10–15-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boʻzatov tumanida “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Tanlov “Boʻzatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida oʻtkazildi.
“Yoshlar ovozi” tanlovi ilk bor 2021-yili tashkil etilgan. Oʻtgan yili 2 ta (5–15 va 16–30) yosh toifasida, bu yil esa 3 ta (10–15, 16–22, 23–30) yosh toifasida oʻtkazildi.
Tanlov yoʻnalishlarida ham birmuncha oʻzgarishlar boʻlgan. Masalan, 2021-yil yoʻnalishlar 3 ta (anʼanaviy ijro va baxshichilik, opera, estrada) edi, bu yil esa 4 taga (anʼanaviy ijro, baxshichilik, opera, estrada) koʻpaydi.
Avval tuman-hudud-respublika bosqichlarida sinovdan oʻtgan ishtirokchilar bu yil mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika bosqichlarida bellashdi.
Tanlov yutuqlar, yangi isteʼdodlar kashfiyotiga boy boʻldi. Tashkiliy masalalar ham yuqori darajada va bu haqida koʻp va xoʻb gapirildi. Biroq kamchiliklar, eʼtirozlar ham yetarlicha. Oyina.uz tanlovning ayni shu jihatlariga ham eʼtibor qaratdi.
Umidabegim Koʻzimeva,
Buxoro shahridagi “Razzoq Hamroyev” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Tanlovga hududimizdan kelgan yoshlar chiqishini kuzatib borish, qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz hisobimdan keldim. Estrada yoʻnalishidagi baholardan qattiq norozi boʻldim. 23–30 yosh toifasidagi qatnashchimiz “Botir Zokirov sanʼati davomchilari” respublika koʻrik-tanlovida 2-oʻrinni olgan, “Nihol” mukofoti laureati Jamol Murodov hamda respublika tanlovlarining bir nechtasida oʻrinlar olgan, 16–22 yosh toifasi vakili Jasur Subhonovlar qoʻshiqlarni mahorat bilan ijro etdi. Biroq hakamlarimiz ularni superfinalga loyiq koʻrmadi. Biz tanlov nizomiga amal qilgan holda tayyorlandik, ular vatan tuygʻusi aks etgan, oʻzining muallifligidagi qoʻshiqni aytdi. Hakamlar ovozing past-baland boʻldi deb eʼtiroz bildirdi, chiqishni videoga olib oʻzimizning ustozlarimizga koʻrsatganimizda biror xato topishmadi. Ikkalasi ham superfinalga chiqa olmadi. Bu holat ular ruhiyatiga ham salbiy taʼsir qildi va kelasi safar ishtirok etishni istamayapti. Hududlardagi isteʼdodlarni izlab topish oson boʻlgani yoʻq, ular soʻnib qolmasligi kerak.
Eʼtiborli jihati, bu yil tanlovda ishtirokchilar soni keskin oshgan. Oʻtgan yili tanlov 3 mingdan ortiq yoshlar qamrab olgan. Bu yil esa 238 ming yigit-qiz tanlovda qatnashdi. Sodda qilib aytganda, ishtirokchilar soni qariyb 80 barobar oshgan.
Tanlovda 1-oʻrin – 50 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 2-oʻrin – 30 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 3-oʻrin – 20 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), shuningdek, qolgan barcha ishtirokchilar – 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Gʻoliblar uchun berilgan toʻlov pulining umumiy miqdori 2 milliard 360 million soʻmni tashkil etdi.
Mukofot miqdorining yuqoriligi tanlovga qiziqishni oshirgani juda yaxshi, biroq faqat pul dardida yaxshi tayyorlanmasdan kelgan ishtirokchilar ham yoʻq emas. Bu haqida hakamlardan biri Feruz baxshi toʻxtalib oʻtdi.
Feruz baxshi Normatov,
“Nihol” mukofoti sovrindori, hakamlar hayʼati aʼzosi:
– Tanlovning respublika bosqichida barcha chiqishlarni diqqat bilan kuzatib bordik. Sovrinli oʻrinlarni eng talantlilar qoʻlga kiritdi. Kamchiliklar ham boʻldi, albatta. Baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha olib qarasak, koʻpchilik nomzodlarning chiqishini baxshichilik deb boʻlmaydi. Hududiy bosqichlardan kimdir chiqsa boʻldi deb yuborilganlar ham bor, ular dostonlarning soʻzlarini xato qilib aytishdi. Men bu xatolarni koʻrsatib, isbotlab berdim, lekin shular ham kelib ishtirok etgani uchun 10 million olib ketyapti. Kelgusi yillarda bu holat takrorlanmasligi, hududiy bosqichlarda eʼtiborliroq boʻlish kerak.
Ishtirokchilarda qiziqish bor, bilim yetarli emas, koʻpchiligi faqat pul uchun kelgani bilinib turibdi. Baxshichilikda doston kuylaganda voqeani ham yoddan, rolga kirib aytib berish kerak. Hududlar orasida birgina qoraqalpogʻistonlik baxshi yigit-qizlardan koʻnglim toʻldi, hamma savollarimga javob berib, soʻragan dostonimizni yoddan aytib bera olyapti. Shuning hisobiga ulardan koʻproq gʻolib chiqdi.
Yana bir masala, baxshi kuylashi, voqeani bayon qilayotgan vaqti soz ham chalishi kerak, boʻlmasa u baxshi emas. Baʼzi qatnashchilar bir-ikki oygina tayyorlangan, dostonlarni chala-yarim yodlab kelgan, bunday boʻlmasligi kerak. Kelgusi yillarda ham hakamlar masʼuliyatni oshirishi lozim, ishtirokchilar oʻzining yoshiga mos dostonlarni yod olgan boʻlishi shart. Tanlov tashkilotchilari juda chiroyli muhit yaratishgan, qizil yoʻlaklar, koʻrkam sahna, telekanallarga jonli efirlar. Biroq bu holatdan baʼzi ishtirokchilar hayajonlanib, bilganini ham ayta olmay qolyapti.
Bellashuv uchta yosh toifasida oʻtkazilishi ham ayrim hakamlarning eʼtiroziga sabab boʻldi. Qay maʼnodaki, 13–15 yosh oʻsmirlarning ovozi oʻzgaradigan davr, bu vaqtda ularga kamroq qoʻshiq ayttirish, ovozini asrash kerak.
Tanlovni kuzatib juda xursand boʻldim, baʼzi yoshlarni koʻrib hayratlandim, hatto yigʻladim, yoshligim, tanlovlardagi ishtiroklarim esimga tushdi. Yoshlar unib-oʻssin, yoʻlini yoʻqotmasin, ustozlarga ergashsin, asosiysi, bilim olishdan toʻxtamasin.
Tanlov nizomiga koʻra, gʻolib boʻlgan finalistlar kelasi safar yana qayta qatnashishi mumkin, bu boʻyicha biror taʼqiq yoʻq. 2022-yilgi gʻoliblar safida oʻtgan yilgi gʻoliblar ham bor. Masalan, 2021-yil anʼanaviy ijro yoʻnalishida 6–15 yosh toifasida birinchi oʻrinni olgan Sevinch Jovliyeva bu yil 16–22 yosh toifasida ham birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Yoki oʻtgan yili 2-oʻrinni olgan ishtirokchi Gulchiroy Baxshilloyeva esa bu yil 3-oʻrin bilan kifoyalandi.
Tanlovda koʻpchilik ishtirokchilar ijrosi juda yuqori baholandi, biroq aksariyati gʻoliblar safidan joy ololmadi. Hakamlar maqtovni oshirib yubordimi yoki kamchiliklarni aytishni istashmadimi – bizga qorongʻi. Biroq bu holat ayrim ishtirokchilarning eʼtiroziga sabab boʻldi.
Javohir Togʻayev,
ishtirokchi (Qashqadaryo viloyati):
– Qarshidagi ixtisoslashgan sanʼat maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Tanlovning 22–30 yosh toifasida estrada yoʻnalishida ishtirok etdim va yakunda menda eʼtirozlar paydo boʻldi. Hakamlarimiz chiqishimga biror eʼtiroz bildirmadi, ovozim, hatto tashqi koʻrinishim ustoz Botir Zokirovga oʻxshashini alohida eʼtirof etishdi. Lekin superfinalga birinchi ijrosida xato qilgan qatnashchini chiqarishdi. Sen ijroda xato qilding, lekin kel hammasini unutamiz-da, boshidan boshlaymiz, deb unga ikkinchi qoʻshiqni ayttirishdi va superfinalga loyiq deb topishdi. Bu adolatsizlik.
Finalda Botir Zokirovning “Maro bibus” qoʻshigʻini aytdim, ijrosi birmuncha murakkab asar. Oʻtgan yili ayni xuddi shu qoʻshiq bilan “Botir Zokirov sanʼati davomchilari” respublika koʻrik-tanlovida 3-oʻrinni olganman. Hakamlar ayrim kamchiliklaringiz bor, lekin kechiramiz deyishdi, aniq biror xato aytilmadi, hammasi ijobiy baholadi. Bitta men emas, boshqa nomzodlarda ham bunday holatlar kuzatildi. Kamchiligimizni aytsin, xatolarni koʻrsatsin – tushunamiz-ku, qoʻynimizni puch yongʻoqqa toʻldirmasdan. Apellatsiyaga bermoqchi edik, tanlov nizomiga koʻra respublika bosqichida hakamlarning qaroriga biror koʻrinishda eʼtiroz bildirib boʻlmas ekan.
Tanlovda hududlar koʻrsatgan natijalarga toʻxtalsak, eng yuqori oʻrinlarni poytaxtliklar va mezbon qoraqalpoq yoshlari egalladi. Umumjamoa hisobida eng yuqori natija Toshkent shahri (4 ta 1-oʻrin, 1 ta 2-oʻrin, 3 ta 3-oʻrin), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (4 ta 1-oʻrin, 1 ta 2-oʻrin, 1 ta 3-oʻrin) va Toshkent viloyatiga (2 ta 1-oʻrin, 1 ta 2-oʻrin, 2 ta 3-oʻrin) nasib etdi.
Eng past koʻrsatkich esa Andijon va Fargʻona viloyatida qayd etilgan. Bu hududlardan kelgan ishtirokchilarning birortasi oʻrin ololmadi. Sanʼat rivojlangan, koʻplab mahoratli ijodkorlarni yetishtirgan ushbu viloyatlardan birorta sovrindor chiqmagani koʻpchilikni hayratlantirdi.
Inobat AHATOVA
oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q