi. O‘zlaridan avval ma’lum bo‘lmagan ilmlarni kashf etdi. Ularning dorulfununlari ovro‘polik tolibi ilmlar uchun doimo ochiq edi. Ovro‘polik podsholar musulmonlar diyoriga davolanish uchun borar edi. Ovro‘poning uyg‘onishi va taraqqiyotining asosiy sababchilari ham musulmonlardir.

 

Bu Uyg‘onish davri Turonzaminda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Koshg‘ariy, Zamaxshariy, Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimizni yetishtirib chiqardi va ular IX–XI asrlardagi Birinchi Renessans hodisasiga zamin yaratdi.

 

XIV­-XV asrlarda Ikkinchi Renessans deya ataladigan davr ham o‘ziga xos voqelik hisoblanib, bunda obyektiv shart­sharoitdan ko‘ra, subyektiv omillar muhimroq va ko‘proq rol o‘ynagani guvohi bo‘lamiz. Amir Temurning olim-u fuzalolarga yuksak e’tibori, oliy madrasalar bunyod etilishi, umuman, madaniyat va ma’rifat negiziga qurilgan bunyodkorlik siyosati va davlat boshqaruvi Ikkinchi Renessans yuzaga kelishiga turtki berdi.

 

Mulohaza qilib ko‘rilsa, har ikki Renessans mohiyatan bir-­birini to‘ldiruvchi, chuqur mantiqiy izchillikni o‘z ichiga olgani bilan xarakterlanadi. Unda diniy va dunyoviy ilmlarning uyg‘unlik, mushtaraklik kasb etganiga guvoh bo‘lasiz. Ma’rifiy islom bulog‘idan suv ichgan alloma bobolarimiz ilm-u irfon bog‘ini gullatdi, dunyoga ustozlik qildi.

 

Ilmga muhabbat islomdan meros bo‘lib kelayotgani ham bejiz emas. Zero, Qur’oni karimning “Mujodala” surasi 11-­oyatida “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”, deyilsa, “Zumar” surasi 9-­oyatida “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” deya marhamat qilingan. Bu oyati karimalar ilm kishisining maqom-­martabasi Haq huzurida qanchalar yuksak ekanini tasdiqlab turibdi.

 

Shu bois, agar biz bugun yashayotgan kunimizni ilm­-ma’rifat, mustahkam e’tiqod, yurtga sadoqat ruhi bilan to‘ldirsak, kelajak avlod undan to‘yib oziqlanadi va bizdan og‘rinmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi to‘g‘ri hayotimiz va uning mazmuni, kerak bo‘lsa, ruhiyati avlodlarimiz taqdirini belgilab beradi. Biz ilmli, ma’rifatli, madaniyatli, bag‘rikeng, halol, saxiy bo‘lsak, kelajak avlodimiz ham xuddi shunday bo‘ladi.

 

Agar bizdan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun ishni nimadan boshlash kerak, deb so‘rasalar, hech ikkilanmay ziyolilarimizni, olimlarimizni uyg‘otishdan, deb javob bergan bo‘lar edik.

 

Inson qachonki uyg‘oq bo‘lsa, hushyor bo‘ladi, atrof­-muhitda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, xoh u samoviy bo‘lsin, xoh moddiy yoki nomoddiy, sezadi, anglaydi, birga ishtirok etadi va baho beradi, yangi-­yangi fikrlar, g‘oyalar shakllanadi. Bir so‘z bilan aytganda, inson intiladi. Intilish – taraqqiyot mezoni.

 

Yaqin 6­-7 yil oldingi tariximizni eslasak, tahlil qilsak, butun boshli Fanlar akademiyasi yopilib ketishiga sal qolganiga, qancha-­qancha ilmiy­-tadqiqot institutlari o‘z faoliyatini to‘xtatganiga, ularda ishlayotgan olimlar davlat mablag‘isiz, faqatgina tanlovda g‘olib topilgan grantlar evaziga yashaydigan holatga kelganiga guvoh bo‘lamiz. Agar grant tanlovida g‘olib topilmasa, olimlarning sho‘riga sho‘rva to‘kilgani ham rost. Olim bo‘lguncha, savdogar bo‘lsam netardi, deb ilmiy faoliyatdan voz kechib ketgan ko‘p olimlarni bilamiz. Axir bu ertak emas, haqiqat­-ku. Xo‘sh, nega O‘zbekiston ilm­-fani shunday og‘ir kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda yetakchi olimlarimiz harakatdan ko‘ra, jimlikni afzal ko‘rdi? Mamlakat taraqqiyoti ilm­-fan rivoji bilan o‘lchanar ekan, ular nega bong urmadi?

 

Zamon shunday edi, uzoq yillar mudroqlik kayfiyati hukm surdi. Shu bois, birlashib harakat qilishdan ko‘ra, jarayonni tinchgina kuzatishni afzal bilguvchilar ko‘p edi. O‘zimiz ham birorta mard chiqib qolar, deb ovunib o‘tirganimizni bugun aytsak to‘g‘ri bo‘lar. Yana bilmadim-u, lekin bu vaziyatga zamonni aybdor qilib ko‘rsatish xatodir. Balki davlat o‘z taraqqiyoti rivoji uchun ulardan sezilarli naf ko‘rmagandirki, tizimni davlat tomonidan moliyalashtirishni qisqartirib, o‘z kunini o‘zi ko‘rsin, degan xulosaga kelgandir. Biz u davrni muhokama qilish fikridan yiroqmiz.

 

O‘zbekiston ilm­-fani shunday kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda siyosiy iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ziyolilari, olim-u fuzalolariga alohida e’tibor qaratdi, qiyin ahvolda qolgan ilm-fanni yangi yuksalish o‘zaniga burdi. Xullas, davlatimiz rahbari O‘zbekiston tarixida yangi davrni boshlab berish uchun maydonga chiqdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish masalasi davlatning bosh maqsadiga aylandi. Balki bu gaplar balandparvoz tuyular, ammo haqiqat.

 

Albatta, yangi O‘zbekistonni qurish oson kechmaydi, uning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Sohibqiron Amir Temur davlat ishlarini yuritishda olim-u fuzalolar, mamlakatning ulug‘ arboblari bilan maslahatlashib ish yuritganidek, Prezidentimiz ham 2016-yil 30-dekabr kuni yurtimiz ilm­-fan vakillari bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad olimlarni har tomonlama qo‘llab­-quvvatlash, ilm-­fanni rivojlantirish davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidlashdan iborat edi. Shunday bo‘ldi ham. Prezident olimlarga bergan va’dasini bajardi, tizim to‘liq davlat tomonidan moliyalashtirishga o‘tkazildi. Grantlardan olinadigan qo‘shimcha daromadlar joyida qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, olimlarga ilmiy tadqiqotlar bilan xotirjam shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

 

Davlat rahbari ilm-­fan vakillariga qaratgan bunday yuksak e’tiborga javoban birgina narsani istadi, u ham bo‘lsa davlatimiz taqdiriga, uning kelajagiga befarq bo‘lmaslik.

 

Endigi marra ana shu ishonchga munosib bo‘lish. Shu haqda mulohaza yuritish chog‘i kishini ba’zi savollar o‘ylantiradi. Nega O‘zbekistondan Nobel mukofoti laureatlari chiqmaydi, nega koinotga chiqish yo‘lini bizning ota-bobolarimiz yaratib qo‘ygan bo‘lsa­-da, biz koinotda emasmiz? Algebra, matematika, fizika, kimyo, tibbiyot, astronomiya kabi fanlarga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimiz bo‘lsa­-yu, bu fanlar yutug‘i bizning nomimizda emas?

 

Yoki XIV asrda Amir Temur Shahrisabzda bunyod etgan, atigi bir dona sham bilan qizdirilgan hammomning sir-u sinoatini bilish uchun bugungi kungacha nafaqat o‘zimizning olimlar, balki rivojlangan davlatlar mutaxassislari ham bosh qotirayotganidan xabarimiz bor-ku! Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin, biroq uning vorisiyligini ta’minlash ham kerak-­ku axir. Mana Prezidentimiz, xalqimiz biz, olimlardan nimani kutmoqda!

 

Aytmoqchimizki, yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi o‘z o‘rnida va o‘z vaqtida ilgari surildi. Chunki ertaga kech bo‘lar edi. Shiddat bilan rivojlanayotgan G‘arb, Uzoq Sharq mamlakatlari, oxirgi yillarda taraqqiyot cho‘qqisini zabt etayotgan arab davlatlari... Bir so‘z bilan aytganda, bizning jonajon yurtimiz, agar o‘z taraqqiyot yo‘lini qayta ko‘rib chiqmasa, Markaziy Osiyoda turmush darajasi o‘rtacha bo‘lgan yurt sifatida tarix sahifasiga muhrlanishiga oz qolgan edi.

 

Dengiz yo‘li yo‘q, qo‘shni davlatlardagi notinch ijtimoiy­-siyosiy hamda iqtisodiy vaziyat, xalqning umidi so‘nib borayotgan bir sharoit Prezident zimmasiga nihoyatda mas’uliyatli vazifalarni qo‘ydi. Bu ham tashqi, ham ichki siyosatda tub islohotlarni talab qilar edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi, jur’ati bilan bu mushkul vazifa uddalandi. Qisqa muddatda yon qo‘shnilar bilan munosabatlar tartibga solindi. Yaxshi qo‘shnichilik tamoyili asosida dunyo hamjamiyati hayratlanadigan darajada izchil va bardavom aloqalar o‘rnatildi. Chegaralar, savdo yo‘llari ochildi, fuqarolarning kirish­-chiqish masalasida muammo qolmadi. Yangi O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar yetakchilari bilan qisqa muddatda o‘zaro til topisha oldi.

 

Bu siyosat davom etajak. Chunki Markaziy Osiyo ildizlari tutash xalqlar yashagan yaxlit makon. Shu bois, xalqlarimiz tarqoqlikdan ko‘ra, o‘zaro ahil-inoq va bordi-­keldi bilan yashashni afzal biladi. Shavkat Mirziyoyevning bu masaladagi oqilona siyosati va uning natijasini nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham doim eslab yuradi.

 

Yurtimizda yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirila boshlandi, natijalar uzoq kuttirmadi. Maqsad aniq, nishonga otilgan o‘q asta-­sekin mo‘ljalga tega boshlaganini sezgan xalqimiz o‘z Prezidentidan bundan-da katta natijalarni kutadi. Islohotlar qisqa muddatda ijobiy natijalarini bera boshladi.

 

Har bir ishga ilm bilan yondashish talabi qo‘yilayotgan islohotlar shaharlardan hududlarga qishloqlar va mahallalarga ko‘chdi. Davlat boshqaruvining vertikal tizimi to‘liq ishga tushdi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ulkan loyihalar amalga oshirila boshlandi. Olis qishloqlarda va mahallalarda aholi endi o‘z davlati rivoji sarob emas, balki tez sur’atlarda qad ko‘tarib borayotganiga guvoh bo‘lib yashashni o‘rgandi. Statistik raqamlar o‘tgan 6 yil ichida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish 2-­3 yilga uzayganini ko‘rsatmoqda. Albatta, bularning barchasi chuqur o‘ylangan va amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

 

Shuning uchun bo‘lsa kerak, Birinchi va Ikkinchi Renessans voqeligiga guvoh bo‘lgan bu zamin uchinchi marta ham shu tarix millatimiz taqdiri bilan bog‘lanishiga, uni amalga oshirish mumkinligiga ishondi. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi jarangladi.

 

Bir haqiqatni aslo unutmasligimiz darkor, Movarounnahr diyori qaysidir janglarda, savashlarda mag‘lub bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo ilm va ma’rifatda aslo mag‘lub bo‘lmagan. Chunki yurtimiz doimo dunyo ilm­-fani markazi bo‘lgan va bo‘lib qolajak. Bu diyordan biz yuqorida muborak nomlarini keltirib o‘tgan buyuk zotlar, mutafakkir-­olimlar, sohibqiron-­podsholar, hukmdorlar yetishib chiqqan va dunyoni bir emas, bir necha marta hayratlanishga majbur qilgan.

 

Aslida yurtga uncha-­muncha inson rahbarlik qila olmaydi. Kimgaki shunday taqdir nasib etsa, bu Yaratganning xohish-­irodasi. Bizning vazifamiz esa Prezidentimizga har tomonlama ko‘maklashish bo‘lmog‘i lozim. To‘g‘ri, ko‘makning turlari juda ko‘p. Mahallangizni seving, uning obodligiga befarq bo‘lmang, yurtingizni ardoqlang, uning rivojiga bir yaxshi so‘z bilan bo‘lsa­-da, hissa qo‘shing. Bu ham bir ko‘mak. O‘z mamlakatingiz taqdiriga befarq bo‘lmang, zero, yaxshilikning katta-­kichigi bo‘lmaydi.

 

Shu yurtda siz va biz birga istiqomat qilish baxtiga musharraf bo‘lgan ekanmiz, bir-­birimizga bildirilgan ba’zi tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilishni ham o‘rganaylik. Aslida hammamizning maqsadimiz ulug‘, niyatimiz pok. Xalqimiz, davlatimiz boy bo‘lsin, elimiz farovon yashasin, farzandlarimiz sog‘lom va baquvvat, ruhiyati tetik o‘ssin, ota­-onalarimiz baxtimizga bor bo‘lsin kabi ezgu niyat, ezgu maqsad va ezgu so‘z ila yashayapmiz. Niyatni ezgu qilganga yarasha qadamlarni ham kattaroq tashlash kerak. Ayniqsa, taqdir kimgadir olimlik martabasini tuhfa etgan bo‘lsa, ular bu ne’matni xalq manfaati uchun sarflashi kerak.

 

Uchinchi Renessans poydevorini yaratish katta gap, bu g‘oya o‘zida ulkan maqsadlarni mujassam etib turibdi. Biz o‘z maqsadimizni aytdik, dunyo eshitdi. Ular kuzatmoqda, qani nima qilar ekan, eplay olarmikin, maqsadiga erisha olarmikin, deb. Bir haqiqatni unutmaslik darkor biz bu maqsad yo‘lida mag‘lub bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Hozir oliy ta’lim muassasalarida ishlayotgan oddiy o‘qituvchining oyligi 6-­9 million so‘mdan kam emas, ilmiy darajasi bor qatlam esa 10 milliondan 20 million so‘mgacha maosh oladi. Fanlar akademiyasi va uning tarkibidagi tarmoq ilmiy-­tadqiqot institutlari, ta’lim, ilm-­fan tizimiga kiruvchi vazirlik, idoralar rahbar va xodimlari ham anchagina yuqori koeffitsiyentli maosh olmoqda. Boshqa vazirlik, korxona va idoralar rahbarlari va o‘rinbosarlarining ijtimoiy himoyasi ham davlat tomonidan himoyalangan. Oylik ish haqimiz yildan-­yilga oshib, turmushimiz yaxshilanib bormoqda. Bugun pir-u badavlat bo‘lish amalga oshmas orzu emas.

 

Ammo jiddu jahdimiz sust, sezilmayapti. Nega biz ham Prezidentimiz qayg‘urganichalik qayg‘urmaymiz, nega tanbeh berganidan so‘ng “endi ko‘zim ochildi, endi ishlayman” kayfiyatiga o‘tib olganmiz? Nega davlatimiz rahbari bizga bergan vakolat va imkoniyatlar, qolaversa, ishonchni oqlash uchun mas’uliyat bilan yondashmaymiz? Davlatning yukini birgina Prezident yelkasiga yuklash to‘g‘rimi, adolatdanmi?!

 

Shuncha qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurish harakati boshlandi. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablarining tezkorlik bilan bunyod etilishi, rivojlangan mamlakatlardan professional mutaxassislar jalb qilinishi, xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan yoshlarimiz safi yil sayin ortib borayotgani, aql sporti shaxmat bo‘yicha xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni bermay kelayotgan o‘g‘il-­qizlarimiz soni ko‘payayotgani, o‘z kashfiyoti bilan dunyo tanlovlarida munosib o‘rinlarni egallab kelayotgan farzandlarimiz Uchinchi Renessans poydevorining ilk nishonalari hisoblanadi.

 

Bu yo‘ldagi ishlarimizni bir kun ham susaytirishga haqqimiz yo‘q. Aksincha, kunma-­kun, kerak bo‘lsa, soatma­-soat o‘z ustimizda ishlashimiz, yangi-­yangi marralarni ko‘zlab harakat qilmog‘imiz lozim.

 

Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun ma’rifatli jamiyat makonini barpo etish lozim bo‘ladi. Chunki bu ikki tushuncha o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, biri ikkinchisi natijasida shakllanadi va takomillashib boradi. Agar davlat ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘lida bo‘lsa, rivojlanish jarayoni tezlashadi. Chunki muhit shunga mos ravishda shakllansa, ilg‘or maqsad va g‘oyalarga erishish oson kechadi.

 

Birgina misol. Sarmoyador biror hududga mablag‘ olib kirmoqchi bo‘lsa, muhitni o‘rganadi. Sarflanajak mablag‘ o‘zini oqlaydimi, sharoit muhofazalanganmi, bozor talabi, infratuzilma mavjudmi, logistika siyosati qanday? Shu kabi savollarga javob izlaydi. Talabga javob bersa, qo‘rqmasdan pul tikadi va o‘zini ham, hududni ham rivojlantiradi, boyitadi. Endi jamiyat ham ma’rifat yo‘lida bo‘lsa, ilm­-fan rivojlanadi, mamlakat yuksaladi. Prezidentimiz bejiz 2022-yilgi davlat dasturida “Yangi O‘zbekiston ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish Milliy dasturini ishlab chiqish topshirig‘ini bermadi. Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida ishlar yakunlanish arafasida.

 

Umuman, biz faqat va faqat ezgulikka, yurtimiz taraqqiyotiga qaratilgan sa’y-­harakatlar tarafdorimiz. Maqsadimiz Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etish.

 

Shunday ekan, najot ilmda ekanini unutishga aslo haqqimiz yo‘q. Buni davlatimiz rahbari har bir chiqishida takror­-takror ta’kidlayapti. Bizning 35 milliondan ortiq boyligimiz xalqimiz bor. Yer osti va yer usti boyliklarimiz ko‘p. Lekin ana shu boyliklardan to‘g‘ri foydalanish, ularni ko‘paytirish, hayotimizni yanada gullatish uchun aql, kuch, intilish kerak bo‘ladi.

 

Ikkinchi jahon urushidan qashshoqlik girdobiga botib chiqqan Yevropa va Osiyoning bugungi qudratli mamlakatlari ham tabiiy boyliklari emas, o‘z xalqi kuchi, bilimi va salohiyati tufayli barcha mashaqqatlarni yengib, yuksak marralarga erishdi. Biz ham bunga qodirmiz. Faqat o‘zimizni, hayot tarzimizni, qarashlarimizni o‘zgartirsak bas. Navbatdagi buyuk Uyg‘onishga bizni faqat bilim va mehnat yetaklab boradi.

 

Furqat JO‘RAQULOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

rahbarining birinchi o‘rinbosari,

siyosiy fanlar doktori

 

Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022-yil 21-may

101 (623)-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 243
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 97
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15389
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi