“Amerikada qonun-qoidaga rioya qildingizmi, orzularingizga erishaverasiz” – “Makonim” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari Halima Jumaniyozova


Saqlash
15:05 / 19.05.2022 1266 0

Oyina.uz”ning bugungi mehmoni – Halima Jumaniyozova Amerikadagi ilk ozbek jurnali asoschilaridan biri sifatida o‘zbek adabiyotining jahonga tanilishiga munosib hissa qo‘shib kelyapti. Qahramonimiz bilan ijodini okeanortida davom ettirishiga sabablar, “Makonim” nashrining maqsadlari va farzandlar muvaffaqiyati, yurt soginchi haqida suhbatlashamiz.

 

Assalomu alaykum, Halima opa. Suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat! Avvalo, Amerikaga ketish hikoyangiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

 

– Qarang, Amerikada yashayotganimizga ham o‘n bir yil to‘lyapti ekan. Yillab boshqa yurtda istiqomat qilib kelayotgan bo‘lsak-da, vatanimizni hamisha ko‘nglimiz to‘rida ardoqlab yashaymiz. Xorazmga tutash To‘rtko‘lida tug‘ilib o‘sdim. Taqdir taqozosi bilan hozir Amerikadamiz.

 

Besh farzandga ta’lim-tarbiya berib, voyaga yetkazgach, nafaqaga chiqdim. Shundan so‘ng to‘ng‘ich o‘g‘lim yoniga – okeanortiga keldik. Boshqa dunyo, boshqa muhit, o‘zgacha odamlar orasida ham yashab ko‘rdim. Dilshodbek Tennessi universitetini tamomlagach, bizlarni ham chaqirib oldi. Yosh ulg‘aygach, dunyoni ko‘rishning gashti boshqacha bo‘larkan. Dastlab ko‘nikish qiyin bo‘ldi, albatta. Sababi, bir sharoitdan ikkinchi sharoitga moslashish osonmas. Lekin hayotimdan, boshqa olam-u odamlar bilan tanishganimdan mamnunman.

 

 

Farzandlarimning muvaffaqiyatidan ko‘nglim ko‘tariladi. Dilshodbek “Musaffo” kompaniyasining asoschisi. O‘zbekistonda ham filial ochib, 50 dan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlagan. Yana 50 dan ortiq mamlakatdagi dasturchi, marketolog va iqtisodchilarning boshini biriktirgan. Asosiy idorasi Florida shtatida joylashgan. Ikkinchi o‘g‘lim Behzod ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

 

Qizim Dilnoza esa Londondagi universitetda magistraturani tamomladi. Besh yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Dilafruzga kelsak, men kabi ma’naviy-ma’rifiy sohada ishlayapti. Dildora qizim jurnalimizning O‘zbekistondagi muxbiri.

 

Quvonarlisi, o‘n bir nevaraning baxtli buvisiman. Hammasi hayotda o‘z o‘rnini topib kelyapti. Qirq uch yillik hamrohim – me’mor, arxitektor Ozod Jumaniyozov bilan keksalik gashtini suryapmiz. Aytib o‘tishim kerak, u kishi Zamaxshariy va Beruniy bobomizning maqbaralari loyihalari hamda Xiva shahrini ta’mirlash loyihasi bo‘yicha ishlagan. Loyihalash institutida bosh arxitektor va keyinchalik filialning  bosh direktori bo‘lib faoliyat yuritgan.

 

Ammo hamma narsaga erishdim, endi dam oladigan payt keldi, demayman. Doim yangidan yangi marralarni ko‘zlayman. Nyu-York shahrida faoliyatimni davom ettirishga intildim. Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay, “Makonim” gazetasiga asos solganmiz. Bugun ushbu nashr ustida ishlayapmiz, yangi loyihalarga qo‘l uryapmiz.

 

 

– Amerikadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi bizdan farqli jihatlar bo‘yicha kuzatishlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

 

– Nyu-York shahridagi 200 dan ortiq millatlar orasida o‘zbekistonliklar ham o‘zaro totuvlikni saqlab yashab kelmoqda. Bilasizmi, bir-biriga hurmat kuchli bo‘lgan joyda, albatta, birodarlik bo‘ladi. Qo‘ni-qo‘shnilarning – boshqa xalq vakillarining qadriyatlariga ehtirom bilan qaraymiz, ular ham bizga shunday munosabat qiladi. Vatandan minglab chaqirim yiroqda yashasak-da, ona tilimizni, dinimiz ahkomlarini nabiralarimizga singdirishga intilamiz.

 

Pandemiya payti yurtdoshlarimiz uchun mahalla.uz tashkiloti tashkil etildi. Odobnoma, adabiyot, ma’naviyat bo‘yicha darslar o‘tkaziladi, turli to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. Muammolar yuzasidan huquqshunoslar maslahat berib boradi.

 

Yurtdoshlarimiz bir joyga jamlanib, milliy bayramlar – Navro‘zdan tortib Mustaqillik tantanalarigacha nishonlaymiz. Tez-tez qo‘ng‘roqlashib, gap-gashtaklar ham qilib turamiz. To‘y-hashamlarda, bayramlarda birlashamiz. O‘zbekistonliklar orasidagi tojiklar bilan ham qarindoshdek bo‘lib ketganmiz.

 

Ammo tug‘ilib o‘sgan yurtimga mehrim cheksiz. Internet sahifalarimda Vatan haqida ko‘p to‘xtalaman. Shunda bir narsani qayta-qayta e’tirof etaman. Buyuk shayx Bag‘dodiy aytganlar, “Sen menga tug‘ilgan joying haqida gapir, men senga kimligingni aytaman”. Begona mamlakatlarda insonlar bir-biri bilan tanishayotganda ismini emas, ko‘proq tug‘ilgan o‘lkasini aytishadi. Ba’zida Vatan haqida ortiqcha so‘zga hojat qolmaydi – butun vujudimda sog‘inch daraxti bo‘lib ulkanlashib borayotganini his qilaman.

 

 

– Chet elda o‘zbekistonlik bo‘lish nimani anglatadi? O‘zligimiz va milliy qadriyatlarimiz chet elda qanday sinovlarga uchraydi?

 

– Qadriyatlar yuzasidan hech qanday sinov yo‘q. Urf-odatlarimizni har qadamda eslaymiz. Axir qon-qoningga singib ketgan narsani qanday unutish mumkin. To‘g‘ri, hammasi odamning o‘ziga bog‘liq. Ammo Amerikada har bir o‘zbek bu borada bir-biriga ko‘maklashadi. Masalan, nevaralar tug‘ilganda O‘zbekistondan beshiklar keltirildi, tandir olib kelib, non va somsalar yopildi… Kelajak avlodga o‘zbekona an’analarni o‘rgatishga mas’ulligimizni doimo anglab turamiz.

 

– Amerikada erishayotgan ijodiy yutuqlaringiz yurtdoshlarimizni havaslantiradi, albatta…

 

– Hozir ko‘proq ma’naviy-marifiy ishlar bilan bandmiz. Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha ijodga sho‘ng‘iyman. Orzular, umidlar, yillar davomida yig‘ilgan xotiralar, atrofimdagi odamlar bilan muloqotlar – hammasi meni yozishga chorlaydi.

 

Qalb hazinlikni, yolg‘izlikni istagan paytda ijod hamisha hamroh bo‘ladi. Hozir xotiralar yozyapman. Pirimqul Qodirov, Jumaniyoz Jabborov, Matyoqub Qo‘shchonov, Abdulla Oripov bilan uchrashganman, suhbatlar tayyorlaganman. Ular haqida she’riy xotiralar yozdim, nasib bo‘lsa kitob holida chop etiladi.

 

 

Eski daftarlarda qolib ketgan she’rlar, dostonlar – barchasini oqqa ko‘chiryapman. O‘n yildan buyon bir necha to‘plamlarim nashrdan chiqdi. “Amazon” internet do‘konida sotuvga qo‘yilgan. Professor Qosimboy Mamirov she’rlarimni ingliz tiliga tarjima qilyapti. “Vatan ifori” va “Sog‘inch daftari” degan kitoblarim u kishining tarjimasida chiqdi.

 

Ayni paytda “Sehrli diyor” kitobimning yangi nashrlari tayyorlanyapti. Amerikada kuzatganlarim, ko‘ngil kechinmalarim qog‘ozga tushirilgan. Orzularim bir-bir ushalib kelayotganidan quvonaman.

        

– O‘zbekistondagi ijodkorlar bilan ham hamkorlik qilib turasizmi? Amerikada milliy adabiyotimizni o‘qishadimi?

 

– Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Matnazar Abdulhakim, Usmon Azim, Xurshid Davron, Mirzo Kenjabek she’rlarini sevib o‘qiyman. Bugungi o‘zbek adabiyotining yorqin vakillaridan Qutlibeka Rahimboyeva, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Sharifa Salimova, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Odil Ikrom, Iqbol Mirzo asarlari shaxsiy kutubxonamdagi eng qadrli kitoblarimdan. Nasrda Xayriddin Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Qo‘chqor Norqobil, Nurali Qobilning yangi kitoblari chiqishini alohida kutaman. O‘zbekistondan kelayotgan do‘st-u yorlar ham yangi nashrlardan menga ilinib olib kelishadi. “Kitob dunyosi” gazetasining internet sahifalarini kuzatib boraman. Vatandagi adabiy nashrlar bilan hamkorlik qilishga, ular orqali bugungi o‘zbek adabiyotini kuzatib borishga intilaman.

 

 

– “Makonim” nashri ham ana shunday ehtiyoj mahsuli bo‘lsa kerak, o‘quvchilar tomonidan qanday kutib olindi?

 

– “Makonim” Amerikada o‘zbek tilidagi yagona nashr hisoblanadi. Bosh muharrir Dildora Salohiddin, men bosh muharrir o‘rinbosari va Sevara Halilova marketolog sifatida birgalikda shu ishni boshladik. Gazetamiz hozirda o‘z mushtariylariga ega. Ularni obunachi deyolmayman, chunki o‘zbeklar ko‘proq yashaydigan hududlardagi do‘konlarga, supermarketlarga, barcha shtatlardagi o‘zbeklar jamiyatlariga tarqatiladi.

 

Amerikada millatdoshlarimizni ko‘plab uchratishingiz mumkin. Biz yashaydigan Nyu-York shahridagi Bruklin mavzesida ham minglab o‘zbeklar bor. Ular uchun gazetamizda turli yangiliklar, maqolalar bilan birga ibratli hikoyalar, islomiy o‘gitlar, qiziqarli mavzularda materiallar berib boramiz – bularning barchasi o‘zbekona mentalitetimizga xosligini e’tiborga olamiz.

 

2022-yildan gazetani 60 sahifadan iborat jurnalga aylantirdik. O‘nlab shtatlardagi o‘zbeklar jamiyatlariga, jami 40 ta tashkilotga yetkazib bermoqdamiz. Masalan, Filadelfiyadagi o‘zbeklar jamiyati har yangi nashr chiqqanida atayin kelib olib ketadi. Aytib o‘tishim kerak, jurnalni mushtariylarga tekin yetkazib berishda O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi katta yordam bermoqda.

 

 

Amerikada o‘zbek tilida gazeta-jurnal chiqarib, mushtariylarga yetkazishda ko‘plab qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy edi. Anchagina sarf-xarajat, katta mehnat va, albatta, jasorat ham kerak. Bu bilan o‘zimizni qahramon chog‘lamoqchi emasman, lekin biz bu mashaqqatli va sharafli ishni uddaladik.

 

Amerikaga borish, yashash va ishlash bo‘yicha maslahatlaringiz?

 

– Birinchi kelganimda lug‘at bilan yurganman. Tennessi shtatida “McDonald’s” yorliqlarini yopishtirib turish bilan shug‘ullandim. Yetti oy shu yerda amerikaliklar bilan muloqot qildim, tilni o‘rganishimga bu katta yordam berdi. Til bilsangiz, ish topish oson – kutubxonalarda, savdo markazlarida bemalol ishlasangiz bo‘ladi, daromadi yaxshi. Hech bir noligan odamni ko‘rmadim. Qonun-qoidaga rioya qildingizmi, orzularingizga erishaverasiz.  

 

Amerikaliklar ajoyib xalq – ochiqko‘ngil, samimiy. Mustaqillik bayramlarimizda ular ham ishtirok etadi, bizning qadriyatlarga hurmatini ko‘rib, rosti, quvonaman. Amerikada yaxshi yashash uchun tartib-intizomli, to‘g‘riso‘z, ma’naviyatli bo‘lish, tilni hurmat qilish nihoyatda zarur.

 

Zulxumor ORIFJONOVA

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 88
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19156
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15949
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi